Ilmiy muammo (masala) – fan orqali hal qilinadigan asosiy ziddiyatlar.
Ilmiy yangilik – muayyan davrga nisbatan ma’lum bo’lmagan va pedagogikaga oid adabiyotlarda qayd qilinmagan nazariy, amaliy xulosalar, ta’lim qonuniyatlari, uning tuzilmasi, mexanizmlari mazmuni, tamoyillari va texnologiyalari.
Individuallik – shaxsning betakror biosotsiologik xususiyatlari.
Intellekt – shaxsning turli faoliyat turlarini muvaffaqiyat bilan o’zlashtirishini belgilaydigan tug’ma va o’zlashma barcha aqliy qobiliyatlar to’plami.
Ishontira olish – axborot oqimining shaxs tomonidan tanqiddan holi, erkin ravishda o’zlashishiga erishishni ko’zlagan ruhiy ta’sir etish metodi.
Ishonch hosil qilish – shaxsning muayyan qoida va talablarini ongli ravishda o’zlashtirish vositasida tarbiyalash metodi. Tegishli ma’lumotlar va argumentlarga asoslanib, shaxsning o’z hukmi hamda xulosalari to’g’riligiga ishonchni yuzaga keltirish jarayoni va natijalari.
Ichki pozitsiya (mavqe) – shaxsning kundalik ehtiyoji bilan uzviy bog’liq va hayotining muayyan davri faoliyatining asosiy mazmuni va yo’nalganligini belgilovchi ijtimoiy ko’rsatkichlari tizimi.
Istiqbolni belgilash malakasi – ijtimoiy va bilish jarayonlarini rejalashtirish va boshqarish.
Kalokagatiya – go’zallik, olijanoblik hamda jismoniy va ma’naviy boyliklar uyg’unligi.
Kasbiy – pedagogik muloqot – pedagog va tarbiyalanuvchining o’zaro zich ijtimoiy – psixologik aloqasi tizimi bo’lib, uning mazmuni axborotlar ayriboshlash, tarbiyaviy ta’sir o’tkazish, kommunikativ vositalar yordamida o’zaro munosabatlarini tashkil etish hisoblanadi.
Kasbiy tayyorgarlik – bo’lajak mutaxassisning psixologik, psixofiziologik, jismoniy hamda ilmiy-nazariy va amaliy tayyorgarligi.
Kasbiy bilimdonlik – pedagogik faoliyat yuritish uchun zarur bo’lgan nazariy va amaliy tayyorlik birligi.
Kibernetika – axborotlar almashish, ularni qayta ishlashni boshqarish haqidagi fan.