Bank operatsiyalari tushunchasi va ularni tasnifi Bank operatsiyalari deganda banklarning pul mablag‘larini jalb etish va qarz berish, muomalaga pul chiqarish va uni muomaladan olish, hisob-kitoblar va to‘lovlarni amalga oshirish va boshqalar tushuniladi.
Qisqacha qilib aytganda, bank operatsiyalari deganda, banklar tomonidan amalga oshiriladigan maxsus ishlar va xizmatlar tushuniladi.
Bank operatsiyalarining o‘ziga xos xususiyatlari quyidagilardan iborat:
har bir bank operatsiyasi belgilangan buxgalteriya hujjatlari orqali rasmiylashtiriladi;
mazkur hujjatlar belgilangan tartibda to‘ldiriladi, imzolanadi va muhrlanadi;
har bir bank operatsiyasi belgilangan tartibda qayd etiladi va amalga oshiriladi.
Tijorat banklarining asosiy operatsiyalarini quyidagicha tasvirlash mumkin:
Chizmada keltirilgan bank operatsiyalari to‘g‘risida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz:
Pul mablag‘larini omonatlar va depozitlar sifatida jalb etish, ya’ni depozit operatsiyalari. Agar o‘tgan asrlarda puldorlar o‘z mablag‘larini banklarga talonchilik, bosqinchilik va o‘g‘rilikdan saqlash uchun qo‘ygan bo‘lsalar, endi inflyatsiya oqibatida qadrsizlanishdan asrash va daromad olish maqsadida qo‘yishmoqda.
Kredit operatsiyalari banklarning asosiy operatsiyalaridir. Banklar o‘z mablag‘lari va jalb etilgan mablag‘lar hisobidan korxonalar, tashkilotlar, muassasalar, hamda aholiga kreditlar beradilar. Banklar o‘z daromadlarining katta qismini kredit operatsiyalari natijasida oladilar.
Banklar o‘z mijozlari uchun hisob-varaqlari (schyotlar) ochadilar, ularni yuritadilar ya’ni tushumlarni kirim, harajatlarni chiqim qiladilar, naqd pulli va naqd pulsiz to‘lovlarni amalga oshiradilar. Bu operatsiyalar hisob-kitob operatsiyalari deyiladi.
Banklar naqd pul muomalasini tashkil etish va ta’minlashda bevosita ishtirok etadilar. Ular o‘z mijozlaridan naqd pul mablag‘larini qabul qilib oladilar, saqlaydilar va ish xaqi hamda boshqa to‘lovlar sifatida beradilar. Bu operatsiyalar banklarning kassa operatsiyalaridir.
Banklar korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va fuqarolardan chet el valyutasini naqd pul va naqd pul bo‘lmagan shakllarda sotib oladilar va ularga sotadilar. Bu operatsiyalar banklar tomonidan valyuta birjasi, hamda valyuta almashtirish shahobchalari orqali amalga oshiriladi va u valyuta operatsiyalari deyiladi.
Banklar muomalaga turli qiymatli qog‘ozlar (aksiyalar, cheklar, sertifikatlar va boshqalar)ni chiqaradilar, sotadilar va sotib oladilar, hisobini yuritadilar va saqlaydilar. Mijozlar bilan kelishuv asosida qiymatli kog‘ozlarni boshqaradilar va boshqa operatsiyalarni bajaradilar. Bu operatsiyalar banklarning qiymatli qog‘ozlar bo‘yicha operatsiyalari deyiladi.
Banklar mablag‘ egasi yoki mablag‘ni tasarruf etuvchi bilan to‘zilgan shartnomaga binoan pul mablag‘larini boshqaradilar. Bu operatsiyalar trast operatsiyalari deyiladi.
Banklar uchinchi shaxslar tomonidan majburiyatlarning bajarilishini nazarda tutuvchi kafolatlar beradilar. Bu operatsiyalar kafolat operatsiyalari deyiladi.
Banklar uchinchi shaxslardan majburiyatlarning bajarilishini talab qilish xuquqini oladilar va o‘z mijozlari manfatlarini sud idoralari orqali himoya qiladilar. Bu banklarning faktoring operatsiyalari deyiladi.
Banklar o‘z mijozlariga birjalarga kirish, huquqiy va buxgalteriya hisobi bo‘yicha yordam ko‘rsatishi, axborotlar berishi mumkin. Bu operatsiyalar konsalting operatsiyalari deyiladi.
Banklar hujjatlar va boshqa boyliklarni saqlash uchun maxsus binolar yoki po‘lat sandiq(seyf)larni ijaraga berishlari mumkin. Bu operatsiyalar depo operatsiyalari deyiladi.
Banklar mashina, uskunalar, jihozlar, transport vositalari, binolar hamda inshootlarni sotib oladilar va Uzoq muddatga ijaraga beradilar. Bu operatsiyalar lizing operatsiyalari deyiladi.
O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklari tomonidan amalga oshiriladigan bank operatsiyalari «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonunning 4- moddasida keltirilgan.