iboraga «gul» so‘zini qo‘shamiz va u amalda mavjud barcha gullarni qamrab oladi.
Shunday qilib biz gullarning muayyan rang-barangligidan
fikran uzoqlashamiz,
chunki e’tibor barcha gullarda mavjud bo‘lgan umumiy jihatga qaratiladi.
«O‘simlik» so‘zi butun o‘simliklar dunyosini o‘z ichiga oladi va yanada kengroq
abstraksiya hisoblanadi. Mavhumlashtirish (muayyandan uzoqlashish) yo‘lida
harakatni davom ettiramiz. Bu yo‘lda «tirik» tushunchasi yanada umumiyroq
bo‘ladi, chunki o‘simliklar dunyosinigina emas, balki hayvonot dunyosini ham o‘z
ichiga oladi. «Tiriklik» tushunchasi mavhumlashtirishning yanada yuqoriroq
darajasida turadi. Bunday tushunchalar kategoriyalar (yunon. – asos, umumiy
baho) deb ataladi.
Fikr bizning dunyo bilan o‘zaro aloqa qilish tajribamizni u yoki bu darajada
umumlashtiradi. Dunyo o‘z xossalari, narsalari va munosabatlarining rang-
barangligi jihatidan cheksiz darajada boydir. Bizning so‘z boyligimiz o‘zimiz
yashayotgan dunyodan qashshoqroqdir. Fanda yangi kashf etilgan hodisalarni
ifodalash uchun mos keladigan atamani topish zaruriyati tez-tez yuzaga kelishi
tasodifiy hol emas. Bizning dunyo haqidagi tasavvurlarimizni ifodalovchi
so‘zlarning ma’no boyligi qancha aniq bo‘lsa, tafakkurimiz
shuncha teranroq
bo‘ladi, bizning tushunchalar apparatimiz qancha keng bo‘lsa, fikrlash
qobiliyatimiz shuncha teranroq bo‘ladi.
Har qanday tushuncha muayyan narsalar va hodisalarning jamuljam ifodasi
hisoblanadi. Ammo uning hajmi, ya’ni unda fikrlangan narsalar va hodisalar
miqdori har xil bo‘ladi. Masalan, har qanday xalqning tarixan vujudga kelgan tilida
odamlar kundalik hayoti va faoliyatining tajribasi
qayd etiladigan va anglab
etiladigan tushunchalar mavjuddir. Ijtimoiy hayotning murakkablashuvi tabiiy til
so‘z boyligining kengayishi va boyishiga turtki beradi. Fan va falsafaning
rivojlanishi alohida maqomga ega bo‘lgan va bilish jarayonida maxsus
funksiyalarni bajaradigan tushunchalar shakllanishiga olib keldi. Bu tushunchalar
kategoriyalar deb nomlandi.
Dostları ilə paylaş: