Gavda skeleti. Odamning gavda skeleti ikki qismdan iborat: umurtqa pog‘onasi va ko‘krak qafasi.
Umurtqa pog‘onasi 33 - 34 ta umurtqalarning birikishidan hosil bo‘lib, uzunligi odamning bo‘yiga qarab 70 - 90 sm gacha yetadi. Umurtqa pog‘onasi odam skeletining markaziy qismi hisoblanib, unga barcha suyaklar birikib turadi va u tananing asosiy tayanchi bo‘lib xizmat qiladi. Umurtqa pog‘onasi 5 qismdan iborat: bo‘yin - 7, ko‘krak - 12, bel - 5, dumg‘aza - 5 va dum - 4 -5 ta umurtqadan tashkil topgan.
Umurtqa halqasimon suyakdan iborat bo‘lib, oldingi - tana qismi yo‘g‘onlashgan, orqa qismi ingicha yoysimon bo‘ladi. Umurtqaning tanasi bilan yoyi qo‘shilib, umurtqa teshigini hosil qiladi. Umurtqalarning orasida tog‘aydan iborat umurtqa oraliq disklar bo‘ladi. Umurtqalarning bir - biri bilan tutashishi natijasida umurtqa pog‘onasi kanali hosil bo‘ladi. Bu kanal ichida orqa miya joylashadi.
Ko‘krak qafasi suyaklari. Ko‘krak qafasi suyaklariga 12 ta ko‘krak umurtqasi, 12 juft qovurg‘alar va to‘sh suyagi kiradi. Bularning bir - biri bilan birikishi natijasida ko‘krak qafasi hosil bo‘lib, unda odam hayoti uchun muhim bo‘lgan ichki a’zolar joylashadi.
Qovurg‘alarning 12 jufti ham orqa tomondan ko‘krak umurtqalariga birikadi. Ulardan 7 jufti haqiqiy (chin) qovurg‘alar deyilib, oldingi tomondan to‘sh suyagining yon tomoniga o‘zining tog‘aylari yordamida bevosita birikadi. Ulardan pastki uch jufti soxta qovurg‘a lar deyilib, bular bir-biri bilan tog‘ay yordamida o‘zaro, so‘ngra esa 7 - qovurg‘aning tog‘ayiga birikadi. Bulardan ham pastda joylashganlari (11- 12- qovurg‘alar) oldingi tomondan to‘sh so‘yagiga birikmay, qorin muskullari orasida joylashadi, bular yetim qovurg‘alar deb ataladi.
To‘sh suyagi yassi suyaklar turkumiga kiradi. U uch qismdan iborat: yuqorigi - dasta, o‘rta - tana qismi va pastki - qilichsimon o‘simtadan iborat.
Qo‘l suyaklari. Qo‘l suyaklari ikki qismga: yyelka kamari suyaklari va qo‘lning erkin suyaklariga bo‘linadi. Kurak va o‘mrov suyaklari yyelka kamarini hosil qiladi. Kurak suyagi uchburchak shakldagi yassi suyak bo‘lib, ichki botiq yuzasi bilan ko‘krak qafasining 2 - 7 qovurg‘alari ustiga yopishgan bo‘ladi. Kurakning tashqi burchagidagi bo‘g‘im yuzasi yyelka suyagi bilan birikishga moslashgan. O‘mrov suyagi ichki tomondan to‘sh suyagiga, tashqi tomondan kurak suyagiga birikadi. U yyelka bo‘g‘imining harakatlarida muhim rol o‘ynaydi.