K analizatsiya deb, oqova suvlarni aholi punktidan, sanoat va agrosanoat korxonalaridan tartibli ravishda yig‘ish va ularni aholi punkti yoki sanoat korxonalari tashqarisiga quvurlarda olib ketuvchi kompleks jihozlar, inshootlar, tarmoqlar va sanitar tadbirlar, shuningdek, ularni qayta ishlatish yoki havzaga tashlashdan oldin tozalash va zararsizlantirishga aytiladi. Kanalizatsiya obyektlariga ichki suv ta’minoti va kanalizatsiya bilan jihozlangan, aholi yashaydigan, sanoat, jamoat, yordamchi va maxsus binolar, shuningdek, yangi qurilayotgan shahar, shahar turidagi qishloq, qishloq va dala hovli majmualari, dam olish maskanlari, sanoat korxonalari va rayonlari kiradi. Kanalizatsiya ikki xil bo‘ladi: ichki va tashqi kanalizatsiyalar. 1. Ichki kanalizatsiya oqova suvlarni hosil bo‘layotgan sanitar jihozlardan bino tashqarisida joylashgan tashqi kanalizatsiya tarmog‘iga yuboradi. 2. Tashqi kanalizatsiya oqova suvlarni aholi yashaydigan joylar yoki sanoat korxonalari tashqarisida joylashgan tozalash inshootiga yuboradi. Tozalash inshootida oqova suvlar tozalanadi, zararsizlantiriladi, cho‘kmalarni qayta ishlatish uchun tayyorlanadi va tozalangan oqova suvlarni suv havzalariga tashlanadi yoki sug‘orishga ishlatiladi. Oqova suv deb, suvni kerakli maqsadda ishlatish natijasida qo‘shimcha iflosliklar paydo bo‘lishi, birlamchi kimyoviy tarkibi va fizik xususiyati o‘zgarishi, shuningdek hamma hududlardan oqib keladigan atmosfera yog‘inlari va ko'chalarga sepilgandan qaytgan suvlarga aytiladi. Oqova suvlar kelib chiqishi, ko‘rinishi va sifati bo‘yicha uch asosiy turkumga bo‘linadi: 1) maishiy (xo‘jalik najas) oqova suvlari; 2) ishlab chiqarish (sanoat) oqova suvlari; 3) yog‘in (atmosfera) suvlari. 1. Maishiy oqova suvlarga osbxonalardan, hojatxonalardan, dushxonalardan, hammomlardan, shifoxonalardan, xonalarni yuvishdan chiqayotgan xo‘jalik suvlari kiradi. Bunday oqova suvlar aholi yashaydigan va jamoatchilik binolaridan, shuningdek, sanoat korxonalarining maishiy xonalaridan chiqadi. 2. Sanoat oqova suvlari-ishlab chiqarishda texnologik jarayonda ishlatilgan suvlar natijasida hosil bo‘ladi. 3. Yog‘in suvlar-atmosfera yog‘inlari yog‘ishi natijasida paydo bo‘ladi. Shuningdek kanalizatsiya ikki xil bo‘lib, oquvchi va olib ketuvchi ham bo‘ladi. 1) oquvchi kanalizatsiyada oqova suvlar yer osti quvurlari orqali tozalash inshootiga yuboriladi, bu yerda: oqova suvlar tozalanadi va ular suv havzalariga tashlanadi; 2) olib ketuvchi kanalizatsiyada oqova suvlar maxsus chuqurliklarda yig‘ilib, mashinalarda tozalash inshootlariga yoki maxsus joylarga tashlanadi. Oquvchi kanalizatsiyaning asosiy qismlari quyidagilardan iborat (1-rasm): 1. Uy yoki sexlar ichki kanalizatsiyasi, asosan, oqova suvlar hosil bo‘ladigan joydan hovlidagi birinchi quduqgacha bo'lgan qismdan iborat. 2. Tashqi kanalizatsiya tarmog‘i (1-rasm) birinchi hovli qudug‘idan boshlanadi. Aholi punktining yoki sanoat korxonasining joylashish yeriga qarab, kanalizatsiya tarmoqlari hovli, zavod va kvartal ichi bo‘lib, ko‘cha tarmoqlari deb l o t oladi. Hovli kanalizatsiya tarmog‘i uy oldidagi birinchi quduqdan boshlanib, kvartal qurilishining qizil chizig‘i oldidagi tekshiruv qudug‘ida tugaydi. Oqova suvlar hovli yoki kvartal ichki tarmoqlari orqali ko‘cha kanalizatsiyasiga qo‘shiladi.