Potensial va aktual cheksizlik. Cheksizlik tushunchasi potensial va aktual cheksizlikni o‘z ichiga oladi. Potensial cheksizlik miqdor va sifat o‘zgarishlarining nihoyasiz jarayonini qayd etadi. Potensial cheksizlik to‘xtatish, bekor qilish yoki mavjud emas deb e'lon qilish mumkin bo‘lmagan shakllanish, o‘zgarish va rivojlanish jarayoniga ishora qiladi. Aktual cheksizlik mazkur sharoitda to‘liq mavjud bo‘lgan cheksizlikning mavhumlashtirilgan ko‘rinishidir. Bu o‘xshash ob'ektlarning cheksiz to‘plamidan, masalan, er yuzidagi odamlarning sochlaridan yoki sayyoramizda o‘suvchi gullardan tashkil topgan o‘ziga xos ob'ekt sifatida oddiy tushunishga asoslanadi. Aktual cheksizlik intiholi narsalarning cheksiz miqdoridan tashkil topgan ob'ektlarning son-sanoqsiz to‘plamlari aktual tarzda mavjudligi to‘g‘risida so‘z yuritish imkonini beradi. Aktual cheksizlik muayyan mavjud borliq sifatida olinadi, ammo u doim eng ko‘p e'tiroz va qarshilikka sabab bo‘ladi. Ko‘plab faylasuflar bu masalani chetlab o‘tishga harakat qilganlar. Bunda Aristotel qarashlari ancha muhim rol o‘ynagan. U ikki ming yil davomida amal qilgan «aktual emas, balki potensial cheksizlikkina mavjuddir», degan qoidani ilgari surdi. Sog‘lom fikr nuqtai nazaridan Aristotelning bu g‘oyasini asoslovchi dalillar bisyor. Potensial cheksizlik, obrazli qilib aytganda, har qanday songa birni qo‘shish imkonini beradi va ancha sodda abstraksiya hisoblanadi. Uni qabul qilish va unga ko‘nikish mumkin. Aktual cheksizlik esa mutlaqo paradoksal xususiyatga ega, chunki u cheksizlikni «shu erda» va «hozir» yakunlangan, deb hisoblaydi, masalan: agar biron-bir ichkilikboz kishi hozirgacha ko‘p ichkilik ichgani va yana ikki shisha shapman vinosi icha olishini aytsa, bu potensial cheksizlik hisoblanadi. Agar u cheksiz miqdorda shampan vinosi ichganini aytsa, uning bu fikriga absurd gap sifatida qarash kerak bo‘ladi. Ayni vaqtda, bu aktual cheksizlikni o‘zining barcha elementlariga ega bo‘lgan real ob'ekt ko‘rinishida mavjud cheksizlik sifatida ifodalashga urinish hisoblanadi. Muttasil rivojlanuvchi olam shakllangan aktual cheksizlik sifatida tavsiflanishi mumkin emas. Ammo aktual cheksizlik g‘oyasining o‘zi ijod manbai va evristik izlanishlar uchun zamin sifatida ancha samarali xulosa bo‘ladi
Borliqni shakllarga ajratishda uning asosida, mohiyatida nimalar yotishiga e'tibor qaratish lozim. SHu tariqa falsafada substansiya kategoriyasi shakllangan. Substansiya (lotin. substantia - mohiyat, asosida yotuvchi nimadir) muayyan narsalar, voqealar, hodisalar va jarayonlar xilma-xilligining ichki birligida namoyon bo‘luvchi mohiyat.
Substansiya deyilganda falsafada dastlabki paytlarda borliq, tabiat, jamiyat, inson va dunyodagi barcha narsa va hodisalarning asosida yotuvchi moddiy yoki ruhiy mohiyat anglangan. O‘rta asr Sharq falsafasi namoyandalari al-Kindiy, Zakariyo Roziy, Forobiy, Ibn Sino, Ibn Rushd asarlarida substansiya deb hamma narsaning moddiy yoki ma'naviy asosi, mohiyati tushunilgan. Substansiyaga qarama-qarshi tushuncha «aksidensiya» deb atalgan. Aksidensiya (lot. accidentia - o‘tkinchi, tasodifiy) narsa va hodisalarning o‘tkinchi sifatlarini ifodalaydi. Forobiyning yozishicha, «olamda substansiya va aksidensiya hamda ularni yaratuvchi marhamatli ijodkordan boshqa hech narsa yo‘qdir»4; «Aksidensiyani sezgilar oqrali his etish mumkin, substansiyani esa faqat aql anglab etadi»5; «Masalan, olma - substansiya bo‘lsa, uning qizilligi esa aksidensiyadir»6. Substansiyani talqin etishda falsafada ikki xil - ontologik va gnoseologik yo‘nalish bor. Ontologik yo‘nalish bo‘yicha F.Bekon substansiya borliqning eng tub asosida yotadi deb hisoblagan va substansiyani muayyan narsalarning shakli bilan aynanlashtirgan. R.Dekart borliqning asosida ikki xil mustaqil substansiya: moddiy va ma'naviy substansiya yotadi deydi. Moddiy substansiya borliqning ko‘lami bilan, ma'naviy substansiya esa tafakkur bilan belgilanadi. B.Spinoza esa tafakkur va ko‘lam - ikki xil mustaqil substansiya emas, balki yagona substansiyaning ikki xil atributidir (atribut - ajralmas xususiyati degani). G.Leybnitsning fikricha, olamning asosida ko‘plab mustaqil substansiyalar (monadalar) yotadi.
Gnoseologik yo‘nalish bo‘yicha, substansiya olamning asosida yotuvchi shartli g‘oyalardan iboratdir (J.Lokk). J.Berkli esa ham moddiy, ham ma'naviy substansiyaning mavjudligini inkor etgan va u substansiya deb dunyoni idrok qilishning gipotetik assotsiatsiyasini anglagan. I.Kantning nuqtai nazaricha, «u shunday bir doimiy narsaki, faqat unga nisbatangina hamma vaqtinchalik, o‘tkinchi hodisalarni aniqlash mumkin». Xegel «absolyut g‘oya», «absolyut ruh»ni substansiya deb qarab, uni narsalarning muhim, o‘zgaruvchan, rivojlanuvchi tomonlarining yaxlitligidir, deb hisoblaydi. Ba'zi bir hozirgi zamon falsafiy konsepsiyalarida substansiya kategoriyasiga nisbatan salbiy munosabatlarni kuzatish mumkin. Masalan, neopozitivistlar substansiya odamlarning dunyo to‘g‘risidagi tasavvurlarini qo‘pollashtiradi, deb hisoblashadi. Ularning fikricha, bu kategoriya borliqning mohiyatini sodda va jaydari ko‘rinishda tushunish natijasida paydo bo‘lgan.
Olamning tuzilishini tushunish yana bir tushuncha «substrat» kategoriyasi bilan ham bog‘langandir. Substrat (lot. substratun - asos, to‘shama, taglik) narsa va hodisalarning umumiy moddiy asosi; nisbatan oddiy va sifat jihatdan elementar bo‘lgan moddiy yoki g‘oyaviy tuzilmalar majmuasi. Ayrim falsafiy konsepsiyalarda substrat deb dunyoni tashkil etuvchi mutlaq elementar va bo‘linmas asoslar tushunilgan. Masalan, qadimgi Hind falsafasida olamning asosida to‘rtta bo‘linmas unsur - suv, havo, tuproq va olov yotadi deb ta'lim beriladi. Bunday qarash Markaziy Osiyoda yaratilgan «Avesto» da ham uchraydi. Qadimgi Yunon falsafasida Levkipp, Demokrit, Epikur, Lukretsiy fikricha, dunyo atomlar va bo‘shliqdan tashkil topgan, Anaksimandr - apeyrondan, Aflotun - g‘oya, ruhdan, Fales - suvdan, Geraklit - olovdan iborat deb ta'lim bergan. Forobiyning yozishicha, qadimgi yunon faylasuflari har qanday narsa qandaydir bir substratdan tashkil topganligini uqtirish bilan bir qatorda, uning absolyut va o‘zgarmasligini ta'kidlashgan. Xullas, har qanday ob'ektning nimalardan tashkil topganligi, sistemaning asosida shu sistemani tashkil etuvchi asosni axtarish - substratni axtarishdir. Masalan, RNK, DNK va oqsillar biologik organizmlar uchun substrat bo‘lsa, EHMlarning asosida axborotlar almashuvi jarayoni substrat bo‘lib keladi. Borliqning asosida yotuvchi birlamchi mohiyatni axtarish - substansial yondashuv bo‘lsa, har qanday sistemaning, umuman borliqning nimalardan bunyod qilinganligini, tarkib topganligini, tashkil topganligini, «qurilganligini» axtarish substrakt yondashuvdir. Har ikkala yondashuvda ham birmuncha biryoqlamalik, voqelikni substansiya yoki substratga bog‘lab qo‘yish, uning murakkabligi va xilma-xilligini e'tibordan chetlashtirish ko‘zga tashlanadi. Aslida borliqqa yanada kengroq, umumiyroq nuqtai nazardan yondashish maqsadga muvofiqdir.
Substansiya g‘oyasidan turli falsafiy ta'limotlar dunyoning birligi va uning kelib chiqishi haqidagi masalaga o‘zlari qanday javob berishiga qarab har xil foydalanadilar.
Monizm (yunon. monos – bitta, yagona) dunyoning narsalar va hodisalar rang-barangligi bir substansiyadan iborat degan ta'limot. Dunyoning kelib chiqishi va mohiyati haqidagi hozirgi ilmiy tasavvurlar, shuningdek birinchi asos muammosiga nisbatan falsafa tarixidagi eng salmoqli yondashuvlar kurashi nuqtai nazaridan substansiya tabiatini tushunishga nisbatan ancha keng tarqalgan ikki yondashuv – materialistik va idealistik monizmni qayd etish lozim.