Davlat arbobi va qomusiy olim Zahiriddin
Muhammad Bobur (1483–1530) va uning
avlodlari tomonidan ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy
masalalarda katta ishlar amalga oshirilganligi bizga
tarixiy bitiklardan ma’lum93. Xususan,
Boburning «Boburnoma» asarida,
Zahiriddin Muhammad Bobur (1483-1530)
«Mubayyin» kabi to‘plamlarida iqtisodiyotga oid
ma’lumotlarga, shu jumladan soliq siyosatiga katta
o‘rin berilgan. «Zakot to‘g‘risidagi katta kitob»da
esa o‘sha davrdagi soliq, uning turlari
to‘g‘risida qimmatli fikrlar bildiriladi. Bu asarlarni mutolaa qilar ekanmiz, ulardan mamlakatimizning bugungi hayotida ro‘y berayotgan iqtisodiy islohotlarni, o‘zgarishlarni tahlil qilish, qisqacha xulosalar chiqarish va amaliyotda foydalanish uchun yangi fikrlar, maslahatlar topamiz. Ayniqsa, iqtisodiyotga oid, uning umumiy asoslari bo‘lmish ishlab chiqarish, shuningdek, savdo va tijoratga oid, soliq va boj to‘lovlari bilan bog‘liq bo‘lgan qarashlari bizni to‘lqinlantiradi.
E’tirof etish kerakki, garchi bizning hayotimizda Boburning davlatni boshqarish, ishlab chiqarish va savdoni tashkil etish masalalariga doir alohida asari yoki uning o‘z hukmronligi davrida yurgizgan iqtisodiy siyosatiga oid birlamchi manbalar bo‘lmasa ham, ilmiy bilish va idrok etish kuchiga suyangan holda shunday qisqacha xulosalarga kelamizki, u buyuk mutafakkir, qomusiy olim sifatida iqtisodiy qonunlarning mohiyatini, iqtisodiyotning jamiyat va davlat hayotidagi belgilovchi ahamiyatini chuqur tushungan. Shuning uchun ham u dolzarb va adolatli farmonlar va hukmlar chiqarib, ilmiy jihatdan asoslangan iqtisodiy siyosat yurgizgan, buning oqibati o‘laroq u hukmronlik qilgan davrda davlatda osoyishtalik, milliy totuvlik, siyosiy- ijtimoiy taraqqiyot qaror topgan. Shu bois ham Bobur asos solgan saltanat bir necha asr davomida yashadi va tarixda o‘chmas iz qoldirdi. Bobur va uning vorislari davrida soliq masalalari muhim o‘rinni egallagan.
93А.Раззоқов, Ш.Тaшматов, Н.Ўрмонов. Иқтисодий таълимотлар тарихи. –Т.: “IQTISOD- MOLIYA”, 2007, 51–52-б.
120
Boburning «Mubayyin» asari to‘la ravishda qonunlar va iqtisodiy masalalarga bag‘ishlangan. Asarning nomi ham «qonunlar izohi» ma’nosiga ega.
Butun islom mamlakatlaridek, Movarounnahr va Xurosonda ham «zakot» ma’lum miqdorda va muayyan shart-sharoitlarda olinadigan soliq ma’nosida qo‘llaniladi hamda naqd pul va savdo yig‘imi shaklida to‘planadi. Soliqni hisoblash uchun soliq olish obyektining «hisobi», ya’ni mol-mulkning zakot berishga layoqatli bo‘lish uchun belgilangan miqdori aniqlanadi, hisobdan kam mulkdan soliq olinmaydi.
«Agar yerdan ikki hosil olsang, xirojni ham ikki marta to‘la», deb yozadi Bobur. Xiroj, ya’ni yer solig‘i ikki toifaga bo‘lingan: muqassam va muvazzar. Birinchisi, olingan hosilning miqdoriga bog‘liq bo‘lib, uchdan birga teng bo‘lgan, ikkinchi esa, soliq solinadigan yerning maydoniga bog‘liq ravishda olingan.
Yerni sug‘orish masalalari Sharqda o‘ta muhim edi, chunki ob- havo nihoyatda quruq va issiq, yer-tuproq sharoiti sun‘iy sug‘orishni talab etganligidan sug‘oriladigan yerlar, tabiiyki, lalmikol yerlardan ko‘p hosil bergan. Shu sababli suv solig‘i ham bo‘lgan.
Suv solig‘i quyidagicha olingan: «agar sug‘orish davrida chig‘ir qursang, olgan hosilning o‘ndan birining yarmini (5%) soliq uchun to‘lashing kerak», ya’ni sug‘oriladigan yerlarga sarf-xarajat hisobga olingan va bu mantiqan to‘g‘ridir. Umuman olganda, bu davrda soliq va boshqa yig‘imlar tamomila islomiy shariatga to‘la rioya qilingan holda olingan. Nisobga etgan miqdordagi mol-mulkdan Qur’oni Karim, Muxtasar, Hidoya va boshqa manbalarda qat’iy belgilab qo‘yilgan qismi ixtiyoriy ravishda miskinlarga berilgan, masalan, boqiladigan mollar, ya’ni echki, tuya, sigir, otlardan, xususan, qo‘ylardan soliq (zakot) quyidagicha olingan: 40 qo‘ydan bitta (2,5%), 120 tasidan ikkita, 201 dan boshlab uchta, 400 dan ortiq bo‘lsa har 100 qo‘ydan bittasi zakot qilib berilgan. Shuningdek, «Boburnoma»da bir yurt tovarining boshqa yurtlarga olib borilishi, almashuvi, aholi ehtiyojlarining qondirilishi va ularning iqtisodiyot ravnaqidagi ahamiyati to‘la bayon qilinadi. Bobur savdo-sotiqning xalqlar o‘rtasidagi bebaho ahamiyatini juda chuqur tushungan.
Shuning uchun ham u savdo karvonlarini yo‘llarda talash, bosqinchilik qilish, mol-mulkiga ziyon yetkazish kabi salbiy illatlarga ayovsiz munosabatda bo‘lgan. Bu siyosat Amir Temur, Ulug‘bek va
121
boshqa temuriylar siyosati bilan ma’lum. O‘sha davrda Bobur savdogarlardan olinadigan savdo yig‘imining ham adolatli va xolisona tashkil qilinishiga katta ahamiyat bergan. Musulmon savdogarlarining savdo aylanmasidan savdo yig‘imi 20 misqol (4,5 gramm) oltindan 1 misqoli shaklida olingan, eng muhimi soliq hissasi daromad hissasiga nisbatan kamayib borgan, ya’ni daromad ko‘payishi bilan soliq kamaygan va boylik jamg‘aruvchilar uchun o‘ta manfaatli bo‘lgan. Hozirgi davrda ham mana shu siyosatni qo‘llash foydadan xoli emas. Chet ellik savdogarlardan olinadigan yig‘im esa ularning qaysi yurtlardan kelganligiga bog‘liq bo‘lgan.
Agar ular islom mamlakatlaridan kelgan bo‘lsalar, barcha daromadlarining yigirmadan bir qismi (5%) miqdorida soliq olingan. Musulmon bo‘lmagan mamlakatlardan kelgan savdogarlardan olinadigan soliq miqdori shu mamlakatlarda musulmon savdogar- laridan olinadigan soliq miqdoriga tenglashtirilgan. Naqadar adolatli va foydali soliq tizimi. Bobur ishlab chiqqan soliq siyosati uzoq yillar davomida qo‘llanib kelindi va mamlakatning iqtisodiy taraqqiyotiga ijobiy ta’sir etdi. Bu esa Bobur iqtisodiy g‘oyalarining juda chuqur ilmiy asosga suyanganligi, uzoqni ko‘zlovchi salohiyatga ega ekanligidan dalolat beradi. Bunday ilmiy salohiyat uning vorislari, hamyurtlari bo‘lgan-bizlarda unga nisbatan yanada chuqur hurmat va faxrlanish hissini uyg‘otadi.
Ulug‘ bobokalonimiz Vatandoshimiz qoldirgan iqtisodiy g‘oyalar va iqtisodiy tafakkur merosi, u yurgizgan iqtisodiy siyosat tizimi mustaqilligimizni mustahkamlashda, bugungi qarashimizda qudratli ma’naviy tayanch bo‘lishga xizmat qiladi. Mirzo Bobur iqtisodiy dunyoqarashini o‘rganish, uning iqtisodiyotga oid qarashlarini tadqiq etish hamda imkon darajasida bugungi hayotimizga tatbiq qilish foydadan holi emas. Shunisi diqqatga sazovorki, Bobur podshohligi davrida mamlakatga vino keltirish taqiqlangan, ya’ni iqtisodiyotda proteksionizm siyosati qo‘llanilgan. Boburdan keyin uning o‘g‘li Humoyun, keyinchalik nevarasi Akbarshoh Jaloliddin (1542-1605) 1556–1605-yillari Hindistonda muvaffaqiyatli podshohlik qilgan. Akbarshoh 1574-yildan boshlab islohotlar o‘tkazdi, dehqonlarga yagona soliq kiritdi, yagona uzunlik va og‘irlik o‘lchovlarini joriy qildi. Bu shoh to‘g‘risida 1601-yil «Akbarnoma» kitobi chop etildi, unda mamlakatdagi soliq tartibi o‘z aksini topgan.
122
Boburning o‘g‘li Humoyun (1507–1556, podshoxlik yillari: 1530– 1540; 1555–1556) jamiyatni tabiiy tartib asosida qurish tarafdori bo‘lgan. Pirimqul Qodirovning “Humoyun va Akbar” asarida keltirilishicha, Humoyun: “Men jamiyatdagi sun’iyliklaru betartib- liklardan bezor bo‘lganim uchun davlat ishini tabiiy bir asosga qurmoqchiman”, – deydi.
Yer uchun to‘lanadigan soliq davlat xazinasini to‘lg‘azishning asosiy manbayi hisoblangan. Bobur barcha yerlarni o‘z amaldorlariga “jogir” sifatida bo‘lib bergan edi. Humoyun bunga o‘zgartirish kiritmadi. Akbarshoh esa yer solig‘i tizimini ancha takomillashtirdi. 1580-yildan boshlab, yer o‘lchov birligi qilib “gazi Iskandariy”, keyinroq “gazi ilohiy” qabul qilindi. Yerlar har yili ekiladigan, ikki yilda ekiladigan, uch-to‘rt yilda ekiladigan, besh yildan ortiq muddatga bir ekiladigan toifalarga ajratilar va shunga ko‘ra soliq hajmi belgilanar edi. Bu hajm uchun o‘tgan yillikda olingan hosilni o‘rtachasi me’yor qilib belgilangan. Davlatga ko‘pincha olingan hosilning uchdan bir qismi soliq sifatida topshirilar yoki o‘sha miqdordagi pul davlat xazinasiga to‘lanar edi.
Bobur va Xumoyun o‘zlarining nomi va surati tushirilgan tanga pul zarb qildilarku, biroq pul muomalasi tizimiga boshqa o‘zgartirish kiritmadilar. Akbarshoh davriga kelib, tilla, kumush va misdan tanga pullar zarb qilindi va har birining qimmati alohida ko‘rsatilib, og‘irligi va tarkibidagi metall miqdori qat’iy belgilab qo‘yildi. Tangalar asosan dumaloq shaklda zarb qilinar edi. Akbarshoh tangalarga o‘z suratini tushirmadi, balki tangalarga podshohning ismi, pul birligi, zarb qilingan yil va Qur’ondan oyatlar o‘yib yozildi. Akbarshox davrida zarb qilingan pullar juda chiroyili edi. Eng yuqori qimmatga ega bo‘lgan pul birligi “Shahanshohi” deb yuritilardi. Bu pul ko‘proq yuqori doiralarda qo‘llanilgan. Pastroq tabaqalar ishlatishi uchun “ilohiy” pul birligi chiqarilgan bo‘lib, bir tanga pul o‘n rupiyaga teng edi. Jami yigirma olti hil tanga pul zarb qilingan. Kumush tangalar “rupiya” deb atalgan. Mis tangalar “dom” deb atalar va rupiyaning qirqdan bir qismiga, eng kichik mis tanga esa “jidal” deb atalib, paysaning yigirma beshdan bir qismiga teng edi. Akbarshohning pul birligi tizimi juda mukammal edi. Bu pullar Britaniyaning pulbirliklarini takomillashtirish uchun ham asos bo‘lgan.
123
Jahongir ba’zi tangalarga o‘z suratini, ayrim tangalarga esa, nomni yoki rafiqasi Nurjahonning nomini o‘yib yozdirgandi. Ayrim tangalarda uning qo‘lida may kosasi tutib turgan surati tushirilgan edi. Pul tizimi ancha vaqtgacha shundayligicha o‘zgarishsiz qoldi. Avrangzeb davrida rupiyaning qadri ancha ko‘tarildi. Boburshoh- larning asosiy burchi adolatli ish olib borish edi. Podshoh asosiy qonun chiqaruvchi shaxs hisoblanib, sudlov hokimiyatiga ham uning qo‘lida bo‘lgan. Har juma kuni peshin nomozidan so‘ng, ochiq sudda ish ko‘rilar edi. Eng og‘ir va quyi sudlov qarorlarida hal qilib bo‘lmaydigan ishlar qozilar orqali shoh e’tiboriga havola qilinar edi. Podshohdan keyingi mavqeida qozikalon turar edi. Har bir viloyat, tuman, parganda va shaharlarda qozilar tayinlanar edi. Qozilar asosan mulklarni ajrim qilish va diniy ishlar muhokamasi bilan shug‘ullangan. Ko‘pincha ularga “muftiy” hamkorlik va maslahatgo‘y qilardi. Bundan tashqari, sho‘bador, favjdor, shiqdor, qutvol va boshqalar jinoyi ishlarni ko‘rar, devon, amali guzar, omil va boshqalar esa fuqarolar orasida mojarolarni hal qilardi. Qishloqdagi mojarolar esa qishloq oqsoqoli tomonidan hal qilingan.
Akbarshohdan boshqa boburiyshohlar huquqiy masalalarni hal qilinganda, islom qoidalariga tayanib ish ko‘rardi. Akbarshoh esa hindlar masalasi ko‘tarilganda, ularning urf-odatlarini hisobga olardi. Avrangzeb davrida esa, islom qonunlariga asoslangan qonunlar to‘plami “Fatvon Olamgiri” yaratildi. Boburiylarning jazo choralari shafqatsiz edi. Jinoiy ishlar “qonga qon", “jonga jon” mezoni asosida ko‘rilardi. Aybdorlarga nisbatan o‘lim jazosi, tana a’zolarini kesish, kaltaklash, mol mulkini musodara qilish, jarima solish va boshqa jazo choralari tayinlanardi.
Bobur va boburiylar ishlab chiqqan soliq siyosati uzoq yillar davomida qo‘llanib kelindi va mamlakatning iqtisodiy taraqqiyotiga ijobiy ta’sir etdi. Bu esa Bobur iqtisodiy g‘oyalarining chuqur ilmiy asosga suyanganligi, uzoqni ko‘zlovchi salohiyatga ega ekanligidan dalolat beradi. Bunday ilmiy salohiyat Boburning vorislari, hamyurtlari bo‘lgan bizlarda, unga nisbatan chuqur hurmat va faxrlanish hissini uyg‘otadi94.