Formal mantiqning asosiy qonun-qoidalari. Qonun narsa va hodisalar o‘rtasidagi obyektiv, muhim, zaruriy, takrorlanuvchi, nisbatan o‘zgarmas bog‘lanishlardir. Hamma tabiiy, ijtimoiy va boshqa hodisalar ma’lum qonunlar asosida mavjud bo‘ladi va o‘zgaradi. Mantiqiy qonunlar yoki tafakkur qonunlari fikrlar o‘rtasidagi muhim bog‘lanishlarni to‘g‘ri amalga oshishini ta’minlab turadi. Tafakkur qonunlariga amal qilish to‘g‘ri, tushunarli, aniq, izchil, ziddiyasiz asoslangan fikr yuritish demakdir. Ular tafakkur shakllari: tushuncha, hukm va xulosa chiqarishda asoslar o‘rtasidagi zaruriy bog‘lanishlarni ifodalaydi. To‘g‘ri tafakkur qilishning, ya’ni mantiqning asosiy to‘rtta qonuni mavjud bo‘lib, ular ayniyat, ziddiyatsizlik, uchinchisi istisno va yetarlicha asos qonunlaridir. Tafakkur qonunlari ham boshqa qonunlar singari obyektiv bo‘lib, ular moddiy narsalarning o‘zaro zaruriy bog‘lanishlaridagi muhim aloqalardan, voqelik qonunlarining inson miyasidagi in’ikosidan iborat. Endi mana shu mantiq qonunlarga alohida-alohida to‘xtalib o‘tamiz.
1. Ayniyat qonuni. Ushbu qonun tafakkurning asosiy qonunlari- dan biri bo‘lib, ma’lum buyum to‘g‘risida ifodalangan fikr muhokama davomida o‘zgarmasdan, ayni bir vaqtda o‘z-o‘ziga tengdir.
Ayniyat qonuni quyidagicha ifodalanadi: agar fikrlar bir xil hajmga ega bo‘lsa, aytilgan fikrlar hajm jihatidan o‘zgarmay qolsa, aynan fikrlardir. Ayniyat qonunining formulasi: A-A dir (A=A, A=A). mantiqiy o‘zgaruvchi A har qanday fikrni ifodalaydi. Agar A o‘rniga har qanday konkret fikrni qo‘ysak, u holda to‘g‘ri fikr ifodalanaveradi. Masalan, A o‘rniga «planeta» tushunchasini qo‘ysak, u holda «planeta planetaga teng», degan fikr kelib chiqadi. Demak, ayniyat qonuni fikrlarning o‘z-o‘ziga tengligini ko‘rsatib beradi.
Biror fikrni ma’lum bir ma’noda, ma’lum bir mazmunda bayon qilar ekanmiz, o‘z muhokamamiz davomida fikrning shu mazmunini saqlab qolishimiz kerak. Aks holda fikr yuritishda chalkashlik, turli xatolar kelib chiqishi mumkin. Bilishda ayniyat qonunining ahamiyati katta. Bu qonunga asoslanib suhbatdoshdan to‘g‘ri fikr bilan hisoblashishni talab qilish mumkin.
Agar rivojlanish jarayonida narsa va hodisalarning hajmi ham o‘zgarsa, u holda ayniyat qonunlariga amal qilmaydi. Masalan, «Ahmedov tinglovchi», degan fikrni aytsak, bu fikr uning tinglovchilik davrida to‘g‘ri bo‘ladi. Agar Ahmedovni Prokurortura akademiyasini tamomlagandan so‘ng ham «tinglovchi» deb atasak, u holda bu fikr to‘g‘ri emas, chunki bu o‘rinda endi fikr hajm jihatidan ham o‘zgar- ganini ko‘ramiz. Demak, ayniyat qonunida hajmga e’tibor beriladi va bir fikr hajmi jihatidan o‘zgarmay qolsagina, u aynan fikr bo‘lib qoladi.
Ayniyat qonuni har bir tushuncha, atama bir ma’noda, ya’ni o‘z ma’nosida ishlatilishi kerak, degan talabni qo‘yadi. Ayniyat qonuni atamalar va so‘zlarni o‘z o‘rnida ishlatishda, xususan, huquq sohasida huquqiy akt va nomlarning mantiqiy mazmunini to‘g‘ri ifodalashda katta ahamiyatga ega. So‘zlar va atamalarni turli ma’noda ishlatish atamalarning kengayib ketishi yoki, aksincha, torayib qolishini keltirib chiqaradi.
Ayniyat qonuni fikrlashning to‘g‘ri tuzilishini ifodalovchi umuminsoniy qonundir. Bunda qaysi til orqali fikrlashdan qat’i nazar, umumiy bir qoida: «aniq fikrlash kerak», degan qoida kelib chiqadi.