6-mavzu. Matn va uning ko‘rinishlari
Bilib oling.
Ma’lum voqelik haqida tasavvur (ma’lumot) beradigan bir yoki bir necha sintaktik birliklardan tashkil topgan nutqiy butunlik matn hisoblanadi.
Matn og‘zaki yoki yozma nutqqa xos bo‘lishidan qat’i nazar, ikki xil ko‘rinishda bo‘ladi: dialogik va monologik. Dialogik matn ikki va undan ortiq suhbatdoshning turlicha mazmundagi fikr-axborot almashinuvidan iborat.
Bilib oling. Monologik va tavsifiy matn
Tavsifiy (monologik) matn so‘zlovchi yoki yozuvchi tomonidan bayon etilgan voqea-hodisa, narsa yoki shaxs tasviri, tavsifi yohud xabar, ma’lumot bayonidir. Maqola, insho ham tavsifiy matnning bir turi sanaladi. Ma’lum voqea-hodisalarga, narsa va shaxslarga oid fikr-mulohaza bildirish, ularni badiiy-tasviriy vositalar yoki dalillar bilan ta’riflash, izohlash, isbotlash, asoslash tavsifiy matnga xos xususiyatlardandir. Shuning uchun bunday matnda belgi-xususiyatni ifodalovchi so‘zlar, atamalar, modal so‘zlar, fe’lning funksional shakllari, ravishlar faol qo‘llanadi.
Tavsifiy matn yaratishda uyushiq bo‘laklar, ajratilgan gap bo‘laklari, atov gaplar, qo‘shma gap ko‘rinishlaridan keng foydalaniladi.
Tavsifiy matn ilmiy, publitsistik, rasmiy-idoraviy, shuningdek, badiiy uslubga xosdir.
1-topshiriq. Matn namunalarini o‘qib, mazmuni va tuzilishiga ko‘ra farqlanishini tushuntiring.
Bizga yuborgan kitoblaringizni oldik, — dedi Navoiyga Badiuzzamon. — Iltifotingiz uchun tashakkur. Sizning ash’o- ringiz va Jomiy hazratlarining asarlari mutolaasidan ko‘nglimiz safoga to‘ldi.
Inson ruhi uchun haqiqiy zavq mutolaadir, — dedi Navoiy qiziqib. - Ammo yolg‘iz ash'or o‘qimoq kifoya qilmas. Tarix! Tarixni ko‘zdan kechirmadingizmi?
Ko‘ngil ash’orga ko‘proq moyil bo‘ldi. Fursat bo‘lsa, ta- rixni ham boshlagumdur,— javob berdi Badiuzzamon.
Men sizga tarixga oid kitoblarni qasddan ko‘p yuborgan edim. Balki xabaringiz bordir, otangiz podshoh hazratlariga ham hamma vaqt tarix o‘qimoqni tavsiya qilamen. Davlatning butun mas’uliyati sizlarning zimmangizdadir. Obodonlik yoki inqiroz sizlarning tadbir va harakatingizga bog‘liqdir. Shuning uchun siz tarix oynasiga qarab turmog'ingiz kerak..
1-mashq. Matnni o‘qing va unga nom bering.
Rivoyatlarga qaraganda, Ibn Sino safarda vafot etgan. U o‘zining vasiyatnomasida barcha mol-mulkini muhtojlarga tarqatishni, xizmatkorlariga esa erkinlik berishni yozib qoldirgan. Emishki, Ibn Sino o‘limning davosini topgan ekan. U ko‘p yillik izlanishlari mahsuli bo‘lgan 40 ta dorini tayyorlab, idishchalarga joylabdi. Shogirdiga joni uzilgan zahoti dorini ma’lum ketma-ketlikda berishni tayinlabdi. Ustozi vafot etgach, shogird dorilarni berishni boshlabdi. Kundan kunga dorilarning ta’siri ko‘rinar, tabibning tanasi yosharib, yuzlariga qizillik yugurib, soch-soqollari qoraya boshlabdi. Buni ko‘rgan shogird hayratda ekan. Qirqinchi dorini berayotganda kuchli hayajondan qo‘lidagi idishni tushirib yuboribdi...
Bilib oling. Dialogik matn
Ikki kishi o‘rtasidagi dialogik nutq savol-javob, buyruq-javob, xabar-e’tiroz kabi maz-munlarni ifodalab, fikr xususidagi tasdiq yoki inkorni, ziddiyat yoki munozarani bildiradi.
Ko‘p kishilik dialoglarda suhbat mavzusi savol-javobdan iborat bo‘lmay, o‘rtaga tash-langan savol, taklif, da’vat, biror xabar, dalil-lar bilan xulosalanadi.
Dialogik matn tarkibida so‘roq olmoshlari, muomala odobiga oid so‘z va iboralar, yukla-malar, undovlar, kirish so‘zlar keng qo‘llanadi. Bunday matndagi gaplar, asosan, sodda gaplardan tashkil topadi, sodda gaplarning bir tarkibli turlari, to‘liqsiz gaplar, so‘z-gaplar faol ishlatiladi.
Dialogik matn so‘zlashuv uslubi va badiiy uslubga xosdir.
▲2-tоpshiriq. Yuqorida bayon etilgan ma’lumotlar asosida matnni tahlil eting. Tahlilda quyidagilarga e’tibor bering:
– ushbu dialogik matn necha a’zoli;
– matnda ifodalangan fikr;
– matnni shakllantirgan leksik vositalar;
– matn gaplarining tuzilishi.
MATN:
– Shu, deyman, Toshpo‘lat, sen menga mundoq xushomad qilsang-u Xolidaga uylansang nima bo‘larkan? - deb hazillashdi Samad. - U mening jiyanim, sen mening do‘stim, begonaga uzatgandan ko‘ra...
– Senga xudo bas kelsin, oshna, - dedi G‘aybarov- Esing joyidami yo meni uyingga kelmaydigan qilmoqchimisan?
– Nega, qarindosh bo‘lsak yomonmi?
– Xolida hali yosh-ku?.. - Ma’suma bu gap og‘zidan qanday chiqib ketganini payqamay qoldi. Labini tishladi. G‘aybarovga zimdan razm soldi: yo‘q, og‘rinmadi, tusi o‘sha-o‘sha...
– Hazil, - deb kuldi Samad. - Darvoqe, Toshpo‘lat, ko‘pdan beri so‘ramoqchi bo‘lib yuraman, haliyam Galatepaga ko‘milishim shart, deb o‘ylaysanmi?
– Harholda, tug‘ilgan joying...
Murod Muhammad Do‘st
▲ 3-tоpshiriq. O‘zingiz bilim olayotgan fan yo‘nalishini yoki yoqtirgan mutaxassisligingizni ta'riflab matn yarating. Unda asoslar, dalillar keltirishni unutmang.
Dostları ilə paylaş: |