11.1. Bakteriyalarning tuzilishi va hayoti Bakteriyalarning tuzilishi bilan tanishish uchun eng yaxshi yo‘l ularni ishlov berilgan pichanda o‘stirishdir. Buning uchun pichan mayda-mayda qilib qirqilib, idishdagi suvga solinadi va qaynatib, qorong‘i, iliq joyda saqlanadi. Oradan bir necha kun o‘tgach idishdagi suyuqlik betida yupqa parda hosil bo‘ladi. Bu bakteriya hujayralarining koloniya deb ataladigan to‘plamidir. Shu suvdan buyum oynasiga bir tomchi solinib, usti qoplag‘ich oyna bilan yopiladi va preparat mikroskopning katta ob’yektivida kuzatiladi. Bir tomchi suvda ko‘ringan mavjudotlar orasida bir talay ingichka tayoqchalar ham ko‘rinadi. Bular pichan bakteriyalaridir.
Agar pichan bakteriyalaridan bittasi sinchiklab qaralsa, uning faqat bitta hujayradan iboratligi aniq ko‘rinadi. Bakteriyalarning hujayrasi faqat yupqa qobiq va uning ichidagi yarim suyuq sitoplazmadan iborat. Bakteriyalar hujayrasida mag‘iz aniq ko‘rinmaydi. Bu esa ularni dastlab paydo bo‘lgan sodda tuzilishdagi organizmlar ekanligini ko‘rsatadi. Bakteriyalarning ko‘pchiligida xlorofill donachalari bo‘lmaganligi uchun ularning rangi yashil emas.
Bakteriyalar hujayra shakliga qarab, asosan uch guruhga bo‘linadi: 1.Sharsimon bakteriyalar – kokklar; 2. Tayoqchasimon yoki silindrsimon bakteriyalar – batsillalar; 3. Bukilgan bakteriyalar – spirillalar. Bu guruhlarning har biri o‘z navbatida yana bir nechta shaklga bo‘linadi.
Bakteriyalar asosan tayyor organik moddalar hisobiga oziqlanadi.
Bakteriyalarning ko‘payishi bakteriya hujayrasining qoq o‘rtasidan ikkiga bo‘linishi bilan sodir bo‘ladi. Qulay sharoitda bakteriya hujayralari har 20-30 daqiqada bo‘linib, yosh bakteriyalarni vujudga keltiradi. Bakteriyalar quyosh nuri va haddan tashqari past harorat ta’sirida, havoning quruqligidan ular tez halok bo‘ladi. Biroq, bir talay bakteriyalar noqulay sharoitga tushib qolishi bilan sporaga aylanadi. Ba’zi bakteriyalarning sporalari 140°C gacha issiqqa va 253°C sovuqqa bardosh beradi. Qulay sharoit vujudga kelgach, spora ustidagi qalin po‘st yemiriladi va bakteriya yangitdan oziqlanishga, o‘sishga va ko‘payishga kirishadi,
Xulosa qilib aytganda, bakteriyalar shakllangan yadroga ega bo‘lmagan bir hujayrali sodda organizmlardir.