Nizo + muammo + nizoli vaziyat + nizo ishtirokchilari + insident. Bundan ko‘rinib turibdiki, nizo, nizoli vaziyat va u bilan bog‘liq boshqa bir qator ahamiyatga ega elementlarni birlashtirishning guvohi bo‘lish mumkin.
Pedagogik jamoadagi nizolarni tahlil etish va uni hal etish zarurat tug‘ilganda, nizo tarkibidagi har bir elementning o‘rnini aniq baholashga to‘g‘ri keladi. Nizolarning vujudga kelishi va uning oldini olishda yuqorida taqdim qilingan formulaga alohida e’tibor qaratish ma’qul.
Nizo o‘z moxiyatiga ko‘ra ijtimoiy xodisadir. Nizo keng ma’noda va tor ma’noda tushuniladi. Nizo keng ma’noda jamiyatdagi yangi va eski qarashlar o‘rtasidagi kurash deb qaraladi. Nizo tor ma’noda bir muammoni yechishda har bir shaxsning o‘z fikrini qattiq turib himoya qilishni bildiradi.
Nizo ijtimoiy psixologiyada qanday tushuniladi? U muomalaning buzilishi yoki psixologik jihatdan ichki ruhiy kelishmovchilikdir. Buni har soha olimlari har xil tushunadilar. Masalan, G.Kovalev nizoga shunday ta’rif beradi: "Nizo insonlar o‘rtasida ijtimoiy va shaxsiy masalalarni hal qilishda vujudga keladigan holat, lekin har qanday qarshilik nizo bo‘lavermaydi. Odamlar bir-birining fikri bilan kelishmasligi va o‘zaro bahslashishi mumkin, har biri o‘z fikrida qoladi, lekin baribir ko‘p hollarda kelishib ishlashga majbur bo‘ladi, qarama-qarshilik ba’zan yoqtirmaslik, hissiyot, tushunmaslik, ko‘ra olmaslik va boshqalarda aks etib, nizoning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Nizo nafaqat qarama - qarshilik, shuningdek o‘ziga xos kurashish hamdir. Har ikki tomon ham bunday holatda o‘zini xaq deb biladi va o‘zaro kurashadi. Nizo bu qarama-qarshi dunyoqarashlar negizida yuzaga keladi. Nizoni albatta, o‘z vaqtida bartaraf etish kerak, chunki buning oqibatida hayot me’yorida davom etmaydi. Yuqorida aytib o‘tganimizni tahlil qilib psixologik nuqtai nazardan biz shunday ta’rif beramiz: "Nizo – shaxslarning qarashlari, qiziqishlari o‘rtasidagi qarama-qarshilik natijasida vujudga kelgan psixologik holat bo‘lib, bu ularning faqat bir-biri bilan hamkorligi jarayonida paydo bo‘ladi.
Jamiyat taraqqiyotining barcha bosqichlarida odamlar orasida o‘zaro kelishmovchiliklar, ziddiyat va nizolar mavjud bo‘lib kelgan. Chunki har qanday taraqqiyotning asosida qarama-qarshilik va ziddiyat yotadi. Shaxs jamiyat taraqqiyotini amalga oshiruvchi asosiy kuch va vosita hisoblanib, jamiyat va tabiatni o‘ziga moslashtirish barobarida, undagi ba’zi holatlarni taqiqlash bilan ham shug‘ullanadi. Shuning uchun ham nizo va ziddiyat jamiyat taraqqiyotining asosiy omillari hisoblanadi.
Ziddiyat insoniyat paydo bo‘lgan davrdanoq mavjud bo‘lib, uni ilmiy tadqiqot predmeti sifatida o‘rganish borasidagi ilk qarashlar ham o‘z tarixiga ega. Hayot tarzi, mehnat faoliyati, shaxslararo munosabat muhitining o‘zgarayotganligi ziddiyatlarning ham o‘ziga xos tomonlari mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Ziddiyat, nizo haqidagi dastlabki konsepsiyalar XIX–XX asrlarda vujudga kelib, uning yechimlarini topish yo‘llari bo‘yicha qo‘yilgan qadamlar o‘tgan asrning oxirlarida bir qadar salmoqli bo‘ldi.
Bugungi kunda psixologiya va ijtimoiy psixologiyada V. O. Ageyev, A. A. Bodalev, V. I. Juravlev, N. N. Obozov, I. A. Kox, YA. A. Ansupov, A. I. Shipilov, F. M. Borodkin, A. K. Zaysev, A. G. Zdravomislov va boshqalarning tadqiqotlarida nizoning nazariy asoslari yoritilgan.
Bu muammoni o‘rganishda dastlab «ziddiyat» va «nizo» tushunchalarining etimologiyasi, ya’ni ularning mazmun-mohiyatini ochish kerak bo‘ladi. Xo‘sh nizo va ziddiyat nima?
Nizo lotincha «konflikt» so‘zidan olingan bo‘lib, «to‘qnashish», ya’ni maqsad, qiziqish, nuqtai nazar, fikrlar, kishilarning o‘zaro ta’sirlashuvidagi qarama-qarshi yo‘nalishlar borasida to‘qnashishlaridan iborat.