2-modda. Avtomobil yo‘llari to‘g‘risidagi qonunchilik Avtomobil yo‘llari to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Haq to‘lanadigan avtomobil yo‘llari sohasidagi munosabatlar alohida qonun bilan tartibga solinadi.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining avtomobil yo‘llari to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
avtomobil yo‘li — transport vositalari harakatlanishi uchun mo‘ljallangan, ularning belgilangan tezlikda, og‘irlikda, o‘lchamlarda muttasil va xavfsiz harakatlanishini ta’minlaydigan muhandislik inshootlari majmuasi, shuningdek ushbu majmuani joylashtirish uchun berilgan yer uchastkalari va majmua ustidagi belgilangan doiradagi bo‘shliq;
avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilar — yo‘l harakatining ishtirokchilari bo‘lgan yoki ajratilgan mintaqa hamda yo‘l bo‘yi mintaqasi doiralarida belgilangan tartibda ruxsat etilgan faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar;
ajratilgan mintaqa — avtomobil yo‘li, uning tegishli konstruktiv elementlari va muhandislik inshootlari, shuningdek avtomobil yo‘lidan foydalanish uchun zarur bo‘lgan binolar, inshootlarni joylashtirish, ihota va manzarali daraxtzorlar barpo etish uchun doimiy foydalanishga qonunchilikda belgilangan tartibda beriladigan yer uchastkasi;
yo‘l bo‘yi mintaqasi — ajratilgan mintaqaga tutashgan, chegaralarida aholi xavfsizligini va transportning harakatlanish xavfsizligini ta’minlash uchun yerdan foydalanishning alohida shartlari belgilanadigan yer uchastkasi;
xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llari — qishloq joylardan o‘tadigan va xo‘jaliklarni o‘zaro bog‘laydigan avtomobil yo‘llari. Xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llari, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, mahalliy davlat hokimiyati organlari ixtiyorida bo‘ladi.