3. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida [Ko‘chirma] O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-apreldagi PF-5005-sonli “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, shuningdek yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:
1. Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashning quyidagi asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirish O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va uning hududiy bo‘linmalarining eng muhim vazifasi deb hisoblansin:
birinchidan — yo‘l harakati xavfsizligi respublika, o‘rta va quyi bo‘linmalari faoliyatini tashkil etishning sifat jihatidan yangi tartibini o‘rnatish, bunda ularning asosiy vazifalari va funksiyalari, rahbarlar va xodimlarning o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarishi uchun shaxsiy javobgarligi aniq belgilanishi va taqsimlanishini nazarda tutish;
ikkinchidan — yo‘llarda, ayniqsa Toshkent shahrida yo‘l-transport hodisalarining sodir etilishi va tirbandlikning hosil bo‘lishiga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni tizimli ravishda kompleks tahlil qilish va bartaraf etish asosida yo‘l harakati qoidalari buzilishi profilaktikasi, yo‘l-transport hodisalari va yo‘llar bandligining oldini olish tizimini takomillashtirish;
uchinchidan — huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga chek qo‘yishning, nazoratning yuqori samaradorligini ta’minlovchi yo‘l harakatini avtomatlashtirilgan tarzda tartibga solish, videokuzatuv va yo‘l harakati qoidalari buzilishini qayd etish tizimlarini, boshqa texnik vositalarni, avvalo viloyat markazlarida yanada kengaytirish;
to‘rtinchidan — yo‘llarni saqlash va ularni yo‘l belgilari, axborot ko‘rsatgichlari, yo‘l harakatini tartibga solishning boshqa texnik vositalari bilan jihozlash bo‘yicha o‘rnatilgan talablarga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash;
beshinchidan — fuqarolar orasida yo‘l harakati ishtirokchilarining yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish madaniyatini oshirishga qaratilgan samarali tushuntirish ishlari tizimini, shu jumladan aholi orasida targ‘ibot-tashviqot ishlarining shakl va usullarini kengaytirish hamda takomillashtirish orqali rivojlantirish;
oltinchidan — yo‘l harakati ishtirokchilarining huquqlariga so‘zsiz rioya etilishini, ularning sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishini, xizmatni o‘tash vaqtida muomala madaniyati va odob-axloq qoidalariga qat’iy amal qilinishini ta’minlash;
yettinchidan — yo‘l-patrul xizmati xodimlarining xizmat vazifalarini lozim darajada bajarishi ustidan nazoratni korrupsiya va vakolatini suiiste’mol qilish holatlarini istisno etadigan tarzda kuchaytirish, shuningdek kadrlarni tanlash, ularni kasbiy tayyorlash va qayta tayyorlashning ta’sirchan mexanizmini joriy etish;
sakkizinchidan — davlat xizmatlarini ko‘rsatishning soddalashtirilgan tartib-taomillarini nazarda tutuvchi hamda ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishning shaffofligini ta’minlovchi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llash.
Parlament yuqori palatasining sakkizinchi yalpi majlisida Oliy Majlis Senatining 2020 yil 19 iyundagi tegishli qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, Bosh vazir tomonidan 2020 yil 25 avgustda taqdim etilgan javobga ko‘ra, parlament so‘rovida ko‘tarilgan masalalar mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birga atroflicha o‘rganilib, Vazirlar Mahkamasining Rayosatida ko‘rib chiqilgan.
Parlament so‘rovida ko‘tarilgan bir qator masalalar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi tomonidan amaliy chora-tadbirlar dasturi qabul qilingan. Unda jumladan, qoidabuzarliklarni avtomatik aniqlaydigan foto- va videomoslamalar, shuningdek, onlayn rejimida ishlovchi qo‘shimcha fotoradarlar o‘rnatish belgilagan.
Bundan tashqari, Ichki ishlar vazirligining yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli va asosiy vazifalarini amalga oshiruvchi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining yo‘l harakatini tashkil etishni nazorat qilish bo‘limi va bo‘linmalari shtat birliklarining etishmasligini bartaraf etish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazilishi nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, umumta’lim maktablarida Yo‘l harakati qoidalari va harakat xavfsizligi asoslarini o‘rgatish, xalq ta’limi xodimlarining o‘quvchilarga Yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish bo‘yicha malakasini oshirish ham rejalashtirilgan.
Majlisda senatorlar tomonidan parlament so‘rovida ko‘tarilgan ba’zi masalalarning echimiga e'tibor qaratilmagani ta’kidlandi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan 2019 yilda tasdiqlangan yo‘l harakati xavfsizligi standartlari yuzaki ishlab chiqilgan.
Ushbu standartlardagi yo‘l belgilarining tartib raqamlari ham to‘g'ri belgilanmaganligi, bu esa yo‘l harakatining asosiy va ustuvor qoidalaridan hisoblanishi ta’kidlab o‘tildi.
Ya’ni mazkur standartlar boshqa davlatlarning standartlaridan to‘g'ridan-to‘g'ri ko‘chirib olingan. Oqibatda boshqa davlatlarning amaldagi yo‘l harakati qoidalaridagi mavjud yo‘l belgilari ushbu standartlarning ilovalariga ham kiritilgan. Vaholanki, mazkur yo‘l belgilari O‘zbekiston Respublikasi Yo‘l harakati qoidalarida mavjud emas.
Shuningdek, Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan harakat xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, harakat ishtirokchilariga qulayliklar yaratish yuzasidan mahalliy hokimliklar hamda tegishli tashkilot va idoralarga 2017–2020 yillar davomida jami 6 709 ta taqdimnoma kiritilgan bo‘lsa-da, ularning 3 173 tasi yoki 45 foizi belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilmagan.
Bundan tashqari, mutaxassislar tomonidan yo‘l-transport hodisalarining kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan avtomobil yo‘llarini zarur darajada ta’mirlashga e'tibor qaratilmagani oqibatida 2019 yilda va 2020 yilning 8 oyi davomida 532 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 511 nafar fuqaro jarohatlangan va 191 nafar fuqaro halok bo‘lgan.
Bu kabi kamchiliklar Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan kiritilayotgan taqdimnomalar ijrosini ta’minlamagan mutasaddilarga nisbatan ta’sirchan choralar ko‘rishni taqozo etmoqda.
Shu jihatdan Senat a’zolari aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli qaror qabul qildi.
Bunda:
- O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan 2019 yilda tasdiqlangan yo‘l harakati xavfsizligiga oid normativ-huquqiy hujjatlar va standartlarni 2021 yil 15 yanvarga qadar takomillashtirish;
- Avtomobil yo‘llarining nosozligi oqibatida sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha bir oy muddatda aniq
chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish;
- Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan mutasaddi idoralar rahbarlariga kiritilayotgan taqdimnomalar ijrosini ta’minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan mutasaddi xodimlarning mas'uliyatini oshirish yuzasidan zarur choralarni ko‘rish;
- O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalar ijrosining borishi to‘g'risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda Ichki ishlar vazirligi tomonidan mutasaddi idoralar rahbarlariga kiritilayotgan taqdimnomalar ijrosi yuzasidan har chorak yakuni bo‘yicha taqdim etilgan ma’lumotlarni qo‘mitada tahlil qilib, chora-tadbirlar dasturi hamda kiritilayotgan taqdimnomalar ijrosini o‘z vaqtida bajarmagan mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarini Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisiga taklif qilib, muhokama qilib borish belgilandi.