1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va asosiy vazifalari Ushbu Qonunning maqsadi yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ushbu Qonunning asosiy vazifalari fuqarolar hayoti va sog‘lig‘i muhofaza etilishini, ularning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari, yuridik va jismoniy shaxslarning mulki, shuningdek atrof muhit himoya qilinishini ta’minlashdan iboratdir.
2-modda. Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunchilik Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
yo‘l — transport vositalarining harakatlanishi uchun qurilgan yoki moslashtirilgan va foydalaniladigan yer polosasi yoxud sun’iy inshoot yuzasi. Yo‘l avtomobil yo‘llarini, shahar elektr transporti yo‘llarini va yo‘lkalarni o‘z ichiga oladi;
yo‘l harakati — odamlar va yuklarning transport vositalari yordamida yoki bunday vositalarsiz yo‘llar doirasida harakatlanishi jarayonida yuzaga keluvchi munosabatlar majmui;
yo‘l harakati qatnashchisi — yo‘l harakati jarayonida transport vositasining haydovchisi, yo‘lovchisi yoki piyoda sifatida bevosita ishtirok etayotgan shaxs;
yo‘l harakati xavfsizligi — yo‘l harakati qatnashchilarining yo‘l-transport hodisalari va ularning oqibatlaridan himoyalanganlik darajasini aks ettiruvchi yo‘l harakati holati;
yo‘l-transport hodisasi — transport vositasining yo‘lda harakatlanishi jarayonida ro‘y bergan, fuqarolarning halok bo‘lishiga yoki sog‘lig‘iga zarar yetishiga, transport vositalari, inshootlar, yuklarning shikastlanishiga yoxud boshqa moddiy zarar yetishiga sabab bo‘lgan hodisa;