20
sistemasini hosil qiladi, shundan keyin kapillyarlar yana bir-biriga qo’shilib, qorin aortasi tomoniga
qarab yo’naladigan bitta jigar venasiga aylanadi. Bosh tomondagi venoz qon bir juft bo’yinturuq
venaga, boshqacha aytganda, oldingi kardinal venalarga yig’iladi va ulardan orqaga qarab oqadi.
Gavdaning orqa qismidagi venoz qon bir juft orqa kardinal venaga yig’iladi va shu venalardan
oldinga qarab oqadi. O’ng tomondagi oldingi va orqa kardinal venalar xalqumdan bir qancha orqaroqda
o’ng kyuver yo’liga qo’shiladi, chap tomondagi kardinal venalar esa chap kyuver yo’liga qo’shiladi,
shundan keyin kyuver yo’lining ikkovi ham xalqumning orqasidagi qorin aortasiga quyiladi. Kyuver
yo’lining orqa tomoniga jabra oldi bo’shlig’ining bir juft venalari – atrial venalar kelib qo’shiladi.
Ayirish sistemasi. Lantsetnikning qon aylanish sistemasi umurtqalilarnikiga o’xshasa ham
ayirish organlari ulardan ko’p farq qiladi. Uning ayirish organlari nefridiylardan iborat bo’lib,
ularning soni yuz juftgacha boradi. Ular xalqumning ustiga o’rnashgan, har ikki jabra yorig’iga bittadan
nefridiy to’g’ri keladi. Nefridiylar to’g’ri burchak shaklida bukilgan kalta naylardan iborat. Ular bir
qancha teshiklar (nefrostoma) orqali gavda bo’shlig’iga va bitta umumiy teshik orqali jabra oldi
bo’shlig’iga ochiladi. Lekin bu teshiklar (nefrostomalar) tutash bo’lib, ichi kanalli uzun hujayralar
bilan qoplangan, bu kanalda tebranuvchi tukchalar bor. Binobarin, ular solenotsitlar singari
tuzilgan, umuman, lantsetnikning nefridiylari xalqali chuvalchanglarning nefridiylariga juda
o’xshaydi.
Urchish organlari segmentar tipda joylashgan bir talay (26 juft) jinsiy bezlardan iborat.
Lantsetnik ayrim jinsli hayvon bo’lsada, uning erkaklik va urg’ochilik jinsiy bezlari shaklan bir-
biriga o’xshaydi va devori qalin pufakchalardan iborat bo’ladi. Jinsiy bezlarning alohida yo’llari
yo’q, shunga ko’ra, yetilgan jinsiy mahsulotlar jinsiy bez devori bilan gavda devori yoriqlaridan
jabra oldi bo’shlig’iga tushadi, u yerdan suvning oqimi bilan atriopor orqali tashqariga chiqariladi.
Shunday qilib, lantsetnikda bosh skeletlilarga qarama-qarshi o’laroq, ayirish organi bilan
urchish organlari orasida hech qanday bog’lanish yo’q.
Embrionning rivojlanishi. Ona gavdasidan tashqarida (suvda) urug’langan tuxum to’la va
deyarli bir tekisda bo’linadi. Natijada sharsimon tipik blastula hosil bo’ladi. Keyinchalik
blastulaning vegetativ qutbidagi katta hujayralar ichkariga botib kiradi va shu tariqa tipik
invaginatsion gastrula hosil bo’ladi.
Lichinkasi. Lantsetnikning lichinkalik davri uzoq (uch oycha) davom etadi. Lichinka
dastlab suv betida hayot kechiradi va gavdasini qoplab olgan kiprikchalar yordamida suzib yuradi.
Keyinchalik u suvning tagiga tushadi. Lichinkaning og’zi rivojlanishning ilk stadiyalarida
asimmetrik bo’lib, chap tomonidan joy oladi. Jabra yoriqlari ham asimmetrik bo’lib o’sadi: chap
tomonning jabra yoriqlari dastlab qorin tomonda hosil bo’ladi, so’ngra o’ng tomonga o’tib qoladi, u
yerdan yana qorin tomonga, keyinroq chap tomonga o’tadi. Bir muncha keyinroq paydo bo’ladigan
o’ng tomon jabra yoriqlari o’z joyida hosil bo’lib, o’z joyida qoladi. To’la o’sib yetilgan lichinka,
asosan, og’iz oldi voronkasining yo’qligi, jabra yoriqlarining ozligi, atrial bo’shlig’ining bo’lmasligi
va jabra yoriqlarining bevosita tashqariga ochilib turishi bilan voyaga yetgan katta lantsetnikdan farq
qiladi. Keyinroq ikki tomondagi jabra yoriqlarining ustida uzunasiga ketgan bittadan metaplevral
burma hosil bo’ladi. Bu burmalar borgan sari o’sib, pastga osilib tushadi va nihoyat, hayvonning
qorin tomonida bir-biri bilan qo’shilib ketadi. Metaplevral burmalarning eng oxirgi uchidan tashqari,
butun cheti bor bo’yiga bir-biri bilan qo’shiladi, ularning qo’shilmay qolgan eng oxirgi uchi teshik
– atriopor bo’lib qoladi. Shu tariqa atrial bo’shliq hosil bo’lib, lantsetnikning jabra yoriqlari shu
bo’shliqqa ochiladi.
Dostları ilə paylaş: