19-Mavzu: Ommaviy madaniyatning salbiy tomonlari xaqida. Soatlar har xil bo’ladi - quyosh soati, suv, qum, mexanik, elektron, kvarts soatlar... Quyosh soati quyoshsiz, suv soati suvsiz, qum soati qumsiz, elektron soat elektr tokisiz, kvarts soat batareyasiz ishlamaydi. Faqat mexanik soatning ishlashi egasiga bog’liq. Qulog’ini burab, “dam solsa”, yuraveradi.
Kvarts soat boshqacha. “Avval batareyaning pulini to’lab qo’ying, xo’jayin,” - deydi go’yo. Batareyasiz soat - befoyda matoh, Soat sizniki, lekin uning yurishi sizga emas, batareyaga bog’liq. Batareya esa uni ishlab chiqaruvchiga bog’liq. Mana endi siz batareya ishlab chiqaruvchining muhtojiga aylandingiz. Kimdir sizning kompyuteringizga tushsin, deb “Chuvalchang”, “Troyan oti”, “Pochta junatmasi” degan viruslarni tayyorlamoqda. Virus tushsa, antivirusini topishga ham o’zlari yordam bervorishadi. Ana shunday. XXI asrda bir qo’li bilan kasalni, ikkinchi qo’li bilan uning dorisini sotayotganlar ko’p.
Razm solsak nafaqat batareyaga, antivirusga, balki ulardan ham muhimroq qadriyatlarga bo’lgan ehtiyojlarimizni egallab olishga intilayotgan guruhlar borga o’xshaydi. Masalan, estetik madaniy ehtiyojlarimizni. Ular anchagina ishni qilib ham qo’yishibdi. Ular kim bo’ldi? Ular - “ommaviy madaniyat” mahsulotlarini yasovchilar.
Prezidentimizning “Tabiiyki, “ommaviy madaniyat” degan niqob ostida axloqiy bo’zuqlik va zo’ravonlik individualizm, egotsentizm g’oyalarini tarqatish, kerak bo’lsa, shuning hisobidan boylik orttirish, boshqa xalqlarning necha ming yillik an’ana va qadriyatlari turmush tarzining ma’naviy negizlariga bepisandlik ularni qo’porishga qaratilgan xatarli tahdidlar odamni tashvishga solmay qo’ymaydi” degan ogohlantiruvchi fikri futbolkalardagi yozuv, suratlardan, disklardagi qo’shiq, filmlar, displey, ekoan, audiopleerlardan, ko’rayotgan xususiy binolardan, suhbatlardan, kitob, gazeta va jurnallardan bizga yog’ilayotgan balolar ustidagi pinhonlik pardasini olib tashladi. Biz bilib-bilmay: "Ha, endi yoshlar boshqacha-da. Qo’yavering, o’ynab kulsin. Vaqti-soati kelib, bosilib qolar. O’zimizga qaytar. Qayoqqa ham borardi”, deymiz. Bugun bu befarqlikka, mas’uliyatdan chekinishga o’xshab ketmoqda.
Dasturxonimizga qarang. Gibrid (yasama) bemaza olmalar o’zimizning shirin, haqiqiy Baxmal, Namangan olmalarini siqib chiqarmoqchi. Ayrimlari dasturxonimizning to’riga chiqib ham oldi. Chiroyli gibrid olmaning ta’mi suvnikiday. Chiroyli-yu, zararli. Shunday ekan, endi “ommaviy madaniyat” tovarlarini ishlab chiqaruvchilar osib qo’ygan yorliqlardan emas, ular kimlarni, nimalarga o’rgatmoqchi ekanligidan, o’rgatganligidan kelib chiqib xulosa qilish kerak bo’ladi.
Eshik oldi nega supuriladi? Bir savolga ikki javob.
Bir samarqandlik olim hikoyasidan (2007 yil 12 mart): Los Anjelesda bir fizik hamkasbim bor. Frenk. U 2006 yilning yanvarida ilmiy ishiga maslahatchi bo’lishimni so’rab keluvdi. Uyimda 3 kun mehmon bo’ldi. 24 fevral kuni ertalab tursak qor yog’ibdi. Qizim darvoza atrofini supurayotgan edi. Buni ko’rgan Frenk: -X-m-m. Sug’urta - jiddiy masala, - dedi. - Nimaning sug’urtasi, - dedim tushunmay. - Sizda yer uchastkasi bor. Uning bir qismidan boshqa odamlar yurib o’tadi. Siz o’sha yerning qorini ko’rab turishingiz kerak. Agar ko’ramasangiz, biror kishi sirpanib, qo’li sinsa, unga siz sug’urta pulini to’laysiz. Shuning uchun eshik oldini supurasiz, dedi. Men unga o’zbeklarda har kuni, doimo quyosh chiqmay eshik oldi, uy oldi top-toza qilib supurilishini aytdim. Bu - milliy an’ana dedim. U jiddiy tingladi. O’yladi. Meni tushunishga o’rindi. Lekin, bo’lmadi. Menga tabassum qilib, boshini sarak-sarak qilib, "Hamid, meni ko’ndirma. Bu - sug’urta” dedi. Frenk o’zbeklar ham sug’urtadan qo’rqib eshigi oldini supuradi, degan o’z fikrida qoldi. Ishonmadi. Eshik oldiga yoqqan qorni Bostonda ham, Bustonliqda ham, Forishda ham, Parijda ham, Bokuda ham, Bo’kada ham ko’raydilar. Ish bir xil, lekin sabab ikki xil. Bo’stonliq, Forish va Bukada ma’naviy: supursam, savob bo’ladi, o’tganlar duo qilishadi, uyim farishtali bo’ladi, supurmasam, UYAT BO’LADI, degan masala birinchi o’rinda turadi. Boston, Parijda – moliyaviy. Supursam, zarar ko’rmayman. Chunki birortasi yiqilib, qo’li, oyog’i sinsa, sug’urta pulini men to’lashim kerak. Supurmasam, ZARAR BO’LADI.
Bir savolga ikki javobni ko’ring: birinchisi - o’zbekona madaniyatning, ikkinchisi - “ommaviy madaniyat”ning javoblari. Qaysi biri madaniyatliroq? Insoniyroq?
“Olovli suv”ning ishlari 1492 yil Kolumb va sheriklarining etigi serhosil, jannatmonand Amerika yerini bosdi. Egalari sodda, mehmondo’st, mard qizil tanlilar. Shunda g’oliblar “madaniyat” olib keldilar. Yerli aholiga shisha munchoqlarni berib, oltin yombilariga ayriboshlab ola boshladilar.
Kichik-kichik aroq zavodlarini qurib, hindularni “olovli suv” (aroq) ichishga o’rgatdilar. Aroq va porox yordamida dastlab hindularning Nyuport viloyatidagi 100 km radiusdagi yer maydonini egallab olishdi. Bu “madaniy” vosita juda kamchiqim, serdaromad edi. Shuning uchun bu vosita keyinchalik boshqa davr va joylarda ham keng qo’llanildi.
Shunday qilib, “madaniy” bosqinlar tarixining boshlanishini sal oldinroqqa - XVII asrga ko’chirishga to’g’ri keladi. Odamlarni yoppasiga mast, behush qilib, ularning ixtiyoru ehtiyojini egallab, bog’lab, qul qilish. Bir qo’lda arog’u, birida revolver. Biri - ongga, biri - jonga o’qtalgan qurollar. Shu tariqa bug’doyrang, sodda, samimiy, mehmondo’st, mard hindular o’z vatanida tezda begonalarga aylanib bo’lishdi. Bu - “ommaviy madaniyat”ning birinchi quroli aroqning g’alabasi edi.
Hozirgi mazmundagi “ommaviy madaniyat” XIX asr oxiri – XX asr boshida shakllandi. Ommaviy axborot va kommunikatsiya (radio, kino, televidenie, ko’p nusxali gazetalar, suratli jurnallar, keyinchalik internet)ning keskin rivoji bunga sabab bo’ldi. Ma’naviy, madaniy tovarlarni ishlab chiqarish industriyasi paydo bo’ldi. Shunday qilib, aholining funksional bilimlarida - ko’tarilish, madaniyatida, ma’naviyatida esa - pasayish ko’zatila boshladi.