8-mavzu. Tijorat banklari depozit operatsiyalari reja: Tijorat banklarining depozit operatsiyalari va ularning tavsifi



Yüklə 120,15 Kb.
səhifə4/5
tarix07.01.2024
ölçüsü120,15 Kb.
#205182
1   2   3   4   5
8-mavzu. TIJORAT BANKLARI DEPOZIT OPERATSIYALARI




2-savol bayoni. Tijorat banklari passiv operatsiyalari hajmi, barqarorlik darajasi va shakllanish manbalari ularning moliyaviy va iqtisodiy samaradorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Mamlakatimizda bozor munosabatalarining chuqurlashuvi va iqtisodiy islohotlarning keng qamrovliligi, shuningdek, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi tijorat banklari passiv operatsiyalari, yoinki ularning depozit siyosatining ahamiyatini oshirmoqda. Tijorat banklari depozit siyosati samaradorligini ta’minlash bevosita ularning moliyaviy jihatdan barqaror resurs bazasini shakllantirish imkoniyatini beradi.
Shu bois, tijorat banklari depozit siyosati ularning asosiy vazifalaridan biri bo‘lib, banklarning aktiv operatsiyalari natijasida shakllantirilayotgan daromadlari hajmi ushbu siyosatning samaradorligiga bevosita bog‘liq.
Demak, bizning fikrimizcha, “depozit siyosati” so‘zini alohida olib qaraydigan bo‘lsak, ushbu so‘z tijorat banklarining muddatli moliyaviy resurslarni boshqarish ma’nosini anglatmaydi. “Depozit siyosati” so‘zini, albatta “tijorat banklari depozit siyosati” tarzida qo‘llansagina, u tijorat banklarida jalb qilingan mablag‘lar doirasida tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqish va boshqarish ma’nosini anglatadi.
Depozitlar banklar tomonidan amalga oshiriladigan depozit siyosatining asosiy o‘zagini tashkil etadi. Xalqaro bank amaliyotida passiv operatsiyalar banklar foydasidan fondlarni shakllantirish va ularni ko‘paytirishga ajratmalar, depozit operatsiyalari, yuridik shaxslardan olingan kredit resurslar, muomalaga qimmatli qog‘ozlar, pul biletlar va tangalarni chiqarish tarzida to‘rtta guruhga ajratiladi.
Mamlakatimizda bozor munosabatlarining chuqurlashuvi banklararo raqobatning kuchayishiga olib kelmoqda. Bu tijorat banklari depozit siyosati samaradorligini oshirishni talab etmoqda. Chunki, tijorat banklari jalb qilgan mablag‘larining asosiy qismini depozitlar tashkil etadi. Depozitlar bank mijozlari tomonidan qo‘yilgan yoki operatsiyalar jarayonida bank hisobvarag‘ida ma’lum vaqtgacha saqlanadigan mablag‘lar hisobidan shakllantiriladi.
Demak, tijorat banki depozit siyosati murakkab iqtisodiy xodisa bo‘lib, uni mazmunini bir taraflama o‘rganish mumkin emas. Bank ishi nazariyasida kredit muassasalarining depozit operatsiyalarini shaklanishi to‘g‘risida tasavvurlar tijorat banklarini tashkil topishi va rivojlanishi jarayonida yuzaga kelgan. Biroq hozirgi kungacha xorijiy va mahalliy adabiyotlarda umuman olingan tushuncha mavjud emas, bunda faqat banklarning depozit siyosati bilan bog‘liq masalalar yoritiladi. Bundan tashqari, xorijiy iqtisodiy manbalarda banklarning depozit operatsiyalari mustaqil ahamiyatga ega emasligi ta’kidlanib, ular aktiv va passivlarni boshqarish kontekstida ko‘riladi.
Depozit siyosati bank rahbariyati tomonidan qabul qilinadigan sub’ektiv qarorlarni aks ettiradi. Bu ma’noda depozit siyosati faqatgina boshqaruv qarorlari tizimi, harakat uchun boshqaruv qo‘llanma yoki depozit operatsiyalarni o‘tkazish bo‘yicha bank faoliyatining yo‘llanmasini o‘zida mujassam etgan hujjat sifatida ko‘rilishi mumkin. Boshqacha qilib aytganda, depozit siyosati depozit operatsiyalari tartibini belgilab beradigan rasmiylashtirilgan hujjat ko‘rinishida taqdim etiladi.
Tijorat banklari depozit siyosati samaradorligi va barqarorligini ta’minlashda uning tashkiliy-tarkibiy qismi muhim ahamiyat kasb etadi. Amalga oshirilgan tadqiqotlar va o‘rganishlar natijasida depozit siyosatining quyidagi tashkiliy-tarkibiy qismlarini keltirishimiz maqsadga muvofiq hisoblanadi:

  • banklarga jalb etilayotgan depozitlar hajmi va muddatlarini rejalashtirish. Ta’kidlaganimizdek, tijorat banklari depozit siyosatini amalga oshirishda strategik va taktik rejalashtirish alohida o‘rin tutadi. Ushbu rejada bankning joriy davrda va kelgusi davrda moliyaviy resurslarga bo‘lgan talabi va ularning muddatlari inobatga olinadi;

  • depozit mablag‘larni banklarga jalb etish manbalarini aniqlash. Tijorat banklari depozit siyosati samaradorligi bankning omonatchilari, mijozlari va investorlariga bevosita bog‘liqdir. Shu bois, ularning tarkibi, moliyaviy holatini aniqlash, kelgusida bankka moliyaviy barqaror mijozlar va investorlarni jalb etish depozit mablag‘lari barqarorligini ta’minlashda muhim hisoblanadi;

  • bankning depozit siyosatini nazorat qilishni tashkil etish. Tijorat banklari depozit siyosati ma’lum davrga qabul qilingandan so‘ng, uning amaliyotda samarali ishlashi va ko‘zda tutilgan natijani berishi uchun tegishli nazoratni tashkil etish lozim bo‘ladi. Bunda asosiy e’tibor, depozit siyosati bo‘yicha qabul qilingan qarorlarni belgilangan muddatlarda bajarilishi, omonatchi, investor va bank mijozlari tarkibining moliyaviy barqarorligi, depozitlar bo‘yicha to‘lanadigan foiz to‘lovlarining maqsadga muvofiqligi kabilar alohida nazorat qilinadi;

  • depozit operatsiyalari marketingini tashkil etish. Bozor iqtisodiyoti sharoitida depozit siyosati samaradorligining asosiy omillaridan biri bankda marketing ishlarini tashkil etilganligi bilan baholanadi. Bank marketingining asosiy vazifalari sifatida banklar o‘rtasida depozit bozorlaridagi talab va taklifning holati, omonatchi, investor va mijozlarning iqtisodiy qiziqishlari, kelgusida fond bozorlari segmentlarida yuz berishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlarni o‘rganib borish zarur bo‘ladi.

Tijorat banklari depozit siyosatini rivojlantirish va uning samaradorligini ta’minlash ma’lum tamoyillarni ishlab chiqish va ularga amal qilishni talab etadi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida tamoyillar xo‘jalik yurituvchi sub’ektning iqtisodiy jihatdan ma’lum samardorlik va imkoniyatlarga ega bo‘lishning asosi sifatida qaraladi. Shu jihatdan, tijorat banklari depozit siyosati samaradorligini ta’minlashda qo‘llaniladigan tamoyillar moliyaviy mablag‘larni jalb qilishga qaratiladi. Tijorat banklari depozit siyosatini amalga oshirishda umum qabul qilingan tamoyillarga amal qilishi tegishli samaraga erishish imkoniyatini beradi. Biroq, mamlakatda mavjud iqtisodiy ustqurtma va bazisning o‘ziga xosligi tijorat banklari depozit siyosati tamoyillarini ushbu bazis va ustqurtma asosida amal qilish zaruriyatini keltirib chiqaradi.
Tijorat banklari depozit siyosati asosiy tamoyillari sifatida:

  • ilmiy asoslanganlik tamoyili;

  • kompleks yondoshuv tamoyili;

  • depozit siyosati elementlarining yagonaligi tamoyili, samradorlik tamoyili;

  • barqaror resurslar bazasini ta’minlanganlik tamoyili;

  • depozit siyosatini amalga oshirishning xavfsizligi tamoyili;

  • harajatlarni kamaytirish kabi tamoyillarni keltirish mumkin.

Tijorat banklari depozit siyosati tamoyillarini alohida tadqiqot ob’ekti sifatida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, bank faoliyatida depozit siyosati samaradorligini ta’minlashda ularning har birini alohida ahamiyatga egaligining guvohi bo‘lishimiz mumkin.
Xususan, depozit siyosatining ilmiy asoslangan tamoyili, bankning depozit siyosatini ishlab chiqishda va amaliyotga joriy etishda bevosita unga ilmiy jihatdan yondoshuv zarurligini anglatadi. Masalan, tijorat banklari depozit siyosatini ishlab chiqishda ushbu tamoyil doirasida mamlakat iqtisodiy siyosati, Markaziy bankning pul-kredit instrumentlari yo‘nalishlari, xo‘jalik sub’ektlari va aholining turli xildagi iqtisodiy jamg‘armalari, shuningdek, bank faoliyati iqtisodiy o‘zgarishi kabi holatlarni inobatga olish zarurligini anglatadi.
Depozit siyosatining kompleks yondoshuv tamoyilining asosiy vazifasi bankning o‘zaro aloqalarini va bank tomonidan amalga oshiriladigan depozit siyosatini bankning strategik va taktik usullari bilan hamoxangligi va bank faoliyatini takomillashtirish bilan bog‘liq masalalarni inobatga olish hisoblanadi. Shu bilan birga, tijorat banklari depozit siyosati davlatning iqtisodiy siyosati, Markaziy bankning pul-kredit siyosati va bank siyosatining boshqa elementlari bilan kompleks yondoshuvi tarzida amalga oshirish lozim.
Tijorat banklari depozit siyosati elementlarining yagonaligi tamoyilida asosiy e’tibor bankka jalb qilingan mablag‘lar bo‘yicha to‘lanadigan foiz to‘lovlari, muddati, mablag‘larni aktiv operatsiyalarga joylashtirish muddatlarining mosligi kabi holatlarga qaratiladi. Xususan, ushbu tamoyilning mablag‘larni aktiv operatsiyalarga joylashtirish muddatliligi elementi depozitga joylashtirilgan mablag‘lar muddati bilan mos kelmasligi bank faoliyatida majburiyatlarni bajarish nuqtai nazaridan turli ziddiyatlarni kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Shu bois, bankning muddatli va riskka tortilgan aktivlari o‘rtasida umumiy bog‘liqlik ta’minlanishi maqsadga muvofiq.
Tijorat banklari depozit siyosatini amalga oshirishda jalb qilinayotgan mablag‘larni samaradorlik tamoyiliga alohida e’tibor qaratish lozim bo‘ladi. Ushbu tamoyilning bajarilmasligi yoki unga rioya etilmasligi bankda moliyaviy jihatdan muammolarni kelib chiqishiga olib keladi. Chunki tijorat banklarida moliyaviy mablag‘lar tashkil topishi jihatidan qimmatli yoki arzon mablag‘lar guruhiga ajratish mumkinligini avvalgi paragrafda ta’kidlagan edik. Tijorat banklar jalb qilingan barqaror mablag‘lar bo‘yicha tegishli harajatlarni amalga oshiradi. Harajatlar miqdori depozit turi, muddati va hajmiga qarab har xil bo‘lishi mumkin, depozit operatsiyalari orqali jalb qilingan mablag‘larni tegishli aktiv operatsiyalarga joylashtirishda ushbu depozit bo‘yicha qilingan harajatlarni inobatga olinmasligi bank uchun iqtisodiy jihatdan samarasiz bo‘lishi ham mumkin. Shu bois, depozit siyosatining samardorlik tamoyili muhim iqtisodiy omillardan hisoblandi.
Tijorat banklari depozit siyosatining asosiy vazifalaridan biri bankni zarur darajadagi moliyaviy resurslar bilan ta’minlash ekanligini inobatga olsak depozit siyosatining barqaror resurslar bazasini ta’minlanganlik tamoyili uning boshqa tamoyillari ichida alohida ahamiyatga ega ekanligiga shubha tug‘ilmaydi. Chunki moliyaviy jihatdan barqaror mablag‘lar tijorat banklari asosiy foyda manbasini tashkil etish bilan birga, ularni kutilmaganda vujudga keladigan zararlardan himoya qilish imkonini beradi. Ushbu mablag‘larga, banklar ustav kapitali, joriy yil va o‘tgan yillarning taqsimlanmagan foydasi, joriy yilning sof foydasi hamda muddatli va jamg‘arma depozitlarini ham kiritish mumkin. Muddatli va jamg‘arma depozitlar, agar ularning saqlash muddati bir yildan ortiq bo‘lsa, banklar uchun muddati jihatidan barqaror moliyaviy manba hisoblanadi. Tijorat banklari bu mablag‘larni likvidsizlik holatiga tushib qolish muammosini o‘ylamasdan, ma’lum muddatga kredit resurslari sifatida ishlatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Markaziy bank tijorat banklari lividliligini ta’minlashga o‘rnatgan talablarida ma’lum bir miqdorni belgilab qo‘ymagan, bunda asosiy e’tibor tijorat banklari jalb qilingan mablag‘lari va ularni aktiv operatsiyalarga joylashtirish o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqliqni ta’minlashga qaratiladi. Ushbu bog‘liqlik likvid aktivlar va qaytarish muddati 30 kungacha bo‘lgan aktivlarni talab qilib olinguncha saqlanadigan va qaytarish muddati 30 kungacha bo‘lgan depozitlarga nisbatining koeffitsenti 0,30 ga teng bo‘lishi lozimligi belgilangan bo‘lib, ushbu me’yoriy ko‘rsatkich joriy likvidlilik koffitsiyenti sifatida yuritiladi.
Tijorat banklari resurslari muddati jihatidan beqaror mablag‘lari qatoriga talab qilib olinguncha saqlanadigan depozit hisobvaraqlardagi mablag‘larni kiritish ham mumkin. Banklar mazkur guruhga kiruvchi mablag‘lardan kredit resursi sifatida foydalanganda ularning likvidsizlik holatiga tushib qolish ehtimoli yuqori bo‘ladi. Chunki mijoz ushbu hisobvaraqalardagi mablag‘larni bank kutmagan paytda qisman yoki to‘lig‘icha ko‘chirish haqida bankka topshiriq berishi yoki naqd pul shaklda berishni talab qilish huquqiga egadir. Shu jihatdan, ushbu hisobvaraqlarda saqlanadigan mablag‘lar muddati jihatidan nisbatan beqaror resurslar hisoblandi.
Tijorat banklari depozit siyosatini amalga oshirishning xavfsizlik tamoyili asosan bankda turli manbalar hisobidan shakllantrilayotgan moliyaviy mablag‘larning mamlakat qonun va me’yoriy hujjatlari doirasida vujudga keltirilayotganligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Tijorat banklari depozit siyosatini amalga oshirishda yuqorida zikr etilgan tamoyillarga amal qilishi, ulardan ilmiy va amaliy jihatdan foydalanilsa banklarning to‘lov qobiliyati oshadi va likvidlilik darajasi ortadi, iqtisodiy samaradorligi ta’minlanadi va moliyaviy barqarorligi mustahkamlanadi.
Tijorat banklarida samarali depozit siyosatini amalga oshirishga ta’sir qiluvchi omillar juda ko‘p qirralidir. Mamlakat moliyaviy siyosati davlatning iqtisodiyotda amalga oshirayotgan barcha siyosatlarining asosini tashkil etadi. Davlat o‘zining moliyaviy siyosati orqali mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatadi. Ushbu holat Markaziy bankning pul-kredit siyosati orqali tijorat banklari depozit siyosatini amalga oshirishga bilvosita ta’sir ko‘rsatadi.
Chunki, moliyaviy siyosat – davlatning muhim faoliyati hisoblanib, moliyaviy mablag‘larni shakllantirish va mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini inobatga olgan xolda ularni taqsimlash va samarali foydalanishga qaratilgan iqtisodiy munosabatlarning yig‘indisida namoyon bo‘ladi.
Moliyaviy siyosatni yuritishda davlat asosiy sub’ekt bo‘lib, u moliyaviy rivojlanishning asosiy yo‘nalishlari, taktikasi va unga erishishning strategik vazifalarini aniqlab beradi. Aynan shu jarayonda tijorat banklari depozit siyosatining asosiy yo‘nalishlari mamlakat moliya siyosati asnosida rivojlanadi va takomillashib boradi.
Markaziy bankning pul-kredit siyosati tijorat banklari depozit siyosatiga bevosita ta’sir qiladigan iqtisodiy mexanizmlardan biri hisoblanadi. Markaziy bank o‘zining ochiq bozordagi operatsiyalari, tijorat banklariga nisbatan o‘rnatilgan majburiy zahiralarni yaratish, qayta moliyalash stavkasi va valyuta siyosati orqali mamlakatda pul bazasi va milliy valyutaning to‘lov qobiliyatiga, shuningdek, tijorat banklari depozit mablag‘lari hajmiga ta’sir ko‘rsatadi.
Valyuta siyosati orqali bozor muvozanatini ta’minlashda milliy valyuta kursining xorij valyutasi kursiga bo‘lgan nisbatining barqarorligini ta’minlashga qaratiladi. Bu Markaziy bankning valyuta intervensiyasi orqali amalga oshiriladi. Markaziy bank tomonidan xorij valyutasining milliy bozorga intervensiya qilishi oqibatida muomaladagi pul massasi hajmining tovar massasiga nisbatini ta’minlanishga erishiladi. Bunda asosiy e’tibor milliy valyuta kursining xorij valyutaga nisbatan barqarorligiga qaratilib, ushbu holat, ya’ni milliy valyuta kursining barqarorligi tijorat banklari depozit siyosati samaradorligida o‘zining ifodasini topadi.
Markaziy bankning pul-kredit instrumentlari orqali tijorat banklari depozit siyosatiga ta’sir haqida gap ketganda aytish joizki, hozirgi paytda Markaziy bankning ushbu instrumentlari tijorat banklari depozit siyosati samaradorligini oshirishga faol ta’sir ko‘rsatmayapti. Jumladan, iqtisodiyotda monetizatsiya koeffitsiyentining past darajada saqlanib qolayotganligini ta’kidlashimiz mumkin.
Tijorat banklari depozit siyosatiga Markaziy bankning pul-kredit siyosati bevosita ta’sir etishini ko‘rib chiqdik. Shu bilan birga, tijorat banklari depozit siyosatiga bilvosita ta’sir etadigan omillar ham mavjudki, ular natijasida bankning depozit siyosati zaif yoki barqaror, samarali yoki samarasiz holatda bo‘lishi mumkin. Bunday omillardan biri soliq stavkasi hisoblanadi.
Soliq yuridik va jismoniy shaxslarning mulki (daromadi) ni qonuniy yo‘l bilan davlat tomonidan o‘zlashtirilishidir. Uning stavkasi qanchalik yuqori bo‘lsa, aholi va uy xo‘jaliklarining daromadi shunchalik kamayib boradi. Shu sababli, ular soliqqa tortiladigan daromad (foyda) bazasini har xil yo‘llar bilan yashirib qolishga yoki uning darajasini kamaytirib ko‘rsatishga urinadi. Chunki aholi va yakka tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotganlar daromadidan olinayotgan soliqning yuqoriligi ularning iste’molini qondirish darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatish bilan birga, ishlab chiqarish siklini rivojlantirish va uni modernizatsiyalashga imkoniyat tug‘dirmaydi.
Natijada davlatning soliq tushumlari hisobidan mo‘ljaldagi daromadlarining shakllanishida salbiy holat vujudga keladi.
Soliq stavkalarining past darajasi aholi va uy xo‘jaligi vakillari daromadiga sezilarli ravishda ta’sir qilmaganligi tufayli ularni to‘lamaslikdan yoki yashirishdan manfaatdor bo‘lmaydi. Bu ularning ishlab chiqarishni rivojlantirishga imkoniyat tug‘dirish bilan birga davlatning soliq to‘lovlari tushumining barqaror darajasini ta’minlaydi. Shu bilan birga aholining banklardagi omonatlari hajmini oshishiga moyillik tug‘diradi.
Tijorat banklari depozit siyosati samaradorligini oshirish va takomillashtirishda bozor mexanizmlari hisoblangan baho, raqobat va monopoliyaning ta’siri to‘g‘ridan-to‘g‘ri sezilmasada ularga e’tibor qaratmaslikning iloji yo‘q. Jumaladan, baho mexanizmini ko‘radigan bo‘lsak, moliya va fond bozorlarida tijorat banklariga jalb qilinayotgan moliyaviy resurslar bahosi tegishli talab va taklif asosida o‘rnatilishi banklararo raqobatning rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Raqobatning yuqori darajada ta’minlanganligi tijorat banklari xizmatining sifatini oshirish bilan birga, depozit mablag‘lari hajmini oshirishga imkoniyat yaratadi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida banklar o‘rtasida erkin raqobatning amal qilishi ularning barqaror rivojlanishiga va bank xizmatlari sifat darajasining ortishiga zamin yaratadi.
Tijorat banklari depozit siyosatiga iqtisodiy va bozor munosabatlari omillari bilan bir qatorda tabiiy omillar ham ta’sir ko‘rsatadi. Bunday tabiiy omillar tarkibiga qurg‘oqchilik, ichki va tashqi iqtisodiy inqirozlarni kiritish mumkin. Agar mamlakatimiz iqtisodiyotida agrar xo‘jalik asosiy salmoqni egallashini inobatga oladigan bo‘lsak, qishloq-xo‘jaligida qurg‘oqchilikning sodir bo‘lishi ushbu tarmoqda faoliyat yuritayotgan barcha xo‘jalik sub’ektlari moliyaviy holatida o‘zining aksini topadi. Bu esa o‘z-o‘zidan ularning tijorat banklarida saqlayotgan moliyaviy resurslari hajmiga ta’sir ko‘rsatadi.
Bundan tashqari ularda qo‘shimcha moliyaviy resurslarga bo‘lgan talab ortadi. Bularning barchasi tijorat banklari depozit siyosati samaradorligiga u yoki bu darajada ta’sir ko‘rsatadi.
Xulosa qilib aytganda, tijorat banklarida samarali depozit siyosatini shakllantirishda qator tamoyillarning ahamiyati alohida ahamiyat kasb etib, ushbu tamoyillarga qator omillar ta’sir qiladi. Ushbu omillarni ijobiy tarzda tashkil etilishi tijorat banklari depozit siyosati samarasini ta’minlashga bevosita va bilvosita ta’sir ko‘rsatadi.

Yüklə 120,15 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin