Fojeaviylik ham estetikaning qamrovli va asosiy tushunchalaridan hisoblanadi. Uning zaminida fojeaviy ziddiyat yotadi. Fojeaviy ziddiyat shaxs orzu-istaklari, maqsadlari bilan jamiyat talablari orasidagi qarama-qarshidan vujudga keladi, boshqacha qilib aytganda, fojeaviy ziddiyat asosida erkinlik va zaruriyat orasidagi kurash yotadi. Bu kurashda «zaruriyat - ob’ekt, erkinlik esa - sub’ektiv tomonni tashkil etadi»14. Erkinlikni o‘zida mujassamlashtirgan fojeaviy qahramon - sub’ekt zaruriyat tajassumi bo‘lmish voqelik - ob’ekt bilan tengsiz kurashda halok bo‘ladi.
Bu o'rinda shuni aytish kerakki, fojeaviy o'lim oddiy - tabiiy o'limdan ham, fojeali halokatdan ham farq qiladi. M., to‘qsondan oshgan qariya vafot etdi, deylik. Uning o‘limini hech kim - oila a’zolari ham, mahalla-ko‘y ham fojea sifatida qabul qilmaydi, aksincha, fotiha o‘qilgach, u kishining yoshini Xudo bizga ham bersin, deb, bu o‘limga havas bilan qarashadi. CHunki inson tug‘ilganidan boshlab, o‘limga mahkum etilgan zot, keksa odam «oshini oshab, yoshini yashab», biologik umr nuqtai nazaridan qarib, uning a’zoi badani o‘z tirikligini tabiiy ravishda, hatto tibbiyot yordamida ham, ta’minlay olmay qoladi. SHuning uchun bunday o‘lim fojea emas, tabiiy hodisa. Fojeali halokat esa, undan farq qiladi. Deylik, yoshgina quruvchi yigit baland qurilish ob’ektining tepasidan qulab tushib, tasodifiy falokat tufayli fojeali halok bo‘ldi. Uning o‘limi hammada afsus, achinish tuyg‘ularini uyg‘otadi, marhumning ishxonasi, oilasi, va qarindosh-urug‘lari tomonidan fojea sifatida qabul qilinadi. Lekin bunday o‘lim ham «fojeali halokat» deb atalsa - da, fojeaviy o‘lim hisoblanmaydi.
Fojeaviy o‘limning mohiyati shundaki, unda davrning, jamiyatning, millatning qahramoni halok bo‘ladi. Lekin qahramonning g‘oyalari, ideallari abadiy qoladi va kelgusida jamiyatning yangilanishi, insoniylashuvi, erkinlashuvi, faollashuvi uchun xizmat qiladi. Boshqacharoq aytganda, ideal reallik bilan kurashda halok bo‘ladi, va o‘limi orqali o‘zining shu reallikdagi o‘lmasligini ta’minlaydi. YA’ni fojeaviy o‘limda cheklanganlik va cheksizlik, o‘lim va o‘lmaslik dealektikasi voqe bo‘ladi: cheklanganlik - cheksizlikka, o‘lim - o‘lmaslikka aylanadi. M., Jaloliddin Manguberdi yoki Janna d’Arkning o‘limi davr uchun fojea, millat jamiyat, hatto butun insoniyat uchun o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydigan yo‘qotishdir.
Fojeaviylik tabiatda ham namoyon bo‘lishi mumkin. Lekin u ob’ektning emas, asosan sub’ektning ichki kechinmalari natijasida, inson qalbining mahsuli sifatida ro‘y beradi. M., deylik siz ovchisiz, ko‘ldan bir necha o‘rdak otdingiz. Hursandsiz, ularning o‘limiga achinmaysiz. Lekin modasi o‘lgan oqqushning so‘nggi bor qiyqirib, ko‘l bilan, jufti bilan, hayot bilan vidolashib, osmonu falakka ko‘tarilganini va ko‘z ilg‘ar - ilg‘amas balandlikdan, qanoatlarini yiqqancha, o‘zini erga otib halok bo‘lganini ko‘rganingizda yuragingiz achishib ketadi, unga achinasiz, afsus chekasiz, biroq ich-ichdan uni olqishlaysiz. CHunki siz bu parrandaning o‘limida sevgini, sadoqatni va mardlikni bir so‘z bilan aytganda, oqqushning odamiylashganini ko‘rdingiz.