4- tarbiyalanuvchilar: — Ta’kidlash joizki, 1999- yildan boshlab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maxsus farmoniga asosan, 9- may — Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida nishonlanib kelinmoqda.
(Tarbiyalanuvchilarlar istiqlol sharofati bilan amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari haqida so‘zlashadi).
— Barchamizga ma’lumki, 1999- yil 9- may kuni poytaxtimizda ikkinchi jahon urushi yillarida mardlarcha halok bo‘lgan o‘zbekistonlik jangchilarning xotirasini abadiylashtirish maqsadida barpo etilgan «Xotira maydoni» majmuasi ochildi.
— Urushdan qaytmagan 450 mingga yaqin yurtdoshimiz nomi zarhal harflar bilan «Xotira kitobi»ga bitildi. Xotira maydonidagi «Motamsaro ona» haykali qoshiga har kuni ko‘plab ziyoratchilar tashrif buyurishadi. Jigarbandini jang maydoniga jo‘natib, butun umr intizor kutgan munis ayolning g‘amgin qiyofasida biz urush dahshati, tinchlik qadrini his etamiz. (Bolalar Sirojiddin Sayyidning «Xotira maydoni ustunlariga» she’rini o‘qishadi).
Bunda necha avlodlarning sog‘inchlari bor,
Bunda nomlar jimirlatar jon birla
Ustunlar ham Xotiraning o‘ziday poydor,
Ko‘tarib turganday ulug‘ Vatanni.
— 9- may kuni erta tongdan yurtimizning barcha viloyatlaridagi Xotira maydonlarida urushda xizmat qilgan mard o‘g‘lonlarimiz yodga olinadi.
— 1941—1945- yillarda bo‘lib o‘tgan Ikkinchi jahon urushiga ketgan ko‘plab yurtdoshlarimizga ona-Vataniga qaytib kelish nasib etmadi.
— Minglab er yigitlar qonli janglarda Vatan ozodligi yo‘lida mardlarcha halok bo‘ldi.
— Lekin ularning mardligi, Vataniga bo‘lgan sadoqati sabab, mana shunday osuda hayotda yashash baxtiga egamiz.
(Muhammad Yusufning «Yurtim, ado bo‘lmas armonlaring bor» she’rini aytadilar).
Yurtim, ado bo‘lmas armonlaring bor,
Toshlarni yig‘latgan dostonlaring bor.
O‘tmishingni o‘ylab og‘riydi jonim,
Ko‘ksing to‘la shahid o‘g‘lonlaring bor.
Yurtim, ko‘nglingdek keng osmonlaring bor,
Yulduzni yig‘latgan dostonlaring bor.
Osmonlaringda ham diydoringga zor,
Jayrondek termulgan Cho‘lponlaring bor.
Qo‘ling qadog‘iga bosay yuzimni,
Onamsan-ku, og‘ir olma so‘zimni.
Qayinbarglar yopib qaro ko‘zini,
Olislarda qolgan Usmonlaring bor.
Qurboning bo‘layin, ey, onajonim,
Sening faryodlaring — mening fig‘onim,
O‘tmishingni o‘ylab o‘rtanar jonim,
Aytsam ado bo‘lmas dostonlaring bor.
(Sahnaga yana boshlovchilar chiqishadi).
1- boshlovchi: — Muhtaram Yurtboshimiz bu kunning naqadar ulug‘ ekaniga alohida urg‘u berib shunday degan edilar:
«Xotira deganda biz bu foniy dunyodan o‘tgan ajdodlarimizni eslash, ularning chirog‘ini yoqib, ezgu ishlarini davom ettirishni tushunamiz. Bu xalqimizga xos azaliy fazilatdir».
2- boshlovchi: — «Qadrlash degani — bu asrlar davomida ona diyorimizni, xalqimizning ozodligi va istiqlolini, erkin va farovon hayotini mardlik va shijoat bilan himoya qilgan fidoyi vatandoshlarimizni yodga olmoq, ularga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatmoqdir».
Dostları ilə paylaş: |