Mustahkamlash uchun savollar: Metodik xizmat nimani bildiradi?
Metodik ishlari tashkil qilish shakli va mazmunini tushuntiring.
Metodik ishlar qanday boshqariladi?
9-Mavzu:Sinfdan va maktabdan tashqari ishlarni tashkil etish. Reja: 1.Maktab sharoitida to‘garaklar tashkil qilish. 2.Sinflar, maktablar, tumanlararo ko‘rgazmalarni tashkil qitish metodikasi. 3.Turli xil tanlovlar, fan olimpiadalariga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish.
1. Maktab sharoitida to‘garaklar tashkil qilish. O‘quvchilarni mehnat va kasbga yo‘naltirishda keng qo‘llanib kelinayotgan va hanuzgacha o‘zining ta’limiy, tarbiyaviy va rivojlantiruvchilik ahamiyatini yo‘qotmagan, pedagogik jihatdan samarali bo‘lgan sinfdan tashqari ishlarning shakllaridan biri to‘garaklardir. Amaliy, ijodkorlik va ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan to‘garaklar xususan, naqqoshlik, ganch, yog‘och o‘ymakorligi to‘garaklari o‘quvchilarning qiziqishlari, intilishlariga muvofiq umumiy o‘rta ta’lim maktablarida va maktabdan tashqari muassasalarda tashkil etiladi hamda o‘quvchilarning umumiy va maxsus kasbga yo‘naltirilgan bilimlarini kengaytirish va takomillashtirishga xizmat qiladi.
Sinfdan tashqari ishlarning afzallik tomoni shundaki, bu mashg‘ulotlarda nazariya bilan amaliyot yo‘nalishi uzluksizlikda olib boriladi. Masalan, kasb ta’limi bo‘yicha to‘garak mashg‘ulotlari faqat maktab sinf honalarida emas, o‘quv laboratoriyalarida, ustaxonalarda, o‘quvchilar texnopark, yoshlar va o‘smirlar ijodiyot uylarida va h.k joylarda o‘tkazilishi mumkin.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida va maktabdan tashqari muassasalarida tashkil etiladigan to‘garaklarda zamonaviy talablar, milliy-mahalliy xususiyatlari, o‘quv uslubiy, moddiy-texnikaviy va kadrlar ta’minotini hisobga olish ham mumkin. Milliy qadriyatlarimizning tarkibiy qismi xalq hunarmandchiligdan foydalanishning ahamiyatli tomonlaridan biri shundaki, unda moddiy-texnikaviy, xomashyo va o‘quv metodik ta’minotini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari bir muncha kengroq. Xalqimizning yuz marta eshitgandan ko‘ra bir marta ko‘rgan afzal degan dono so‘zlari bevosita xalq hunarmandchiligida amaliy ishlarni bajarishga ham taalluqli.
Hozirgi davrning muhim vazifalaridan biri, ta’lim-tarbiya ti’zimida o‘quvchilarni mehnat, kasblar olamiga olib kirishdan iborat. Buning har xil yo‘llari borki, ular orasida turli kasb to‘garaklari muhim o‘rinni egallaydi. Kasb to‘garaklarida o‘quvchilar yaratuvchilik faoliyati bilan shug‘ullanadilar. So‘nggi yillarda to‘garak mashg‘ulotlarini olib borishda mahalliy xomashyolardan foydalanib, darslar tashkil qilish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Shuning uchun hozirgi kunda beshiksozlik, bichish va tikish, zardo‘zlik, kulolchilik, ganchkorlik, va temirchilik to‘garaklarini umumta’lim maktablarida tashkil etish o‘quvchilarga kasb-hunar sirlarini puxta o‘rganish va egallashning datlabki vositalaridir.