A. N. Sulaymanov arxivshunoslik (O’quv uslubiy qo’llanma) Guliston – 2016 y


Adabiyotlar ustida ishlash, hujjatlarni yig’ish va tanlash usuli



Yüklə 0,56 Mb.
səhifə45/53
tarix10.06.2023
ölçüsü0,56 Mb.
#128081
1   ...   41   42   43   44   45   46   47   48   ...   53
portal.guldu.uz-ARXIVSHUNOSLIK

4.2. Adabiyotlar ustida ishlash, hujjatlarni yig’ish va tanlash usuli.

Hujjatlar to’plami asosini arxiv hujjatlari, gazeta materiallari, statistik ma’lumotlar, memuarlar va boshqa manbalar tashkil etadi. Manbalar va adabiyotlarning o’rganishni mustaqillik davrida e’lon qilingan tarixiy asarlar va manbalardan boshlash maqsadga muvofiqdir. Bu ilmiy adabiyotlar tarixiy dalillar va hodisalarni to’g’ri baholash sari yo’llaydi. Shundan keyin boshqa davrlarda chop etilgan adabiyotlar bilan tanishish mumkin.


Mavzuga oid adabiyot tadqiq qilinayotgan masalalarning mohiyati bilan tanishtiradi, unga tadqiq qilinayotgan voqealar sodir bo’lgan tarixiy davr shart-sharoitlari to’g’risida bilim beradi. Yaqin vaqt ichida chiqqan adabiyotdan hozirgi paytda masalaning qanday qo’yilayotganligini bilsa bo’ladiki, bu ilgari chiqqan adabiyotlardan ancha tanqidiy nuqtai nazardan foydalanish imkoniyatini beradi. Tor sohadagi emas, balki umumiy sohaga bag’ishlangan adabiyotlarni o’rganish maqsadga muvofiqdir. Chunki umumiy sohadagi masalalarni anglab, so’ng tor sohani tushunib olish oson bo’ladi.
Ilmiy ishni tayyorlash uchun hujjatli materiallarni aniqlab topish va tanlash mas’uliyatli bosqich hisoblanadi. Manbalarni aniqlash har tomonlama va to’la bo’lishi lozim. Chunki busiz tadqiqot mavzusini to’g’ri va to’liq yoritib bo’lmaydi. Ijtimoiy hodisalar sohasida ayrim kichik dalillarni olib, misolbozlik qilish usuli sho’rolar davrida keng tarqalgan edi. Voqealar tor sinfiylik tamoyili asosida yondashgan holda bir tomonlama yoritilar edi. O’zbekistonning mustaqilligi sharofati bilan tarixiy hodisalarga umuminsoniy, milliy qadriyatlardan kelib chiqqan holda yondashilib, ular xolisona yoritilmoqda.
Mustaqil O’zbekistonning tarix fani ayrim hodisalarni aniq tarixiy sharoit bilan bog’lab tadqiq qilishni, dalillarni butunligicha, bir-biriga bog’lab olishni, voqealarni atroflicha, ularning ijobiy va salbiy oqibatlarini inobatga olgan holda yoritishni talab qilmoqda. Mavzuni yoritish uchun zarur bo’lgan hujjatlar va materiallar, dalillar va misollar arxivlardan, davriy matbuotdan, e’lon qilingan manbalardan olinadi. Quyida eng muhim manbalar va ulardan foydalanish yo’llari haqida qisqacha to’xtalib o’tamiz.
Bibliografiya tuzish. O’zbekistonda sobiq Ittifoq davrida juda ko’p miqdorda adabiyot, shu jumladan tarixga oid adabiyotlar nashr etilgan. Mana shunday ko’p kitoblar ichidan kerakligini qay yo’sinda tanlab olish mumkin?
Shu narsa ma’lumki, bu ishda tadqiqotchiga eng birinchi yordamchi kutubxona hisoblanadi. Har bir kutubxonada adabiyotlarning alifbo va tizimli (sistematik) kataloglari mavjud.
Sho’rolar davrida chop etilgan «Knijnaya letopis», «Letopis jurnalno’x statey», «Letopis gazetno’x statey», «Letopis retsenziy» kabi nashrlar mavzu bo’yicha adabiyotlar tanlash ishida tadqiqotchiga juda katta yordam beradi. «Knijnaya letopis» materiallari asosida esa «Ejegodnik knigi SSSR» to’plami tuzilgan.
Xuddi shunday qo’llanmalar O’zbekiston Respublikasi davlat Kitob palatasi tomonidan ham chiqarilgan va unda respublikada chiqqan adabiyotlar, maqolalar ko’rsatilgan. «O’zbekiston SSR kitoblarining yilnomasi» kitoblar ko’rsatgichining ko’plab jildlarida respublikada sho’rolar hukmronligi yillarida chop etilgan kitoblar qayd etilgan.
Kundalik umumiy bibliografiya bilan bir qatorda maxsus tarixiy bibliografiya ham tayyorlab borilgan.
O’zbekiston tarixiga oid bibliografik qo’llanmalar juda ko’p.
Tarixning barcha asosiy muammolari yuzasidan tavsiya qilinadigan tarixiy adabiyotlarning bibliografik ro’yxatlari e’lon qilingan. Bularni kutubxonalarning bibliografiya bo’limlaridan topish mumkin.
O’zbekiston sovet mustamlakachaligi davrini o’z ichiga olgan qator bibliografik ko’rsatgichlar e’lon qilindiki, ular tadqiqotchilarimiz ishini ancha engillashtiradi. A.Navoiy nomidagi O’zbekiston milliy kutub-xonasi 60-yillar oxirida O’zbekistonning qadimgi zamondan boshlab 60-yillar oxirigacha bo’lgan tarixi bo’yicha «Istoriya Uzbekistana. Ch.1,2. Ukazatel Sovetskoy literaturo’» (Tashkent, 1967, 1969 gg) nomli maxsus ko’rsatkich chiqargan edi.
Maxsus tarix fani bo’yicha adabiyotlar bibliografik ko’rsatkichlarga yana «Istoriya Uzbekistana. Bibliograficheskiy ukazatel knig i statey v izdaniyax Komiteta nauk pri SNK UzSSR, Uzbekistanskogo filiala AN SSSR i AN UzSSR (1933-1957 gg.» (T.,-1960 g.) ma’lumotnomasini misol qilib keltirish mumkin.
Bu qo’llanmada O’zbekiston tarixiga oid adabiyotlar bilan birga tarixshunoslik, manbashunoslik, antropologiya, etnografiya, arxeologiya, numizmatika, epigrafika kabi yordamchi tarix fanlariga taalluqli kitob va maqolalar ham ko’rsatilgan.
1953-yildan e’tiboran O’zbekiston bo’yicha chiqqan adabiyotlarning yillik bibliografik ko’rsatgichlari e’lon qilingan.
Davlat arxivlarining tarmog’i partiya arxivlarinikiga nisbatan ancha keng. O’zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi, Qoraqalpog’iston Respublikasi Markaziy davlat arxivi, 11 ta viloyat davlat arxivlari va ularning 40 dan ortiq filiallari bor. O’zR MDAda O’zbekiston va Markaziy Osiyo xalqlarining oktyabr to’ntarishdan oldingi va sovet davri tarixiga oid qimmatli hujjatlari saqlanadi. Bu erda bir milliondan ortiq saqlov birligida hujjatlar to’plangan. Viloyatlar arxivlarida va ularning filiallarida faqat sho’rolar davri tarixiga oid hujjatlar saqlanmoqda.
Arxiv hujjatlarini yig’ishga, tanlab olishga qachon kirishish kerak?-degan savol tug’iladi. Tajriba shuni ko’rsatadiki, bunga e’lon qilingan kitoblarni o’qib, e’lon qilingan hujjatlarni yig’ib bo’lgandan keyin kirishish ma’kuldir. Chunki ilmiy ishlarda foydalanilgan hujjatlarni, dalil va misollarni arxivdan olishning hojati yo’q. Bunday hollarda tadqiqotchilarga zarur ma’lumot va hujjatlarni kitoblardan, matbuotdan olish tavsiya qilinadi. Arxivdan faqat yangi, boshqa olimlar hali foydalanib ulgurmagan hujjatlarni olish maqsadga muvofiqdir. Shunday arxiv hujjatlari asosida yangi xulosalar qilish, fikrlar aytish va fanga yangilik kiritish mumkin.
Ayrim mavzu bo’yicha arxiv hujjatlarini qanday qilib topish mumkin? Arxivda, yuqoridagi bo’limlarda aytilganidek, materiallar fondlar bo’yicha saqlanadi. Bir tashkilot, muassasa, korxona yoki ayrim shaxslarning hujjatlari bir arxiv fondi hisoblanadi. Demak, tadqiqotchi birinchi galda ilmiy ish mavzuidan kelib chiqib, qanday arxiv fondlari o’rganilishini aniqlab oladi. Masalan, madaniyat tarixiga doir bo’lsa, madaniy masalalar bilan shug’ullanadigan tashkilotlarning arxiv fondlaridan foydalanish kerak. Kerakli arxiv fondini topishda, hujjatlar tanlab olishda arxivlardagi xilma-xil ma’lumotnomalar, ko’rsatgich (putevoditel)lar, fondlar ro’yxati, qo’llanmalar, kataloglar, sharhlar yordam beradi.
Har bir arxiv fondida yuzlab, kattalarida - minglab yig’majildlar jamlangan. Bulardan kerakli yig’majildlar tanlab olishda fond ro’yxatlari, yig’majild ro’yxatlaridan foydalanish mumkin. Hujjatlar yig’majildlar ichida saqlanadi. Arxiv yig’majildi o’rganilib, kerakli hujjatdan ko’chirma qilinayotganda quyidagi qoidalarga e’tibor berish kerak: hujjatdan ko’chirma to’la, so’zma-so’z ko’chiriladi. Ko’chirilgan hujjatning biror qismi tushirib qoldirilsa, uch nuqta qo’yiladi, ko’chirmaga biror so’z yoki jumla qo’shiladigan bo’lsa, u kvadrat qavs ichida yoziladi. Ko’chirmadan oldin hujjat - tamg’adagi ma’lumotlar, hujjatning sarlavhasi, sanasi yozib qo’yiladi. Shu bilan birga hujjatdagi rezolyutsiya, belgi, muhr ko’chirmadan keyin yoziladi. Ko’chirilgan hujjatning oxirida arxiv shifri ko’rsatiladi. Shunday qilib, arxivlarda barcha kerakli fondlar, yig’majildlar, hujjatlar sinchiklab o’rganiladi va tekshirilayotgan mavzuga oid zarur hujjatlar ko’chirib olinadi.
Yuqorida qisqacha ta’riflangan manbalar va boshqa turdagi manbalar (statistik materiallar, ilovalar, esdaliklar va hokazo) hujjatlar to’plamini tayyorlashga asos bo’ladi.

Yüklə 0,56 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   41   42   43   44   45   46   47   48   ...   53




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin