A qodiriy nomidagi jizzax davlat pedagogika



Yüklə 7,2 Mb.
səhifə7/87
tarix11.10.2023
ölçüsü7,2 Mb.
#153898
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   87
Zoologiya majmua

Savollar: 1.Bir hujayralilar kеnja olami vakilarga qanday umuiy bеlgilar xos?
2.Sarkimastigaoralar tipi klassifikatsiyasigni ayting. 3.Sarkodalilarning qanday vakillari bor?
4.Parazit amyobalarga nimalar kiradi? 5.Nurolilar va quyoshsimonlar kеnja sinfiga qanday vakillilar kiradi?
4-MA'RUZA
Mavzu: Xivchinlilar (Mastigophora) sinfi.
Reja:
1.Xivchinlilar sinfiga umumiy tavsif.
2.O’simliksimon xivchinlilar (Phytomastigina).
3. Hayvonsimon xivchinlilar (Zoomastigina).
4. Parazit xivchinliliar va ularnig axamiyati.
Mavzugа oid tushuncha va atamalar: Xivchin, stigma, pellikula, o’simliksimon xivchinlilar, hayvonsimon xivchinlilar, fotosintez, xlorofill, fototropizm, yashil evglena, volvoks, suvning “ko’karishi”, bazal tanacha yoki kinetosomaga, rezervuar, katta va kichik yadrolar, oziqlanishning aralashgan usuli, zooid, gameta, koloniya, rizomastigina, trixomonad, lambliya paraziti, tripanosoma, nagana, surra, se-se pashshasi, uyqu kasali, yomon yara, opalina, leyshmaniya.
Mavzuning maqsadi va vazifasi: Xivchinlilar sinfining asosiy xususiyatlarini o`rganish. O`simliksimon xivchinlilarning to`zilish, xayot kеchirishi va axamiyati. Hayvonsimon xivchinlilarning asosiy vakillari, tuzilishi va xayot kеchirishi. Parazit xivchinlilarning axamiyatini o`rganish.
Bu sinf vakillari tabiatda keng tarqalgan va nihoyatda xilma-xil tuzilgan. Bu sinfga mansub bir hujayralilar uchun xivchin deb nomlangan qilsimon sitoplazma o`simtalarining bo`lishi xarakterlidir. Xivchinlilarning ektoplazma qismi birmuncha qalin-pellikula qavatiga ega, ularning tana shakli ko`pincha doimiy yoki kam o`zgaruvchan bo`ladi.
Bir yoki bir nechta yadroga ega bo`lgan xivchinlilarning bir guruhi – o`simliksimon - avtotrof oziqlanadigan bir hujayralilarni tashkil etib, ikkinchi guruhi – geterotrof - hayvonsimon oziqlanadigan turlarni o`z ichiga oladi. So`nggi guruh vakillari o`rtasida turli umurtqasiz va umurtqali hayvonlar tanasida (jumladan odamda) parazitlik qilib, hayot kechiruvchi turlari ham ko`p. Erkin yashovchi xivchinlilar okean va dengizlarda, turli suv havzalarida yashaydi.
8000 ga yaqin turni o`z ichiga olgan xivchinlilar sinfi: o`simliksimon xivchinlilar va hayvonsimon xivchinlilar kichik sinfga bo`linadi.
O`simliksimon xivchinlilar (Phytomastigina) ning pigmenti xlorofill donachalariga va fotosintez xususiyatiga ega bo`lgan o`simlik tabiatli turlarini, shuningdek, xlorofill pigmenti bo`lmagan saprofit holda oziqlanuvchi ayrim vakillarini kiritish mumkin. Ularning ayrim vakillari (yashil evglena, volvoks) bilan yuqorida tanishib chiqdingiz. Ularda assimilyatsiya vaqtida kraxmal yoki o`nga yaqin bo`lgan polisaxaridlar hosil bo`ladi. Ularning ektoplazma qismi ancha qalin sellyuloza qavati bilan himoyalangan bo`lib, xivchinlari turli miqdorda 1-8 ta (ba`zilarida bo`lmaydi) bo`ladi.
O`simliksimon xivchinlilar oziqlanishiga ko`ra avtotrof organizmlardir. Ular dengiz, okean va chuchuk suvlarda ko`plab uchraydi. Jumladan, ular suv planktonini hosil qilib, oziq modda sifatida katta ahamiyatga ega. Bu esa ularning biosferadagi o`rnini yanada aniqroq belgilaydi. Ularning ko`pgina turlari tanasi oldingi qismida stigma bo`lib, ularning barchasida fototropizm xususiyati yaqqol ko`zga tashlanadi, ya`ni ular doimo yorug`likka tomon harakatlanadi. O`simliksimon xivchinlilarga yuqoridagi 2 ta vakildan tashqari: xlamidomonada, evdorina, qonium va hokozalarni kiritish mumkin.
O’simliksimon xivchinlilarning xarakterli vakili – yashil evglena (evglena viridis) erkin holda yashovchi bir hujayrali organizm. U ko’pincha to’xtab qolgan ko’lmak suvlarda, iflos hovo`zlarda va suv havzalarida uchrab, suvning “ko’karishi” (gullashi)ga sabab bo’ladi. U juda mayda, amyobaga nisbatan 5-10 marta kichik hayvon, ya’ni 0,05 mm. Tanasining shakli duksimon bo’lib, oldingi va keyingi tomoni ingichkalashgan. Oldingi tomonida bitta xivchini bor. Suvda so`zayotgan evglenaning xivchini vintga o’xshash buralib, uni oldinga siljitadi. Evglena hujayrasi qattiq va qayishqoq yupqa qobiq – pellikula bilan qoplangan. Shuning uchun evglena tanasi amyobanikiga o’xshamasdan doimiy shaklga ega. Harakatlanayotganda evglena tanasi egilishi yoki bir oz yumaloqlanishi mumkin.
Xivchini – murakkab tuzilgan bo’lib, ingichka fibrillalardan iborat bo’lgan sitoplazmatik o’siqdir. Xivchin esa - bazan tanacha yoki kinetosomaga birikkan. Oldingi uchida rezervuarga olib keluvchi – halqum ham bor. Rezervuar yonida qizil pigment – ko’zcha (stigma) va qisqaruvchi vakuol bor.
Evglena hujayrasining sitoplazmasida katta va kichik yadrolar ham bor. Bundan tashqari ko’p miqdorda xromatoforlar ham mavjud. Xlorofill pigmentlari evglena tanasiga yashil tus beradi. Shuning uchun ham ular o’simliklar singari, yorug’lik nuri ta’sirida xromatoforlarida organik moddalar hosil bo’ladi, ya’ni fotosintez jarayoni sodir bo’ladi. Bu moddalar evglenaning o’sishi, rivojlanishi va ko’payishi uchun sarf bo’ladi. Bu avtotrof oziqlanish. Agar evglenani qorong’i joyga olib qo’yilsa, uning hujayrasidagi xlorofill pigmenti yemirilib, rangsizlanadi, fotosintez ham to’xtaydi. Endi u suvdagi o’simlik va hayvon qoldiqlarining chirishi natijasida ajralib chiqadigan organik moddalarni tana yuzasi orqali shimib olib, saprofit oziqlana boshlaydi.
Demak, yashil evglenaning ikki xil usulda galma-gal oziqlanishi – miksotrof, ya’ni oziqlanishning aralashgan usuli deyiladi. Oziqlanish usulidagi bunday o’xshashlik hayvonlar bilan o’simliklarning o’zaro qon-qarindoshligini ko’rsatadi.
Evglena ham amyoba singari suvda erigan kislorod bilan nafas oladi. Kislorod suv bilan birga hujayra qobig’idan sitoplazmaga o’tib turadi. Sitoplazmadagi ortiqcha suv va zararli almashinuv mahsulotlari qisqaruvchi vakuola orqali tashqariga chiqarib yuboriladi.
Evglena stigma yordamida yorug’likni sezadi. Shuning uchun u suvning yorug’ tushib turgan tomoniga qarab xivchinlari yordamida harakat qiladi. Xivchinlar esa o’z navbatida harakatlanish uchun zarur bo’lgan energiyani rezervuar ichida to’lgan suyuqlik (shira) dan oladi.
Evglena ikkiga bo’linish orqali ko’payadi. Dastlab hujayra yadrosi yiriklashib qobig’i eriydi va yadro moddasi ikkiga bo’linadi, so’ngra tanasi bo’ylamasiga ikkiga bo’lina boshlaydi. Bo`linish boshlanishi bilan eski xivchinning yonida ikkinchi yangi xivchin hosil bo`ladi. Bo`linish butun tana bo`ylab shu ikki xivchin, hamda yadro o`rtasidan o`tadi. Natijada 2 ta yosh evglena hosil bo`ladi.
Noqulay sharoitda (qishda, qurg`oqchilikda) evglenaning xivchini tushib ketadi, tanasi qisqarib, yumaloqlanadi va qalin qobiq bilan o`ralib sistaga aylanadi. Sista noqulay sharoitga chidamli bo`lib, qulay sharoit kelganda erib ketadi.
O`simliksimon xivchinlilar orasida koloniya bo`lib yashovchi xillari, jumladan – volvokslar (volvox) alohida ahamiyatga ega. Shar shaklidagi yashil volvoks koloniyasini iflos suvli ko`l va hovo`zlarda, ba`zan sholipoyalarda ko`plab uchratish mumkin. Volvoks koloniyasi yoki shar alohida-alohida 50 dan, 50 000 tagacha bo`lgan hujayralar (zooid) yig`indisidan iborat. Har bir zooid 2 ta xivchin, yadro, stigma va xromotoforaga ega. Har bir zooid erkin holda oziqlanishi va harakatlanishi mumkin. Koloniyadagi hujayralar 2 xivchinli noksimon shaklda bo`lishi bilan evglenadan farq qiladi. Bu ikki xivchinli individlar sharsimon koloniyaning tashqi qismida joylashadi. Sharning ichi esa maxsus shilimshiq suyuqlik, quyuq dildiroq modda bilan to`lgan. Uni ust tomonidan koloniyaning mustahkamligini ta`minlovchi qalin terisimon qatlam o`rab turadi. Volvoks koloniyasidagi individlar ko`zga ko`rinmas sitoplazmatik ko`prikchalar orqali o`zaro tutashgan bo`ladi. Volvokslar xivchinlari yordamida harakatlanadi. Sharsimon volvoks koloniyasida qutblarning bir-biridan farqini ko`rish mumkin, ya`ni sharning bir qutbida ikkinchisiga stigmalar zich joylashib, yaxshiroq rivojlangan bo`ladi. Volvokslar shu qutbi bilan o`z harakatini boshqaradi. Shuning uchun ham ular so`zgan vaqtida doimo stigmalari rivojlangan tomonini oldinga qilib harakatlanadi.
Volvoks koloniyasi bo`linish va jinsiy yo`l bilan ko`payadi. Koloniya tarkibidagi maxsus “bo`linuvchi” individlarning ko`p marta bo`linishi tufayli yangi yosh koloniya vujudga keladi. Bu xildagi yosh koloniyachalar “ona” koloniyaning ichki qismida to`plana borib, oxiri yorilib tashqariga chiqadi va katta koloniyaga aylanadi. Bu ko`payish bahor va yoz oylarida jadal kechadi. Jinsiy ko`payish ayrim – maxsus individlardan gameta (jinsiy mahsulot) yetishuvidan boshlanadi. Koloniyadagi ayrim individlardan makrogameta (urg`ochi gameta) yetilib, boshqa maxsus individlarning ko`plab ko`payishi bilan mikrogameta (erkaklik gametalari) hosil qiladi. Bu gametalarning qo`shilichidan zigota rivojlanib, undan yosh koloniya vujudga keladi. Ko`zda jinsiy ko`payadi. Makrogametalar bo`linmaydi, o`sadi. Ular harakatsiz. Mikrogameta hosil qiluvchi individlar mayda bo`laklarga bo`linib, ko`p miqdorda harakatchan ikki xivchinli gametalar hosil qiladi. Mikrogametalar faol harakat qilib, makrogametalarni topadi va qo`shiladi. Urug`langan makrogameta (zigota) mustahkam qobiq bilan o`raladi. Qulay sharoit kelganda zigota bo`linib yangi koloniya hosil qiladi. Shunday qilib, volvoks 2 xil: jinsiy va jinssiz yo`l bilan ko`payadi.
O`simliksimon xivchinlilar kеnja sinfi Qalqandor xivchinlilar, Evglеnasimonlar va fitomonadalar kabi turkumlarga bo`linadi.
Hayvonsimon xivchinlilar (Zoomastigina) tabiatda keng tarqalgan bo’lib, geterotrof (animal) usulda oziqlanadi. Ularning bir necha xili dengizlarda va turli chuchuk suv havzalarida hayot kechirsa, bir qancha turlari xilma-xil hayvonlar va inson tanasida parazitlik qiladi.
Erkin yashovchi vakillari o`rtasida ildiz oyoqli xivchinlilar – rizomastigina (Rhizomastigina) avlodi alohida nazariy ahamiyatga ega. Chunki bularda bitta xivchindan tashqari amyobalarnikiga o’xshash yolg’onoyoqlar paydo bo’lib turadi. Shu sababli bular soxta oyoqlilar (sarkodalilar) bilan xivchinlilar o’rtasidagi oraliq forma hisoblanadi. Ular kichik ko’l va botqoqliklarda uchraydigan juda kichik (100 mk) organizm.
Parazit xivchinlilar o’rtasida insonning ichagida parazitlik qiluvchi 5 xivchinli trixomonadlar (Trichomonas hominus) ning to`zilishi va hayoti xarakterlidir. To`zilishi murakkab, kattaligi 7-10 mk keladi.
Trixomonadalar ayrim hollarda xavfli ichburug’ kasali boshlanishiga sabab bo’ladi. Ular bo’linish yo’li bilan ko’payib, sistalari orqali yuqadi.
8 xivchinli va 2 yadroli lambliya paraziti (Lamblia intestinalis) ning tuzilishi yassi xivchinlardan tashqari ichak devoriga yopishishga yordam beradigan “so’rg’ichi” ham bor. Lambliya odam (ko’pincha bolalar) ning ingichka ichagida parazitlik qilib, ayrim hollarda xavfli kasalliklarga sabab bo’ladi. Ba’zida ular o’t yo’llari va o’t xaltachasiga o’tib kasallik qo’zg’atadi. O’zbek tibbiyot olimasi N.A. Dehqonxo’jayeva lambliyalarni ichak to’qimalari orasida o`zoq yashab qolishi va shu bilan kasalni yangidan qaytalanishiga sabab bo’lishini aniqladi. Ular sistasi orqali yuqadi. Turli sut emizuvchi hayvonlarda ham uchraydi.
Tripanosomalar – juda mayda (0,02-0,08 mm) hayvonlar. Parazit xivchinlilarning eng xavflilaridan biri bo’lib, ular turli umurtqali hayvonlar, jumladan odam va hayvonlarning qonida parazitlik qilib, og’ir qon kasalliklarini keltirib chiqaradi. Tripanosomaning tanasi cho’ziq yassilashgan bo’lib, oldingi tomondan ayrilgan bitta xivchini orqaga yo’nalib, yon tomoniga yopishgan. Shu joyda xivchin – ektoplazmaga tutashib, to’lqinlanuvchi parda hosil qiladi. Bu parda yordamida harakat qiladi.
Tuya va otlarning qonida hayot kechirib, kasal qo’zg’atuvchi (Tripanosoma evansi) tripanosomasini katta so’na pashsha tarqatib yuqtiradi. Afrika qit’asida qoramollarning nagana degan og’ir kasalini, Hindiston, Pokiston va Hindi-Xitoyda mazkur hayvonlarda surra nomli xavfli kasalini keltirib chiqaradigan Brutsi tripanosoma parazitini se-se nomli pashsha va so’na tarqatadi.
Uyqu kasali triponosoma (Tripanosoma gambiensi) Afrika qit`asining janubiy qismida xavfli – uyqu kasalini vujudga keltirishi aniqlangan. Bu parazit odamning qonida hayot kechirib, keyinchalik orqa miya suyuqligiga o`tadi. Bu kasallik vaqtida davolanmasa kasallik isitma-bezgakka o`xshab boshlanadi va keyinchalik bemorni holsizlantirib, kasallik uyqusiga yo`liqtiradi, nihoyat o`limiga sabab bo`ladi. O`tgan asrlarda bu kasallik afrikaliklarning ko`plab qirilishiga sabab bo`lgan (Hozirgi paytda uyqu kasalini davolaydigan bir necha xil dori-darmonlar ma`lum bo`lib, kasal barvaqt davolansa yaxshi natija beradi).
Tadqiqotlar natijasida ma`lum bo`lishicha uyqu kasali tripanosomasini se-se (Glossina palpalis) degan pashsha tarqatadi. Tripanosoma pashshaga o`tgach, uning tanasida ma`lum rivojlanish davrlarini o`tib, nihoyat pashshaning so`lak bezlariga borib joylashadi va pashsha sog`lom odamni chaqqan vaqtida o`nga yuqadi. Bundan tashhari uyqu kasali tripanosomasi Afrikada yashovchi yovvoyi hayvon – antiloplarda ham bo`lishi aniqlangan. Lekin, bu parazit na pashshaga va na antiloplarga hech qanday zarar yetkazmaydi.
Insonda va ba`zan so`t emizuvchi hayvonlarning terisida va ichki organlarida hayot kechiruvchi parazit xivchinlilar – leshymaniyalar yuqorida bayon etilgan tripanosomalardan bir muncha farqlanadi. Bu kam harakat va mayda (4 –7 mk) parazitlarda xivchin yo`qolgan. Mazkur organoid faqat ularning oraliq xo`jayini – oqqanotiskaptopar pashshalarda yashagan davrida yoki sun`iy muhit – sharoitidagina paydo bo`ladi.
Tropik leshymaniyasi (Leischmania tropica) odamning yo`zi va qo`l-oyog`ining teri to`qimalarida parazitlik qilib, surunkali jarohat – yomon yara (findin yarasi) chiqishiga sabab bo`ladi. Odatda 2 – 3 yilgacha azob beradigan ancha katta yomon yara yozda yoki terida umr bo`yi yo`qolmaydigan yamoq qoldirib tuzaladi. Ma`lum bo`lishicha mazkur leshymaniya paraziti it, bo`ri, sichqon, kalamush kabi hayvonlarda ham tarqalgan bo`lib, qon so`ruvchi oqqanot – mayda iskaptopar pashsha (Phlebatomus) lar uni mazkur hayvonlardan olib, odamga yuqtiradi. Yomon yara Janubiy Yevropa, Shimoliy Afrika va Janubiy Osiyo mamlakatlarida ko`p tarqalgan. Revolyutsiyagacha bu illat hozirgi O`rta Osiyo (jumladan O`zbekiston) da ko`p tarqalgan edi. Sovet hokimiyati davrida bu kasal tamoman yo`qotilgan.
Leshymaniyalar urug`ining ikkinchi bir turi (Leischmania donovani) odamzodning ichki organlari – jigar, taloq, limfa bezlari va boshqalarda parazitlik qilib, xavfli ichki leyshmanioz – kala-azar kasalini hosil qiladi. Mazkur xastalik ham Shimoliy Afrika, Janubiy Yevropa, janubiy va janubi-g`arbiy Osiyoda (jumladan, Turkmaniston, Tojikiston va O`zbekiston SSRda) tarqalgan. Bu parazit ham it va bo`ri kabi hayvonlarda bo`lib, ulardan oqqanotiskaptopar pashsha (Phlebatomus) lar orqali odamga yuqadi. Xastalik davolanmasdan og`ir o`tgan hollarda jigar va taloq shishadi va qonsizlik alomatlari yuzaga kelib, odam nobud bo`ladi.
Boshqa guruhlarga qaraganda ko`p jihatdan murakkab tuzilgan ko`p xivchinlilar – (Polymastigina va Hypermastigina) turkumlari termitlarning ichagida yashaydi. Tashqi tomonidan qaraganda xivchinlarining ko`pligi bilan infuzoriyalarga o`xshab ketadigan bu bir hujayralilar ancha yirik (0,5 mm gacha kattalikda), aksari ko`p yadroli bo`ladi.
Ektplazmaning bir tomonida yoki hamma tomonida joylashgan ancha uzun va juda ko`p xivchinlari harakatga va, aftidan, ovqat olishga xizmat qiladi. Mazkur ko`p xivchinli – qattiq o`simlik (yo`goch) zarralarini ektoplazmadan hosil bo`lib turuvchi o`simtalar – yolg`onoyoqlar vositasida endoplazmga olib hazm qiladi va so`nggi ma`lumotlarga qaraganda shu bilan o`z xo`jayini – termitlarga o`simlik ovqatini hazm qilishda katta yordam beradi. Binobarin ko`p xivchinlilarning bu shakldagi hayotini parazitlik emas, balki sinbiozlik, ya`ni o`zaro yordamlashib hayot kechirish deb qaraladi.
Ko`p xivchinlilarning bir necha turlari o`simlikxo`r suvaraklarda yashaydi. Bu guruhning ko`pchilik turlari bo`linib, ba`zilarida jinsiy ko`payadi.
Opalina oilasiga mansub ko`p xivchinlilar oddiy ko`l baqalarining oxirgi ichagi va siydik pufagida parazitlik qilib hayot kechiradi. Bularning yassi tuzilgan tanasi – ektoplazmasida minglarcha kalta xivchinlar bo`lib, shular yordamida harakatlanadi. Ko`p yadroli. Ovqatni shimib o`zlashtiradi. Bu xildagi yirik (1 mm gacha) xivchinlilarni baqaning ichagida juda ko`p miqdorda topib, tekshirib ko`rish mumkin.
Opalinalar katta yoshli baqalarning ichagida qiyasiga bo`linib ko`payadi. Itbaliq ichagida ular jinsiy ko`payadi. Suv tubidagi Opalina sistalari itbaliq ichagiga o`tgach ko`payib, bir yadroli jinsiy individlar- erkaklar va urg`ochilik gametalari yetishtiradi. Mazkur gametalar o`zaro qo`shilib zigota yo`zaga keladi. Shu davrda parazitning xo`jayini – itbaliq ham rivojlanib baqachaga aylangan bo`ladi va yuqorida ko`rsatilgani kabi baqaning ichagida zigotadan opalina rivojlanib, bo`linib ko`payadi.
Hayvonsimon xivchinlilar kеnja sinfi quyidagi turkumlarni o`z ichiga oladi: Yoqali xivchinlilar, Ildiz xivchinlilar, Kinеtoplastidlar, Ko`p xivchinlilar.

Yüklə 7,2 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   87




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin