A qodiriy nomidagi jizzax davlat pedagogika



Yüklə 7,2 Mb.
səhifə6/87
tarix11.10.2023
ölçüsü7,2 Mb.
#153898
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   87
Zoologiya majmua

Amyobalar turkumi vakili Oddiy amyoba yoki protey amyobasi (amoeba proteus) - erkin holda hayot kechiruvchi yirik amyobalardan biri hisoblanadi. Kattaligi 0,2-0,5 mm keladi lekin tanasi rangsiz, tiniq bo’lganidan uni oddiy ko’z bilan ko’rib bo’lmaydi. Uni chirindiga boy suv havzalarida, ko’lmak suvlarda va hovo`zlar tubidagi loyda uchratish mumkin. “Amyoba” so’zi -o’zgaruvchan degan ma’noni anglatadi.
Mikroskop ostida amyoba tanasi atrofida bir tomondan o’sib, ikkinchi tomondan qisqarib turuvchi to’mtoq – cho’ziq o’simtalarni aniq ko’rish mumkin. Bular yolg’on oyoqlar (psevdopodialar) deb nomlangan organoidlar bo’lib, amyoba shular vositasida sirg’anib, harakatlanadi. Agar amyobaning mana shunday harakat yo’lida birorta oziq – suv o’ti parchasi uchrasa, yolg’on oyoqlar uni tanacha – sitoplazma ichkarisiga qamrab oladi. Demak, yolg’on oyoqlar oziq olishga ham xizmat qiladi.
Protey amyobasini quruq xashak (beda)dan oddiy chuqur tarelkada ham yetishtirish mumkin. Ariq suvi quyilib, bir oz xashak va quruq ot go’ngi solingan tarelkada amyobalar 5-6 kunda yetishadi.
Boshqa hujayralar singari amyoba tanasi ham quyuq dildiroq modda, ya’ni sitoplazmadan iborat. Sitoplazmaning sirti maxsus membrana pardasi bilan o’ralgan bo’lib, mazkur parda ustida juda yupqa pellikula hosil qilgan. Sitoplazmaning mana shu tiniqroq qismini ektoplazma (tashqi suyuqlik), uning ichki xiraroq – donalashgan qismini esa endoplazma (ichki suyuqlik) deb nomlangan.
Sitoplazma ichida bitta yadro va hujayra organoidlari joylashgan.
Amyoba hujayrasida sitoplazma doimo harakatlanib turadi. Hujayra sirtida qattiq qalin qobiq bo`lmaganligi uchun sitoplazma qaysi tomonga oqib o`tsa, tananing o`sha tomonidan o`simta hosil bo`ladi. Bu o`simtalar esa soxta oyoqlar deb nomlanadi. Bunday nomlanishiga sabab, bu oyoqlar doimiy emas, balki vaqtinchalikdir.
Yolg`on oyoqlar dastlab ektoplazmadan hosil bo`lib, keyin ushbu o`simta qismiga endoplazma “oqib” o`tadi.
Amyoba bir hujayrali organizmlar: bakteriyalar, suv o`tlari, hayvonlar va organik moddalarning qoldiqlari bilan oziqlanadi. Oziqqa duch kelganida bir nechta soxta oyoqlar hosil qiladi. Yolg`onoyoqlar bilan o`rab olingan oziq endoplazmaga (sitoplazma) o`tgach, tiniq suyuqlik – pufakcha bialn qoplanadi. Bu pufakcha oziq hazm qilish vakuoli bo`lib, u oziqni eriydigan holga keltiradi va shu yo`l bilan tanaga tarqatadi. Sitoplazmada bir vaqtning o`zida bir nechta vakuola hosil bo`lishi mumkin. Hazm bo`lgan moddalar vakuol devoridan sitoplazmagacha sizib o`tadi va amyobaning harakatlanishi, o`sishi va ko`payishi uchun sarf bo`ladi. Oziqning hazm bo`lmagan qismi bir necha daqiqadan keyin sitoplazmaning to`g`ri kelgan joyidan hujayra tashqarisiga chiqariladi.
Amyoba ham nafas olganida boshqa organizmlar singari tashqi muhitdan kislorod olib, karbonat angidrid chiqaradi. Amyoba suvda erigan kislorod bilan nafas oladi. Uning sitoplazmasiga kislorod suv bilan birga to`xtovsiz sizib o`tib turadi. Kislorod yordamida sitoplazmadagi oziq moddalar parchalanadi. Bu jarayonda amyoba hayoti uchun zarur bo`lgan energiya ajralib chiqadi.
Amyoba sitoplazmasida uning hayotida muhim rol o`ynaydigan qisqaruvchi vakuolalar ham bo`ladi. Ular sitoplazmadagi keraksiz suyuqliklarni o`zida to`playdi va ma`lum bir o`lchamga yetgandan keyin qisqarib, harakatga keladi. Ushbu yo`l bilan o`zidagi keraksiz suyuqliklarni, oziq qoldiqlarini tashqariga chiqaradi. Amyobaning qisqaruvchi vakuolasi oddiy sharoitda 5-8 minutda hosil bo`ladi. Amyoba tanasidagi erigan har xil organik va anorganik moddalarning qonsentratsiyasi suvnikiga nisbatan ancha yuqori bo`ladi. Shuning uchun ham, osmos qonuniga muvofiq amyoba protoplazmasining ichiga doimo suv kirib turadi. Agar ortiqcha suyuqlik va u bilan birga har xil moddalar, tuzlar ma`lum vaqtlarda tashqariga chiqarib turilmasa, amyoba suvda erib ketgan bo`lar edi. Biroq bunday holat ko`zatilmaydi, chunki qisqaruvchi vakuolaning faoliyati tufayli bu hodisa yuz bermaydi. Demak qisqaruvchi vakuola ayirish funksiyasini bajarishi bilan birga osmoregulyatsiya organoidi ham hisoblanadi, amyoba tanasiga kirayotgan suyuqlik oqimini tartibga solib turadi. Shu bilan birga u nafas olish jarayonida ham ishtirok etadi, chunki uning faoliyati tufayli sitoplazma ichiga doimiy ravishda kislorodga boy suv kirib turadi.
Shunday qilib, oziqlanish va nafas olish jarayonida oziq moddalar, suv va kislorod amyoba tanasiga o`tadi. Bu moddalar parchalanib, amyobaning hayot faoliyati uchun sarflanadi. Ushbu jarayonda hosil bo`lgan keraksiz mahsulotlar suv bilan birga tashqi muhitga chiqarib yuboriladi. Ana shu tariqa amyoba organizmi bilan tashqi muhit o`rtasida moddalar almashinuvi sodir bo`ladi. Moddalar almashinuvi barcha tirik organizmlar uchun xos bo`lgan xususiyatdir.
Amyobaning hayvon organizmiga xos bo’lgan xususiyatlaridan biri bu – ta’sirlanishidir. Ayrim ta’sirlar yordamida amyoba tanasining shakli o’zgarganligini ko’rish mumkin. Suvga ozroq osh tuzi qo’shilganda, u hamma soxta oyoqlarini tortib olib, sharsimon shaklga kiradi. Amyoba tanasi oziqlanish jarayonida hosil bo’lgan moddalar hisobiga o’sadi. Uning kattaligi muayyan darajaga yetgach oziqlanishdan to’xtaydi va ko’paya boshlaydi.
Amyoba ikkiga bo’linish (mitoz) yo’li bilan ko’payadi. Bunda sitoplazma markazida joylashgan yirik yadro ishtirok etadi. Bo’linish yadroda murakkab o’zgarishlar sodir bo’lishidan boshlanadi. Yadronning hajmi ortib, qobig’i eriydi. Sitoplazmaga chiqqan yadro moddalari esa hujayraning ikki tomoniga teng taqsimlanadi. Hujayrani ikki tomonida bittadan yadro hosil bo’ladi. Amyoba tanasi ham cho’zilib, o’rtasidan ingichkalashadi va ikkiga ajraladi. Natijada ikkita yosh avlod hosil bo’ladi. Bu xildagi ko’payishda jinsiy hujayralar hosil bo’lmaganligi tufayli jinssiz ko’payish deyiladi. Normal sharoitda yashayotgan amyoba har 24-48 soatda bir marta bo’linib ko’payadi. Amyobaning oziqlanish va ko’payishi bahor, yoz va erta ko`z fasliga to’g’ri keladi.
Yashash sharoitining yomonlashishi (m: suvning qurishi) bilan amyoba tanasi kichrayadi, ektoplazmasi atrofida maxsus himoya qobig’i (sista) hosil bo’ladi. Sistaga o’ralgan amyoba o’z hayotini o`zoq muddat saqlab qola oladi. Sistalashgan amyobalar shamol yordamida o`zoq joylarga tarqaladi, qulay sharoit kelganda hayot faoliyatini davom ettiradi.
Parazit amyobalar – odam va turli hayvonlarning ichagida parazitlik qiladi. Ular orasida ichburug` (dizintеriya) amyobasi – odamlarni amyobioz, ya'ni qonli ichburug` bilan og`rishiga sabab bo`ladi. U sistasi orqali tarqaladi. Ovqat qoldig`i bilan yo`g`on ichakdan to`g`ri ichakka tushgan amyobalar psеvdopodiyalarini tortib olib, yumoloqlashadi. Ektoplazma yupqa va pishiq qobiq ishlab chiharib, parazit davriga o`tadi. Shu davrda sista ichidagi amyoba yadrosi kеtma kеt ikki marta bo`linadi va amyoba 4 yadroli bo`lib qoladi. Axlatda tashhariga chiqqan sistalar chidamli bo`lib nam tuproqda 1 oy yashovchanligini yo`qotmaydi. Amyoba sistasi turli yo`llar bilan odim ichagiga tushganidan kеyin uning qobig`i yеmriladi. Xosil bo`lgan 4 ta amyoba faol xolatga o`tadi. Kuchli zazarlangan odamlarda bir sutka davomida 300 mln. gacha amyoba chiqishi mumkin.
Ayrim zararsiz amyobalar xam bor. Masalan Ichak amyobasi – to`zilishi ichburug` amyobasiga o`xshash bo`lib, 8ta yadroga ega.
Chig`anoqli ildizoyoqlilar turkumi - to`zilishi yalang`och amyobalarga o`xshash bo`ladi, biroq ularning tanasi chig`anoqning ichida bo`ladi. Ularning ayrim vakillari bilan tanishtirib o`tamiz. Chuchuk suv xavzalarida tarqalgan artsеlla – chig`anog`i qo`ng`ir tusli kosacha shaklida bo`lib, uning markazida joylashgan tеshikchasidan psеvdopodiyalari chiqib turadi. Diflugiya – noksimon krеmniyli chig`anog`i asosan tashqi muxitdan olingan mayda qum zarralaidan iborat.
Foraminiferalar (foraminifera) turkumi. Dengiz va okeanlarning sohili (litoral zona) va katta chuqurliklar tubida hamda suv qalinligi (pellagial zona) da xilma-xil tuzilgan va tanasi turli shakldagi chig’anoq bilan himoyalangan ildizoyoqlilar – foraminiferalar nihoyatda ko’p tarqalgan.
Chig’anoq asosan ohak (CaCO3) moddasidan tuzilgan. Bu esa hayvonni tashqi ta’sirdan himoya qiladi. Bularning uzun va ko’p miqdordagi tolasimon yolg’onoyoqlari – chig’anoqning minglarcha mayda teshikchalaridan har tomonga chiqib turadi. Bu oyoqlar yordamida hayvonlar suv yo`zasida qalqib turadi. Foraminiferalar – juda qadimgi hayvonlar. Qadimgi geologik davrlardagi dastlabki dengizlarda foraminiferalar nihoyatda ko’p bo’lgan. Ularning chig`anoqlari dengiz ostida qalin ohak cho`kmalar hosil etgan. Million yillar o`tishi bilan suv osti quruqlikka aylanib, katta ohaktosh va bo`r (mel) qatlamlari yo`zaga chiqib qolgan. Natijada yirik ohaktosh qonlari hosil qilgan.
Qizilqumdagi quduqlarda ham tirik foraminiferalar topilgan. Bu voqea hozirgi Qizilqum cho`llari qadimgi dengizning tubi bo`lganligidan dalolat beradi.
Nurlilar(Radiolaria) kеnja sinfi– ko`pchiligi issiq dengizlarda, suv qalinligida suzib yurib hayot kechiruvchi hayvonlardir. Ularning tanasida kapsula deb ataluvchi organik moddadan tuzilgan ichki himoya skeleti kapsula va turli shakldagi skelet ignalari bor. Skelet ignalari ko`pincha kremniy oksidi (SiO2) dan, ba`zilari stronsiy sulfat (SrSO4)dan tuzilgan. Nurlilar chiroyli bo`lib, turli rang va shakldagi, juda nozik hayvonlardir. Ular laboratoriya sharoitida tez nobud bo`ladi. Nurlilarning 5000 dan otiq turi ma`lum bo`lib, barchasi dengiz va okeanlarda yashaydi. O`zoq Sharq dengizlarida ham bir qancha turlari bor. Qadimgi nurlilarning shishasimon (SiO2) igna skelet qoldiqlari, ba`zi joylarda ma`lum qatlamlar hosil qilgan. Bularni “radiolariya tuprog`i” yoki trepel deb nomlanadi. Trepeldan metallarni silliqlashda va jilvir qog`oz tayyorlashda foydalaniladi.
Quyoshsimonlar (Heliozoa) kеnja sinfi - ko`l va kichik havzalarda uchraydi. Tanasi 1mm keladigan sharsimon bo`lib, atrofida quyosh nuriga o`xshab joylashgan yolg`onoyoqlar bo`lib, uning yordamida harakatanadi.
Quyoshsimonlarning yolg`onoyoqlari boshqacha tuzilgan. Bu doimiy o`simtalar ichki o`zak tolasiga ega bo`lib, ularning yolg`onoyoqlari yo`g`onroq tuzilgan. Ular yordamida infuzoriyalar, xivchinlilar va ayrim mayda ko`p hujayralilarni ham tutib olib oziqlanadi.
Quyoshsimonlarning ko`pchilik turlari suzib, ba`zilari o`troq holda hayot kechiradi. Dengizda yashaydigan turi ham bor.
Parazit amyobalarning bir necha xili odam va hayvon organizmida ham uchraydi. Ularning ba`zilari masalan, ichakda yashaydigan Koli amyobasi (Entamoeba coli) insonga zarar yetkazmasdan, ichakdagi mikroblar bilan oziqlanadi. Bundan tashhari odam og`zida tish amyobasi (Entamoeba dentis) insonga zarar yetkazmasdan, tishdagi ovqat qoldiqlari bilan oziqlanadi. Lekin, ichburug` amyobasi (Entamoeba pistolytica) ko`p hollarda ichak devorlarida yara hosil qilib, ancha og`ir o`tadigan qonli ichburug` (dizenteriya - amyobioz) kolit kasalligini keltirib ciharadi. Bu amyoba odam va sut emizuvchi hayvonlarning ichagida parazitlik qiladi. U juda kichik (0,02 – 0,03 mm) bo’lib, soxta oyoqlarining kalta va yug`on bo`lishi bilan amyobadan faqr qiladi.
Ichburug` amyobalar yug`on ichak epiteliy devorlarini yemirib, teshib, qizil qon tanachalari bilan ovqatlanadi va buning natijasida og’ir qonli ichburug’ga sabab bo’ladi. Agar amyobioz kasalligi o’z vaqtida davolanmasa, yomon oqibatlarga olib kelishi, surunkali formaga aylanishi, organizmni kuchsizlantira borib, zaiflashtirishi va hatto o’limga sabab bo’lishi mumkin. Ular vaqti-vaqti bilan qobiqqa o`ralgan – sista hosil qiladi. Sistalar esa kasal najasi bilan tashqariga chiqadi. (2-3 oygacha tiriklik xususiyatini saqlaydi). Ularning sista holatiga o’t ichidagi ayrim o’zgarishlarni yug’on ichakning oxirlariga va to’g’ri ichakka o’tganidan keyin kuzatish mumkin, ya’ni ular psevdopodiylarini o`zaytirib, yumaloq shaklga kira boshlaydi. Keyin esa ektoplazma hisobiga yupqa, lekin chidamli qobiq ajralib chiqadi. Bunga qobiqlanish, ya’ni sista hosil bo’lishi deb ataladi. U ham suv, ho`l meva va pashshalar, iflos qo`l orqali sog`lom kishilarga o`tib, kasallik yuqtiradi. Ba`zida bu amyoba yo`g`on ichakdagi mikroblar bilan oziqlanib, odamga zarar yetkazmaydi. Lekin, bunday odamlar ichagida sistalar hosil bo`lib turadi va bu organizm “kasallik tashuvchi” hisoblanadi. Bunday odamlar ichagida hosil bo’lib turadigan sistalar boshqa odamlarga o’tgach, ichburug’ kasaliga sabab bo’lishi mumkin. Aktiv harakatlanish holatidagi amyobani faqat odam ichagida uchratish mumkin. Organizmdan tashqarida, masalan; suvda, tuproqda ular tez nobud bo’ladi va kasallik tarqata olmaydi. Uning sistasi, ya’ni qobiqqa o’ralgan davri kasallik tarqalishida muhim rol o’ynaydi. Hozirgi vaqtda bu kasallikni davolash choralari bor. Agar bu kasallik o`z vaqtida davolanmasa, yomon oqibatlarga, surunkali formaga aylanishi, organizmni kuchsizlantirib, o`limga ham sabab bo`lishi mumkin. Ichburug’ kasali, asosan, issiq va subtropik mamlakatlarda ko’p tarqalgan. O’zbekistonda ham uchraydi.

Yüklə 7,2 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   87




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin