HAMZA HAKIMZODA NIYOZIY ASARLARI TILI. O’zbek madaniyatining atoqli arbobi Hamza Haqimzoda Niyoziy chuqur ijtimoiy mazmun bilan sug’orilgan asarlar yaratib, XX asrning 30-yillarigacha bo’lgan adabiyotni yangi obrazlar, yangi mavzu va shakllar bilan boyitdi. U adabiyot, san’at, xalq maorifi hamda shu davrdagi o’zbek adabiy tilini rivojlantirish yo’lida talay ishlar qildi. Hamza o’z ijodiy faoliyati davomida o’zbek adabiy tilini jonli xalq so’zlashuv tiliga yaqinlashtirishga intildi, uning ko’pchilikka tushunarli bo’lishini ta’minlash uchun kurashdi. Lekin uning bu harakatini ayrim kimsalar adabiyotdan xabarsizlik deb bo’xton qildilar. Bunga qarshi Hamza «Qizil gup» to’plamiga yozgan so’z boshida shunday deydi: «... adabiyot ilmidan butun deyarli xabarsiz kishi ekanmi?» deyuvchi zotlarga qarshi biz, bu adabiyotdan xabarsizlik emas, qora elimizning tushunuvina o’ng’ay bo’lsin uchun bo’lsa kerak, deymiz... biz o’zbek tiliga yaqinlashtirmoqqa kirishdik».
Shoir 1916-1917 yillarda nashr qilingan «Oq gul», «Qizil gul», «Yashil gul», «Pushti gul», «Safsar gul», «Sariq gul» to’plamlarida shunga amal qilgani holda, xalq qo’shiqlari vazni va kuylarida ajoyib xalqchil she’r namunalarini yaratgan.
Suvlar ketar, tosh qolur,
Kulfat ketar, yosh qolur.
Bobolardan bir so’z bor,
O’sma ketar qosh qolur.
Yoki;
Yigit degan er bo’lur,
Mehnat ko’rsa sher bo’lur
singari sodda va ixcham misralar xalq maqollari ta’sirida yozilgan.
Shoirning til va uslub sohasidagi novatorligi shundan iboratki, u o’sha davrda o’zbek xalqi orasida qo’llana boshlagan «ishchi», «mehnatchi», «xizmatchi», ishchi-dehqon», «yangi turmush», «kontrlik» va boshqa ko’pgina yangi so’z, so’z shakllari va iboralarni she’riyatga olib kirdi va ulardan keng foydalandi. Shuningdek, o’zbek tili lug’atida bor so’zlarning ayrimlarini yangi ma’noda ishlatdi, xalq iboralari, maqollar, hikmatli so’zlardan ijodiy foydalangani holda, ulardan zamon ruhini ifodaladi va nihoyat, o’zi ham yangi so’zlar yaratdi.
Hamza asarlarining (xususan, she’rlarining) sintaksisi sodda bo’lib, unda asosiy o’rinni qisqa, ixcham jumlalar egallaydi. Murakkab qo’shma gaplar uning she’rlarida juda kam uchraydi. Murakkab fikrni ifodalash zaruriyati tug’ilib qolganda, Hamza gapni ikki mustaqil qismga bo’lib, bog’lovchisiz qo’shma gap tarzida beradi, she’rlarda esa ikki mustaqil qismga bo’lib yuboradi. Masalan:
O’qisin qizlarimiz,
Ochilsin ko’zlarimiz,
Xizmat qilsin joriyalar,
Yashasin millat. («Pushti gul», 1916).
Bu to’rt misrali bandda qisqa, ixcham, bosh bo’laklardan iborat to’rtta mustaqil sodda gap bor. Bu she’riy parchaga diqqat bilan qarasak, u serhasham sifatlashlarni ishlatmagani, doim fikriy aniqlikka intilgani, jonli so’zlashuv tilining tuganmas manbalaridan ijodiy oziqlangani yaqqol ko’rinadi.
Hamzaning mohir so’z san’atkori sifatida o’zbek adabiy tilining rivojlanishiga qo’shgan katta ulushi quyidagilardan iborat:
1. Hamza ijodining ilk davri (1905-1917 yillar)da an’anaga ko’ra davom etib kelayotgan eski o’zbek adabiy tili jonli so’zlashuv tilidan anchagina uzoqlashib qolgan edi. Hamza o’zining deyarli hamma asarlarini jonli so’zlashuv tili (markaziy shaxar shevalari) negizida yozib, shakllanayotgan o’zbek milliy-adabiy tilini shu asosda boyitdi.
2. Bu davr matbuot tili «Umumturk tili» nomi bilan ataluvchi turkizm, tatarizm, arabizm va rusizm unsurlari bilan to’lib-toshgan qurama adabiy til bo’lgan. Hamza bunga qarshi o’z asarlarida xalq og’zaki ijodi xazinalaridan ijodiy foydalangan holda, asarlarining tilini «Elimizning tushunuviga o’ng’ay bo’lsin uchun», uni jonli so’zlashuv tiliga yaqinlashtirdi va katta muvaffaqiyat qozondi.
3. O’zbek tiliga kirib kelgan yangi so’z, so’z shakllari va atamalarni badiiy adabiyotga olib kirdi, ularni keng ko’lamda qo’lladi, o’zi ham yangi so’zlar yaratdi.