Taxometr Taxeometriya- grekcha so‘z bo‘lib, tez o‘lchash degan ma'noni bildiradi. Tez o‘lchash ma'nosi shundan iboratki, syomka qilinadigan nuqtaning planli va balandlik bo‘yicha o‘rni taxeometr ko‘rish trubasining reykaga bir qarashda o‘lchangan masofa(dalnomer bo‘yicha), gorizontal va vertikal burchaklar orqali aniqlanadi. Shu bois, taxeometrik syomka deganda gorizontal va vertikal syomkalarni bir vaqtning o‘zida taxeometr deb ataluvchi asbob bilan bajarishga tushuniladi.
Taxeometr asbobi o‘rnatilgan nuqtaga bekat deyiladi va undan har bir syomka qilinadigan tafsilot va relyef nuqtasiga qarab bir vaqtda gorizontal burchak (biron- bir boshlang‘ich yo‘nalishga nisbatan), vertikal burchak va dalnomer bilan (oddiy doiraviy taxeometrlarda ipli dalnomer yoki elektron taxeometrlarda elektron dalnomer bilan) masofa o‘lchanadi.
Taxeometrik syomkada qutbiy koordinatalar sistemasi usuli bilan nuqtalarning plandagi o‘rni va trigonometrik nivelirlash usuli bilan esa ularning balandligi topiladi. O‘lchash natijalarini ishlab chiqib yer bo‘lagining yirik masshtabli topografik plani tuziladi.
Taxeometrik syomka, asosan, relyefi notekis, maydoni uncha katta bo‘lmagan, eni tor va bo‘yiga cho‘zilgan tafsilotlari murakkab bo‘lgan joy uchastkalari yirik masshtabli topografik planlarini hosil qilish uchun qo‘llaniladi.Lekin elektron taxeometrlarning paydo bo‘lishi bilan, mazkur syomka maydoni katta yer uchastkalarining raqamli modellarini yaratishda asosiy syomka turiga aylandi va taxeometrik syomkani to‘liq yoki qisman avtomatlashtirishiga, ya'ni elektronli taxeometriyani paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi.
Taxeometrik syomka teodolit syomkadan tafsilotlardan tashqari joy relyefini syomka qilish, menzula syomkasidan esa - joy planini dalada tuzilmasdan, kameral sharoitlarda yaratishi bilan farq qiladi. Menzula syomkasiga ko‘ra taxeometrik syomka o‘z afzalliklari va kamchiliklariga ega. Uning afzalligi shundan iboratki, taxeometrik syomkani menzula syomkasi uchun noqulay ob-havo sharoitida
qo‘llash mumkin bo‘lib, u dala o‘lchash ishlarini qisqa muddatda bajarishga imkon beradi.
Taxeometrik syomkaning kamchiligiga planni tuzishda bajaruvchining joy bilan taqqoslash imkoni yo‘qligini (menzula syomkasi plani bevosita dalada tuziladi) ta'kidlash mumkin.