E s t e t i k ahamiyati. Adabiyot va san’at asarlarining ahamiyati odamlarga
taqlid namunalari berish bilangina cheklanmaydi. CHunonchi, Kumush va Saidalarga
taqlid qilish, ergashish, N.SHomurodov va Yo`ldosh Komilovlarga havas qilish
mumkin, lekin SHekspir tragediyasidagi Otelloga, CH.Aytmatovning «Oq kema»
qissasidagi personajlarga ergashib bo`lmaydi SHuning uchun ham san’at, avvalo,
insonning tuyg`usiga ta’sir qilib, uni fikrlashga, o`ylashga majbur etadi, uni soflaydi,
butun vujudini junbushga keltirib, g`uborlardan tozalaydi, unga nimalarni yoqlab,
nimalarga qarshi kurashish kerakligini ko`rsatadi. B.Brextning «Kuraj ona va uning
bolalari» dramasi kishini o`z ijtimoiy ahvoli hamda burchi to`g`risida o`ylashga
majbur qiladi. Demak, san’at asari kishilarning ongigagina emas, dastavval, ularning
tuyg`ulariga ta’sir qiladi. Bunda adabiyotning emotsional-estetik tomoni katta rolp
o`ynaydi. Biz adabiy asarlarni o`qiganimizda, fikrimiz intensiv qo`zg`oladi, tuyg`u va
irodamiz, ongimiz tezlik bilan ishlay boshlaydi.
Adabiyot ulkan emotsional kuchga ega ekanligi bilan ham muhim sotsial
funktsiya bajaradi. Professor S.Mirvaliev ta’kidlaganidek, «Adabiyot ma’naviyatning
boshqa omillariga qaraganda ham vositali ifodasi, ham ko`rgazmali ta’sir kuchi bilan
ustuvordir». SHuning uchun ham eng nodir san’at namunalari asrlar bo`yi kishilarni
hayratga solib, ularni to`lqinlantirib keladi. Badiiy adabiyot kishining tuyg`usini,
ulardagi go`zallik hissini mukammallashtiradi. Badiiy adabiyot insonning ma’naviy
va jismoniy go`zalligini, insoniy munosabatlarning go`zalligini sezishga yordam
beradi. Badiiy asar o`zining mahorat kuchi bilan ham insonga ta’sir ko`rsatadi. Biroq
mahorat deganda san’at asarining Shakligina emas, g`oyaviy yo`nalishi ham ko`zda
tutiladi. Kishiga estetik lazzat beruvchi va san’atkor mahoratini ko`rsatuvchi bosh
omil - asarning haqqoniyligidir.
Haqiqiy xalqchil realistik asarlar insonda hayot zavqini oshiradi, unda
go`zallikni tushunish fazilatini Shakllantiradi, hayotga ijodiy munosabatda bo`lishga
o`rgatadi.
Emotsionallik fanda ham bo`ladi. Ilmiy tadqiqot va kashfiyot jarayoni olimni
ham emotsional hissiyotlar qamrab olib, unda o`zi qilayotgan ishdan zavqlanish hissi
paydo bo`ladi. Fizik olim e.Faynberg ilmiy ijodni «emotsiya va ehtiroslar, to`lg`oq va
quvonchlar» sifatida xarakterlaydi. Bu jihatdan fan ham san’atdan farq qilmaydi.
Lekin emotsionallik ilmiy ijodning asosini tashkil qilmaydi.
San’atda emotsionallik katta rolp o`ynaydi. Biroq buning o`zi etarli emas.
San’atda emotsional ta’sirchanlik bo`lishidan tashqari, tuyg`ularning haqqoniyligi va
samimiyligi ham juda muhimdir.
Badiiy adabiyot insonni xalqning ruhiy olami bilangina emas, uning tili
xazinasi bilan ham oshno qiladi, ona tilining go`zalligi, estetik mohiyatiga chuqurroq
kirib borishga imkon yaratadi. SHu yo`l bilan badiiy adabiyot kitobxonning nutq va
til madaniyatini o`stiradi, uning har tomonlama kamol topishiga imkon beradi.