2-BOB. AFRIKA MATERIGI ICHKI SUVLARI 2.1 Iqlimning tarkib topishi. Afrika deganda dastlab jazirama issiqda chiniqqan, qora tanli, jingalak sochli odamlar ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Haqiqatan ham Afrikaga „issiq materik" nisbati bejiz berilmagan. Tropiklar oralig‘ida Quyosh ufqdan juda balandda va har yili ikki marta zenitda bo‘ladi. Shuning uchun uning juda katta qismida xohlagan oyning o‘rtacha harorati +20°C dan ortiq. Hatto eng shimoliy va janubiy qismlarida qish oyining o‘rtacha harorati +10 +15 °C dan pastga tushmaydi. Afrika iqlimining tarkib topishida uning geografik o‘rni, havo bosimi va massalari, relyefi, okean oqimlari kabi omillar kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Ekvatorga yaqin joylashgan o‘rniga ko‘ra juda katta miqdorda quyosh radiatsiyasini (yiliga bir kv sm ga 160-200 kkal) oladi. Yil fasllari yog‘in miqdoriga qarab farqlanadi. Ekvatorial hududlarda past bosimli mintaqalar, tropik kengliklarda esa yuqori bosimli mintaqalarning tarkib topishi Quyoshning balandligiga bog‘liq. Shunga binoan materik ustida ekvatorial, tropik va mo‘tadil havo massalari harakatlanadi.
Afrika materigi tuproqlari rasm-2
Materik iqlimining shakllanishida doimiy shamollar — passatlarning ta’siri kuchli. Yil davomida Atlantika okeanidan esadigan nam havo massalari Gvineya qo‘ltig‘i sohillari va ekvatorial zonalarga juda ko‘p yog‘in keltiradi. Masalan, Gvineya qo‘ltig‘i sohilidagi Debunja hududiga yiliga 10 000 mm gacha yomg‘ir yog‘adi. Yog‘inlar taqsimotiga relyef shakllari ta’sir etadi. Nam havo massalarining yo‘nalishiga ro‘para turgan tog‘ yonbag‘irlariga ko‘p yog‘in tushadi. Okean oqimlari materik iqlimini tubdan o‘zgartirib yuboradi. Agar sohil bo‘yida sovuq oqim bo‘lsa, yog‘in yog‘maydi va cho‘l iqlimi tarkib topadi (rasm-2) (masalan, Namib, Somali). Kanar, Bengela sovuq oqimlari ustidan esadigan shamollar materikka sovuq havo olib keladi. Lekin yuqoridagi havo iliq bo‘lishiga qaramasdan, qirov va tumanlar hosil bo‘lsa-da, yog‘in yog‘maydi. Natijada qurg‘oqchil cho‘llar tarkib topadi.