Akademiya


Protestantlarning o‘ziga xos jihatlari



Yüklə 332,77 Kb.
səhifə26/46
tarix03.12.2023
ölçüsü332,77 Kb.
#172252
1   ...   22   23   24   25   26   27   28   29   ...   46
WdH331ah1sEEBJbD5pX6P4F52TbFLojVXKi8zjDH

Protestantlarning o‘ziga xos jihatlari


Xristianlikning katta yo‘nalishlaridan yana bittasi protestantizmdir (lotincha protestans – qarshi chiquvchi, norozi degan ma’nolarni anglatadi). U XVI–XVII asrlarda G‘arbiy Yevropadagi feodal tuzum va uning mafkuraviy tayanchi bo‘lgan reaksion katolitsizmga qarshi kuchli ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-madaniy va diniy harakatlarning boshlanishi sababli vujudga kelgan. Harakat ishtirokchilari katolik cherkovini yevangeliyalar g‘oyalaridan chekinishda ayblab, uni asl holatiga qaytarishni talab qilib chiqqanlar. Bu tarixda «reformatsiya harakati» (lotincha reformatio – o‘zgartirish, to‘g‘rilash kabi ma’nolarni anglatadi) deb ataladi.
Reformatsiya harakati chuqur tarixiy ildizga ega. Harakat bosh- lanishidan oldingi davrlarda ham ruhoniylarning ma’naviy buzuqligi, o‘z vazifasini suiiste’mol qilishlari, dabdababozliklari, kishilarga befarqlik, tamagirlik va rasmiyatchilik kabi illatlari ilg‘or jamoatchilik vakillari tomonidan keskin tanqid qilingan. Jumladan, Oksford universiteting professori J. Viklif va Praga universitetining professori YA. Gusning chiqishlarini alohida qayd etish lozim.
Germaniya va Shveysariya reformatsiyaning markazlari edi. Ushbu harakat keyinchalik G‘arbiy Yevropaning boshqa davlatlariga yoyilgan. Martin Lyuter (1483–1546), Tomas Myunser (1430–1525), J. Kalvin (1509–1564) reformatsiya harakatining tashkilotchilari va rahbarlari hisoblanganlar.
O‘rta asrlarda katolik cherkovi asosiy boylik sanaluvchi yer may- donlarining katta qismiga egalik qilgan. Aholi daromadning o‘ndan bir qismini soliq shaklida cherkovga to‘lagan. Ruhoniylar tushumlarni ko‘paytirish maqsadida xizmat to‘lovlari miqdorini oshirib borish bilan birga mansabni suiiste’mol qilish, tamagirlik, poraxo‘rlik kabi vositalardan
foydalanar edilar. Indulgensiyalar (lotincha ihduigehtia – rahm-shafqat degan ma’noni anglatadi) sotish keng qo‘llanilgan. Ruhoniylarning ma’naviy buzuqligi, befarqligi, beg‘amligi shu darajada keng ildiz otgan ediki, cherkov uni o‘z doktrinasida ham aks ettirishga majbur bo‘lgan. Doktrinaga binoan, ma’naviy fazilatlaridan qat’i nazar, diniy marosimni ruhoniy bajargan bo‘lsa, ilohiy ahamiyatini yo‘qotmagan.
Katolik cherkovidagi «nosog‘lom» munosabatlar reformatsiya harakatining vujudga kelishida muhim bo‘lgan, lekin uning asosiy sababi o‘z umrini yashab bo‘lgan feodal munosabatlardir. Feodal jamiyat negizida vujudga kelib, ijtimoiy mavqeini tobora mustahkamlab borgan burjuaziya hokimiyat uchun kurashda dastlab eski jamiyatning mafkuraviy tayanchi sanalgan katolik cherkovini mag‘lubiyatga uchratishi lozim bo‘lgan.
Reformatsiya harakati dastlab Germaniyada Martin Lyuterning Rim papasiga qarshi chiqishidan boshlangan. 1517 yil 31 oktabrda Martin Lyuter o‘z qarashlarini 95 ta tezisda bayon etib, uni Vittenberg shahar cherkovlaridan birining darvozasiga osib qo‘ygan. Tezislarda cherkovning avliyolar yordamida xalos bo‘lish, a’rof, ruhoniylarning vositachilik vazifasi haqidagi ta’limotlari tanqid qilingan. Keyinchalik Rim papasining hokimiyati inkor qilingan. Lyuter cherkov tashkilotining iyerarxiya prinsipi asosida tuzilishini va boshqarilishini rad etgan, Isoning xaloskorlik kuchiga ishonchi orqali kishi mustaqil ravishda, cherkovning vosita- chiligisiz xalos bo‘lishi mumkinligi g‘oyasini himoya qilgan.
Martin Lyuter rohiblikni bekor qilish, diniy marosimlarni soddalashtirish va cherkovni dunyoviy hokimiyatga bo‘ysundirish ka- bilarni talab qilib chiqqan. Uning talablari Germaniyada endigina shakllana boshlagan burjuaziyaning manfaatlariga mos kelgan. Shu- ningdek, ko‘pchilik nemis knazlari va feodal guruhlarining vakillari ham unga xayrixohlik bildirgan. Mazkur guruhlar cherkovning katta yer maydonlariga egalik qilishi, behisob boyliklarga egaligi, german cherkovlarining Rim papasiga katta pul mablag‘lari ajratishi va davlatlarning ichki ishlariga doimiy aralashuvi kabilardan norozi bo‘lganlar.
Bir guruh lyuterchi nemis knazlarining talabi bilan Shpeyer Reyxstag har bir nemis knazi o‘zi va fuqarosi uchun xohlagan dinni tanlash huquqiga ega ekanligi to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Lekin Germaniyada Rim papasiga qarshi kurash olib borishga qodir kuchli, markazlashgan davlat yo‘q edi. Rim papasining tazyig‘i bilan 1529 yilda Reyxstag bu
qarorni bekor qilgan. Reyxstagning qaroriga javoban, 5 nafar nemis knazi va 14 nafar imperiyaning shaharlari Reyxstagdagi ko‘pchilikka qarshi norozilik (protest) bildirganlar. Mazkur voqeadan keyin xristianlikda reformatsiya natijasida paydo bo‘lgan yangi yo‘nalish «protestantizm» deb atala boshlangan.
Germaniyadagi reformatsiya harakatida aholining o‘rtahol va kambag‘al tabaqalari ham keng ko‘lamda ishtirok etgan. Ularning man- faatlarini Tomas Myunser o‘z qarashlarida himoya qilgan. Dastlab Tomas Myunser siyosiy faoliyatini lyuterchilar harakatida ishtirok etishdan boshlagan. Lekin keyinchalik Lyuterning qarashlari cheklanganligi va hukmron tabaqalarning manfaatiga xizmat qilishidan norozilik bildirib, diniy aqidalar va ijtimoiy-siyosiy muammolar tanqidida, Lyuterdan farqli o‘laroq, murosasizlik yo‘lini tanlagan.
Tomas Myunser diniy ta’limotga munosabat sohasida cherkov tash- kilotlarining quyidan yuqoriga bo‘ysunishiga asoslangan boshqaruv tartibiga qarshi chiqqan, ortodoksal diniy ta’limotlar va yepiskoplar hokimiyatini inkor qilgan, xudoga e’tiqod har bir kishining qalbida tug‘ilishi kerak, deb hisoblagan. Shu bilan birga kishi Isoning ruhini qalbida his qilsa, soxta haqiqat og‘usini tark etadi, oliy ilohiy haqiqatga erishadi, bunga erishishdagi tenglik fuqarolarning huquqiy tengligini bildiradi, deb ta’kidlagan. Tomas Myunser kishilarni umumiy tenglikka asoslangan ilohiy jamiyat qurishga da’vat etgan. Tomas Myunserning da’vati Germaniyadagi dehqonlar qo‘zg‘olonining shioriga aylangan. Dehqonlar qo‘zg‘oloni mag‘lubiyat bilan tugagan va Tomas Myunser asirga olinib, qatl etilgan. Uning tarafdorlari esa Yevropa davlatlariga tarqab ketganlar.
XVI asrning birinchi yarmida reformatsiya harakati Yevropaning boshqa davlatlariga yoyila boshlagan. Bu harakatning yirik markazlaridan biri Shveysariya edi. Mamlakatning Jeneva va Syurix shaharlaridagi harakatlarga J. Kalvin va U. Svingli rahbarlik qilganlar. Shveysariyadagi reformatsiya harakati protestantizmda yangi kalvinizm oqimini vujudga keltirgan. Kalvinizm – burjuaziyaning katolik cherkoviga qarshi kurashi timsoli. Oqimda umum e’tirof etgan e’tiqod ramzi yo‘q. Injil esa diniy ta’limotning yagona manbai hisoblanadi. Taqdiri azal haqidagi ta’limot oqimning asosiy g‘oyalaridan biridir. Kalvinning fikricha, xudo ayrim kishilarni abadiy rohat-farog‘atda, ayrimlarni do‘zax azobida qiynalib
yashash uchun yaratgan. Lekin har qanday kishi azoblardan xalos bo‘lishi mumkin, chunki xudo uni yolg‘izlatib qo‘ymaydi. Xudoning marhamati tushgan kishi tashabbuskor bo‘lishi va abadiy rohat-farog‘atda yashashga loyiq ekanligini isbotlashi kerak. Bunday kishi tadbirkor va har ishda omadli bo‘ladi. U dunyoning lazzatlaridan tiyilishi, tejamkor bo‘lishi va kamtarona yashashi kerak.
O‘rta asrlarda diniy marosimlarda qo‘llanib kelingan ikonalar, sham yoqish, xoch va boshqa vositalardan foydalanishdan voz kechilgan. Sirli marosimlardan faqat ramziy ma’nodagi cho‘qintirish, non va vino tortishdan foydalanilgan. Asosan cherkovda va’z o‘qishga katta e’tibor berilib, marosim diniy qo‘shiqlar va xudoga sig‘inishlar bilan to‘ldirilgan. Dindorlar jamoasini saylab qo‘yiladigan presviterlar (grekcha presbyteros

  • oqsoqol degan ma’noni anglatadi, xristian cherkovidagi ruhoniy kishi) va pastorlar (lotincha pastor – cho‘pon, podachi degan ma’nolarni anglatadi, protestant cherkovining xizmatchisi) boshqargan. Ular ayni paytda diniy marosimlarga rahbarlik ham qilganlar. Diniy tashkilotlarga esa avtonomiya huquqi berilgan.

Reformatsiya harakatining yirik markazlaridan yana biri Angliya bo‘lgan. Bu mamlakatda reformatsiya yuqori tabaqalarning tashabbusi va boshchiligida amalga oshirilgan. 1531 yilda Angliya parlamenti katolik cherkovi aqidalari va marosimlarini saqlab qolgan holda cherkovning Rim papasidan mustaqilligi to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Cherkovga rahbarlik qilish vakolati esa qirol zimmasiga yuklatilgan. Barcha monastirlar yopib tashlanib, cherkov mulklari musodara qilingan. Rim papasiga qarshi kurash tomonlarning o‘zaro kelishuvi bilan yakunlangan. 1571 yilda Angliya parlamenti e’tiqod ramzi to‘g‘risida deklaratsiya qabul qilgan. Ushbu hujjat asosida anglikan cherkovi vujudga kelgan.
XVI asrda protestantizm yo‘nalishining asosiy oqimlari lyuteranlik, kalvinizm va anglikanlar cherkovi vujudga kelgan. Lekin yo‘nalish tarkibida oqimlarning shakllanish jarayoni hozirga qadar davom etmoqda. Ular qatoridagi baptistlar, metodistlar va pyatidesyatiniklar oqimlarini misol keltirish mumkin. Protestantizm yo‘nalishining turli oqimlardan tashkil topganligi ular o‘rtasida diniy ta’limot, aqida va marosimlarda umumiylik bormi, degan savol tug‘diradi.
Protestantizm ta’limotida cherkov va rohiblarning xudo va odamlar o‘rtasidagi vositachilik vazifasi inkor qilinadi. Unda har bir kishining xudo
bilan bevosita muloqot qilish va xalos bo‘lish imkoniyatiga ega ekanligi ta’kidlanadi. Ushbu aqidaning qabul qilinishi natijasida dindorlar zimmasidagi og‘ir yuk bo‘lmish hashamatli monastirlarni qurish va ko‘p sonli rohiblarni boqish zarurati o‘z-o‘zidan barham topgan.
Odamlarning xudo bilan bevosita aloqa o‘rnatishi haqidagi aqidadan har bir dindorning ruhoniy bo‘lishi to‘g‘risidagi aqida paydo bo‘lgan. Unga binoan, protestantlik e’tiqodini qabul qilib, cho‘qintirilgan kishi va’z o‘qish va diniy marosimlarni bajarish huquqiga ega bo‘ladi. Bu ruhoniylarning umuman inkor qilinishini bildirmaydi, protestant ruhoniylari xristianlikning boshqa yo‘nalishlaridagidan farqlanadi. Ruhoniylar dindorlar jamoasi tomonidan saylanadi va faqat unga hisob beradi. Ularga dindorlarning tavba-tazarrusini qabul qilish va gunohlarini kechirish huquqi berilmagan. Bunday ruhoniylarning oila qurishlari mumkin va ular uchun selibat (lotincha caliebs – uylanmagan degan ma’noni anglatadi) qasami bekor qilingan.
Injil – diniy ta’limotning asosiy manbai. Muqaddas rivoyatlar, ya’ni Rim papasining hujjatlari, «cherkov otalari»ning asarlarining ilohiy mazmunga egaligi tan olinmaydi, lekin ulardagi Injilning mazmunini aks ettiruvchi qismlaridan foydalaniladi. Injilni dindorlar ona tilida o‘qishlari e’tirof etilgan. Har bir kishi o‘z ona tilida diniy marosimlarni bajarish va Injilni mustaqil tafsir qilish huquqiga ega.
Protestantizmning asosiy aqidalari sifatida qabul qilingan odamlarning gunohkorligi va Isoning birlamchi gunohni yuvish uchun o‘zini qurbon qilganligiga ishonish bilan xalos bo‘lish mumkinligi g‘oyasi targ‘ib qilinadi. Sirli marosimlar, zohidlik, savob ish qilish kabilar kishining xalos bo‘lishiga yordam berolmaydi. Odamlarning ichki tabiati birlamchi gunoh ta’sirida tamoman o‘zgarganligi bois ular xudoning ko‘magisiz, mustaqil yaxshilik qilish imkoniyatiga ega emas. Yaxshilikning namoyon bo‘lishi insonning shaxsiy xislati emas, balki xudoga bo‘lgan muhabbatining sama- rasidir. Odam gunohkor va gunohdan xalos bo‘lish uchun xudoni doimo yodda tutishi, unga sig‘inishi kerak. Bu amal bilan mustahkamlanmasa, kutilgan natijani bermaydi. Odam o‘zining kundalik vazifalarini sidqidildan bajarishi lozim. O‘z vazifalariga sidqidildan yondashish kishining xudoga nisbatan munosabati qanchalik samimiy ekanligidan dalolat beradi.
Protestantizmda taqdiri azalga ishonish mavjud. Unga ko‘ra, xudo kishining tug‘ilishidan oldin taqdirini belgilab qo‘yadi. Odamning yerdagi hayotida xudo uning taqdirini qanday belgilaganini bilib bo‘lmaydi. Lekin insonning mehnatsevarligi, ishdagi omadliligi, tijoratdagi yutuqlari, badavlat va baxtli yashashi kabilar unga xudoning nazari tushganligi va poklanish belgilari sifatida qabul qilinadi.
Protestantizmda diniy marosimlar soddalashtirilgan va ortiqcha xarajatlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Ibodatlar va’z va duo o‘qish, psalom (diniy qasida va ashula)lar kuylash, Injildan parchalar o‘qish bilan cheklanadi. Marhumlar ruhiga, Bibi Mariyam, avliyolar va ikonalarga sig‘inish, a’rofga ishonish kabilar bekor qilingan. Ibodatxonalardan hashamatli va ko‘p chiqim talab qiluvchi jihozlar (qo‘ng‘iroqlar, mehroblar, ikonalar, haykallar va boshqa bezaklar) olib qo‘yilgan.
Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, protestantizm yo‘nalishi G‘arbiy Yevropada katolik cherkovining zo‘ravonligi, odamlar taqdiriga befarqligi, ma’naviy aynishi, boylikka o‘chligi, ijtimoiy va madaniy hayotdagi taraqqiyparvar o‘zgarishlarga to‘sqinligiga qarshi bo‘lgan yangi ijtimoiy- siyosiy kuchlar mafkurasi sifatida vujudga kelgan. Qayd etish joizki, katolik cherkoviga qarshi qaratilgan ijtimoiy-siyosiy harakat dahriylik harakati emas, balki cherkovdagi illatlarga, ijtimoiy-siyosiy taraqqiyotga to‘sqinlik qiluvchi siyosiy katolitsizmga qarshi qaratilgan harakat edi.



Yüklə 332,77 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   22   23   24   25   26   27   28   29   ...   46




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin