Buddaviylikning braxmanizmdan asosiy farqlarini sanang.
Buddaviylikning muqaddas bitigi necha qismdan iborat?
Nima sababdan buddaviylik Hindistondan siqib chiqarilgan?
Hindistonda Braxmaga sig‘inuvchilar nima sababdan kamchilikni tashkil etadi?
Hinduiylik nima sababdan «hind xalqining turmush tarzi» deb ataladi?
Hinduiylikdagi bosh xudolar va ularning vazifalarini tushuntiring.
Hinduiylikning muqaddas bitiklariga misollar keltiring.
Hinduiylikning diniy-axloqiy qadriyatlari qanday ta’limotlarda aks ettirilgan?
«Satyagarxi harakati» deganda nimani tushunasiz?
mavzu
XRISTIANLIK:MOHIYATI,MANBALARIVAXUSUSIYATLARI
Xristianlik ta’limoti va marosimlari
Hozirgi davrda e’tiqod qiluvchilarning ko‘pligi jihatidan va xalqaro miqyosda nufuzli o‘ringa ega dinlardan biri xristianlikdir. Xristianlik milodiy I asrning boshlarida Rim imperiyasining mustamlakasi bo‘lgan Falastinda vujudga kelgan. «Xristianlik» iborasi qadimgi yahudiy tilidagi
«mashiax» so‘zining grek tiliga tarjimasida «xristos», ya’ni muqaddas yog‘ surtilgan, messiya (mahdiy) degan ma’nolarni anglatadi.
Falastin milodiy I asrda Rim imperiyasining provinsiya (viloyat)laridan biri bo‘lgan. Bu davrda Rim jamiyatining inqirozi uning provinsiyalarida yanada keskin tus olgan. Falastinda yashovchi yahudiylar imperiyaga bo‘ysundirilgan boshqa xalqlar qatori, mustamlakachilar va mahalliy hukmdorlarning zulmidan ezilganlar. Shu bois, norozi xalq mustabid tuzumga qarshi kurash olib borgan. Lekin chirigan imperiya hanuzgacha katta harbiy qudratga ega bo‘lganligi sababli, qo‘zg‘olonlarni shafqatsizlik bilan bostir ishga qodir edi. Uzoq vaqt davom etgan kurashning muntazam bostirilishi natijasida mazlum xalq orasida adolatsiz tuzumni yo‘q qilib, ilohiy podsholik quradigan xaloskor-messiya (mahdiy) to‘g‘risidagi g‘oya yuzaga kelgan. Ayni paytda, xalqning ezgu- niyatlaridan o‘z maqsadi yo‘lida foydalanishga intiluvchilar, ayrim zohidlar, diniy mazhablarning vakillari, hatto tavakkalchi lo‘ttivozlar o‘zlarini mahdiy deb e’lon qilganlar.
Messiyachilik harakati odatda mustabid tuzumga qarshi umumxalq qurolli kurashi va uning shafqatsizlarcha bostirilishi bilan yakunlanar edi. Shuning uchun hukumat messiyachilik harakatiga qarshi keskin kurash olib borgan. Biroq davlatning unga qarshi keskin tadbirlari messiyachilik harakatini uzil-kesil yo‘qota olmagan.
Messiyachilik harakati davlat hokimiyatiga, uni qo‘llab-quvvatlovchi rasmiy mafkuraga va dinga ham qarshi bo‘lgan. Shu bois ular hokimiyatning messiyachilikka qarshi keskin kurashini qo‘llashlari bilan birga, unda faol ishtirok etganlar.
Milodiy I asrda Falastinda messiyachilik harakati shu qadar keng yoyilganki, mahalliy aholi ongida buyuk xaloskor-messiya Iso Masih (Iisus Xristos) to‘g‘risidagi diniy rivoyatlarning vujudga kelishi va mustahkamlanishiga sabab bo‘lgan.
Iso Masihning hayoti va faoliyati Bibliya (Injil)ning «Yangi Ahd» qismi, ya’ni yevangeliyalarda (grek tilida euangelion – yaxshi xabar degan ma’noni anglatadi) batafsil bayon qilingan.
Diniy rivoyatlarga ko‘ra, farishta Gavriil (Jabroil) kambag‘al qiz Mariya (Mariyam)ga xudo unga xaloskor-messiyaning onasi bo‘lishni ato etganligi haqida xabar bergan. Mariya Ota xudo (xudoning qiyofalaridan biri)dan g‘oyibdan homilador bo‘lgan. Uning eri qariya Iosif (Yusuf) xotinining ilohiy homiladan tuqqan (Jabroil unga ma’lum qilgan) bolasini qabul qilgan.
Iso 30 yoshga kirganidan keyin Iordan daryosi bo‘yida Ioan Cho‘qin- tiruvchidan cho‘qintirishni qabul qilgan va da’vatkorlik faoliyatini boshlagan. Uning atrofida shogirdlari, qarindosh-urug‘lari va yaqinlaridan iborat maslakdoshlar guruhi shakllangan. Guruhning asosini Isoning 12 shogirdi – apostollar (grekcha apostols – vakil yoki arabchada havariylar degan ma’nolarni anglatadi) tashkil etgan. Iso guruh a’zolari bilan birgalikda Falastin bo‘ylab sayohat qilib, odamlarni yagona xudoga sig‘inishga da’vat etgan, bemorlarni davolaydigan, mo‘jizalar ko‘rsatgan.
Iso tashviqotlarda odamlarga yagona xudo yerdagi odamlarning yaratuvchisi ekanligini, xudoning yerda ilohiy podsholik o‘rnatilishi to‘g‘risidagi xabarini odamlarga yetkazish maqsadida o‘zining vakil qilib yuborganligini aytgan. Odamlarning ma’naviy tushkunlikdan xalos bo‘lishlari va ilohiy haqiqatga erishishlari yo‘lida o‘zini, (ya’ni Isoni) xudoning o‘g‘li, xudo va odamlar o‘rtasidagi vositachi sifatida tan olishlariga va uning ta’limotini qabul qilishga da’vat etgan.
Falastinda Isoning uch yillik da’vatchilik faoliyati kutilgan natija bermagan, unga ergashganlar juda kam bo‘lgan. Bundan tashqari, uning qarashlari iudaizm ta’limotiga mos kelmasligi, ba’zi bir muhim masalalarda unga qarshi turganligi, Quddus kohinlarining keskin qarshiligiga sabab bo‘lgan.
Rim davlati va kohinlar uni soxta mahdiylikda ayblab ta’qib qilganlar. Oqibatda Iso hokimiyat va rasmiy dinni badnom qilganligi uchun xochga tortib o‘ldirishga hukm qilingan. Iso Masihni uchta qaroqchi bilan birga qatl qilinishi belgilangan. O‘sha davrda rasman tan olingan an’anaga binoan, qatl maydonida to‘plangan olomon o‘limga mahkum qilinganlar orasidan bittasini afv etish huquqiga ega edi. Shu bois, olomon qaroqchi Varravani tanlab, Iso Masihdan yuz o‘girgan.
Diniy rivoyatlarda qayd etilishicha, Iso qatl qilinganidan keyin uch kun o‘tgach mo‘jizaviy ravishda qayta tirilgan va shogirdlari bilan qirq
kun birga bo‘lgan. Qirqinchi kun Iso shogirdlariga oxiratda yana yerga qaytishini aytib, osmonga ko‘tarilib ketgan.
Isoning hayot faoliyati to‘g‘risidagi diniy rivoyatni qisqacha shunday ta’riflash mumkin. Yevangeliyalarda qayd etilgan Isoning hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarda noaniqliklar mavjud. Masalan, havoriy Matfey o‘z yevangeliyasida Iso shajarasini Dovud, Solomon va Ibrohim bilan bog‘lashga harakat qilgan. Havariy Luka Iso Dovudning 28-avlodi ekanligini qayd etgan. Mazkur dalillarni isbotlash qiyin, chunki Dovud tarixiy manbalarga ko‘ra, miloddan avvalgi X asrda yashagan (ming yil davomida ularning o‘rtasida bor-yo‘g‘i 28 ta avlod o‘tganligi shubhalidir).
Yevangeliyalarda Isoning hayoti to‘g‘risida qayd etilgan ma’lumot- lardagi noaniqliklar yoki xatolar uning tarixiy shaxs ekanligiga shubha tug‘diradi. Shu bois uning shaxsiga munosabat masalasida afsonaviy va tarixiy maktablar shakllangan. Afsona maktabining vakillari Isoning tarixiy shaxs ekanligini inkor etadilar va Iso to‘g‘risidagi qarashlarning turli diniy rivoyatlardan tuzilganligini isbotlashga harakat qiladilar. Mazkur maktabning kamchiligi shundaki, unda Iso to‘g‘risidagi qarashlarning asosida hech qanday tarixiylik yo‘q degan g‘oyani isbotlashga intiladilar.
Boshqa tarixiy maktab vakillari esa Isoning tarixiy shaxs ekanligini isbotlashga harakat qiladilar. Bunda asosiy dalil sifatida yevangeliyalarda nomlari qayd qilingan personajlar: Ioan cho‘qintiruvchi, havariy Pavel, Rim noibi Pontiy Pilat kabilarning tarixiy shaxs ekanligi qayd etiladi. Albatta, bu dalillar uning tarixiy shaxs ekanligini isbot qilish uchun yetarli emas va bunga yanada asosli dalillar talab etiladi.
1946–1947 yillarda O‘lik dengiz qirg‘og‘ida joylashgan Qumron g‘oridan arxeologlar tomonidan qadimgi o‘rama bitiklarning topilishi ushbu masalaga oydinlik kiritgan. Qo‘lyozmalarning milodiy I asr o‘rtalarida Falastinda faoliyat ko‘rsatgan iudaizmning essinlar mazhabiga tegishli ekanligi aniqlangan. Essinlar e’tiqodi, diniy marosimlari va turmush tarzi bilan xristianlikka yaqin turgan.
Qumron qo‘lyozmalari asosan injilning lavhalari, jamoaning nizomi va duolardan iborat bo‘lgan. Qo‘lyozmalarda «yer yuzida adolat o‘rnatadigan ustoz», yangi diniy mazhabga asos solgan, iudaizm aqida- larini tanqid qilib, xristianlik ta’limotiga o‘xshash g‘oyalarni targ‘ib qilgan tarixiy shaxs yashaganligi to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud.
Dinshunoslik xristianlikning vujudga kelishi muammosini o‘rganar ekan, Isoning hayoti va faoliyati haqida bahs yurituvchi bu ikki maktabdan birining qarashlari to‘g‘ri ekanligini isbotlashga harakat qilmaydi. Ayni
paytda, masalaga ilmiy yondashuv milodiy I asrda Falastinda iudaizmning mazhablaridan biriga asos solgan va uning iudaizmdan farq qiladigan diniy ta’limotning shakllanishiga sabab bo‘lgan shaxs yashaganligini inkor etmaydi.
Shunday qilib, iudaizmning mazhablaridan biri sifatida vujudga kelgan xristianlik uzoq davom etgan izlanishlar jarayonida mustaqil diniy ta’limotga aylangan. Iso Masih iudaizmda mavjud kamchiliklarni tanqid qilar ekan, yangi dinga asos solishni maqsad qilib qo‘ymagan. U iudaizmdagi jaholat, butparastlikni kuchaytiruvchi jihatlarni o‘zgartirishga, haddan ortiq marosimchilikka chek qo‘yishga va shu yo‘l bilan uni takomillashtirishga harakat qilgan. Yahudiy kohinlari Isoning takliflarini rad etganlar va Isoni kuch ishlatib o‘z g‘oyalaridan voz kechishga majbur qilmoqchi bo‘lganlar. Lekin bunday harakatlar zoye ketgan va kurashuvchi taraflar o‘rtasidagi ixtiloflar tobora kengayib borgan. Iso iudaizmdan tobora yiroqlashgan va uning g‘oyalari yangi diniy ta’limotga asos qilib olingan.
Manbalarda qayd qilinishiga ko‘ra, Iso dastlab diniy qarashlarni Falastinning Kapernaum shahri atrofida joylashgan qirliklarda targ‘ib qilishdan boshlagan («Nagornaya propoved»)6. Isoning havariylarga qarata so‘zlagan nutqlarida iudaizmga zid g‘oyalar aniq namoyon bo‘ladi. Ularda Iso o‘zining qarashlarini «Eski Ahd»da yozilgan g‘oyalar bilan munozara usulida bayon qilgan. Aytilganki, «zino qilma», men aytamanki, kimda-kim «ojizalar»ga shahvoniy niyatda qarasa, u bilan qalbida zinoga yo‘l qo‘yadi. Aytilganki, «jonga-jon, qonga-qon», men aytamanki, «kimki sizning chap yuzingizga bir shapaloq ursa, siz unga o‘ng yuzingizni tuting», «zulmga zulm bilan javob bermang», «dushmanlaringizga mehr- muhabbat bilan munosabatda bo‘ling» va hokazo7.
Shunday qilib, Iso ta’limoti vujudga kelgan vaqtdan boshlab, iudaizm qadriyatlari qabul qilinmagan. Xudoning mohiyati muhabbat ekanligi va odamlarga yomonlik qilmasligi, uning oldida odamlarning tengligi, insonga mehr-muhabbat ko‘rsatish va ulug‘lash, axloqiy qadriyatlarning ahamiyati kabi g‘oyalar yangi dinning turli xalqlar orasida keng yoyilishiga sabab bo‘lgan.
6 Kapaнг: Mupyн Œ. B.,Mupyн Œ. Г.Taйны 6oгoв и peлигий. – M., 1999. – C. 978.
7 Kapaнг: PaдysuнA.A. Bвeдeниe в peлигиoвeдeниe: тeopи…, иcтopи… и coвpeмeнныe peлигии. – M., 2000. – C. 117.
Xristianlik ta’limotining shakllanishida ilohiyot sohasidagi izlanishlar bilan birga ijtimoiy fikr, o‘sha davrdagi falsafiy ta’limotlar va mutafakkirlarning g‘oyalari ham muhim manba vazifasini o‘tagan.
Rim davlatining inqirozi natijasida, odamlarning jaholat girdobiga botib qolgan jamiyatga va ertangi kunga ishonchi yo‘qolgan. Rasmiy din odamlar orasida tobora o‘z mavqeini yo‘qotib borgan. Odamlar orasida qismatga, taqdiri azalga ishonish keng yoyilgan. Ilohiy xaloskor to‘g‘risidagi g‘oya paydo bo‘lgan. Qismatga, taqdiri azalga ishonish o‘sha davrdagi falsafiy maktablar ta’limotida va mutafakkirlarning qarashlarida ham dolzarb mavzuga aylangan.
Milodiy I asrda Qadimgi Rimda keng yoyilgan stoiklar (grekcha stoa – bino oldidagi ustunli uzun ayvon degan ma’noni anglatadi, maktab asoschisi Zenon yashagan Afina shahri ibodatxonasi tarhidan olingan atama) falsafiy maktabining ta’limoti diqqatga sazovordir. Stoiklar talqinida dunyo bir butun, yaxlit voqelik bo‘lib, undagi voqea va hodisalar umumiy tartibga bo‘ysunadi. Dunyoning birligi uni vujudga keltirgan va boshqarib turadigan ilohiy Logos (xudo) faoliyatining natijasidir. Ilohiy Logos borliqdagi jarayonlarni boshqarish bilan birga uning, shu jumladan odamlarning ham taqdirini oldindan belgilaydi.
Stoiklarning taqdiri azal to‘g‘risidagi ta’limoti Senekaning qarashlarida mukammal bayon qilingan. Uning fikriga ko‘ra, borliq moddiy va ruhiy dunyolarga bo‘linadi. Moddiy dunyo ruhiy dunyoga bo‘y- sunadi va mustaqil faoliyatga qodir emas. Undagi tartib va mukammallik olamiy aql, ya’ni xudo faoliyatining mahsulidir. Xudo barcha narsa va voqealarning sababchisi, taqdirni belgilovchi oliy borliqdir. Tabiat voqeliklarida ruh mavjud. Voqeliklarda mujassamlangan ruh xudo ruhining bir zarrasini tashkil etadi. Tirik mavjudotlarda joylashgan ruhlar o‘z qobig‘ini tark etib, «ozodlikka chiqishga» va mutlaq ruhga qo‘shilishga intiladi. Diniy rivoyatlardan ma’lumki, ruhning tanani tark etishi «tabiiy» hodisadir, shunday ekan, odamlar hayotga va o‘limga bir xilda munosabatda bo‘lishlari kerak.
Har bir odamda ilohiy ruhning bir zarrasi mavjudligi, ularning ruhan tengligini bildiradi. Ular o‘rtasidagi tengsizlik jamiyatga xos voqelikdir. Qul pok vijdoni, insonparvarligi, do‘stlarga sadoqati, jasurligi kabi ma’naviy fazilatlari bilan xo‘jayinidan ustun turishi mumkin. Qullik kishining jismoniy holatidir.
Seneka borliqni ilohiy dunyo va odamlar dunyosiga bo‘ladi. Ular bir- birlari bilan bog‘liqdir. Ikki dunyo o‘rtasidagi aloqachi vazifasini avliyosifat kishilar jamoasi bajaradi. Jamoa a’zolarining diniy va dunyoviy
hokimiyatga itoatkorligi, zulmga qarshilik ko‘rsatmasligi, jismiylikdan ruhiy yetuklikni ustun qo‘yuvchi, stoiklar ta’limotini yaxshi biladigan va ularga so‘zsiz amal qiladigan kishilar orasidan tanlab olinishi tavsiya etiladi. Seneka targ‘ib qilgan kishilardagi fazilatlar xristianlikning ma’naviy qadriyatlariga mos keladi.
Seneka davlatlarni ikki turga bo‘ladi:
xudo va odamlarning hamkorligiga asoslanuvchi, hududi yerning muayyan bir bo‘lagi bilan cheklanmaydigan katta davlat;
hududi makonda cheklangan kichik davlat. Odamlar ikkala davlatga ham xizmat qilishlari mumkin, lekin bu dunyoda xalqlarni birlashtiruvchi ilohiy davlatni tanlagan odam yutqazmaydi.
Shu tariqa kishilar ongiga kosmopolitizm (grekcha kosmopolites – yer shari fuqarosi degan ma’noni anglatadi) singdiriladi. Bu ta’limot oxiratda yer yuzidagi barcha odamlarni birlashtiruvchi ilohiy podsholikni qurish g‘oyasiga asoslanadi.
Seneka ta’limotidagi moddiy dunyo lazzatlarining o‘tkinchiligi, odamlarga hamdardlik, kamtarona yashash, o‘zini xudoga baxshida etish kabi g‘oyalar xristianlik ta’limotida yanada rivojlantirilgan.
Xristianlik ta’limotining shakllanishida Aleksandriyalik Filon (miloddan avvalgi 20 – milodiy 54 yillar) qarashlari alohida ahamiyatga ega. Filon diniy qarashlarda ustuvorlik qilib kelgan xudoni «mavhum, shaxsi noma’lum ibtido» deb ta’riflashga keskin qarshi chiqqan. Uning fikricha, agar xudo mutlaq ibtido bo‘lsa, shaxsiyatsiz mavjud bo‘la olmaydi, chunki uning shaxsiyati bo‘lmasa, undan oldin yana nimadir bo‘lishi kerak. Xudo nafaqat qiyofaga ega, balki ezgulik, go‘zallik va donolik timsolidir.
Borliq xudo irodasi va faoliyatining mahsulidir. Dunyo ko‘rinmas (ilohiy) va ko‘rinadigan (moddiy) qismlarga bo‘linadi. Xudo moddiy dunyodan tashqarida mavjuddir. Moddiy dunyodagi barcha narsa va hodisalar, jumladan odamlarni ham xudo yaratgan. Ular xudo faoliyatining mahsulidir. Xudo odamlarning bilishi va unga ergashishi zarurligini bildirish uchun o‘z o‘g‘lini yer yuziga vakil qilib yuborgan.
Filon odamlarga xos bo‘lgan illatlar – maishiy buzuqlik, o‘zgalarga befarqlik, mehrsizlik, mansabparastlik, boylikka hirs qo‘yish kabilarni qoralagan, odamlarning xudo oldida tengligini e’tirof etgan. Uning ijtimoiy qarashlari xristianlik ta’limotining shakllanishida juda katta ahamiyatga ega bo‘lgan.
Xristianlik ta’limotining ilohiy manbalari muqaddas bitiklar va muqaddas rivoyatlarga bo‘lib o‘rganiladi. Diniy rivoyatlarga ko‘ra, xudo
muqaddas bitiklar (yozuvlar)ni odamlarga ularning ijtimoiy-madaniy jihatdan tayyorligi darajasiga qarab, uzoq vaqt davomida vahiy qilgan. Xristianlikning muqaddas yozuvi Bibliya (arabchada Injil) deb ataladi. Bibliya (grekcha biblia – kitoblar degan ma’noni anglatadi) matnining asosiy qismi bir necha sahifadan iborat kitoblar to‘plamidan tuzilgan.
Injil ikki qismga bo‘linadi. Birinchi qismi «Eski Ahd» («Eski rivoyat») deb ataladi. «Eski Ahd»ning matni yahudiylarning muqaddas bitiklaridan tuzilgan. Uning matnini to‘plash miloddan avvalgi XII asrdan boshlangan va miloddan avvalgi II asrga qadar davom etgan. Mazmuniga ko‘ra, «Eski ahd» yahudiy xalqining qadimgi diniy va qabilaviy an’analarini aks ettiradi.
Injilning ikkinchi qismi «Yangi Ahd» deb ataladi. Birinchi qismidan farqli o‘laroq, uning matni xristianlik paydo bo‘lganidan keyin tuzilgan va u, odatda, Injilning «xristianlik qismi» deb ataladi. «Yangi Ahd» to‘plami yevangeliyalardan tuzilgan. Tarixiy manbalarga ko‘ra, taxminan 30 ta yevangeliya mavjud bo‘lgan. Shulardan, Isoning shogirdlari bo‘lmish havariylar (apostollar) Matfey, Mark, Luka va Ioannlarning yevangeliyalari, havariylarning amallari, 21 risola va Ioann vahiynomasi (yoki oxir dunyo) kabilar Injilga kiritilgan, qolgan yevangeliyalar din uchun zararli deb topilib, yo‘q qilingan.
Yevangeliyalarda Iso Masihning hayoti, mo‘jizalari va ta’limoti, havariylar Pyotr va Pavellarning xristianlikni targ‘ib qilishlari, diniy e’tiqod va amal bilan bog‘liq masalalar bayon qilingan.
Injil qismlarining nomlariga ahd so‘zining qo‘shib ishlatilishi xudo bilan odamlar o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro ahdnoma asosida tartibga solib turilishini anglatadi. «Yangi Ahd» xudo bilan odamlar o‘rtasida Iso vositachiligidagi yangi ahdlashuv hisoblanadi.
Xristianlik ta’limotining ikkinchi manbai muqaddas rivoyatlardir. Muqaddas bitiklardan farqli o‘laroq, ularni xudo cherkovga og‘zaki vahiy qilgan deb hisoblanadi. Muqaddas rivoyatlar muqaddas yozuvlarning ilohiy ahamiyatini asoslaydi, ilohiy qoidalarni sharhlaydi, zamonga moslashtiradi.
Bu rivoyatlarning muhim manbalaridan biri I–VIII asrlarda xristianlik ta’limotining falsafiy va ijtimoiy-siyosiy asoslarini ishlab chiqishda ishtirok etgan ilohiyotshunos mutafakkirlar hamda «cherkov otalari», ya’ni patristikaning («patristika» lotinchada patryes– otalar degan ma’noni anglatadi) asarlari tashkil etadi. Misol uchun, «cherkov otalari» qatoriga kiritilgan ilohiyotshunoslardan Yustin (II asr), Afinagor (177 yilda vafot etgan), Tertullian (taxminan 160–220 yillar), Avgustin (354–430 yillar) va boshqalarni qayd qilishimiz mumkin. Ular o‘z asarlarida cherkov aqidalari,
xristianlik ilohiyoti va falsafasi asoslarini ishlab chiqishda beqiyos hissa qo‘shganlar.
Xristianlik ta’limotining asoslari quyidagilardan iborat: