Jahon sivilizatsiyasining qadimgi markazlaridan biri bo‘lgan Hindistonda miloddan avvalgi VI asrda buddaviylik (sanskrit tilida buddha – osoyishtalikka va buyuk haqiqatga erishgan degan ma’nolarni anglatadi) dini yuzaga kelgan. Yangi diniy ta’limotning vujudga kelishi turli sabablar bilan bog‘liq bo‘lgan. Miloddan avvalgi VI asrda o‘nlab mayda knazliklarga bo‘linib ketgan Hindistonda davlat hokimiyatini markazlashtirishga harakatlar kuchaygan. Hindiston jamiyatining juda ko‘p kastalar (portugal tilida casta– irq, urug‘, tabaqa)ga bo‘linib ketishiga sababchi bo‘lgan braxmanizm bunday jarayonlarni rag‘batlantirmagan. Shu bois bir-biridan sun’iy ravishda ajratib tashlangan kastalarni (Hindistonda varna deb ataladi) umumiy maqsad atrofida birlashtirishga turtki beruvchi mafkuraga zarurat tug‘ilgan.
Miloddan avvalgi II ming yillikning o‘rtalarida Hindistonning Shimoliy va Markaziy qismini bosib olgan oriy qabilalarining diniy e’tiqodi va mahalliy qabilalar dinlarining sintezi natijasida vujudga kelgan braxmanizm hind jamiyatining kastalarga bo‘linishini muqaddaslashtirishi bilan birga, diniy ta’limotning tilsimotlarini, hukmron braxmanlardan tashqari boshqa kastalarni tanishtirishni istamagan. Davlatchilik rivojlanishining ilk bosqichlarida bunday holat hech kimni ajablantirmagan bo‘lsa-da, keyinchalik davlat hokimiyati timsolida o‘z qo‘lida kuch va moddiy boyliklarni to‘plagan tabaqalar (kshatriyalar va boshqalar) diniy tilsimotlar tafsiloti, ilohiy haqiqatga erishish, hayot va o‘lim muammolari bilan bevosita tanishishga qiziqa boshlaganlar.
Miloddan avvalgi I ming yillikning birinchi yarmida Hindistonda turli tabaqalarning diniy ta’limotni o‘rganishga intilishlarining kuchliligi o‘sha davrda ma’naviy madaniyatning yuksak darajada rivojlanganligidan dalolat beradi.
Buddaviylikka tarixiy shaxs, kshatriya kastasining vakili Siddixartxa Gautama (gautama so‘zi urug‘ning nomidan olingan) asos solgan. U Shimoliy Hindistondagi Shakya knazligining shahzodasi bo‘lgan. Diniy rivoyatlarga ko‘ra, Siddixartxaning onasi ilohiy ravishda unga homilador bo‘ladi (onasining tushida biqiniga fil kirib ketadi, farzandini ham biqinidan tug‘adi). Bola tug‘ilganidan keyin onasi vafot etadi. Suyukli xotinidan judo bo‘lgan otasi Siddixartxa Mudsxadana farzandining
tarbiyasiga jiddiy e’tibor beradi. Natijada Siddixartxa Gautama o‘z davrining o‘qimishli kishilardan biri bo‘lib yetishadi. O‘sha vaqtdagi yetuk murabbiylarning tarbiyasini olgan o‘smir balog‘at yoshiga yetganidan keyin bilimini yanada kengaytirish va ilohiy haqiqatni anglash maqsadida tarki dunyo qiladi (o‘sha davrda ilohiy haqiqatga faqat shu yo‘l bilangina erishish mumkin degan g‘oya bo‘lgan) va bu davr olti yil davom etadi. Benares shahri yonida meditatsiya bilan shug‘ullangan Siddixartxa Gautamaga kunlarning birida buyuk haqiqat ayon bo‘ladi va u buddaga aylanadi. Shu vaqtdan boshlab u odamlar orasida o‘zining ta’limoti (Benares da’vati)ni targ‘ib qila boshlaydi.
Siddixartxa Gautama asos solgan buddaviylik ta’limoti braxmanizm aqidalari negizida ishlab chiqilgan. Bunda, asosan, ruhning abadiyligi va tanadan tanaga ko‘chishi – sansara, uning bir tanadan boshqasiga ko‘chishi
– karma va karmaning qanday bo‘lishi kishining hayot yo‘li, ya’ni dxarmaga bog‘liqligi kabi ta’limotlar qabul qilingan.
Buddaviylik ta’limotiga binoan, cheksiz qayta tug‘ilishlar zanjiri (sansara)ni uzib tashlashi mumkin. Sansara zanjiridan chiqib ketish har bir dindorning tub maqsadi bo‘lishi kerak.
Buddaviylik braxmanizm ta’limotining asoslarini qabul qilishi bilan birga, unga muxolif din ham bo‘lgan. Birinchi navbatda, buddaviylik braxmanizmga xos bo‘lgan boylik, hokimiyat va hayotiy lazzatlarga intilishlardan voz kechib, ulardan xalos bo‘lishning o‘rtacha yo‘lini tanlagan. Boylik, hayotiy lazzatlarga xirs qo‘yish kabilar tubanlik va ma’naviy buzilishlarga olib keladi, uning antipodi jaynizmning ixtiyoriy zohidlik g‘oyasi ham insoniylik ruhiga munosib emas deb hisoblangan. Braxmanizmda ruhning ko‘chishini faqat braxmanlar to‘xtatishi mumkinligi to‘g‘risidagi aqida qabul qilingan.
Buddaviylikda kishining qaysi tabaqaga mansub bo‘lishidan qat’i nazar, ilohiy haqiqatga erishishi mumkinligi qayd etilgan. Shuningdek, ilohiy haqiqatga individual asosda erishish yo‘li qabul qilingan. Individual xalos bo‘lish yo‘li odamlarning o‘z taqdirini o‘zgartirishi mumkinligiga ishonchini mustahkamlaydi, individning ichki dunyosini din talablari asosida takomillashtirishga imkoniyat yaratadi.
Braxmanizm jamiyatning kastalarga bo‘linishini xudo belgilagan qonun darajasiga ko‘targan bo‘lsa, buddaviylikda kishilarning tabaqaviy tengsizligi inkor etilgan. Har bir inson (tirik jon)da mutlaq ruhning bir zarrasi mujassamlashganligi sababli xudo oldida teng hisoblangan. Buddaviylikdagi odamlarning xudo oldida tengligi g‘oyasi uning keyinchalik jahon dini darajasiga ko‘tarilishi uchun shart-sharoit yaratgan.
Budda ta’limoti quyidagi to‘rtta buyuk haqiqatga asoslanadi:
hayot iztiroblardan iborat;
iztiroblarning manbai – ehtiros va istaklarga to‘la hayot;
iztiroblardan nirvanaga (sanskrit tilidan so‘zma-so‘z tarjimasi – o‘chish, so‘nish degan ma’noni anglatadi) erishish orqali xalos bo‘lish mumkin;
haqiqatni anglash va nirvanaga erishishning yo‘li mavjud.
Diniy ta’limotda hayotning iztiroblardan iborat ekanligi qayd etiladi. Iztiroblar kishini doimo ta’qib qiladi. Odamlar o‘z manfaati va ehtiyojlarini ta’minlash uchun doimo to‘siqlar va qiyinchiliklarni yengib o‘tishga majbur bo‘ladi. Maqsad sari tashlangan har bir qadam to‘xtovsiz ravishda yangidan-yangi iztiroblarni vujudga keltiradi. Kishi iztiroblardan xalos bo‘lish uchun ehtiros va istaklaridan voz kechishi kerak.
Budda iztiroblardan xalos bo‘lish va nirvanaga erishishning sakkiz bosqichli yo‘lini ishlab chiqqan:
to‘g‘ri e’tiqod – hayotning iztiroblardan iborat ekanligini idrok etish, istak va ehtiroslarni ongli ravishda cheklash;
to‘g‘ri yo‘l – kishi o‘z hayot yo‘lini to‘g‘ri tanlay bilishi;
to‘g‘ri so‘z – insonning gapi samimiy va adolatli bo‘lishi;
to‘g‘ri ish – kuch ishlatishga yo‘l qo‘yilmasligi;
to‘g‘ri hayot – tinch, pokiza va adolatli yashash;
to‘g‘ri fikr – inson o‘z fikrining to‘g‘ri ekanligini nazorat qilishi;
to‘g‘ri niyat – yomonlikning jismimizda mujassamlashganligini bilish;
to‘g‘ri mushohada – meditatsiya va mushohada qilishning to‘g‘ri usullarini tanlash.
Kishi bu bosqichlarni birin-ketin o‘zlashtiradi, bir bosqichdan boshqasiga o‘tishi bilan ijtimoiy hayot zanjirlaridan ozod bo‘lib, ma’naviy erkinlikka erishadi, nirvanaga yaqinlashadi va mutlaq ruh (xudoning jismi)ga qo‘shilishga tayyor bo‘ladi.
Buddaviylik ta’limotiga ko‘ra, nirvana kishi ichki dunyosining shunday holatiki, unda barcha hissiyotlar, hayotiy ko‘nikmalar va dunyoga qiziqishlar so‘nadi. Odam ichki o‘zligidan va u orqali yashashga intilish asosida ruhning to‘xtovsiz qayta tug‘ilishini hosil qiluvchi sabablardan xalos bo‘ladi. Kishi ichki erkinlikka ega bo‘ladi. Bu shunday erkinlik va ruhiy holatki, unga erishgan kishiga hatto xudolar ham havas bilan qaraydi.
Nirvanaga erishish yo‘li juda murakkab bo‘lib, tashqi tomondan yordam bo‘lmasa, kishi mustaqil ravishda unga erisha olmaydi. Shu bois
bu yo‘lni tanlagan kishilarga nirvanaga erishish holatida bo‘lgan, lekin o‘zi bosib o‘tgan yo‘ldan ko‘proq odamlarning o‘tishi uchun yordam berishga tayyor turuvchi avliyosifat odamlar – bodxisatvalar (sanskrit tilida – tabiatan uyg‘otuvchi, ziyo beruvchi kishi degan ma’nolarni anglatadi) ustozlik qiladi.
Buddaviylik har qanday ko‘rinishdagi keskinliklarga qarshi bo‘l- ganligi sababli, nirvanaga erishish yo‘lini tanlagan kishidan albatta tarki dunyo qilishni, hayot quvonchlaridan voz kechib, dunyo kezib yurishni talab qilmaydi. Tarkidunyolikni tanlagan odamlar odatda ibodatxona jamoalari – sangaga birlashib yashaydilar.
Buddaviylikda ibodatxonalar (hindularda sangalar deb ataladi) ruhoniylarning iyerarxiya prinsipi asosida tashkil etilmagan yagona tashkiloti va buddaviylikni tashviqot qiluvchi markazi bo‘lib qolgan. Ibodatxonalarda jamoa a’zolaridan shaxsiy gigiyenaga amal qilishlari bilan birga, yashaydigan joylarining toza bo‘lishi ham talab qilingan. Erkaklar sangalari bilan birga, ayollar sangalari ham tashkil etilgan. Ayollar sangalari kam sonli bo‘lib, asosan aholi punktlariga yaqin joylarda qurilgan. Bu yerdagi diniy marosimlarni unga yaqin turgan erkaklar sangalarining ruhoniylari bajarganlar.
Ibodatxonalarda ruhoniylar diniy marosimlarni bajarish bilan birga, diniy ma’lumot olganlar, muqaddas yozuvlar matnini ko‘chirganlar va boyitib borganlar. Ularning sa’y-harakatlari bilan milodiy I asrning boshlarida buddaviylikning muqaddas kitobi «Tripitaka» (sanskrit tilida – uchta savat degan ma’noni anglatadi) yozib tugallangan.
Tripitaka uch qismga (pitakka) bo‘linadi va quyidagilardan iborat:
«Vinaya pitaka» beshta kitobdan tuzilgan bo‘lib, unda sangalarni tashkil etish prinsiplari, jamoaga yangi a’zolarni qabul qilish tartibi, rohiblarning turmushi va dindorlar bilan munosabatlari tartibga solingan;
«Sutta pitaka» (sutralar savati) hajmi bo‘yicha eng katta qism bo‘lib, diniy ta’limot masalalariga bag‘ishlangan. Budda va uning shogirdlariga tegishli hikoyalar, pand-nasihatlar, afsonalar to‘plamidan iborat poemalar va ularga berilgan sharhlardan tuzilgan;
«Abxidxamma pitaka» (dxarma savati) yettita kitobdan iborat bo‘lib, unda diniy-falsafiy va axloqiy muammolar bayon qilingan. U Budda vahiylari sifatida talqin qilingan. Lekin u dastlabki ikki qismga nisbatan ancha keyin yaratilgan va ayrim buddaviylik mazhablarida muqaddas bitik sifatida tan olinmagan.
Boshqa dinlar qatori, buddaviylik ham oqim va mazhablarga bo‘linadi.
Buddaviylikda ikkita asosiy oqim mavjud. Ular quyidagilardan iborat: