Iudaizm dini Falastinda miloddan avvalgi II ming yillikning oxirlari – I ming yillikning boshlarida vujudga kelgan. «Iudaizm» atamasi yahudiy qabilalar ittifoqiga kirgan (Ruvit, Simon, Levin va Iuda singari) 12 qabilaning eng kattasi nomidan olingan. Miloddan avvalgi X asrda ular Iuda qabilasi atrofida birlashtirilgan. Qabila vakili Dovud Isroil-yahudiy davlatining podshohi lavozimini egallagan.
Miloddan avvalgi XIII asrda yahudiy ko‘chmanchi qabilalari Falas- tinga bostirib kelishiga qadar totemizm, animizm va sehrgarlik avj olgan va ko‘pxudolik amalda mavjud bo‘lgan. Yahudiylarning diniy e’tiqodida yakkaxudolik g‘oyalari Falastinni bosib olganidan keyin shakllana boshlagan. Bu jarayon uzoq vaqt davom etgan. Dastlab bosh xudo sifatida Yaxve (Iyegova) tog‘lar, chaqmoq, momaqaldiroq va suv xudosi qabul qilingan bo‘lsa-da, aholi ko‘pxudolik an’analarini saqlab qolgan. Miloddan avvalgi 622 yilda podsho Iosif ko‘pxudolik amaliyotini tugatish maqsadida Yaxvedan boshqa xudolarga sig‘inishni bekor qilgan. Lekin yakkaxudolikni joriy qilish maqsadida davlat tomonidan ko‘rilgan choralar ham samara bermagan. Miloddan avvalgi 586 yilda Yangi Bobil podshosi Navuxodonosor Iudeyani bosib olganidan keyin vaziyat tubdan o‘zgargan. Navuxodonosorning buyrug‘i bilan Quddusdagi iudaizmning bosh ibodatxonasi vayron qilingan. Yahudiylarning bir qismi Mesopotamiyaga majburan ko‘chirilgan. Isroilda mustaqillik uchun kurash boshlangan. Iudaizm dini yahudiylarning davlat mustaqilligini qayta tiklash va majburan ko‘chirib yuborilgan yurtdoshlarini Vataniga qaytarish uchun
kurashida (diaspora) mafkura vazifasini bajargan. Shu vaqtdan boshlab yakkaxudolik g‘oyasi yahudiylarni birlashtiruvchi diniy mafkura sifatida jamiyatda mustahkamlangan.
Iudaizm dini aqidalari va marosimlari muqaddas manbalarda bayon qilingan. Ular muqaddas bitiklar (Tanak) va muqaddas rivoyatlar (Talmud
– qadimgi yaxudiy tilida lameyd – o‘rganish degan ma’noni anglatadi)ga bo‘linadi.
Tanak – xristianlikning muqaddas kitobi Injil (Bibliya)ning Eski ahd qismiga kiritilgan. Tanak manbalarda Tavrot deb qayd etiladi. Tavrot miloddan avvalgi X–V asrlarda yozilgan va quyidagi kitoblardan iborat: Borliq, Chiqish, Loviy, Sonlar, Ikkinchi qonun. Miloddan avvalgi V asrda muqaddas bitik yagona to‘plam sifatida dastxat qilingan. Tavrotning qismlarida Yaxvening yagonaligi, olamning yaratilishi, Adam va Yevaning jannatdan quvilganligi, ularning avlodlarini sarguzashtlari hamda xudo bilan murakkab munosabatlari tasvirlangan.
Muqaddas manbalarda qayd etilgan rivoyatlarga binoan, payg‘ambar Musa (Moisey)ga Sinay tog‘ida xudo Yaxvedan vahiy kelgan. Xudo Yaxve uning vositachiligida yahudiy xalqi bilan ahdnoma «zavet» tuzishni taklif etgan. Ahdnomaning asosini ikkita shart tashkil etadi. Birinchisi – yahudiy xalqi Yaxveni xudolarning eng qudratlisi emas, balki yagona xudo, borliqning yaratuvchisi va unda yuz berayotgan hodisalarni belgilovchi sifatida tan olishi lozim. Ikkinchisi – yahudiylarga Yaxvega sodiqligini isbotlasa, xudoning nazari tushgan xalq imtiyozi beriladi va uning himoyasida bo‘ladi.
Yahudiylar xudoning sevimli bandasi bo‘lib, ularga yerda inson- parvarlik, tenglik, farovonlik, hamjihatlik va boqiy hayotga hukmron ilohiy jamiyatni qurish messiyasini bajaruvchi xalq mas’uliyati yuklatilganligi aqidasi mavjud. Binobarin, unga asoslanib ravvinlar (qadimgi yahudiy tilida rabbi – mening ustozim degan ma’noni anglatadi), ya’ni ruhoniylar miloddan avvalgi 444 yilda yahudiylarning boshqa xalqlar bilan quda-andachilik munosabati o‘rnatishini taqiqlovchi qonun qabul qilinishiga erishganlar. Masalaning diqqatga sazovor jihati shundaki, bir tomondan, bu qonun yahudiylarni boshqa xalqlarga qarshi qo‘yish (hatto ularning ta’qibi)ga sabab bo‘lsa, ikkinchi tomondan, xalqni qiyin sinovlarni yengib o‘tish yo‘lida jipslashtiruvchi vosita vazifasini bajargan.
Yaxve Musaga Sinay tog‘ida «ahdnoma» bergan. Ahdnomaning maz- muni Tavrotning «Chiqish» va «Ikkinchi qonun» qismlarida qayd etilgan. U o‘nta diniy aqidalar, axloqiy-huquqiy normalardan tuzilgan. Ular quyidagilardan iborat:
faqat Yaxvega sig‘inish;
Yaxvedan boshqa osmondagi, yerdagi, suvdagi yoki undan pastda turgan narsalar va mavjudotlarni ilohiylashtirmaslik, ularning butlarini yaratmaslik va sig‘inmaslik;
haftaning olti kunida ishlab, shanba kunida xudoga sig‘inishni unutmaslik (zero, xudo dunyoni olti kun davomida yaratib, yettinchi kunida fatvo bergan va uni muqaddaslashtirgan);
Ahdnoma shartlari yahudiylar uchun amal qiladi va boshqa xalqlar vakillari bilan munosabatlarda legitimlik kuchiga ega emas. Zero, «jonga- jon, qonga-qon» aqidasi bu muammoga ko‘proq oydinlik kiritishi ehtimoldan xoli emas.
Tavrotning «Chiqish» kitobida yakkaxudolik Moiseyning yahudiy- larni Misr qulligidan qutqarganidan keyin joriy qilinganligi to‘g‘risida hikoya qilingan. Tarixda yahudiylarning Misrda tutqunlikda bo‘lganligi qayd etilmagan. Rivoyatda aks ettirilgan hodisalar yahudiylarning Falastinni bosib olish uchun kurashi davri bo‘lsa kerak.
Iudaizmning muqaddas rivoyatlari Talmud (qadimgi yahudiy tilidagi lameyd so‘zidan olingan bo‘lib, o‘rganish, tahlil qilish degan ma’nolarni anglatadi) hisoblanadi. Diaspora davrida Tavrotning matnlariga sharhlardan tuzilgan. Miloddan avvalgi II–I asrlarda Talmud og‘zaki an’ana shaklida yoyila boshladi. Milodiy III–V asrlarda dastxat qilingan. Jinoiy va fuqaroviy munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlar, axloq normalari, diniy aqidalar va qoidalarning sharhlari, oilaviy va shaxsiy hayot masalalari yuzasidan maslahatlardan tuzilgan.
Diniy aqidalarni tafsir qilish keyingi davrlarda ham davom ettirilgan. O‘rta asrlarda iudaizm o‘zining eski mazmunini saqlab qolgan holda biroz o‘zgargan. XI–XII asrlarda iudaizmda hukmronlik qilgan ravvinlar uning ko‘p tomonlarini qayta ishlab chiqqanlar. O‘rta asrning ko‘zga ko‘ringan faylasuflaridan biri bo‘lgan ravvin Maymond iudaizmning 13 ta asosiy aqidasini tuzib chiqqan. Ular quyidagilardan iborat: 1) olamni yaratuvchi xudo bor; 2) u bitta; 3) u jismsiz; 4) u ibtidosiz; 5) faqat xudoning bir o‘ziga sig‘inish kerak; 6) tabiiy sir – haqiqat; 7) Muso payg‘ambarlarning
eng ulug‘i; 8) tora (tavrot), ya’ni injilning birinchi besh kitobi Musoga xudo tomonidan berilgan; 9) Musoning qonunlarini boshqa qonunlar bilan almashtirib bo‘lmaydi; 10) koinot xudoning irodasi bilan boshqariladi; 11) yaxshilarga yaxshilik, yomonlarga jazo bor; 12) Isroilga xaloskor keladi;
o‘lganning tirilishi haqiqat.
Maymond yozgan yuqoridagi aqidalar orqali iudaizmni yanada ku- chaytirish, uning feodalizm manfaatlarini kuchliroq himoyachisiga aylantirish, dinni shakkoklik va kufrlardan himoya qilish, iudaizmni zamonaviylashtirishga urinish edi. Yangi aqidalarda iudaizmning xaloskorlik vazifasini kuchaytirish ham maqsad qilib olingan.