Hindiston diniy tizimlarining aqidalaridagi o‘xshashliklar, odamlarning diniy e’tiqodni tanlash erkinligi kabi omillar diniy e’tiqodi turlicha bo‘lgan xalqlarning tinch-totuv yashashlariga shart-sharoit yaratgan. Ammo yuqoridagi fikrga asoslanib, diniy tizimlar o‘rtasida mintaqada hukmronlik uchun keskin kurash bo‘lmagan, degan xulosaga kelish xatodir. Bunday kurash nafaqat diniy tizimlar o‘rtasida, balki bitta diniy tizimdagi xudolar darajasida ham to‘xtovsiz davom etgan. Masalaning diqqatga sazovor jihati shundaki, ular o‘rtasidagi keskin raqobat jamiyatda to‘qnashuvlarni, diniy urushlarni keltirib chiqarmagan.
Buddaviylikning davlat dini sifatida tan olinganligi (miloddan avvalgi III asr) diniy tizimlar o‘rtasidagi raqobatni susaytirmagan. Bu kurash, ayniqsa, braxmanizm va buddaviylik dinlari o‘rtasida murosasiz kechgan. Lekin braxmanizm avvalgi holatida qayta tiklanishi mumkin emas edi. Natijada braxmanizmning negizida yangi diniy ta’limot – hinduiylik vujudga kelgan. Uning shakllanish jarayoni milodiy I asrga kelib yakunlangan va Hindistonda keng yoyilishi milodiy IV–VI asrlardagi Guptalar imperiyasi davriga to‘g‘ri kelgan. Buddaviylik bilan hinduiylikning raqobat kurashi uzoq davom etgan. Faqat X asrga kelib, buddaviylik Hindistondan uzil-kesil siqib chiqarilgan.
Yangi dinni «hinduiylik» deb atash VIII asrda islom dinining Hindistonda yoyilishi bilan bog‘liqdir. Islom dinini qabul qilmagan aholini mahalliy musulmonlar «hindilar» deb ataganlar va keyinchalik ilmiy adabiyotda yangi din tarafdorlari «hinduiylar» deb atala boshlangan. Hinduiylar o‘z diniy e’tiqodlarini «arya-dxarma» (oriylar qonuni) yoki
«sanatana dxarma» (abadiy qonun) deb ataganlar.
Hinduiylik Hindistonda qadimgi davrlardan paydo bo‘lgan barcha din turlarini, mahalliy xalqlarning urf-odatlari, an’ana va udumlarini qabul qilgan. Ushbu din buddaviylikka ko‘p jihatlari bilan o‘xshash bo‘lsa ham, kasta tizimini muqaddaslashtirganligi, mahalliy urf-odatlar va an’analarni, afsonalar, rivoyatlar va bayramlarni qabul qilishi va boshqa jihatlari bilan undan farq qilgan. Shu bois, haqli ravishda, hinduiylik «hind turmush tarzi» deb ataladi.
Yangi din mazmuni va mohiyati jihatidan nihoyatda kengligi va moslashuvchanligi bilan ajralib turgan. Undan turli tabaqa vakillari o‘zlarini qiziqtiruvchi muammolarga javob topganlar. Uning negizida diniy tilsimotlar, falsafiy mulohazalar, yoga falsafasi va amaliyoti, ibtidoiy diniy qarashlar, diniy xurofotlar va irimlar o‘zaro qo‘shilib ketgan. Zero, murakkab falsafiy qarashlar faqat uni tushunib, o‘rganadigan dindorlar uchun saqlanib qolgan. Aholining o‘rta va quyi tabaqa vakillari asrlar davomida saqlanib qolgan, sodda va tushunarli qadimiy marosim va an’analarga e’tiqod qilishni davom ettirganlar.
Hinduiylik ta’limotining kengligi, rang-barangligi sababli sanskrit tilida yozilgan vedalar, braxmanlar matnlari va upanishadalar muqaddas bitik sifatida qabul qilingan. Hinduiylikning eng qadimgi muqaddas bitigi
– Vedalar (sanskrit tilida – bilim degan ma’noni anglatadi) miloddan avvalgi II ming yillikning o‘rtalaridan miloddan avvalgi I ming yillikning o‘rtalarigacha she’riy uslubda yozilgan diniy-adabiy yodgorlik. Unga xudolarga madhiyalar aytish, afsun va jodular, ibodatlar va qurbonliklar qilish tartibi kabilar kiritilgan. Vedalarning hajmi juda kattaligi sababli to‘rt to‘plam (samxitlar)ga bo‘lingan. Vedalar matnining mazmunini tushunish juda qiyinligi sababli muqaddas yozuvlarni tafsir qiluvchi to‘plam vedangalar (vedalarning qismi) yaratilgan.
Braxmanlar matnlari ham hinduizmning muqaddas bitiklaridan biri sifatida qabul qilingan. Braxmanlar matni kastalar tuzumining shakllanishi davrida vedalarni sharhlashga bag‘ishlangan diniy traktat sifatida yaratilgan. Ushbu muqaddas bitik mazmunan braxmanlarning jamiyatdagi rahbarlik mavqeini mustahkamlashga xizmat qilgan.
Diniy ta’limotning muhim manbalaridan yana biri upanishadalar (sanskrit tilida – sirli ta’limot degan ma’noni anglatadi) bo‘lib, diniy- falsafiy asarlar to‘plami hisoblanadi. Unda vedalar sharhlangan, dunyoning paydo bo‘lishi, materiya va ruhning munosabatlari, xudolarning mohiyati kabi masalalar tahlil qilingan. Upanishadalar matni Hindistondagi boshqa muqaddas bitiklar singari juda uzoq vaqt davomida to‘plangan. Uning eng qadimgi qismi miloddan avvalgi VIII–VI asrlarda yaratilgan. Matnining ayrim qismlari yozilgan vaqt milodiy yil hisobi boshlangan tarixiy davrlarga to‘g‘ri keladi.
Muqaddas yozuvlar matni asrlar davomida to‘ldirib borilganligi sababli ularni o‘rganishda til va urf-odatlar bilan bog‘liq qiyinchiliklar vujudga kelishi muqarrar edi. Mazkur muammolarni hal qilish maqsadida muqaddas yozuvlarni o‘rganishga ko‘maklashuvchi qo‘shimcha adabiyotlar yaratilgan. Ulardan biri sutralardeb ataladi. Sutralar diniy
ta’limotning juda qisqa bayoni bo‘lib, avloddan-avlodga og‘zaki tarzda o‘tib kelgan. Uning mazmunini tajribali ustozning yordamisiz tushunish juda qiyin bo‘lgan. Sutralarning asosiy qismi diniy marosimlarga bag‘ishlangan. Shuningdek, ularda hukmron kastalarning yashash qoidalari va kundalik diniy majburiyatlar bayon qilingan.
Muqaddas bitiklarni o‘rganishga ko‘maklashuvchi sutralar bilan birga, o‘quv matnlar hisoblanuvchi shastralar ham vujudga kelgan. Shastralar she’riy uslubda yozilgan bo‘lib, diniy ta’limotning turli sohalaridan bilim beradi. Ular orasida eng mashhuri axloq qoidalariga bag‘ishlangan «Manu qonunlari» (Manava-dxarma-shastra) hisoblanadi.
Hinduiylikning muqaddas yozuvlari sifatida «Mahobxorat» va
«Ramayana» dostonlari ham qabul qilingan. «Mahobxorat» dostonining matnlarini to‘plash miloddan avvalgi I ming yillikning boshlariga to‘g‘ri keladi va bu jarayon bir yarim ming yil davom etgan. Dostonning dastlab hinduiylik ta’limoti bilan hech qanday aloqasi yo‘q edi, lekin ruhoniy braxmanlar uning matniga diniy mazmundagi ko‘plab lavhalarni kiritganliklari tufayli u diniy qonunlarni o‘rgatuvchi asar – dxarma- shastriga aylantirilgan.
Hinduiylikning muqaddas bitiklarini o‘rganish orqali uning ko‘p xudolikka asoslangan ta’limot ekanligi to‘g‘risida xulosaga kelish mumkin. Hinduizmda xudolarga sig‘inishning o‘ziga xos jihatlari mavjud. Bu borada, eng avvalo, xudolarga qurbonlik ibodat qilishning boshqa turlari bilan almashtirilganligini qayd etish lozim. Lekin qon chiqarib qurbonlik qilish marosimi butunlay yo‘q bo‘lib ketmagan. Shuningdek, dindorlarga o‘z e’tiqodi va manfaatlariga ko‘ra, qaysi xudoga sig‘inishni mustaqil tanlash erkinligi berilgan. Ibodatxonalarda va diniy marosimlarni bajarish uchun ajratilgan boshqa joylarda odam, yarim odam va yarim hayvon qiyofasida tasvirlangan xudolarning haykallarini qo‘yish hamda ularga sig‘inish keng yoyilgan.
Hinduiylikda bosh xudolar sifatida Braxma, Vishnu va Shiva qabul qilingan. Ular turli sohalarga ixtisoslashgan va bir-birini to‘ldiradi. Bosh xudolarning birinchisi – yaratuvchi xudo Braxma. U oliy ibtidoiy borliq va abadiylikning birligidan o‘tkinchi va rang-barang dunyo, ya’ni olam va undagi mavjudotlarni yaratgan. Hinduiylik ta’limotida dindorlar Braxma yaratgan dunyodan chiqib ketib, nirvanaga erishishga intiladi, ya’ni u hinduiylarning maqsadiga qarama-qarshi bo‘lgan vazifani bajargan. Shu bois hinduiylik nuqtai nazaridan qaraganda, Braxmaning tabiat va odamlar uchun qilgan xizmati o‘zga bosh xudolarnikidan katta deb hisoblanmagan. Braxmaning odamlarning kundalik hayotida zarur bo‘lgan boshqa va-
zifalari yo‘qligi sababli dindorlar ham unga najot so‘rab murojaat qilmaydi, Braxmaning sharafiga bag‘ishlangan diniy marosim va ibodatlar ham o‘tkazilmaydi.
Hinduiylikning bosh xudolari qatorida ikkinchi xudo Shiva hisoblanadi. Shiva – vayron qiluvchi xudo, san’at va bilim, aysh-ishrat va ishqiy sarguzashtlar homiysi; hayotiy kuchlar, erkaklik ibtidosi va tabiat stixiyasining timsoli. U tabiat kuchlari kabi ziddiyatli xudo. Shiva odamlarga yomonlik qilib, uning oqibatlarini o‘zi bartaraf etadi, chorvaga homiylik qiladi yoki ularga ziyon yetkazadi.
Shivaning ziddiyatli mohiyati uning qiyofasini tasvirlashda ham namoyon bo‘ladi. Uning peshonasida uchinchi, ya’ni vayron qiluvchi ko‘zi bor, lekin aynan shu ko‘zi bilan u odamlar ko‘ra olmaydigan narsalarni ko‘radi. Shiva tanasi atrofida ilonlar va bo‘ynida odamlarning bosh suyaklari osilib turgan holatda tasvirlanadi. Yovuz ruhlar u bilan doimo birga yuradilar.
Shiva ko‘pincha muroqaba (kishining ongi, his-tuyg‘ulari, sezgilari, jismoniy faolligi kabilarni so‘ndirishi va nazorat qilishiga yordam beradigan amaliyot, usul va mashqlar tizimi) bilan shug‘ullanayotgan yog qiyofasida tasvirlanadi. U meditatsiyadan raqsga tushuvchi xudo holatiga o‘tishi mumkin. Raqs uchun ko‘ngilxushlik vositasi emas. Shiva raqs orqali dunyolarni va hayotiy kuchlarni yaratadi, butun olamning harakat tartibini belgilaydi va uni vayron qiladi.
Vayron qiluvchi xudo o‘zining buyuk qudratini har doim ham namoyon qila olmaydi. Diniy rivoyatlarda aytilishicha, u buyuk kuchni meditatsiyalar davomida to‘playdi. Zero, Shivaning tarkidunyochilik yo‘lini tanlagan qalandarlarga homiylik qilishi sababli ularda shunday buyuk ilohiy kuch bor deb hisoblanadi. Uning ilohiy kuchi jinsiy munosabatlarda ham ko‘payishi mumkin va bu kuch uning xotinlariga ham o‘tadi. Shivaning juda ko‘p xotinlari uning qudratini namoyon qiluvchi ilohiy mavjudotlar sifatida qabul qilingan. Masalan, uning xotinlaridan biri
– ma’buda Durga o‘nta qo‘lli dahshatli ayol qiyofasida tasvirlanadi. Ma’buda devlarga qarshi shafqatsiz kurashi bilan nom qozongan. U dindorlar orasida ulug‘ ona va ayollik timsoli sifatida ulug‘lanadi.
Shivaning xotinlari qo‘rqinchli mavjudotlar qiyofasida tasvirlanib, odamlarni qo‘rquv va umid bilan saqlashda unga yordam bersa ham, uning xotinlari bilan o‘zaro munosabatlari muhabbat va sadoqatga asoslangan. Misol uchun, Shivaning birinchi xotini Sati erining sha’nini himoya qilib, o‘zini olovga tashlagan. Ehtimol, shuning uchun bo‘lsa kerak, hind ayollari orasida eri vafot etganidan keyin unga abadiy sodiq bo‘lib qolish
uchun o‘zlarini olovga tashlash marosimi (Sati marosimi) mavjud bo‘lgan. Marosim XX asrning o‘rtalarigacha saqlanib kelgan va hozir ham uzil- kesil yo‘q bo‘lib ketmagan. Shiva odamlarning kundalik hayoti bilan bog‘liq juda ko‘p sohalarga homiylik qilganligi bois unga hinduiylarning yarmiga yaqini e’tiqod qiladi.
Xaloskor xudo Vishnu bosh xudolarning uchinchisi hisoblanadi. U Shiva kabi ziddiyatli ilohiy mavjudot emas. Vishnu odamlarga ilohiy haqiqatni yetkazadi va adolatning g‘alaba qozonishiga yordam beradi. Vishnu odamlarni zulmdan xalos qilishi bilan birga xavf-xatardan ham saqlaydi. O‘z vazifalarini bajarish uchun turli qiyofa (avatar)larda dunyoga keladi. Diniy manbalarda uning necha bor dunyoga kelishi to‘g‘risida har xil ma’lumotlar berilgan.
«Mahobxorat» dostonida Vishnuning mingta qiyofasi to‘g‘risida hikoya qilingan. U azaldan Budda, Krishna va Ram kabi qiyofalari bilan odamlar orasida mashhur bo‘lgan. Umuman, odamlarga ko‘p qiyofali Vishnuning qaysi ko‘rinishi yaqin bo‘lsa, o‘shanisiga sig‘inishlari mumkin sanalgan. Vishnu to‘g‘risidagi diniy rivoyatlarning diqqatga sazovor jihati yana shundaki, unga binoan oxiratda dunyoda muttahamlarning hukmronligi o‘rnatiladi, ularning qalbida adolat va xudoga nisbatan ishonch va e’tiqod so‘nadi. Vishnu so‘nggi marta oq ot mingan chavandoz qiyofasida dunyoga kelib, insoniyatni halokatdan qutqaradi. O‘shanda adolatli jamiyat quriladi va insoniyatning oltin asri boshlanadi. Vishnuga o‘z vazifalarini bajarishda go‘zallik va baxt ma’budasi – Lakshmi va uning boshqa xotinlari yordam beradi. Ular o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro hurmat, sevgi va sadoqat asosiga qurilganligi qayd etiladi. Vishnu dindorlar orasidagi mavqei bo‘yicha Shiva bilan raqobat qiladi.
Boshqa diniy tizimlardagi kabi hinduizmda ham dindorlarning axloq qoidalariga qat’iy amal qilishlari talab qilinadi. Bu qoidalar quyidagi ta’limotlarda ifodalanadi:
dxarma (sanskrit tilida – qonun, majburiyat degan ma’nolarni anglatadi) – odamlarning burchi va majburiyatlarini belgilaydi. Dxarma qoidalari turli kastalarning burchlari va majburiyatlarini tartibga soladi, dindorlardan ushbu qoidalarning bajarilishini talab qiladi;
kama (braxmanizm va hinduizmda sevgi xudosi) – hissiy istak va mayllar qondirilishining ahamiyatini belgilaydi;
moksha (sanskrit tilida – joydan-joyga ko‘chish, darbadarlik degan ma’nolarni anglatadi) – sansaradan xalos bo‘lish haqidagi ta’limot.
Dxarma har bir tirik jonzodning ijtimoiy ahamiyatini belgilaydi, odamlarning xulq-atvorini tartibga soladi, ularni jamiyat va tabiat bilan uyg‘un holda yashashga da’vat etadi. Lekin dxarma qoidalarida odamlarning huquqdagi tengligi e’tirof etilmaydi, aksincha kastalar tuzumi muqaddaslashtiriladi.
Dxarma kuch ishlatmaslik qoidasiga qat’iy amal qilishni talab etadi. Kuch ishlatmaslik odamdan nafaqat jismoniy majburlashdan voz kechishni, balki yomon niyatda bo‘lmaslik, xudbinlikni yo‘q qilish, g‘azab va nafratni tiyish, o‘z xatti-harakatlarini nazorat qilish kabilarni talab qiladigan qoidalardan iborat. Inson yomonlikka – yomonlik, zulmga – zulm bilan javob bermasligi kerak. Odam kechirimli bo‘lishi, ammo hayot oqimiga qarab yashamasligi lozim. Har kim mustaqil hayot yo‘lini tanlashi va belgilangan maqsadga erishishda qiyinchiliklarni matonat bilan yengib o‘tishi kerak.
Hinduiylikda yerdagi hayot lazzatlaridan bahramand bo‘lishning ahamiyati qayd etiladi. Karma qoidalariga binoan, odam diniy va dunyoviy qoidalarga amal qilib yashashi bilan birga, hissiy quvonchlar va jinsiy istaklardan ham voz kechmasligi kerak.
Insonlarning hurmati boyligiga qarab belgilanmaydi. Odamlarning hurmatini qozonishda boylikning muayyan darajada ahamiyati bor, lekin yashashdan maqsad boylik to‘plash emas, balki karmaning ta’siridan xalos bo‘lishdan iborat. Zero, kishining hayot yo‘li topgan davlatiga emas, balki odamiyligi va taqvodorligiga qarab baholanadi. Kishilarning o‘z ichki dunyosi va tabiat bilan uyg‘unlikda yashashlari rag‘batlantiriladi.
Hinduiylikning diniy-axloqiy qadriyatlari kishini ijtimoiy faollikka, ijtimoiy norozilikka va sinfiy kurashga da’vat etmaydi. Ularga jamiyatda tenglikka intilib yashash, ijtimoiy adolatsizliklarga qarshi kurashish, sinfiy birdamlik kabilar xos emas. Bunday qarashlar karma qoidalariga va ruhning aynan qayta tug‘ilishda yuz berayotgan voqealar uchun individual javobgarligi haqidagi diniy ta’limotga zid keladi. Ijtimoiy hayotni yaxshilash uchun kurashish kuch ishlatmaslik aqidasiga ham mos kelmaydi.
Hinduiylik dastlab jamiyatda kasta tuzumini mustahkamlashga yordam berishi bilan birga odamlarning siyosiy hokimiyatga munosabat- lari va siyosiy faolliklarini rag‘batlantirmagan, kastalar o‘rtasidagi birdamlikka da’vat etmagan. Oqibatda, siyosiy hayotda o‘ziga xos bo‘shliq paydo bo‘lgan. Bunday vaziyatdan turli siyosiy kuchlar (asosan tashqi siyosiy kuchlar) ustalik bilan foydalanganlar. Hind jamiyati xalqning mentaliteti ta’sirida tashqi kuchlarning bosqiniga qarshilik ko‘rsatishga
ojiz bo‘lib qolgan. Mavjud vaziyatdan dastlab qo‘shni davlatlar, keyinchalik ingliz bosqinchilari ustalik bilan foydalanganlar.
Hinduiylik ta’limotida jannat va do‘zax to‘g‘risidagi g‘oya mavjud. Bu g‘oya hinduiylikning sansara ta’limotiga zid keladi. Shunday bo‘lsa-da, jannat va do‘zax to‘g‘risidagi g‘oya qabul qilingan va uning mazmuni tarixiy taraqqiyot ta’sirida o‘zgarib borgan. Dastlab narigi dunyoda faqat jannat mavjud deb tasavvur qilingan. Jannatga tushish uchun ruhning sinovlardan o‘tishi talab qilinmagan. Ma’lumki, Hindistonda qadimdan vafot etgan odamning jasadi o‘tda kuydirilgan. Mayitni kuydirish marosimi olov xudosi – Agniga sig‘inish bilan bog‘liq. Olov xudosi marhumning savobi va gunohlarini aniqlab, keyingi taqdirini hal qilgan. Bu jarayon dastlab juda sodda tasavvur qilingan. Unga binoan, olovda insonning tanasi kuydirilib gunohlaridan tozalangan, kishining gunohi va qusurlari kulda qolgan. Olov bilan soflangan ruh narigi dunyoda tana va- zifasini bajaradigan yupqa qobiq hosil qilib jannatga tushgan. Ruh jannatda ajdodlari bilan birgalikda baxtli va farovon yashagan. Lekin keyinchalik do‘zaxning narigi dunyoda ham mavjudligi haqidagi g‘oya vujudga kelgan. Odamlarning hayotligi davrida qilgan gunohlari evaziga do‘zaxda jazolanishlari belgilangan.
Hinduiylikda do‘zax juda ko‘p ko‘rinishlarga ega deb tasavvur qilinadi va ular bir-biridan jazo berish usullari bilan farqlanadi. Masalan, braxmanni o‘ldirgan odamlarning ruhi eng qo‘rqinchli do‘zaxga tushadi. Bu do‘zaxga tushgan kishining oyog‘i ostida doimo olov yonib turadi. Boshining ustida cho‘g‘dek qizitilgan temir turadi. Diniy urushlar, to‘qnashuvlar va janjallarni keltirib chiqargan odamlar vafot etganidan keyin tushadigan do‘zaxda ular yomon chiqindilar bilan to‘ldirilgan daryoga tashlanadi.
Hinduiylikdagi jannat va do‘zax to‘g‘risidagi qarashlar ajdodlar ruhiga sig‘inish marosimining mavjudligiga ham zid keladi. Chunki odam vafot etganidan keyin uning ruhi qayta tug‘ilish zanjirini uzib tashlab, nirvanaga erishmas ekan, dunyoga to‘xtovsiz qaytib kelaveradi. Ruhning turli mavjudotlarga ko‘chishi sababli kim-kimning ajdodi ekanligini aniqlab bo‘lmaydi.
Yuqorida qayd qilinganidek, ajdodlar ruhi bu dunyoga qaytib kel- masligi, ya’ni narigi dunyoda qolishi mumkin. U dunyoda qolgan ruh tana vazifasini bajaruvchi yupqa qobiqqa joylashadi va jannatga tushadi. Ruhning o‘zi yupqa qobiqni yarata olmaydi. Muammo hal etilishi uchun yerda qolgan qarindoshlari marhumning xotirasiga bag‘ishlangan maxsus diniy marosimlarni bajarishlari kerak. Aks xolda ruh tanasiz qoladi va yerga qaytib kelib, odamlarga ziyon yetkazishi mumkin. Shu bois
marhumning yaqin qarindoshlaridan belgilangan marosimlarni to‘liq bajarish talab qilinadi. Ajdodlar ruhiga bag‘ishlangan marosimlarni bajarmagan kishi hatto vorislik huquqidan ham mahrum qilinishi mumkin. Bunday marosimlarning vafot etgan har qanday kishi uchun o‘tkazilishi shart bo‘lsa-da, ruhi qayta tug‘ilishdan to‘xtagan kishilar uchun ayniqsa muhim sanaladi.
Hinduiylikda ko‘pdan-ko‘p diniy marosimlarni bajarish ishlariga braxmanlar rahbarlik qiladilar. Ruhoniy braxmanlar qadimgi davrdagi braxmanlar kastasining vorislaridir. Hinduiylikda ham ular asosan imtiyozlarini saqlab qolganlar. Ular davlat tashkilotlari, xususiy firma va boshqarmalarda yuqori lavozimlarda xizmat qiladilar.
Braxmanlar ijtimoiy hayotning din talablari asosida tashkil etilishini nazorat qiladilar. Bu talablarning eng asosiylari jamiyatning kastalarga bo‘linishi va odamlarning o‘z kastasi qoidalariga so‘zsiz amal qilishlaridir. Braxmanlar kastasi vakillari ijtimoiy hayotning turli sohalarida faol ishtirok etsalar-da, ularning asosiy vazifasi jamiyat boshqa qatlamlarining diniy ehtiyojlarini ta’minlashdan iborat. Yuqorida qayd etilganidek, barcha muhim diniy marosimlar braxmanlar rahbarligida bajariladi. Diniy marosimlar asosan ibodatxonalarda o‘tkaziladi. Odamlar ibodatxonalarga xudoning butini e’zozlash, ibodat qilib, ehson berish niyatida keladilar.
Braxman har bir dindorning ehsonini qabul qiladi va uni ilohga yetkazish bilan bog‘liq marosimlarni bajaradi.
Hinduiylikda kishining maqsadga erishishida braxmanning vo- sitachiligi bilan birga g‘ayritabiiy kuchlarning xayrixohligiga erishish zarur deb hisoblangan. Bu esa diniy tizimda sehrgarlik amaliyoti – tantrizm (sanskrit tilida «tantra» – fikrni jimjimador qilib ifodalash, sir tutilgan matn, sehrgarlik)ning saqlanib qolishiga shart-sharoit yaratgan. Sehrgarlik usullari bo‘lmish tantralardan muqaddas afsunlar – mantralar vujudga kelgan. Hinduiylar mantralarda ilohiy kuch mavjud ekanligiga, ularni o‘qish bilan g‘ayritabiiy kuch (shakti)ni chaqirish va uning yordamida maqsadga mo‘jizaviy ravishda erishish mumkinligiga ishonganlar. Zero, mantra ovoz shakliga kirgan Braxma deb hisoblangan. Har bir kasta o‘z mantrasiga ega bo‘lib, hayotiy muammolar paydo bo‘lganda mantralarni o‘qib, g‘ayritabiiy kuchlarni yordamga chaqirgan.
Hinduiylikda mantralar bilan birga tumorlar, sehrli diagrammalardan ham foydalaniladi. Ular afsungarlik ashyolaridir. Odamlar o‘z hayotiy muammolarining hal etilishida braxmanlarning maslahatlari, xudolarga sig‘inish va ehsonlar berish yordam bermaganidan keyin so‘nggi vosita sifatida sehrgarlarning yordamlaridan ham foydalanadilar. Sehrgar ijtimoiy mavqei jihatidan braxman bilan raqobat qila olmaydi. Albatta, braxmanni
sehrgar bilan tenglashtirish noo‘rin, lekin sehrgar ham jodularini bajarish vaqtida braxman murojaat qiladigan xudolarning madadiga tayanadi.
Hinduizm diniy tizimining o‘ziga xos marosimlari va bayramlari mavjud. Ularning ko‘pchiligi shonli sana va bayram kunlariga to‘g‘ri keladi. Xudoga bag‘ishlab o‘tkaziladigan tantanalarda millionlab dindorlar ishtirok etadilar. Bayram tantanalari vaqtida ommaviy diniy marosimlar va namoyishlar uyushtiriladi, muqaddas joylarga haj safarlari tashkil etiladi. Bunday ommaviy bayramlarga Shiva, Ram, Krishna, Durga-pudja sharafiga o‘tkaziladigan bayramlarni, chiroqlar bayramini, donishmandlik ma’budasi Sarasvati, boylik va savdo-sotiq homiysi Ganeshi sharafiga o‘tkaziladigan bayramlarni misol keltirish mumkin. Shivaga bag‘ishlangan bayramlar har oyda tantanali o‘tkaziladi.
Umum Hindiston bayramlari bilan birga ma’lum mintaqa, shahar, tuman, hatto qishloq aholisi nishonlaydigan mahalliy bayramlar ham mavjud bo‘lib, ular diniy afsonalar va hinduiylik xudolariga ibodat qilish bilan bog‘liq.
Bayramlarda diniy e’tiqodi, tabaqasi, millati va jinsidan qat’i nazar barcha aholi ishtirok etadi. Bunday bayramlar milliy ongni shakllantiruvchi va ularning birligini mustahkamlovchi muhim vosita vazifasini bajaradi.
Hinduiylik ta’limotining rivojlanishida islom dinining ta’siri alohida ahamiyatga ega bo‘lgan. Hindiston zaminida ta’limotning mohiyati jihatidan o‘zaro kelishishi qiyin bo‘lgan diniy e’tiqodlar to‘qnashgan. Hinduiylik mahalliy xalqlarning madaniyati va ruhiyatini o‘zida aks ettirib, odamlarda mo‘tadillik, bardoshlilik va o‘z ichki dunyosi bilan uyg‘unlikda yashash kabi xislatlarni shakllantirgan. Islomga, diniy bag‘rikenglik bilan birga, muayyan darajada g‘ayrimusulmonlarga nisbatan murosasizlik, odamlarni din talablariga so‘zsiz bo‘ysunishga va rahbarlarga ko‘r-ko‘rona ishonishga da’vat qilish kabilar ham xosdir. Lekin hinduiylik va islom ta’limotlarida jiddiy tafovutlar mavjudligiga qaramay xalqlarni e’tiqodiga ko‘ra bir-biridan ajratuvchi, ular o‘rtasida ishonchsizlik qo‘zg‘atuvchi qarashlarga nisbatan ularni o‘zaro yaqin- lashtiruvchi jihatlar ustunlik qiladi. Bu esa dinlar o‘rtasida o‘zaro muloqotni vujudga keltiradi.
Islomda mavjud bo‘lgan odamlarning Olloh oldidagi tengligi, insonni oliy qadriyat deb bilish kabi g‘oyalar, axloqiy qadriyatlarga alohida e’tibor mahalliy xalqlarda, ayniqsa aholining o‘rta va quyi tabaqalari vakillarida qiziqish uyg‘otgan. Boburiylar sulolasining hukmronligi davrida siyosiy hokimiyatni musulmonlar nazorat qilganligi sababli, mahalliy aholining yuqori tabaqaga mansub vakillarining ham siyosiy manfaatlardan kelib
chiqqan holda oilaviy ravishda islom dinini qabul qilish hollari uchrab turgan. Lekin bu yerda islom boshqa mintaqalar (Misr, Eron, Mesopotamiya)dagi kabi xalqning ko‘p asrlik noyob an’analarini yenga olmagan. Shu bois islom hinduiylik bilan birga faoliyat ko‘rsatishga majbur bo‘lgan.
Hinduiylik islom dini ta’limotining rivojlanishiga ham ta’sir o‘tkazgan. Bu islomni qabul qilgan mahalliy aholi vakillari orqali hind xalqi an’analari bilan musulmonlarning yaqindan tanishishlari asosida amalga oshirilgan. O‘z navbatida, islom ham hinduiylikka, ham hind turmush tarziga ta’sir ko‘rsatgan. Masalan, islom ta’sirida xotin-qizlarning ojiza sifatida oilada erkakka bo‘ysunishlari, ularning ko‘proq bola tarbiyasi bilan shug‘ullanishlarini rag‘batlantirish va ijtimoiy faolliklarini cheklash kabilar milliy an’ana darajasiga ko‘tarildi. Bunday ta’sir san’at, adabiyot va me’morchilikda ayniqsa juda salmoqli bo‘lgan.
Hinduiylik va islom madaniyatining o‘zaro muloqoti qanchalik salmoqli bo‘lmasin, ikki din an’analaridagi muammolar to‘liq bartaraf etilmagan. Bu muammolar, tashqi dushman ta’siri bo‘lmasa, e’tiqodi jihatidan bir-biridan farq qiladigan bitta xalqning tinch-totuv yashashiga to‘sqinlik qilmagan.
Hozir ham konfessiyalararo munosabatlar masalasi dolzarb muammo sifatidagi ahamiyatini saqlab qolgan. Zero, ingliz bosqinchilari tomonidan sun’iy hosil qilingan musulmonlar va hinduiylar o‘rtasidagi dushmanlik munosabatlari hinduiylikdagi modernizatsiya jarayonlariga salbiy ta’sir etgan. Islomga qarshi kurashda hinduiylikdagi fundamentalistik va ekstremistik ruhdagi mazhablar diniy an’analarni saqlab qolish shiorini o‘zlarining kurash bayrog‘iga aylantirganlar.
Hinduiylikdagi zamonaviylashuv (modernizatsiya) jarayonlariga to‘sqinliklarni faqat islomga qarshi kurash zarurati bilan bog‘lab talqin qilish noto‘g‘ri. Ma’lumki, ijtimoiy taraqqiyot ta’sirida dinda ham taraqqiyparvar o‘zgarishlarni amalga oshirish va diniy an’analarni hozirgi zamon talablariga moslashtirish zarurati vujudga keladi. Lekin bunday o‘zgarishlar konservativ kuchlar bilan kurash orqali amalga oshiriladi.
Qayd etish joizki, diniy an’analarga sodiqlik hamda ijtimoiy taraqqiyotga to‘sqinlik qilish aynan bir narsa emas. Hindiston tarixida biz shunday holatga duch kelamiz. Bu yerda hinduiylik an’analari ingliz mustamlakachiligiga qarshi kurashning samarali vositasiga aylantirilgan.
M. Gandi rahbarligidagi milliy ozodlik harakatining ishtirokchilari mustamlakachilik zulmiga qarshi kurashda «svaraj» (o‘zining hokimiyati) shiori bilan chiqqanlar. Ushbu shior fuqarolarning mustamlakachilik
tartibiga bo‘ysunmasligini bildirgan. Kurash vositasi sifatida hinduiylikdagi kuch ishlatmaslik aqidasi asos qilib olingan.
M. Gandi diniy qoida va an’analarga sodiq bo‘lsa ham, diniy aqidaparastlik va ekstremizmga qarshi kurash olib borgan. Jamiyatning kastalarga bo‘linishini va ular o‘rtasidagi tengsizlikni qoralagan. Xotin- qizlarning tengligi va tul xotinlarning turmushga chiqish erkinligi uchun kurashgan. Hinduiylikdagi mustamlakachilarga qarshi kurashda yordam beradigan, taraqqiyparvar siyosiy maqsadlarni amalga oshirishga ko‘maklashadigan, xalqni umumiy maqsad atrofida birlashtiradigan g‘oyalarni qabul qilgan.
Hindistonning hozirgi siyosiy hayotida diniy an’analar, ayniqsa, hinduiylik an’analari juda katta ahamiyatga ega. Demokratik jamiyat qurayotgan mamlakatda siyosiy hokimiyat uchun kurashuvchi kuchlar diniy an’analarga o‘z dasturlarining eng dolzarb mavzusi sifatida qaraydilar. Reaksion siyosiy kuchlar hinduiylik an’analarining eng qoloq va konservativ g‘oyalarini jamiyatda qayta tiklashga harakat qiladilar. Lekin ular siyosiy hokimiyatda kuchli mavqega ega emaslar. Hozirgi siyosiy hokimiyat ma’muriyati diniy an’analardagi taraqqiyparvar, zamonaviylashgan g‘oyalarga asoslanuvchi taraqqiyparvar kuchlarni tashkil etadi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, hinduiylik nafaqat diniy ta’limot va madaniy an’ana, balki xalqning turmush tarzidir. U Hindistondagi mavjud boshqa diniy ta’limotlar bilan birga, ilg‘or jamiyat qurishdek bunyodkorlik ishlarida faol ishtirok etmoqda.