O‘rta asrlar falsafasida makon va vaqtga obektiv idealizm nuqtai nazaridan yondashuv bo‘lib unga ko‘ra faqat Xudo makon va vaqtdan tashqarida deb fikrlanadi. Mazkur nuqtai nazarning shakllanishiga Avliyo Avgustin (354-430) salmoqli hissa qo‘shgan. Idealistik qarashlar makon va vaqtning obektivligini rad etish va ular ongning turli shakllariga qaramligini tan olish bilan bog‘liq. Masalan, subektiv idealizm vakillari (Berkli, Yum, Max va boshqalar) makon va vaqtga individual ong shakllari sifatida yondashadi. Xususan, D.YUm uchun ular faqat idrokda mavjuddir. I.Kant ham makon va vaqtga subektiv deb qaraydi, ammo ularni aprior, yani insonga tajribaga qadar berilgan hissiy mushohada shakllari sifatida tushunadi. I.Kant makon va vaqtni inson hissiyoti shakli – kuzatish shakli sifatida talqin qiladi. Unga ko‘ra, aynan dunyoni bilishga harakat qilayotgan subekt o‘ziga berilgan dunyoning muayyan makon va vaqtdagi shakl-shamoyilini yaratadi...
Subektiv-idealistik yondoshuv uchun makon va vaqt – tasavvurlarning joylashuv usuli, binobarin, ular o‘z kelib chiqishining psixologik manbaiga ega. Berklidan Maxga qadar makon va vaqt - sezgilarning tartibga solingan qatorlari shakllaridir, degan yondashuv amal qildi. Ingliz faylasufi Pirson fikriga ko‘ra, makon va vaqt amalda mavjud emas, ular narsalarni idrok etishning subektiv usuli, xolos. Makon – narsalarni idrok etish tartibi yoki kategoriyasi bo‘lsa, vaqt voqealarni idrok etish kategoriyasidir. A.A.Bogdanov makon va vaqtni tashkil etuvchi va uyg‘unlashtiruvchi inson tafakkuri mahsuli deb hisoblaydi.
Makon va vaqt tabiati haqidagi metafizik yondashuvlarni rad etuvchi tabiiy ilmiy dalillar XIX asr oxirida fizikada elektromagnit nazariyasi yuzaga kelishi bilan shakllana boshladi. Uning rivojlanishi faylasuflarni bo‘shliq haqidagi tasavvurlardan voz kechishga majbur qildi. Dastlab u “efir” to‘g‘risidagi g‘oya bilan almashtirildi. Efir hamma joyda to‘liq, lekin mutlaq va hech narsaga bog‘liq bo‘lmagan makonning shakli vazifasini bajargan. Keyinchalik bu tasavvurlardan ham voz kechildi.
Makon va vaqtni mutlaqo mustaqil atributlar sifatida qayd etuvchi metafizik substansional konsepsiya XIX-XX asrlarda fanning rivojlanish jarayonida o‘z ahamiyatini butunlay yo‘qotdi. Lobachevskiy makon va vaqtning evklid geometriyasi tavsiflamagan xossalari mavjud, degan taxminni ilgari surdi. Bu taxmin absolyut makon konsepsiyasini inkor etadi, chunki makon faqat geometrik tavsiflanishi lozim edi. Asosiy g‘oyalari A.Eynshteyn tomonidan 1905 yilda tariflangan xususiy nisbiylik nazariyasida makon va vaqtning geometrik xossalari ularda gravitatsion massalarning taqsimlanishiga bog‘liq ekanligi aniqlandi. Uning fikricha og‘ir obektlar yaqinida makon va vaqtning geometrik xossalari evklid geometriyasi tamoyillaridan uzoqlasha boshlaydi, vaqtning o‘tish surati esa susayadi. A.Eynshteyn (1916 yilda) o‘zining umumiy nisbiylik nazariyasi bilan nafaqat makon va vaqtning substansional konsepsiyasiga, balki makon va vaqt mohiyatining subektivistik aprioristik talqinlariga ham qaqshatqich zarba berdi. U makon va vaqt xossalari moddiy tizimlar harakati va o‘zaro tasiriga bog‘liq ekanligini ko‘rsatib berdi. A.Eynshteyn o‘z nazariyasining mohiyatini tushuntirar ekan, shunday deb qayd etdi: «Ilgari qandaydir mo‘jiza yuz berib, barcha moddiy narsalar birdan yo‘q bo‘lib qolsa, makon va vaqt qoladi, deb hisoblashgan. Nisbiylik nazariyasiga ko‘ra esa, bu holda narsalar bilan birga makon va vaqt ham yo‘q bo‘lib ketgan bo‘ladi»62.
Hozirgi zamon tabiatshunosligi va falsafiy xulosalar nuqtai nazaridan obektiv borliq makon, vaqt, harakat hamda modda va maydon turlari o‘zaro tasirining uzviy aloqasidan iborat. Hozirgi olimlar yagona va obektiv makon va vaqt kontinuumi to‘g‘risida so‘z yuritishni maqul ko‘radilar. Makon va vaqt moddiy jismlar mavjudligining o‘zaro bog‘langan shakllari sifatida tushuniladi. Makon – materiya borlig‘ining ko‘lamlilik, tarkibiylik kabi xossalari va uning o‘zaro tasirlarini ifodalovchi shakli. Vaqt – materiya borlig‘ining barcha obektlar mavjudligining davomiyligini va keyingi holat o‘zgarishlarini tavsiflovchi shakli.