Makon va vaqtning metrik xossalari. Metrik xossalarga makon va vaqtning ko‘lamlilik hamda davomlilik kabi miqdor ko‘rsatkichlari kiradi. Ko‘lamlilik joy va o‘rinning mavjudligini nazarda tutadi. Joy – makon chegarasi va u qamrab oluvchi muayyan hajmning birligi. O‘rin – bir joyning boshqa joylarga nisbatan koordinatsiyasi. Joy va o‘rin makon tuzilishini belgilaydi.SHunday qilib, biz makon tuzilishi haqida so‘z yuritganda uning joy va o‘rnini tavsiflashimiz shart. Davomlilik va lahza vaqtning asosiy metrik ko‘rsatkichlari hisoblanadi. Lahza – davomlilikning boshqa parchalab bo‘lmaydigan atomi, davomlilik kvanti. Davomlilikning o‘zi bunda muayyan chegaraga solingan lahzalar majmui sifatida tushuniladi. Muayyan obekt mavjudligining dastlabki va pirovard lahzalari ana shunday chegara sifatida amal qiladi. Davomlilik – obekt mavjudligining davomiyligi va saqlanishidir. Davomlilik voqea-hodisalarning ayni bir vaqtda yuz berishi – sinxroniya yoki ketma-ketlik – diaxroniya munosabatlari bilan tavsiflanishi mumkin.