Ijtimoiy vaqt. Hozir «Ijtimoiy vaqt mavjudmi» degan masala bahsli emas. Muammo uning mazmunida qanday ustuvorliklar va konstantalar mavjudligida. Ijtimoiy vaqt individ vaqti va avlod vaqtiga bo‘linadi. U kishilik jamiyatining o‘zgaruvchan informatsion sig‘imiga bog‘liq. Falsafiy adabiyotlarda vaqt jarayonlariga makon xossalarining kirishi, yani ijtimoiy vaqt uzunligi – hayot sikllari bosqichlarining ketma-ketligi sifatida, kengligi – faoliyat turlarining miqdoriy rangbarangligi sifatida, chuqurligi – individning o‘zi ishtirok etayotgan faoliyat turlaridagi faollik darajasi sifatida ko‘rsatilishi bilan bog‘liq fikrlarga ham duch kelish mumkin. Makon va vaqt bog‘lanishi hamma joyda har xil bo‘lgan «mahalliy vaqt» tushunchasida yorqin namoyon bo‘ladi.
Bularning hammasi makon, vaqt va materiya jarayonlari o‘zaro bog‘liq ekanligini yana bir karra tasdiqlaydi. Nazariy jihatdan esa, makon va vaqt munosabatlarining relyasion va dinamik konsepsiyalari rivojlanishining ahamiyatini yanada oshiradi, bu borada tadqiqotlar olib borish zaruratini namoyon qiladi.
Ijtimoiy vaqt ham o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lib, u, biologik va planetarkosmik vaqtdan farqli o‘laroq, notekis oqadi. Ijtimoiy vaqtning yana bir jihati bu subektiv, ichki vaqtdir. Subektiv vaqt borliq vaqti emas, balki ong vaqti hisoblanadi. Ammo o‘z tabiati va mohiyatiga ko‘ra bu ijtimoiy fenomendir63. Subektiv vaqtni psixologlar bilan bir qatorda sanatshunoslar va estetika mutaxassislari ham keng o‘rganganlar64.
Ijtimoiy hayot tabiiy hayotning davomi hisoblanadi. Odamlar tug‘iladilar, yashaydilar, o‘ladilar, nasl qoldirish yo‘li bilan o‘z nasabini muttasil quvvatlaydilar. Ijtimoiy darajada «individ – avlod – nasab» uchligigina emas, balki bir strukturaviy darajadan boshqa strukturaviy darajaga o‘tish obektiv tamoyili ham saqlanib qoladi. Ammo muammoning mazmuni amalda boshqacha ko‘rinish kasb etadi. Inson vaqti uning hayot faoliyati vaqtidir. Hayvon o‘z mohiyatini tabiatdan oladi, u o‘zini o‘zi yaratmaydi va shu manoda u tarixiylikdan xolidir. Hayvon o‘z tarixini o‘zi yaratmaydi – tarix uni yaratadi. Inson esa o‘z tarixini o‘zi yaratadi. Insonning mohiyati uning o‘z ijtimoiy munosabatlari majmui bilan belgilanadi.
Hozirgi paytda «individ – ijtimoiy avlod – jamiyat tarixi» uchligi ijtimoiy vaqtni o‘rganish va uning mazmunini aniqlashning obektiv asosi sifatida qaraladi. Ijtimoiy vaqtda muayyan odamlar, ijtimoiy jamoalar, ayrim hamjamiyatlar, millatlar, davlatlar va pirovard natijada butun insoniyat borlig‘ining vaqt ko‘rsatkichlarini farqlab, ijtimoiy vaqt strukturasining murakkabligi to‘g‘risida ham so‘z yuritish mumkin. Ulardan har birining yashash vaqti va surati har xil bo‘lib, o‘z xususiyatiga ega. Aslini olganda, turli mamlakatlar va xalqlar jamuljam holda butun insoniyatni ifoda etsa-da, amalda turli tarixiy davrlarda: kimdir o‘tmishda, kimdir hozirgi davrda, kimdir esa kelajakda yashaydi. Bunga, xususan, amerikalik taniqli futurolog E.Toffler etiborni qaratadi. Uning fikricha, «Er aholisining 70% o‘tmishda (turli o‘tmishda), 25% - hozirgi davrda, 3% - kelajakda yashaydi, qolganlar esa marginallar bo‘lib, ular har qanday vaqtdan tashqaridadir»65.
Davr ruhi tushunchasi ijtimoiy vaqt umumiy kategoriyasi bilan bevosita va tabiiy bog‘lanishi lozim. U ichdan, yani o‘z mazmuni tomonidan va sirtdan – davr ruhi zamondoshlar hayotida, ularning turmush tarzi va fikrlash uslubini shakllantirishda bajaruvchi funksiyalar nuqtai nazaridan o‘rganilishi darkor.
Har bir davrning o‘z ruhi bor, chunki davr – bu ayni holda inson avlodi vaqtidir. Bu erda zamondoshlar ijtimoiy-tarixiy avlodining manaviy dunyosi haqida gapirish o‘rinli bo‘ladi. Avlodning manaviy dunyosi ko‘p sonli, bazan o‘z xususiyatiga ko‘ra bir-biriga zid bo‘lgan omillar majmui tasirida shakllanadi. Ammo bu omillar orasida moddiy hayot ziddiyatlari birinchi darajali ahamiyat kasb etadi. Ushbu ziddiyatlar ijtimoiy vazifalarni ilgari surish, jamiyatda ijtimoiy manfaatlarning rivojlanishi, bazan ularning qutblashuvini belgilovchi obektiv asos sifatida amal qiladi. Moddiy hayot ziddiyatlari murakkab voqealar va jarayonlarda, xronologik zamondoshlar ularda o‘ynaydigan o‘ta rang-barang va hatto qaramaqarshi rollarda o‘zini namoyon etadi.
Odamlar mazkur avlodining faoliyati qancha mazmunli va izchil bo‘lsa, unda keng xalq ommasi ishtirok etsa, davr ruhi shuncha kuchli bo‘ladi, u tarixda shuncha chuqur iz qoldiradi, shuncha ko‘p qahramonlarni yaratadi, kelajak avlodlarga shuncha go‘zal va jozibali bo‘lib tuyuladi. Zamondoshlar faoliyatining mazmuni, mohiyati va maqsadlari, ular o‘z maqsadlariga erishish uchun tanlovchi va foydalanuvchi shakllar, usullar va vositalar, yuz berayotgan ijtimoiy voqealar jarayoni va natijasiga ko‘maklashuvchi va ularga bevosita yoki bilvosita tasir ko‘rsatuvchi tarixiy sharoitlar majmui odamlar avlodi yashayotgan davrga alohida, betakror ruh va tus baxsh etadi. Bu faoliyat, bu voqealarni ularning ishtirokchilari o‘z boshlaridan kechiradilar; ularni kelajak avlodlar anglab etadilar, baholaydilar va qayta baholaydilar. Bazan yuz bergan voqeaning asl mazmuni va mohiyati oradan ancha vaqt o‘tganidan so‘ng ayon bo‘ladi.
Davr ruhi – avlodning amaliy aqli turli tarixiy zamonlarda ijtimoiy munosabatlarning umumiy rivojlanish darajasiga va jamiyatning etuklik darajasiga qarab turlicha mazmun kasb etadi, asosan ongning u yoki bu shakllarida mujassamlashadi. Malumki, o‘rta asrlarda mafkuraviy hayot deyarli to‘liq din bilan belgilangan, o‘ta radikal g‘oyalar ham, o‘ta konservativ g‘oyalar ham bu davrda dunyoviy va haqiqiy hayotga butunlay begona bo‘lgan shakl-shamoyil kasb etgan. Boshqa zamonda esa bu rol o‘zga turlar va janrlarga o‘tgan: masalan, XX asrning 30–40-yillari O‘zbekistonda badiiy adabiyot ijtimoiy g‘oyalar jarchisiga, umummilliy minbarga aylangan. Ijtimoiy tafakkur tarixini o‘rganish turli xalqlarda turli tarixiy bosqichlarda o‘z davrining etakchi g‘oyalari bunyodkori va tashuvchisi rolini odatda ongning o‘zida nazariy mazmunni o‘ta emotsional, yorqin shakl bilan birlashtirgan shakllari va darajalari o‘ynaganini ko‘rsatadi. Mafkura odamlar ongi va qalbini egallagan taqdirdagina chinakam moddiy kuchga aylanishi mumkin.
Ayni shu sababli davr ruhi ehtiroslardan xoli, sovuqqon ong bo‘lishi mumkin emas. Mazkur ong qadriyat sifatida maydonga chiqadi, insonga hayotda yo‘l ko‘rsatadi, shu tufayli ham u boshqaruvchi xususiyat kasb etadi. U hozirgi zamonni maqbul va kutilgan kelajak nuqtai nazaridan anglab etishdir. Bunga zamondoshlar avlodining o‘z ajdodlariga, ananalarga bo‘lgan munosabati, yani o‘tmishga munosabat ham kiradi. Shunday qilib, avlod ruhi nafaqat yuzaki, balki ichki vaqt mezonlariga ham ega bo‘ladi: u muayyan darajadagi ijtimoiy-tarixiy rivojlanish mahsuli bo‘lish bilan bir vaqtda ijtimoiy voqelikning o‘zi guvohi bo‘layotgan jarayonlari va voqealariga o‘z munosabatini bildiradi. Davr ruhining ichki mezonlari zamondoshlar avlodi faoliyatining subektiv yo‘nalishi va mo‘ljallariga, bu orqali esa – jamiyatda kutilayotgan o‘zgarishlarning xususiyatiga, yuzaga kelgan tarixiy vaziyatda odamlar tanlashga harakat qilayotgan yo‘lga ishora qiladi.
Individual ong zamirida ham, ijtimoiy ong zamirida ham ijtimoiy vaqtni anglab etish yotadi. Avlod ongi bu munosabatda alohida o‘rin egallaydi. Gnoseologik subekt sifatida ijtimoiy-tarixiy avlod individ va jamiyat o‘rtasidagi oraliq bo‘g‘indir. Ammo bu hol ong muammosini o‘rganishda doim ham etiborga olinavermaydi. Zamondoshlar avlodi kishilik tarixining gorizontal kesimi, yani vaqtning muayyan, xronologik jihatdan ixcham qismida olingan jamiyatdir. Shu tufayli ham avlod tarixiy harakatni, o‘z borlig‘i vaqtini anglab etishi ijtimoiy ong mexanizmini harakatga keltiruvchi birlamchi, boshlang‘ich omil hisoblanadi.
Avlod ongi, binobarin, umuman ong zamirida yotuvchi vaqtni anglash tashqi dunyoning obektiv jarayonlari haqidagi nazariy bilim sifatidagina emas, balki eng avvalo ommaning faol yondoshuvi va subektiv manfaatlari, uning xohish-irodasi ifodasi sifatida maydonga chiqadi. Uni vaqt muammosini nazariy, yani ilmiy va falsafiy, konseptual anglab etish bilan bog‘lash mumkin emas, chunki mazkur muammo rivojlangan va etuk madaniyat kun tartibiga ancha kech qo‘yilgan va hatto hozirgi zamon ijtimoiy ongining tarkibiy tuzilmasida ham uning eng yuksak darajalariga tegishlidir. Til lingvistikadan oldin, tafakkur esa mantiqdan ilgari paydo bo‘lganidek, o‘z davrini (ajdodlar va avlodlarga o‘zining va o‘z zamondoshlarining munosabatini, avlodlar almashuvi dalilining o‘zini) anglab etishga intilish har qanday fandan oldinroq paydo bo‘lgan, yani ilk nazariy va nonazariy darajalarda vujudga kelgan. U yoki bu davrda, odamlarning u yoki bu avlodida vaqt haqidagi tasavvurning rivojlanish darajasi xususida faylasuflarning risolalarigina emas, balki o‘sha davrga mansub bo‘lgan madaniyat boyliklari ham darak beradi. Bu haqda eng avvalo odamlar faoliyatining xususiyati va ularning turmush tarzi dalolat beradi. Vaqtga muayyan munosabat zamondoshlarning dunyoqarashida, ularning manaviy dunyosida, xalq ijodi (eposi)ning mazmunida, oddiy, ommaviy ong sohasida va hokazolarda namoyon bo‘ladi. Har qanday nazariyalar va konsepsiyalardan farqli o‘laroq, bu soha amaldagi tarixiy rivojlanish jarayoniga, yuz berayotgan voqealarga mazkur avlodning bevosita munosabatini aks ettiradi. O‘z-o‘zidan ravshanki, bu erda mazkur mavzuda umumiy fikr-mulohazalargina bildirilishi mumkin; ushbu nuqtai nazardan mazmunli va konkret tahlil esa kengroq va murakkabroq mustaqil ilmiy tadqiqot vazifasini tashkil etgan bo‘lur edi.
Davr ruhi real ijtimoiy vaqt (avlod vaqti) mahsuli va ayni paytda zamondoshlarning unga bo‘lgan subektiv munosabati sifatida avlodning o‘z o‘zligini anglash jarayonini belgilaydi. Bu davr ruhining ijtimoiy va gnoseologik funksiyasi hisoblanadi. Ijtimoiy borliq sohasida ziddiyatlar qancha keskin va kuchli, ijtimoiy ong strukturasi qancha murakkab bo‘lsa, davr ruhi shuncha kuchli va etuk darajada bo‘ladi. Hamonki ijtimoiy ong ijtimoiy borliqning inikosi hisoblanar, ijtimoiy inikos esa o‘z tabiati va mohiyatiga ko‘ra voqelikni ildamroq aks ettirar ekan, ijtimoiy munosabatlar rivojlanishi bilan inson ongining ildam xususiyati kuchayib boradi, ayni shu zaminda inson miyasida barcha g‘oyalar va tasavvurlar tug‘iladi, degan umumiy xulosaga kelish mumkin. Odamlarning muayyan, konkret avlodi tarixiy harakatning real, bevosita tashuvchisi bo‘lgani bois, mavjud ijtimoiy borliq haqida zamondoshlarning tasavvuri obektiv ijtimoiy vaqtga bo‘lgan munosabat shakli (yani ijtimoiy mo‘ljal) sifatida inson o‘zligi faol ishlashini taminlovchi ichki manbani, ijtimoiy ongning barcha shakllari va darajalari mahkamlanadigan o‘ziga xos «sinch»ni tashkil etadi.
Mazkur vaqtga zamondoshlarning munosabati qancha chuqur bo‘lsa, jamiyatning intellektual va manaviy hayoti shuncha faol va boy bo‘ladi. Vaqtni his qilmaslik avlodning manaviy o‘limi, uning tarixiy jarayondan tushib qolishi bilan barobardir. Ammo vaqtni his qilish yoki his qilmaslik individlarning antropologik xossasi, ularning peshonasiga yozilgan yoki yozilmagan qobiliyat emas. Agar bu xossa bo‘lsa, uni ijtimoiy xossa deb nomlash o‘rinli bo‘ladi, yani uning o‘zi ijtimoiy vaqt, yuz berayotgan tarixiy jarayon darajasi va xususiyatining ko‘rsatkichidir. Avlod ijtimoiy vaqtining ichki mezonlari uning tashqi mezonlari bilan belgilanadi: obektiv, moddiy, ijtimoiy munosabatlarning rivojlanish omillari va qizg‘inlik darajasiga qarab tarixiy jarayonga bo‘lgan subektiv munosabatning mazmuni va xususiyati dam kuchayadi va chuqurlashadi, dam susayadi yoki o‘z shaklshamoyilini o‘zgartiradi. O‘z-o‘zidan ravshanki, turg‘unlik davrlarida va jamiyat hayotida tub burilish yasagan yirik voqealarga boy davrlarda zamondoshlarning ijtimoiy vaqtga bo‘lgan subektiv munosabati bir xil bo‘lmaydi. Ayni shu sababli bo‘ronlar va bo‘hronlarni boshdan kechirgan avlod davrining ruhi va yarim mudroq holatda yashayotgan avlod davrining ruhi ham har xil bo‘ladi.
Shunday qilib, vaqtni his qilish unga daxldor bo‘lish demakdir. Ammo bu avlodning o‘z o‘zligini anglashi hamdir, zero zamondoshlar yagona maqsadga erishishga qaratilgan umumiy ishlarda ongli ravishda ishtirok etgan taqdirdagina o‘zlarini yakdil va birdam his qilishlari mumkin. Shundagina «o‘z-o‘zidagi» avlod «o‘zi uchun» avlodga aylanadi.
Dostları ilə paylaş: |