8. -aturg‘an li sifatdosh. Uning bir holatdan ikkinchi holatga o‘tgan variantlari -(a)t їn//-(e)tin hisoblanadi. Ushbu tipdagi so‘z birikmasining hududiy chegaralanganligi. Uning nisbatan keyin vujudga kelganligini ko‘rsatadi: qoz. keletin kisi (keladigan kishi), no‘g‘. oqiytag‘an qїz (o‘qiyotgan qiz), o‘zb. so‘zidan qaytmaydigan odam, uyg‘. köridigän kino (ko‘riladigan kino).
9. -asї li sifatdosh. Aniqlovchili birikmalar bu tipining taqalishi hududiy jihatdan chegaralangan: ozarb. tikiläsi ev (quriladigan uy), boshq. kilähi yїl (kelasi yil).
Turkiy tillarning turli guruhlarida mavjud bo‘lgan -asї affiksini turkiy bobotil davriga taqash mumkin. Keyinchalik, u bir qancha tillarda yo‘qolgan.
Turkiy tillardagi aniqlovchili so‘z birikmalari ko‘p asrlik tarixiy davr davomida juda kam o‘zgarganligini ta’kidlash kerak. Ularning barcha tiplari, shuningdek, aniqlovchili so‘z birikmalarining barcha morfologik tayanchlari deyarlik saqlangan.
4. Turkiy tillarda izofa.Izofani aniqlovchili so‘z birikmasining bir turi, deb hisoblash mumkin. Ot so‘z turkumidagi 2 ta so‘z orasidagi izofalik munosabati ko‘pgina sintaktik kategoriyalarni tushunishga yordam beradi. Turkologik tadqiqotlarda izofani o‘rganishga ancha e’tibor berilganligi sababli turkiy izofaning tabiati ancha ochilganligini ta’kidlash kerak. Sintaktik munosabatlarning bunday tipi xususiyatlari nafaqat uning o‘ziga xos (boshqa barcha atributiv munosabatlarning chegarasidan chiqadigan) tabiatida, balki uning ayrim turkiy tillarda nostandart ko‘rinishida ham saqlangan. Turkiy tillarda izofaning paydo bo‘lishi ularning xususiyatlari va tuzilishi bilan izohlanadi. Barcha guruhlarda bo‘lgani kabi, izofa turkiy tillarning agglutinativ qurilishi so‘zlar tartibining yetakchi–«aniqlovchi»–«aniqlanmish» qonuniga bo‘ysungan holda quriladi.
Izofani odatdagi so‘z birikmalaridan aniq (to‘g‘ri) farqlash uchun uning mazmun tomonini aniqlash kerak. Izofa–bu aniqlanmish doimo ot orqali ifodalanadigan, boshqa predmetga tegishliligi yoki unga nisbatan turli shakllar munosabati bilan belgilanadigan aniqlovchi guruhi. Turkologiyada, odatda, izofaning uchta tipi ajratiladi.