Alisher navoiy nomidagi



Yüklə 0,77 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə12/20
tarix08.05.2023
ölçüsü0,77 Mb.
#109605
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   20
abdulla ulug\'ov adabiyotshunoslik nazariyasi (1)

BADIIY ASAR TILI
Imorat, binolar tosh, g‘isht, tuproq kabi xomashyo, jism-
lardan quriladi. Texnika vositalari turli-tuman temir, mis, 
alyumin va boshqa metallardan yasaladi. Kiyim-liboslar paxta, 
jun kabilardan tayyorlanadi. Rassom qalam va bo‘yoqlar yorda-
mida biror bir manzarani chizadi. Haykaltarosh tosh, ganch, 
loy kabilardan turli shakllar yaratadi. Umuman, har qanday 
narsa-buyumni yaratish uchun qandaydir materialdan, adabiy-
badiiy asar yaratish uchun esa faqat so‘zdan foydalaniladi. 
Yozuvchi, shoir adabiy-badiiy asar yozish – hayotning muayyan 
parchasini badiiy gavdalantirish uchun birgina vosita – so‘zdan 
foydalanadi. Uning yordamida asarning barcha unsurlari: qah-


234
235
ramonlar obrazi, ular yashagan manzil-makon ko‘rinishlari va 
hokazolar gavdalantiriladi. Asarning syujet, kompozitsiyasi, 
undan bo‘lak boshqa unsurlari ham aynan so‘z vositasida hosil 
qilinadi. Shuning uchun qadim Sharq shoirlari asarlarining asosiy 
mavzusini boshlashdan avval so‘zni ta’riflashgan, sharafiga 
maxsus qism bag‘ishlaganlar. Alisher Navoiy ham barcha 
dostonlarida so‘z ta’rifiga alohida bob ajratgan. Jumladan, shoir 
“Saddi Iskandariy” dostoni oltinchi bobida “So‘z ta’rifida bir 
necha so‘zkim...” deb, so‘zga shunday ta’riflar beradi:
Gar ul bo‘lmasa kimsaga yo‘q sharaf,
Aningdekki, gavharsiz o‘lg‘ay sadaf.
...Bashar zotida javhari jon ham ul,
O‘luk jismida obi hayvon ham ul.
...Chu jism ichra jon yo‘qdur, ul yo‘qdurur,
Yana jonga onsiz bu hol o‘qdurur.
Insonni koinot gultoji darajasiga yuksaltirgan so‘z adabiy-
badiiy asar maydonga kelishining asosidir. Chunki har qanday 
adabiy-badiiy asar faqat so‘z tufayligina dunyoga keladi. Bu 
abadiy o‘zgarmas haqiqatdir. So‘z xuddi havo singari hamma 
uchun zaruriy ehtiyojdir. So‘z yana shu jihatiga ko‘ra havoga 
o‘x shaydiki, undan hamma bemalol, istaganicha foydalanaveradi. 
Chunki so‘z hech kimning mulki, tasarrufidagi jihoz­buyum emas.
Terri Igltonning qayd qilishicha, harbiy davrdagi milliy 
o‘zini anglash zamonidan keyin ingliz adabiyotining mavqeyi 
o‘sdi. U bu paytga kelib, jamiyatda hukmron sinfning ma’naviy 
aqidalarini o‘zida aks ettira boshladi. Bu sinfning kayfiyati, 
ruhiyati o‘tgan davrning zarbalaridan o‘nglanmaydigan darajada 
qattiq jarohatlangan edi. Adabiyot ana shu sinf vakillarini avvalgi 
qadriyatlarga tayanishga da’vat etib, tasalli beradigan, tarixning 
bu g‘alvalari ham uning boshqa mojarolari singari barham 
topishiga ishontiradigan, mavjud qiyinchiliklar o‘tib ketishiga 
umid uyg‘otadigan vositaga aylangan edi. Adabiyotning birdan 
bir quroli – so‘z eng qudratli vosita sifatida shunga imkon bergan 
edi. Bundan ayon bo‘ladiki, o‘tmishda nafaqat Sharqda, balki 
G‘arbda ham hukmron sinf so‘z san’atiga befarq qaramagan, 
badiiy so‘zning qudratiga ishongan va uning jamiyat ma’naviy 
hayotining tayanchi deb bilgan. Adabiy asar esa o‘zining badiiy 
tili orqali kishilarning hissiyoti, ong-tafakkuriga ta’sir etadi. 
(Иглтон Т. Теория литературы. Введение. 52­bet).
Ijodkor ana shunday sir-sinoatli hodisadan foydalanib, 
adabiy-badiiy asar yaratadi. U so‘z vositasida hayot hodisalarini 
suratlantiradi. Adabiy-badiiy asarda so‘z qo‘llanishi, shoir, adib-
ning so‘zdan foydalanishi, badiiy mahorati haqida mulohaza 
bildirilganda “badiiy asar tili” iborasi qo‘llanadi. Jumladan, 
tadqiqotlarda “badiiy asar tili badiiy asar mazmunini ro‘yobga 
chiqaruvchi birdan bir vositadir”, deyiladi. Badiiy asar tili esa 
darslik va qo‘llanmalarda qayd qilinganidek, umumxalq tiliga 
asoslangan, hamma uchun tushunarli ifodalarni qamrab olgan, 
ijodkorlar adabiy til me’yorlariga tayanadigan, tomonidan jilo-
langan tildir. U mana shu xususiyatlariga ko‘ra, g‘oyaviy va 
hissiy (emotsional) ta’sir ko‘rsatishning eng samarali vositasidir. 
Ayni chog‘da, badiiy til kishilar o‘rtasida barcha uchun tushu-
narli bo‘lgan eng ommabop aloqa qurolidir. Yozuvchi, shoir 
badiiy asar yozish – obraz va manzaralar chizish uchun so‘z va 
iboralar tanlaydi, ularning asl va ko‘chma ma’nolarini aniqlaydi, 
sinonim va antonimlarni topadi, umumxalq tilining gap qurilishi 
usullaridan, arxaizm va jargonlardan foydalanadi. Shuning uchun 
“adabiyot – hayotni so‘z orqali tasvirlash san’ati” deyiladi.
Badiiy asar tili ilmiy asarlar tilidan tasviriylik, emotsionallik, 
obrazlilik, aforizm kabi xususiyatlari bilan farq qiladi. Fizika, 
kimyo, matematika, texnika, iqtisodiyot kabi ilmiy sohalardagi 
asarlar tili umumlashgan, ixtisoslik yo‘nalishidagi tushunchalarni 
ifoda etsa, badiiy asarlar tili tabiat manzaralari va inson qalbidagi 
kechinma, holatlarni mavjud qarama-qarshiliklari bilan aks 
ettiradi. Bu badiiy asar tilining tasviriylik xususiyatidir.
Ilmiy asarlar tilidagi dalil, raqamlar ko‘proq kishilarning 
aql-tafakkurini yangi ma’lumotlar bilan boyitsa, she’r, roman, 


236
237
qissa va doston, dramalar tili ularning hissiyotiga, tuyg‘ulariga – 
qalbiga ta’sir qiladi. Badiiy asar tilining qahramonlar qalbidagi 
holat, kechinmalarni ifodalash orqali kitobxonlar tuyg‘ulariga 
ta’sir ko‘rsatishi uning hissiyligi (emotsionalligi)ni belgilaydi.
Badiiy asar, avvalo, inson qiyofasini gavdalantirishi, uning 
surati va siyratini aks ettirishi bilan ta’sirchan ekanligi ma’lum. 
Ijodkor inson obrazini yaratish uchun tilning turli shakl, 
ko‘rinishlaridan foydalanadi. U shevaga xos so‘zlarni, kasb-
korga oid atamalarni, kishi nutqining o‘ziga xos jihatlarini ko‘r-
satuvchi iboralarni (masalan, “Mehrobdan chayon” romanida 
Solih mahdumning “habba” deyishi singari) qo‘llaydi. Biroq 
har bir ijodkor tilning cheksiz imkoniyatlaridan o‘z qurbi dara-
jasida, iste’dodi yo‘nalishi ko‘lamida foydalanadi. Hayotda bi-
rovning nutqi boshqa bir kishining gapirishidan farqlangani 
singari, yozuvchi, shoirlarning asarlari tili ham qator o‘ziga xos 
xususiyatlari bilan bir-biridan ajralib turadi. Masalan, Oybek 
hayot hodisalarini lirik hissiyotlar bilan keng doirada tasvirlashga 
moyil bo‘lsa, Abdulla Qahhor manzaralar va qahramonlar 
holatini qisqa jumlalarda, kinoya, kesatiq, qochiriqlar qo‘llab 
ifoda qiladi. Shu tarzda har bir ijodkor o‘z asarlarida xalq tili 
boyliklarini ko‘rsatishga intiladi. Badiiy til mana shu jihatiga 
ko‘ra ham umumxalq madaniyatininig o‘ziga xos hodisasidir. 
Chunki unda xalq tilining o‘sish-o‘zgarish darajasi namoyon 
bo‘ladi. Til badiiy asarlarda millat madaniyatining o‘ziga xos 
ramzi sifatida ko‘rinadi. Millat madaniyati darajasini uning tili, 
jumladan, badiiy va ilmiy adabiyoti tili ham ayon etib turadi. 
Chunki unda, ya’ni adabiy-badiiy va ilmiy asarlar tilida jonli 
nutqning barcha jihatlari umumlashadi.
Badiiy til so‘z san’atining asosiy quroli, badiiy adabiyotning 
obraz yaratish vositasidir. Badiiy til “badiy asar tili”, “poetik 
til” deb ham yuritiladi. Badiiy til milliy til bazasida voqe bo‘lib, 
milliy tildan badiiy informatsiyani shakllantirish va yetkazish 
maqsadida foydalanish shaklidir. Badiiy til milliy tildan keskin 
farq qiluvchi alohida til emas. Badiiy til badiiy asarlarda namoyon 
bo‘ladi. Kundalik muloqot tili oddiy informatsiya yetkazsa, 
badiiy til badiiy informatsiya yetkazadi. Badiiy til yetkazayotgan 
informatsiya obrazli informatsiya bo‘lib, uning vositasida ijod-
kor tasavvurida yaralgan obraz muayyan ko‘rinish kasb etadi. 
Badiiy obraz esa voqelikning konkret his etiladigan, o‘quvchi 
ongida qayta jonlanadigan ijodiy aksidir. Ilmiy, rasmiy uslubda 
ifodalangan informatsiya esa konkret obraz sifatida tasavvur 
uyg‘otadi. Obraz ijodkor qalbida qayta ishlangani bois hissiyotga 
yo‘g‘riladi va bu hissiyot o‘quvchi, tinglovchi, tomoshabinga 
“yuqadi”. Obrazlilik (tasviriylik) va emotsionallik badiiy tilga 
xos xususiyatdir.
Badiiy asar tili bilan adabiy til o‘rtasida muayyan tafovut 
mavjud. Ular aynan bir hodisa emas. Badiiy asar tili adabiy tilga 
nisbatan keng hodisadir. Chunki adabiy-badiiy asarlar tilida 
adabiy tilning o‘zi ham, sheva, kasb-hunar, jargonga oid so‘zlar 
ham, tasviriy ifodalar, turli iboralar ham aks etadi. Adabiy til 
esa me’yoriy grammatika qoidalariga asoslangan, umumiy 
talaffuz qoidalariga ega bo‘lgan va shu asosda xalq jonli tilidagi 
har xilliklarni bir xillashtirgan tildir. Shu boisdan o‘quv-ta’lim 
ishlari, rasmiy ish qog‘ozlari, ilm-fan, publitsistika, matbuot 
adabiy tilda olib boriladi. Adabiy til ham millat madaniyatining 
o‘ziga xos bir ko‘rinishidir. Biroq badiiy asar tili ham, adabiy til 
ham umumxalq tiliga asoslanadi. Umumxalq tili adabiy tilning 
ham, badiiy asarlar tilining ham tub asosidir.
Badiiy asar tili muallif tili, personajlar tili, dialog, monolog, 
arxaik so‘zlar, shevaga, kasb-hunarga oid so‘zlar, jargonlar, 
neolo gizmlar, antonim, sinonim, omonim, badiiy tasvir vosita-
lari (metafora, istiora, metonimiya, sinekdoxa, allegoriya, jon-
lantirish, sifatlash, o‘xshatish, mubolag‘a, poetik sintaksis (in-
to natsiya, parallelizm, anafora, takrorlar, inversiya, antiteza, 
ri torik munosabat, ritorik so‘roq) kabilardan tarkib topadi. 
Bu unsurlar badiiy asar tilining jozibali, ta’sirchan bo‘lishini 
ta’minlaydi. Badiiy asar tili o‘zida shunday xususiyatlarni 
mujassamlashtirgani bois kishilar nutqiga, ularning dunyoqarash, 


238
239
madaniyat darajasiga ham samarali ta’sir ko‘rsatadi. Badiiy 
asar tili so‘zning nozik tovlanishlarini his qilishga va buni 
kishilar ongi, ruhiga singdirishga imkon beradi. D.Quronov 
hammuallifligidagi “Adabiyotshunoslik lug‘ati”da: “Badiiy til – 
badiiy asar tili, so‘z san’atining asosiy quroli, badiiy adabiyotning 
obraz yaratish vositasi; poetik til, badiiy adabiyot tili kabi 
shakllarda ham ishlatiladi. Ya’ni badiiy adabiyot birlamchi 
belgilar sistemasi sanaluvchi til vositasida ikkilamchi belgilar 
sistemasini – badiiy voqelikni tashkil qiluvchi obrazlar tizimini 
yaratadi. Adabiyotshunoslikda badiiy tilni alohida hodisa deb 
tushunuvchilar ham, uni milliy tilning alohida vazifaga (ya’ni 
badiiy muloqot uchun) xoslangan ko‘rinishi sifatida biluvchilar 
ham mavjud. Agar badiiy til milliy til negizida vujudga kelishi, 
milliy til elementlari vositasida badiiy obrazlar yaratilishi va 
ayni shu obrazlar ikkilamchi belgi (ya’ni yuqoriroq sathdagi 
o‘ziga xos til birligi) sifatida badiiy muloqotni amalga oshirishi 
e’tiborga olinsa, ikkinchi qarash haqiqatga yaqinroq ko‘rinadi. 
Shunga ko‘ra, badiiy til atamasini qo‘llashda ma’lum shartlilik 
bor: alohida hodisa sifatida mavjud bo‘lmagani holda u badiiy 
asar(lar) doirasi (ya’ni amalga oshib bo‘lgan badiiy nutq)dagina 
mavjudki, aniqlik talabi bilan tushuncha ba’zan badiiy asar tili 
tarzida ifodalanishi shundan. Yirik rus filolog olimi G.Vinokur 
badiiy tilga ta’rifni: “ Badiiy til deganda badiiy asarlar yozishda 
ishlatiladigan til tushuniladi”, – deya boshlagan edi. Ma’lumki, 
badiiy asarlar yozishda qandaydir alohida tildan emas, balki 
kundalik muloqotdagi kabi milliy til unsurlaridan foydalaniladi. 
Avvalo, kundalik muloqot tili ham, badiiy til ham informatsiya 
yetkazish va informatsiya olishga xizmat qiladi. Biroq bu ikkisi 
yetkazayotgan informatsiyaning tabiati turlicha: kundalik 
muloqot tili oddiy informatsiya yetkazsa, badiiy til badiiy 
informatsiyani yetkazadi. Badiiy til yetkazayotgan informatsiya – 
obrazli informatsiya, zero, uning vositasida san’atkor tasavvurida 
yaralgan obraz moddiylashadi. Badiiy obraz esa voqelikning 
konkret his etiladigan, o‘quvchi ongida qayta jonlanadigan ijodiy 
aksidir. Tilning ilmiy, rasmiy va h.k. funksional uslublarida 
yetkazilgan informatsiya tushuncha sifatida, badiiy informatsiya 
esa konkret obraz tarzida qabul qilinadi; obraz san’atkor qalbida 
ijodiy qayta ishlangani bois hamisha hissiyotga yo‘g‘rilgandir. 
Shunga ko‘ra, badiiy tilning eng muhim belgilovchi (spetsifik) 
xususiyatlari obrazlilik (tasviriylik) va emotsionallikdir. Badiiy 
tafakkur taraqqiyoti davomida badiiy til imkoniyatlari kengayib 
boradi, uning an’analari shakllanib, vorisiylik asosida avloddan-
avlodga o‘tadi. Badiiy tilda an’anaviy tarzda qo‘llanuvchi 
tas vir va ifoda vositalari (q. badiiy tasvir va ifoda vositalari), 
badiiy obraz yaratishda yarimtayyor mahsulot sifatida xizmat 
qiluvchi unsurlar (q. motiv, ramz, allegoriya, emblema) majmui 
shakllanadi; matnlararo aloqadorlik asosida ishoraning o‘zi bilan 
badiiy tilning ifoda imkonlarini kengaytirish mumkin bo‘ladi. 
Buning natijasida badiiy til kundalik muloqot tilidan butkul farqli 
alohida hodisadek, shunday maqomga egadek ko‘rinaveradi. 
Shunga qaramay, u alohida hodisa emas, balki milliy til bazasida 
voqe bo‘lib, milliy tildan badiiy informatsiyani shakllantirish va 
yetkazish maqsadida foydalanish shaklidir” deb qayd etiladi.
Odatda, badiiy asar matnining asosiy qismi muallif tilidan 
tarkib topadi. Chunki ekspozitsiya, tugun, voqealar rivoji, 
yechimi kabi syujet qismlari, peyzaj, qahramonlarning ruhiy 
holatlari muallif so‘zi orqali gavdalantiriladi. Umuman, muallif 
o‘z asarining hikoyachisi, naqlchisidir. Shu bois ko‘pgina asarlar 
muallif so‘zi bilan boshlanadi. Aslida ham asarning barcha 
qahramonlari muallifning yordami, aniqrog‘i, uning so‘zlari 
bilan harakat qiladi. Ayrim asarlarda voqealar qahramon tilidan 
hikoya qilinadi. Masalan, G‘.G‘ulomning “Yodgor” qissasi, 
“Mening o‘g‘rigina bolam” hikoyasi shunday asarlar sirasiga 
kiradi. Biroq ularda ham qahramonlarni boshqa kishi emas, balki 
muallif so‘zlatadi.
Muallif personajlarning tashqi qiyofasi, ichki kechinmalarini 
tasvirlaydi hamda ularni so‘zlatadi. So‘zlatganda ulardan har 
birining nutqiga alohida e’tibor beradi. Chunki personajlarning 


240
241
har biri o‘ziga xos qiyofasi, fe’l-atvori bilan ko‘rinishi hamda 
ularning gap-so‘zlari ana shu xususiyatini yorqin namoyon 
etishi lozim. Qahramonning kitobxon va tomoshabin diqqatini 
jalb etadigan eng muhim jihati uning nutqidir. Masalan, Abdulla 
Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanida Otabek shunday deydi: 
“Meni zo‘rlagan va majbur qilgan edilar, dada! Sizning o‘g‘lingiz 
bo‘lgan bir yigitning sha’niga, albatta, odam o‘ldirish uyat va 
nomusdir... Siz o‘zingizning orzu-havasingiz yo‘lida meni 
majbur qildingiz va dushmanlarimga yo‘lni katta qilib ochib 
berdingiz, men bu jonvorlikni xoh, noxoh ishlashga majbur 
qoldim!.. Sizni gunohkor qilishga va gunohingizni kechishga 
mening haqqim yo‘q, dada! Lekin gunohsiz bo‘la turib ham yana 
muvohiza ostiga tushganim uchun o‘zimni mudofaa qilishga 
majburman”.
Asar qahramonlari nutqi dialog va monolog shaklida ifo-
da etiladi. Dialog va monologlarda qahramonlarning ichki 
dunyo si, fe’l-atvori aks etadi. Ijodkorlar qahramonlar nutqida 
ular yashagan tarixiy davrga xos so‘zlash tarzini hamda ular-
ning kasb-kori, ma’naviy sajiyasi (intellektuallik darajasi)ni 
gavdalantirishga harakat qilishadi. Odil Yoqubov “Ulug‘bek 
xazinasi” romanida tarixiy haqiqatni ta’sirchan gavdalantirish, 
o‘sha davr kishilarining ma’naviy­ma’rifiy olamini aniq ko‘rsa­
tish uchun qahramonlarini mana bu tarzda so‘zlatadi:
“Eshik ochilib Ali Qushchining xayoli bo‘lindi. Ichkaridan 
shayxulislom Burhoniddinning tanish ingichka ovozi chiyillab 
eshitildi:
– As salotin zillalohu fil­arz! Onhazratlari shar’iy sultonimiz 
erur! Bas! Sultonimizning farmoni oliylari barchamiz uchun 
amri vojibdur!
Uning ovozini bosib, g‘ala-g‘ovur ko‘tarilgan edi, ustodning 
xiyol bo‘g‘iq, o‘ktam ovozi yangradi:
– Bas! Farmoni Humoyun amri vojibdur! Amir Sultonshoh 
barlos! Siz otliq hirovul bilan darhol yo‘lga chiqqaysiz!.. Amir 
Sulton Jondor tarxon! Siz barong‘or suvoriylari bilan hirovul 
qo‘shinlarining ortidan yurgaysiz. Nasib bo‘lsa, dovonda uchra-
shurmiz. Maslahatlar uchun tashakkur. Mashvarat tamom!”
Asardagi tabiat manzaralari, personajlar nomi esda qolmasligi 
mumkin. Biroq ularning yuqoridagi singari o‘zaro muloqotlari, 
tortishuvlari, albatta, e’tiborni jalb qiladi va xotiraga mustahkam 
o‘rnashib qoladi. Masalan, Abdulla Qahhorning “Anor” 
hikoyasida shunday lavha bor:
“– Axir, boshqorong‘i bo‘l, evida bo‘l-da! – dedi do‘ppisini 
qoqmasdan boshiga kiyib, – anor, anor... Bir qadoq anor falon 
pul bo‘lsa! Saharimardondan suv tashib, o‘tin yorib, o‘t yoqib 
bir oyda oladiganim o‘n sakkiz tanga pul. Akam bo‘lmasa, ukam 
bo‘lmasa...
Er-xotin tek qolishdi. Xotin jo‘xorini tuyib bo‘ldi, uni kelidan 
tog‘orachaga solayotib to‘ng‘illadi:
– Havasga anor yeydi deysiz shekilli...
– Bilaman... Axir nima qilay? Xo‘jayinimni o‘ldirib, pulini olay-
mi? O‘zimni hindiga garovga qo‘yaymi? G‘alatimisan o‘zing?”
Bechora odamlarning nochor ahvolini aniq gavdalantirgan 
bu o‘rinlar albatta o‘quvchi qalbiga ta’sir etib, uni mahzun qilib, 
o‘ylantirib qo‘yadi.
Dialog, monolog asarni ta’sirchan qiladigan vositalar sirasiga 
kiradi. M.Baxtin Dostoyevskiy asarlari xususida so‘z yuritar 
ekan, adibning so‘z qo‘llashi, qahramonlarning monologi va 
dialogidagi so‘zlar, yozuvchi asarlarida dialogning o‘rni to‘g‘-
risida alohida to‘xtaladi. “So‘z – juda murakkab va ko‘p qirrali 
hodisa. Shuning uchun uni turli jihatini har xil nuqtayi nazardan 
o‘rganishadi. So‘zni bu tarzda o‘rganish bir-birini to‘ldirishi, 
ammo bir-biriga aralashib, qorishib ketmasligi kerak... Til 
undan foydalanuvchilarning o‘zaro muloqoti tufayli yashaydi. 
Tilga aynan o‘zaro muloqot haqiqiy hayot baxsh etadi. Tilning 
hayoti, qaysi joyda, sohada qo‘llanishi (maishiy, ish-xizmat, 
ilmiy, badiiy va boshqa)dan qat’i nazar, o‘zaro muloqot asosida 
kechadi” deydi. (Baxtin M.M. Проблемы поэтики Достоев-
ского. – Москва: Сов.Россия, 1979. – S 210).


242
243
Muallif nutqi adabiy asardagi bevosita muallif tilidan berilgan 
bayon, tavsif, izoh kabilardir. Adabiy-badiiy asar til unsurlari 
vositasida yaratilgan matn, ya’ni nutq hodisasidir. Maqol, ertak, 
doston kabi folklor janrlari og‘zaki badiiy nutq hodisasi, “Xamsa” 
dostonlari, “O‘tkan kunlar” romani yozma badiiy nutq hodisasidir. 
Badiiy nutq uslubiy jihatdan farqlanuvchi komponentlarning 
birikuvidan hosil bo‘ladi. Badiiy asarda muallif nutqi va 
personajlar nutqi qator xususiyatlariga ko‘ra bir-biridan ajralib 
turadi. Epik va liro-epik asarlarda voqea, voqea kechayotgan joy 
yoki sharoit tasviri, personajlarga berilgan ta’rif, muallif fikr­
mulohazalari bevosita muallif tilidan beriladi. Muallif obrazi 
asarda tasvirlangan va tasavvurimizda jonlanadigan badiiy 
voqelikni yaxlitlashtiruvchi subyektiv asosdir. Muallif nutqi 
esa til unsurlari vositasida yaratilgan matnni yaxlitlashtiruvchi 
tayanch asosdir. Avval ko‘chirma olganimiz “Adabiyotshunoslik 
lug‘ati”da bu xususida shunday deyiladi: “Muallif nutqi – adabiy 
asardagi bevosita muallif tilidan berilgan bayon, tavsif, izoh va 
shu kabi o‘rinlar. Garchi biz “badiiy asar tili” desak-da, aslida, 
gap “badiiy nutq” haqida boradi, chunki adabiy asar til unsurlari 
vositasida yaratilgan matn, ya’ni nutq hodisasidir. Badiiy nutq 
uslubiy jihatdan farqlanuvchi komponentlarning birikuvidan 
hosil bo‘ladi: unda muallif nutqi bilan personajlar nutqi ajratiladi. 
Mazkur farqlanish, asosan, epik va liro-epik xarakterdagi asar-
larga xos bo‘lib, ularda voqea, voqea kechayotgan joy yoki 
sharoit tasviri, personajlarga berilayotgan ta’rif, muallif fikr­mu­
lohazalari va sh.k.lar bevosita muallif tilidan beriladi. Muallif 
obrazi asarda tasvirlangan va tasavvurimizda jonlanuvchi badiiy 
voqelikni yaxlitlashtiruvchi subyektiv asos bo‘lganidek, muallif 
nutqi asarning moddiy tarafini (til unsurlari vositasida yaratilgan 
matnni) yaxlitlashtiruvchi unsurdir. Muallif nutqi grammatik 
jihatdan adabiy til normalariga yaqinlashadi, biroq uning adabiy 
til normalariga to‘la muvofiq kelishini talab qilish xato bo‘lur 
edi. Zero, yozuvchi o‘zining his­kechinmalarini, o‘y­fikrlarini 
imkon qadar yorqin ifodalashga intilarkan, ba’zan adabiy til 
normalaridan chekinadi, bu bilan milliy til imkoniyatlarini 
kengaytirishga hissa qo‘shadi, chunki ayni shu chekinishlarning 
vaqti kelib adabiy til normasiga aylanishi ehtimoldan yiroq 
emas”.
Muallif obrazi badiiy asar matnida anglashilib turadigan 
ijodkor shaxsidir. Muallif shaxsi asar badiiy voqeligiga singib 
ketadi. Chunki badiiy voqelik ijodkor ko‘rib kuzatgan va u 
ideal asosida ijodiy qayta yaratgan voqelikdir. O‘quvchi asarda 
tasvirlangan voqelikni muallif orqali “ko‘radi”, “eshitadi” va 
“his qiladi”. Muallifning o‘zi qalamga olgan voqelikka g‘oyaviy-
hissiy munosabati o‘quvchi, tinglovchiga, albatta, ta’sir qiladi. 
O‘quvchi muallifning qarashlarini ma’qullashi yoki uni inkor 
etishi mumkin. XX asr o‘rtasida G‘arb adabiyotshunosligida 
“muallif o‘limi” konsepsiyasi paydo bo‘ldi. Unga ko‘ra, badiiy 
ijodda subyektivlik yo‘qolib, subyektdan mosuvo bo‘lgan matn-
gina qoladi. Badiiy asar esa nutq hodisasidir. Nutq subyekt 
tufayli vujudga keladi. Subyektsiz nutq yo‘q.
“Rivoya” arabcha so‘z bo‘lib, “hikoya qilish” demakdir. 
Rivoya epik asar qurilishning asosiy shakli bo‘lib, undagi muallif 
yoki personaj-hikoyachi nutqidir. Ya’ni rivoya – asar matnining 
personajlar nutqidan tashqari qismi. Voqealar kechayotgan zamon 
va makon, voqea ishtirokchilariga oid turli tafsilotlar (peyzaj, 
narsa-buyumlar, portret, muallif xarakteristikasi), muallifning 
falsafiy, ma’naviy­axloqiy, ijtimoiy­siyosiy mushohadalari, 
personajlarning muallif tilidan berilgan o‘y fikrlari rivoyaning 
tarkibiy qismlaridir. Epik asarda rivoya muallif, roviy yoki 
personaj tilidan turli mavqe, turli nuqtayi nazardan olib borilishi 
mumkin.
Epik asarda rivoyaning obyektiv va subyektiv ko‘rinishlari 
kuzatiladi. Birinchisida rivoya “xolis kuzatuvchi” mavqesidan 
turib olib boriladi ya’ni roviy voqealarga aralashmaydi, tasvir 
predmetiga munosabatini ochiq bildirmaydi. Abdulla Qahhorning 
“O‘g‘ri”, “Bemor”, “Anor” hikoyasi bunga misoldir. Subyektiv 
ko‘rinishdagi rivoyada roviy voqelikning o‘zining ichidan o‘t-


244
245
kazib, unga munosabatini ochiq bildirib aytib beradi. G‘afur 
G‘ulomning “Mening o‘g‘rigina bolam” hikoyasi, “Abdulla 
Qahhorning “O‘tmishdan ertaklar” qissasi shunday asardir.
“Dialog” yunoncha so‘z bo‘lib, “gaplashish, suhbat” de-
makdir. Dialog adabiy-badiiy matn komponenti bo‘lib, u 
asardagi personajlarning nutqiy berilgan o‘rinlaridir. Hozirgi 
zamon prozasi matni rivoya, tavsif va dialogdan tarkib topadi. 
Suqrot, Aflotun singari yunon mutafakkirlarining ayrim asarlari 
bir necha kishining muayyan masalalar suhbatidan iborat. 
Fitratning “Munozara”, “Bedil” asarlari ham shunday. Bu kabi 
dalillar dialog ikki yoki undan ko‘p kishining muloqoti bo‘lishi 
barobarida falsafiy­publitsistik yo‘nalishdagi alohida janr 
ekanligini bildiradi. 
Monolog (yunoncha monos – yakka, logos – so‘z ) – yakka 
shaxsning ayni paytda javob berilishini talab qilmaydigan, 
bosh qalarning so‘zi (replikasi) bilan bo‘linmagan nutqi. Mo-
nolog drama asarlarida personajning ruhiy holati, uning ongi-
yu qalbida kechayotgan jarayonlarni tasvirlashning asosiy 
shaklidir. Monolog lirik asarlarda ustuvor nutq shakli bo‘lib, 
lirik qahra mon kechinmalari asosan monolog orqali ifodalanadi. 
Monologlar namoyon bo‘lish tarziga ko‘ra ikki xil bo‘ladi: tashqi 
monolog va ichki monolog.
Ichki monolog – personajning o‘ziga qaratilgan va ichida 
kechadigan nutqi bo‘lib, u badiiy psixologizm shaklidir. Drama 
asarlarida personajlarning ichki monologi orqali ularning ru-
hiyati ochib beriladi. F.Dostoyevskiy, L.Tolstoy kabi adiblarning 
asarlarida ham ichki monolog alohida o‘rin tutadi. Ya’ni ularda 
qahramonlarning yuz berayotgan voqealarni mushohada etishi, 
o‘z-o‘zini so‘roq qilishi, nimalarnidir ma’qullab, nimalarnidir 
inkor etishi keng ifodalanadi. “Jinoyat va jazo”, “Anna Karenina” 
romanlarida ichki monolog qahramon ongida kechayotgan ja-
rayon sifatida beriladi. Bu jarayonga yozuvchi-muallif aralash-
maydi. Ushbu asarlarda shu asosda insonning ong va ongosti 
qatlamlarida kechadigan murakkab o‘y-kechinmalarni butun 
ziddiyati bilan ifodalashadi. Ichki monolog inson ruhiyatini tas-
vir lashning eng muhim vositalaridan biridir. D.Quronov ham-
muallifligidagi “Adabiyotshunoslik lug‘ati”da: “Ichki monolog – 
personajning moddiylashmagan, o‘ziga qaratilgan va ichidagina 
kechuvchi nutqi; badiiy psixologizmning bevo sita shakli. Ichki 
monolog shartli ravishda inson ongida ke chayotgan o‘ylov (his 
etish) jarayoni sifatida qabul qilinadi. Per sonaj ruhiyatini tasvirlash 
vositasi sifatida ichki monolog antik dramaturgiyadayoq ma’lum 
bo‘lgan, uyg‘onish davridan boshlab, ayniqsa, keng qo‘llanila 
boshlagan. Dramatik asarlardagi ichki monologlarda “ikki 
karra shartlilik” kuzatiladi. Chunki dramadagi ichki monolog 
moddiylashadi – talaffuz etiladi, lekin personaj sahnada yol-
g‘izligi va nutqining o‘ziga qaratilgani shartlilik asosida bu 
gaplarni haqiqatda voqe bo‘lmagan, balki uning ongida kechgan 
jarayon imitatsiyasi deb qabul qilishni taqozo etadi. Shunga 
o‘xshash, personajning boshqa personajlar bilan muloqot 
chog‘ida “chetga” gapirishi ham haqiqatda gapirilmagan deb 
qabul qilinadi. Yangi davr rivoyaviy epik asarlarida ham ichki 
monolog sahnaviylik xususiyatini saqlab qoladi: uning vositasida 
personaj yuz berayotgan voqealarni mushohada qiladi, izlanadi, 
o‘zini taftish qiladi, izhor etadi, iqror qiladi va h.k. – shu tarzda 
uning ruhiyati dramatiklashtiriladi. Inson ichki olami, uning 
tuyg‘u-kechinmalarini birinchi o‘ringa qo‘ygan sentimentalizm 
adabiyoti ichki monologni keng istifoda etish bilan birga, 
uning imkoniyatlarini kengaytirishga ham katta hissa qo‘shdi. 
Realistik adabiyot esa ichki monologni inson ongida kechuvchi 
jarayonlarga yaqinlashtirishga intildi. Gap shundaki, realizmga 
qadar ichki monolog grammatik jihatdan tartibga solinadi, unda 
mantiqiy izchillik kuzatiladi. Haqiqatda esa inson ongidagi 
o‘ylov (his etish) jarayoni bunday batartib kechmaydi: unga 
ziddiyatlar, paradokslar, chalg‘ishlar, uzilishlar va sh.k.lar ham 
xosdir. Realistik adabiyot, bir tomondan, o‘ylov jarayonini 
tartibga solishni mukammallashtirdi, ikkinchi tomondan, uning 
murakkab tomonlarini ham aks ettirishga intilgani uchun ichki 


246
247
monologga o‘rni bilan grammatik va mantiqiy jihatdan izchil 
tartibga solinmagan unsurlarni ham kiritdi. Xususan, L.N.Tolstoy 
va F.M.Dostoyevskiy asarlarida ichki monolog personaj ongida 
yozuvchi aralashuvisiz kechayotgan jarayon tasviri sifatida be-
rilib, ong va ongosti qatlamlari faoliyatini butun murakkabligi, 
ziddiyatlari bilan tasvirlashga harakat kuzatiladi. Bu ikki adib 
tajribalari asosida ichki monologni butkul erkin kechayotgan 
psixik jarayon sifatida tasvirlash, xuddi shunday effekt hosil 
qilishga intilish kuchaydi va buning natijasi sifatida XIX – XX 
asrlar chegarasida ichki monologning “ong oqimi” shakli vujudga 
keldi (ong oqimi). Hozirgi adabiyotda ham ichki monolog 
personaj ruhiyatini tasvirlashning eng muhim vositalaridan biri 
bo‘lib, uning asrlar davomida sayqallangan turli shakllaridan 
personaj ruhiyatini ochib berishda keng foydalanilmoqda”, deb 
qayd qilinadi.
Tashqi monolog qahramonning o‘z nutqini ovoz chiqarib 
bayon etishidir. Ichki monolog uning ichki o‘y-kechinmalaridir. 
Tashqi monolog shakli ko‘proq drama, komediya, tragediyada 
qo‘llansa, ichki monolog barcha janrlardagi asarlarda keng 
ishlatiladi. Chunki hayotda ham har bir odam boshqa bir kishi 
haqida o‘zicha qandaydir xayollarga boradi. Ana shu hodisa badiiy 
asarlarga ham ko‘chiriladi. Roman, qissa, doston personajlari bir-
birlari haqida turli o‘ylarga borishadi. Monolog personajlarning 
o‘zi haqidagi o‘ylarini ham, boshqalar to‘g‘risidagi, tevarak-
atrofdagi hayot haqidagi orzu-o‘y, mushohadalarni ham ifoda 
etishi mumkin.
Dialog va monologning asarni ta’sirchan etuvchi eng muhim 
unsur ekanligi she’riy, nasriy asarlardan ham ko‘ra, drama turiga 
mansub asarlarda yaqqol namoyon bo‘ladi. Drama, komediya, 
tragediya matni to‘laligicha dialog va monologlardan tarkib 
topadi.
Dialog va monologlar asar konfliktini kuchaytirish barobarida, 
uning syujetini kengaytiradi, muallifning mahoratini, uning so‘z 
boyligini namoyish etadi. Masalan, Shekspirning yoki Hamza, 
Maqsud Shayxzodaning pyesalaridagi dialog, monologlar xuddi 
shunday salmoqqa ega. Monolog (shuningdek, dialog ham) 
personajlar ruhiy holatini ko‘rsatishda barcha badiiy vositalar 
orasida alohida ajralib turadi. Drama turidagi asarlarda ham, 
she’riy, nasriy asarlarda ham qahramonlar ruhiyatini monolog 
yorqin namoyon etadi.
Personajlarning dialog, monologlarida arxaik, shevaga oid, 
kasb-korga taalluqli so‘zlar uchraydi. Ular zamonni, personajning 
mashg‘uloti, tug‘ilib o‘sgan joyini o‘ziga xos tarzda ayon etib 
turadi.
Ong oqimi – inson ruhiyatida kechadigan ziddiyatli jarayon-
larni hech qanday o‘zgarishlarsiz, asl holida tasvirlagan asar-
larga, shunday asarlar yozuvchi ijodkorlarga nisbatan qo‘lla-
nadigan shartli termin. “Ong oqimi” terminini fanga XIX asr 
oxirida amerikalik faylasuf U. Jeyms olib kirgan. “Ong oqimi” 
tarafdorlarining ta’kidlashicha, inson ongi daryo oqimiga 
monand bo‘lib, bu oqimda his­tuyg‘u, o‘y­fikr, kutilmaganda, 
to‘satdan paydo bo‘ladigan assotsiatsiyalar bir-biri bilan betartib 
almashinib, ular mantiq asosida izohlab bo‘lmaydigan darajada 
chatishib ketadi. Adabiyotda esa inson ruhiyatida kechadigan 
jarayonlarni tasvirlash muhim ahamiyat kasb etadi. Insonning 
asarlardagi timsoli bo‘lgan qahramonlarning xatti-harakat, 
o‘y-kechinmalarining ijtimoiy omillari va ma’naviy-ruhiy 
jihatlarini asoslab ko‘rsatish asarlarni hayotga yaqinlashtirib, 
ularning ta’sirchanligini oshiradi. F.Dostoyevskiy, L.Tolstoy 
singari adiblarning asarlarida qahramonlarning ichki monologi 
orqali ularning ruhiyatidagi ziddiyatli jarayonlar ochib beriladi. 
“Ong oqimi” personajlarning ichki monologini aks ettirish 
yo‘lidagi izlanishlar samarasi sifatida yuzaga kelgan. “Jinoyat 
va jazo”, “Anna Karenina” kabi asarlarda personajlarning ichki 
kechinmalari bevosita hayot voqeligi bilan bog‘lab tasvirlanadi. 
Ong oqimi adabiyotining J. Joys, M.Prust, V. Vulf singari 
namoyandalari o‘z asarlarida inson ruhiyatiga chuqurroq kirib 
borish, uning shu paytgacha qalamga olinmagan qatlamlariga 


248
249
nazar tashlashni asosiy maqsad qilib qo‘yishadi. Ong oqimi 
adabiyoti naturalizm yo‘nalishi vakillari hayot voqeligini bor 
holicha tasvirlashni maqsad qilib qo‘ygan bo‘lsa, ong oqimi 
adabiyoti tarafdorlari inson ruhiyatidagi jarayonlarni undagi 
hech bir narsani yashirmasdan, pardalamasdan, asl holida 
aks ettirishga intilishadi. J. Joysning “Uliss” asari ong oqimi 
adabiyotining yorqin namunasidir.
Avval qo‘llangan bo‘lsa-da, ayni paytda nutqda ishlatilmay-
digan so‘zlar arxaik so‘zlar deyiladi. Shevaga xos so‘zlar esa 
muayyan hudud kishilari nutqiga xos so‘z va iboralardir. Arxaik 
so‘zlar o‘tmish manzarasini gavdalantirish maqsadida qo‘llansa, 
shevaga xos so‘zlar personajlar tilining o‘ziga xosligini namoyon 
etish, uning manzil-makonini bildirish uchun ishlatiladi. Kasb-
korga oid so‘zlar esa qahramonlar mashg‘uloti, ular turmush 
tarzini ko‘rsatish vajhidan asqatadi. Masalan, shaxtyorlarning 
ish tarzi bilan cho‘ponlarning kundalik ishi bir-biridan farq 
qiladi. Shunday ekan, chorvadorlar, shaxtyor yoki baliqchilar 
hayoti haqidagi asar personajlar nutqidan ham aniq bilinib turishi 
lozim. Ijodkorlar shu maqsadda o‘z asarlarida shevaga, kasb-
korga oid so‘z, iboralarni qo‘llashadi. Bular mavjud voqelikni 
aniq aks ettirish imkoniyatini yaratadi.
Ba’zan kishilar o‘zaro muloqotlari chog‘ida boshqalar tu-
shunmaydigan, ma’nosi faqat o‘zlariga ayon so‘z, iboralarni 
qo‘llashadi. Masalan, tibbiyot xodimlari bemor huzurida uning 
kasalligi haqida bir-birlari tushunadigan atamalarni qo‘llashib, 
davolash usullari, qanday dori-darmonlarni ishlatish lozimligi 
xususida o‘zaro maslahatlashishadi. Biroq bu muloqotda nimalar 
deyilayotganini hamma bemor ham tushunavermaydi. Tibbiyot 
xodimlari nutqidagi boshqalar uchun tushunarsiz terminlar kasb-
korga, aniqrog‘i, sohaga oid so‘zlardir. Biroq yana shunday 
so‘z, iboralar ham borki, ular jargonlar deb ataladi. Jargon 
fransuzcha jargon “buzilgan til” degan ma’noni bildiradi. Jargon 
sun’iy, yasama tildir. U muayyan guruh kishilari doirasidagina 
qo‘llanadi. Guruh a’zolari kundalik muloqotda barcha kishilar 
qo‘llaydigan muayyan so‘z, iboralarni faqat o‘zlari tushunadigan 
ma’noda ishlatishadi. Ular nazarda tutgan ma’noni boshqalar 
bilmaydi. Badiiy asarlarda o‘g‘rilar, qimorbozlar obrazi gavda-
lan tirilganda ularning nutqida ishlatiladigan so‘z, ibora lar – 
jargonlar keltiriladi. Chunonchi Tohir Malikning “Shaytanat”, 
“Murdalar gapirmaydilar” asarlarida jargon so‘zlar o‘g‘ri-ji-
noyatchilar qiyofasini ishonarli ko‘rsatish uchun o‘ziga xos 
vosita vazifasini bajargan.
Neologizmlar, asosan zamonaviy mavzudagi asarlarda ish-
la tiladi. Fan-texnika, ijtimoiy hayot taraqqiyoti tufayli paydo 
bo‘lgan yangi so‘z, atama, terminlar davr ruhini aks etti-
rish maqsadida badiiy asarlarda qo‘llanadi. Masalan, “neyro-
xirurgiya”, “bionika”, “kosmonavtika” kabi so‘zlar. “Birja”, 
“aksiya”, “konsalting”, “fyuchers” singari iqtisodiyot terminlari 
ham hozirgi o‘zbek tili uchun neologizm hisoblanadi.
Badiiy tasvir va ifoda vositalari badiiy asarda narsa-hodisa-
larni jonli tasvirlash, his-tuyg‘u va kechinmalarni yorqin ifo-
dalashga xizmat qiluvchi til vositalaridir. Badiiy tasvir va ifoda 
vositalari badiiy tilning bosh spetsifik xususiyati – obrazlilik 
(tasviriylik) va emotsionallikni kuchaytirib namoyon qilishga 
xizmat qiladi. Badiiy asardagi ritorik so‘roq, ritorik murojaat, 
takror, alliteratsiya, assonans, arxaizm, dialektizm, jargon, in-
versiya, so‘z takrori, sintaktik parallelizm kabilar badiiy tasvir 
va ifoda vositalaridir. Obrazlilik – badiiy asarda voqelikning 
so‘z vositasida his-tuyg‘ularga yo‘g‘rilgan holda tasvirlanishi 
va shu tasvir orqali muayyan o‘y­fikr, his­kechinmalarning 
ifodalanishidir. Bitta vosita ham tasvirlash, ham ifodalash 
uchun xizmat qilishi mumkin. Shu boisdan ularni “bunisi 
tasvir vositasi”, “bunisi ifoda vositasi” deb ajratish to‘g‘ri 
emas. Masalan, ritorik so‘zroq, ritorik murojaat, takror kabilar 
ifodaviylikni kuchaytirishga xizmat qiladi. Ular alliteratsiya, 
inversiya, assonans singari badiiy tasvir vositasi emas. Badiiy 
tasvir va ifoda vositalari muayyan badiiy-estetik maqsadni 
ko‘zlab, til unsurlarini o‘zgacha shakl, ma’no, tartibda qo‘llash 


250
251
natijasida yuzaga keladi va voqelik tasvirining jonli, ta’sirchan 
bo‘lishini ta’minlaydi.
Omonim, sinonimlar ham xuddi neologizm, jargon, kasb-kor, 
sheva, arxaik so‘zlar singari badiiy asar tilining muhim uzvlaridir. 
Omonim yunoncha homos – bir xil va onyma – ism so‘zlaridan 
yasalgan. Omonim badiiy asarda har xil ma’no anglatib keluvchi 
shakldosh so‘zlardir.
Omonimlardan adabiyotda qadimdan keng foydalanilgan. 
O‘zbek adabiyotida omonimlar asosida tuyuqlar yozilgan. Tuyuq 
janri shoirning so‘zni bilish, uni his qilish, anglash darajasini 
ko‘rsatadigan o‘ziga xos mezon bo‘lib kelgan.
Sinonimlar tilning omonimlarga tamoman teskari hodisasidir. 
Sinonim yunoncha “synonymos” so‘z bo‘lib, “bir nomli” degan 
ma’noni bildiradi. Sinonimlar shakli har xil, ma’nosi bir-biriga 
yaqin so‘zlardir. Sharq mumtoz adabiyotida bunday so‘zlar 
mutashobih so‘zlar deb yuritilgan. Qaysi tilda ma’nodosh, 
sinonim so‘zlar ko‘p bo‘lsa, o‘sha til eng boy tildir. Bu jihatdan 
arab, ingliz, rus, ispan tillari boshqa tillarga qiyoslaganda alo-
hida ajralib turadi. Masalan, arab tilida “tuya” so‘zining besh 
yuzdan ko‘p, “cho‘l” so‘zining yuzdan ortiq varianti, ma’nodoshi 
mavjud. Ma’nodosh so‘zlarning ko‘pligi o‘sha tilda inson va 
uning hayoti, faoliyati bilan bog‘liq hodisalarning turli jihatlarini 
aniqroq, kengroq ifodalash imkonini beradi. “Qur’on”da yetmish 
yetti mingta so‘z ishlatilgani unda inson hayotining barcha 
jihati qamrab olinganiga dalil sifatida qayd qilinadi. Navoiy 
asarlarida yigirma olti mingdan ko‘p, Pushkin asarlarida yigirma 
mingga yaqin, Shekspir asarlarida o‘n sakkiz mingdan ortiq 
so‘z ishlatilgani ular ijodi naqadar yuksakligidan va bu ulug‘ 
ijodkorlar ma’nodosh so‘zlardan juda samarali foydalanganidan 
dalolat beradi.
Sinonimlar har bir tilning ifoda imkoniyatlarini namoyon 
etish barobarida, har bir ijodkorning so‘z boyligini, badiiy 
mahoratini ko‘rsatadigan o‘ziga xos ko‘zgudir. Aslida hech bir 
tilda ma’nosi bir-biriga aynan teng so‘zlar yo‘q. Tildagi har bir 
so‘z o‘ziga xos betakror ma’noni ifoda qiladi. Har bir so‘zning 
o‘z jilosi, qamrov doirasi, ko‘lami mavjud. Masalan, yuz, bet, 
chehra, aft, turq so‘zlari sinonim so‘zlardir. Ammo yuz, chehra 
so‘zlari ijobiylik sifatini bildirsa, aft, turq so‘zlari salbiy ma’noni 
ifoda qiladi.
Antonimlar omonim, sinonimlardan farq qiluvchi so‘zlardir. 
Antonim yunoncha antonimos “qarshi” degan ma’noni bildiradi. 
Bir-biriga zid ma’noli so‘z va iboralar antonimlar deb yuritiladi. 
Antonim so‘zlar hodisa mohiyatidagi qarama-qarshilikni 
anglatadi. Masalan, Alisher Navoiy: 
Qon yutib umrim jafo ahlida bir yor istadim,
Lekin ul kamraq topildi, garchi bisyor istadim.
deydi. “Kam – bisyor” qarama-qarshi ma’nodagi so‘zlardir. 
Umr bo‘yi azob-u mashaqqat tortib odamlar orasidan o‘zimga 
sadoqatli do‘st izladim. Ular juda kam topildi. Biroq men 
do‘stlarim ko‘p bo‘lishini istadim, deydi ulug‘ shoir. Istak va 
amaldagi qarama-qarshilikni “kamroq – bisyor” antonimlari 
vositasida ifodalash fikrga obrazlilik, ta’sirchanlik baxsh etgan. 
Antonim hodisasi Sharq adabiyotida tazod deb yuritiladi.
Badiiy asarlarda antonim, sinonimlardan tashqari, ko‘chim-
lardan ham foydalaniladi. Ko‘chim so‘z yoki so‘z birikmasining 
o‘z ma’nosidan boshqa ma’noda qo‘llanishidir. Ko‘chim trop 
deb ham yuritiladi. Ko‘chimlar ham nutq ta’sirchanligini kuchay-
tirishga xizmat qiladi. Ko‘chimlar bir necha turlarga bo‘linadi: 
metafora (istiora), metonimiya, sinekdoxa, allegoriya (majoz) 
ka bilar.
Metafora yunoncha metaphora “ko‘chirish” degan ma’noni 
anglatadi. Metafora o‘xshashli ko‘chimdir. Ammo meta fora 
aynan o‘xshatish emas. Metafora bilan o‘xshatish bir-biridan 
birmuncha farq qiladi. Masalan, o‘xshatishda, albatta, ikki yoki 
uch o‘xshatiluvchi narsa bo‘ladi. Ular soni istalgancha ko‘payib, 
kengayib borishi ham mumkin. Masalan, Cho‘lponning “Xalq” 
she’rida: 


252
253
Xalq dengizdir, xalq to‘lqindir, xalq kuchdir,
Xalq isyondir, xalq olovdir, xalq o‘chdir... 
bir necha o‘xshatish ketma-ket qo‘llangan.
O‘xshatish -dek, -day singari qo‘shimchalar, kabi, singari, 
go‘yo so‘zlari yordamida hosil qilinadi. Metafora (istiora) da esa 
ko‘chma ma’no tashuvchi bitta komponent qatnashadi. Masalan: 
She’r yurakli bu lochin
Qoqib qanot-qulochin,
Quzg‘unlardan asradi –
Elning xotin-xalochin.

Yüklə 0,77 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   20




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin