I broyim Yusupov (1929–2008) ijodi XX asrning ikkinchi yarmi – XXI asr boshlaridagi qoraqalpoq adabiyoti tarixida yorqin sahifani tashkil qiladi.
Ibroyim Yusupov 1929 yili Chimboy tumanidagi Ozod qishlog‘ida tavallud topdi. 1949 yil Qoraqalpoq davlat pedagogika institutini bitirgach, 1961 yilgacha shu oliy dargohda o‘qituvchi bo‘lib ishladi. 1961–1962 yillarda “Amudaryo” jurnalining bosh muharriri, keyingi uch yil mobaynida Najim Dav-qorayev nomidagi til va adabiyot institutida ilmiy xodim, 1965–1980 yillarida Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasining raisi, 1980–1988 yillarda “Erkin Qoraqalpog‘iston” (sobiq “Sovet Qoraqalpog‘istoni”) gazetasida bosh muharrir, shuningdek, keyingi yillarda Tinchlik qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston bo‘limiga (1988–1994), Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markaziga (1994–2000) raislik qildi.
Uning she’rlari 40-yillarda matbuotda e’lon qilina boshlandi. Bolaligida qoraqalpoq xalq og‘zaki ijodi namunalarini, Sharq adabiyotlari hamda mumtoz adabiyotimiz namoyandalarini, talabalik yillarida esa rus va jahon adabiyoti durdonalari bilan yaqindan tanishib, ularning asarlaridagi badiiyat sirlarini qunt bilan o‘rgandi. Shoir o‘zining ilk asari “Vatanim” she’ri e’lon qilingan paytdan (1946) boshlab, shu bugungacha “Baxt lirikasi” (1955), “Kunchiqar yo‘lovchisiga” (1959), “O‘ylar” (1960), “Yetti navo” (1962), “Dala orzulari” (1966), “Ko‘ngil ko‘ngildan suv ichar” (1971), “To‘maris” (1974), “Ilhom”, “Tashvishlarga boy dunyo” (1987), “Tuzli shamollar” (1988), “Ko‘ngildagi keng dunyo” (1989), “Bekligingni buzma sen...” (1995), “Har kimning o‘z zamoni bor” (2004) kabi she’riy to‘plamlarini nashr ettirdi. Uning ikki jildlik “Tanlangan asarlar” to‘plamlari ikki marotaba – 1978–79 va 1992 yillarda nashr qilingan. Turli yillarda chop etilgan to‘plamlarda shoirning “O‘rtoq muallim”, “Akatsiya gullagan yerda”, “Aktrisaning iqboli”, “Gilamchi ayol”, “Eski favvora ertagi”, “Dala armonlari”, “To‘maris”, “Bulbul uyasi”, “Farishta oy”, “Poseydonning g‘azabi”, “Vatan tuprog‘i” va boshqa doston (poema)lari e’lon etilgan.
Bundan tashqari Ibroyim Yusupov bir qator pesa va publitsistik maqolalarning ham muallifi hisoblanadi. Shoir ko‘plab qardosh xalqlar va jahon adabiyoti mumtoz shoirlar asarlarini qoraqalpoq tiliga tarjima qilib, sayrata olgan tarjimondir. U A.S.Pushkin, M.Yu.Lermontov, T.Shevchenko, J.G.Bayron, I.V.Gyote, G.Geyne, F.Shiller she’rlarini, Shekspir sonetlarini, Alisher Navoiy va Hofiz g‘azallarini, Umar Xayyom ruboiylarini qoraqalpoq tiliga yuksak mahorat bilan tarjima qilib, milliy adabiyotimizni badiiy-g‘oyaviy, shakliy jihatdan turli asarlar ila boyitdi.
Ibroyim Yusupov nasr va dramaturgiya sohasida ham qalam tebratdi. 1963 yilda uning “Qari tutning kuzi” nomli hikoyalar, ocherk va publitsistik maqolalar to‘plami bosmadan chiqdi. Shoir “Qirq qiz” pesasini, (Amet Shomuratov bilan birgalikda), 1966 yilda “O‘mirbek laqqi” komediyasini, 1986 yili “Iskandar podshoning tushi” dramasini, 1973 yili “Ajiniyoz” operasi librettosini yaratdi.