O‘quvchilar inshosini tahlil qilish. Nutq o ‘stirish metodikasida o‘quvchilar inshosi uchun baho me’yori muhim masala hisoblanadi. Tabiiyki, bunda yuqorida bayon etilgan asosiy talablarga rioya qilinadi.
O‘quvchilar inshosini baholashda quyidagilar hisobga olinadi:
1. Insho mavzusining yoritilishi (Mazmun mavzuga mosmi, ya’ni yetarli yoritilganmi, haqiqatga mos keladimi?).
2. Reja, kompozitsiya, izchillik (reja to‘g‘ri tuzilganmi, materialni bayon qilish tartibi rejaga mos keladimi, mazmunda takror yo‘qmi, zarur o‘rinlar tushib qolmaganmi, izchillik buzilmaganmi, asosiy fikr aniqmi, xulosa chiqarilganmi?).
3. Janri, uslubi (hikoya tarzidagi matnda tasviriy va muhokama elementlari bormi, uslubda xatoga yo‘l qo‘yilm.aganmi, insho mavzusi va vaziyatni yoritish vazifasini janr va uslub oqlay oladimi, badiiylik elementlari bormi?).
4. Insho hajmi (so‘z, gap soni; lakonizm yoki ko‘p so‘zlilik).
5. Leksika (so‘zlardan to‘g‘ri foydalanish. sinonim, antonim, frazeologizmlardan foydalanish).
6. Sintaksis (gapning hajmi, sintaktik tuzilmalarning bir xil yoki har xilligi, murakkab tuzilmalar bormi?).
7. Imloviy va punktuatsion savodxonlik, xatolar xarakteri (qo‘pol va juz’iy xatolar).
8. Husnixat, tashqi tomondan shakllantirish (hoshiyaga, xatboshidan yozishga, sarlavhani to‘g‘ri joylashtirishga rioya qilish).
O‘quvchilar inshosiga qo‘yilgan bunday talablar uni baholashda real yondashishga imkon beradi.
Erkin mavzularda insho yozish darsining ishlanmasini tuzish. Erkin (ijodiy) insholar mavzu jihatdan hikoya, tasvir tarzidagi inshodan farq qiladi. Biroq bunday insholar mavzusini o‘qituvchi belgilab beradi. Insho materiali ona tili va o‘qish darslarida turli masalalarda olib borilgan suhbat chog‘ida berib boriladi. Erkin insholarda o‘quvchi deyarli o‘zi mushohada qilgan, o‘z munosabatini bildirgan masalani muhokama qilib, tushunchalarini erkin holda ifodalaydi. Ifodalash yo‘lini o‘qituvchi ko‘rsatib borib, muntazam ravishda namuna va misollarni keltirib boradi. Erkin inshoda o‘qituvchining mustaqil fikrlashini, gaplar mustaqil ravishda tuzilishini ta’minlab berishi lozim. Masalan, «Mening orzum» mavzusidagi insho yozish davomida har bir o‘quvchi o‘z orzu-niyatlarini yoritishi mumkin. Shuning uchun ham bunday insholar 3-sinfning ikkinchi yarmidan boshlab yozdirib borilsa, o‘quvchilar qiynalmaydilar. Quyida 4-sinf o‘quvchisi Nilufarning yozgan inshosini misol qilib keltiramiz: