1.2.Quritish jarayonini tashkil etish usullarini tadqiq qilish. Kimyo, oziq - ovqat va boshqa sanoatlarda havo qizdirilishi va bir marta quritish kamerasidan o‘tishi kabi eng sodda quritish jarayonidan tashqari boshqa usullar yordamida ham jarayonni tashkil etish mumkin. Sanoat miqyosida quyidagi usullar qo‘llaniladi: havoni ko‘p marta oraliq isitish yo‘li bilan quritish, ishlatilgan havoni qisman resirkulatsiya qilish yo‘li bilan quritish, ishlatilgan havodan ko‘p marta foydalanish yo‘li bilan quritish.
Havoni ko‘p marta oraliq isitish yo‘li bilan quritish. Odatda bu usulda havoning yuqori tb va quyi tH temperaturalari qabul qilinadi. Dastavval havo tb temperaturagacha qizdiriladi va undan so‘ng nam material bilan o‘zaro ta’sirda bo‘lib, tH temperaturagacha soviydi. Keyin kaloriferda havo yana tb temperaturagacha qizdiriladi va yana material bilan o‘zaro ta’sirda bo‘lib tH temperaturagacha soviydi va h. Bu holda havoning oxirgi temperaturasi В nuqta orqali aniqlanadi.
Quritishning bu usulida nam materialni nisbatan past temperaturali issiq havo yordamida quritish imkoni bor. Bu usulda yuqori temperaturalarga chidamli materiallar quritiladi.
Ishlatilgan havoni qisman resirkulatsiya qilish yo‘li bilan quritish.Diagrammada A nuqtani ifodalovchi parametri issiq havo, ishlatib bo'lingan havo (AC va BC chiziqlar) bilan aralashadi va kaloriferda tc temperaturagacha qizdiriladi. Undan keyin, qizdirilgan havo nam material bilan o‘zaro ta’sir ettiriladi. Nam havoning so‘nggi parametrlarini В nuqta xarakterlaydi. Oddiy quritish usuliga nisbatan bu usul pastroq temperaturalarda, ya’ni tK o‘rniga tc da va gaz oqimining yuqori tezliklarida o‘tkaziladi.
Yuqorida qayd etilgan havoning parametrlari va uning quritkichdagi tezligi aralashish karraligi n = l/L ga bog‘liq. Sirkulatsiyali va sirkulatsiyasiz quritish usullari va havo holatining o‘zgarish oralig‘i bir xil bo‘lganda, issiqlik sarfi ham bir xil bo‘ladi.