Mavzuning dolzarbligi. Nam materiallarni qurituvchi agent yordamida suvsizlantirish jarayoni quritish deb ataladi. Quritish jarayoni orqali oziq- ovqat masulotlari sut kukuni, qahva, choy, tuxum, don, ziravorlar tabiiy tarkibini, dori preparatlarining, antibiotiklar, tibbiy ingredientlar biofaolligini, bo‘yoq pigmentlari, keramik materiallar, katalizator tayanchlari, mikroalgalarni uzoq muddatgacha saqlash mumkun.
Maqsadi va vazifalari. Quritish jarayonini tashkil etish usullari, quritish jarayonini tashkil etuvchi uskunalarining tuzilishi,ishlash prinsipi va biotexnologiyada qo‘llanilish sohalarini o‘rganish.
ADABIYOTLAR SHARHI I-BOB QURITISH JARAYONINI TASHKIL ETISH USULLARI. 1.1.Quritish uskunasida qurish jarayonini o‘rganish. Qattiq va pastasimon materiallarni suvsizlantirish yo‘li bilan ularga zarur xossalar berish, transport vositalarida uzatish va uzoq muddat davomida saqlash imkoniyatini beradi.
Suvsizlantirishni 3 xil usulda amalga oshirish mumkin:
1. Mexanik (siqish. Cho‘ktirish, filtrlash, sentrifugalash va h.).
2. Fizik-kimyoviy (suvni o‘ziga tortib oluvchi moddalar yordamida. masalan, kalsiy xlorid, sulfat kislota va h).
3. Issiqlik ta’sirida suvsizlantirish, ya’ni quritish.
Lekin yuqorida qayd etilgan usullardan eng samaralisi, issiqlik ta’sirida suvsizlantirish, ya’ni quritishdir. Chunki, quritish jarayonida to‘liq suvsizlantirishga erishsa bo‘ladi.
Qattiq va pastasimon materiallar tarkibidagi namlikni bug‘latish va hosil bo‘layotgan bug‘larni chetga olib chiqishga quritish jarayoni deyiladi.
Fizik mohiyatiga ko‘ra, quritish jarayoni murakkab diffuzion jarayondir. Uning tezligi, quritilayotgan material ichidan namlikning atrof-muhitga tarqalishi, diffuziya tezligi bilan belgilanadi. Ma’lumki, quritish jarayoni bu issiqlik va massa (namlik) ning material ichida harakati va material yuzasidan atrof-muhitga uzatilishidir. Shunday qilib, quritish bu issiqlik va massa almashinish jarayonlarining bir-biri bilan uzviy bog‘langan jarayonlar majmuasidir.
Qattiq, nam materialga issiqlik ta’sir etish usuliga qarab quritish quyidagi turlarga bo‘linadi:
1) konvektiv quritish - bunda nam material bilan qurituvchi eltkich bevosita o‘zaro ta’sirda bo‘ladi. Odatda. qurituvchi eltkich sifatida qizdirilgan havo yoki tutun gazlari ishlatiladi.Bu usul mikrobiologik sintez mahsulotlarini pnevmatik, aerofontan, purkovchi hamda qaynayotgan qatlamiga ega quritgichlarda quritishda qo‘llaniladi;
2) kontaktli quritish - issiqlik tashuvchi eltkich va nam material orasida ajratuvchi devor bo‘ladi. Materialga issiqlik shu devor orqali uzatiladi;
3) radiatsion quritish - nam materialga issiqlik infraqizil nurlar orqali uzatiladi. Isitishning bu usuli trik mikroorganizmlar, ba’zi turdagi fermentlarni va boshqa termolabil mahsulotlarni sublimatsion quritishda qo‘llaniladi.
4) dielektrik quritish - nam materialga issiqlik yuqori chastotali tok maydonida quritiladi;
5) sublimatsion quritish - nam material muzlagan holatda, yuqori vakuum ostida quritiladi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, istalgan quritish usulida quritilayotgan nam material ko‘pchilik hollarda issiq havo bilan o‘zaro ta’sirda bo‘ladi. Konvektiv quritish sanoat texnologiyalarida juda ko‘p ishlatiladi. Ushbu jarayonni amalga oshirish uchun nam materialga issiq havo ta’sirining ahamiyati katta. Shuning uchun, nam havoning asosiy xossalarini bilish quritish jarayonini o‘rganish va hisoblash uchun zarur.