Hindiston Markaziy Osiyoda o‘z ta’sirini o‘rnatish uchun mintaqaviy mamlakatlar o‘rtasidagi geosiyosiy raqobat variantlarini ko‘rib chiqishda siyosatshunoslar «Eron – Turkiya» variantini birinchi o‘ringa qo‘ydilar. «Hindiston – Pokiston» varianti esa kam muhokama qilindi. Bu mamlakatlar subkontinentning bosh muammosi – Kashmir bilan band va undan uzoq vaqt qutula olmaydilar, deb taxmin qilindi. Lekin muammolar echimi va ikkala mamlakatning ham kelajakdan umidlari Markaziy Osiyoning rivojlanishi bilan bog‘liq ekanligi ayon bo‘lib bordi. Buning anglab etilishiga qarab, mamlakatlarning mintaqadagi strategik manfaatlari ham ravshanlasha boshladi. Boshda Markaziy Osiyo yo‘nalishida tashabbus Pokiston qo‘lida bo‘ladi, deb taxmin qilingan edi. Lekin voqealarning rivojlanishi buni tasdiqlamadi. Bir milliard aholi yashaydigan davlat, «hozirgi dunyoning eng yirik demokratiyasi» - Hindistonning qudratli sivilizatsion va geosiyosiy salohiyati namoyon bo‘la boshladi.
Hindiston Respublikasi aholi soni jihatidan jahonda ikkinchi o‘rinda turadi. Demograflarning prognoziga ko‘ra, u tez orada Xitoydan o‘zib, birinchi o‘ringa chiqishi mumkin. So‘nggi o‘nyilliklarda Hindistonning nafaqat demografik salmog‘i, balki uning jahon iqtisodiyotidagi ahamiyati ham oshdi. Aholi jon boshiga olinadigan daromadlarga ko‘ra Hindiston hamon jahon mamlakatlarining ikkinchi yuzligida, mamlakat aholisining to‘rtdan bir qismi qashshoq bo‘lsa-da, xarid qobiliyati nisbati asosida hisoblangan YAIM hajmiga ko‘ra u hozir jahonda 4-o‘rinni egallab turibdi. Mamlakatning qiyofasi ham butunlay o‘zgardi. Iqtisodiyoti tubdan isloh qilingani va erkinlashtirilganidan so‘ng unga jo‘shqin rivojlanayotgan mamlakatlardan biri, axborot texnologiyalari sohasida etakchi davlat sifatida qaralmoqda. Hindistonning yadro quroliga va jahondagi eng yirik qurolli kuchlardan biriga ega regional davlat sifatidagi roli umumiy e’tirof etilgan.
Hindistonning Markaziy Osiyodagi manfaatlari bir qancha muhim fundamental omillar bilan belgilanadi.
Hindiston jahonda etakchi va nufuzli siyosiy, iqtisodiy va harbiy kuchga aylanib borayotir. U BMT Xavfsizlik Kengashiga doimiy a’zo bo‘lishga qattiq va faol harakat qilmoqda. Tabiiyki, Hindiston jahonning muhim mintaqasi – Markaziy Osiyodagi jarayonlarda ishtirok etishi, shuningdek mintaqa davlatlari uni qo‘llab-quvvatlashi uning BMTdagi mavqeini oshirish uchun muhimdir. Bundan tashqari, Hindiston o‘zining azaliy geosiyosiy raqiblari – Pokiston, Xitoy va Eron Markaziy Osiyoda o‘z ustunligini o‘rnatishini xohlamaydi. Bu esa, o‘z navbatida, Hindiston mazkur mintaqaning muhimligini tan olishi va bu erda o‘z manfaatlarini izchil amalga oshirishini taqazo qiladi.
Qariyb 150 million musulmon aholi yashaydigan Hindiston islomga e’tiqod qiluvchilar soni jihatidan jahonda Indoneziyadan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. SHu bois u Markaziy Osiyoda siyosiy, radikal islom kuchayishidan manfaatdor emas. Boz ustiga, islom dini Hindiston subkontinentiga Markaziy Osiyodan kelgan. SHu nuqtai nazardan Hindiston va Markaziy Osiyo tarixiy rishtalar bilan o‘zaro bog‘langan. Binobarin, mintaqada islomning siyosiylashuvi Hindiston musulmonlari radikallashuviga olib keladi, degan tashvishlar asossiz emas.
Jadal rivojlanayotgan hind iqtisodiyoti qo‘shimcha energiya manbalariga muhtojligini Dehli yaxshi tushunadi. SHusiz hozirgi rivojlanish sur’atlarini saqlab bo‘lmaydi. Markaziy Osiyoning energiya resurslariga uglevodorodli xom ashyoning eng real manbai deb qaralmoqda. Undan foydalanish imkoniyatini ta’minlash Hindiston tashqi siyosatining muhim strategik maqsadidir. Markaziy Osiyo bozori hind biznesi tomonidan ham faol o‘zlashtirilmoqda. Hindistonlik biznesmenlar bu erda axborot texnologiyalari, farmatsevtika, to‘qimachilik sanoati va boshqa sohalarda o‘z tovar va xizmatlarini taklif qilmoqdalar. Bevosita chegaralarning yo‘qligi, geografik jihatdan uzoqda joylashganlik aloqalarning kengayishi va mintaqa rivojlanishida Hindiston yanada faolroq ishtirok etishiga monelik qilib turibdi. O‘tmishda Hindikush tizma tog‘lari, so‘nggi o‘nyilliklarda – Afg‘onistondagi urush va Kashmirdagi keskin vaziyat bunga to‘sqinlik qilgan edi. Endilikda, uzoq yillar davomida birinchi marta Markaziy Osiyo va subkontinent o‘rtasida barqaror transport aloqasi o‘rnatish imkoniyati tug‘ildi. Bu ikkala tarafning qarshisida keng istiqbollar ochadi.
Buni tushunib etgan Hindiston Afg‘oniston iqtisodiyoti va transport infratuzilmasini tiklashga katta mablag‘larni yo‘naltirmoqda. U Afg‘oniston orqali o‘tadigan transport yo‘lagining muhim qismi bo‘lgan Dilorom – Milak yo‘li qurilishini mablag‘ bilan ta’minlamoqda. Bu magistralning pirovard manzili jahon dengiz yo‘llarining muhim tuguni – Hindistonning Mo‘mbay (sobiq Bo‘mbay) portidir.
Yo‘llar tizimining qurilishi Markaziy Osiyodan Janubi-SHarqiy Osiyoga quvur yo‘llari o‘tkazishning muhim texnologik shartidir. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi global geoiqtisodiy va geosiyosiy ahamiyatga ega. Quvur yo‘llari o‘tkazish g‘oyasini amalga oshirishga monelik qilayotgan moddiy va texnikaviy muammolar bilan bir qatorda, Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar masalasi ham o‘z ahamiyatini saqlab qolmoqda. Bir-biriga ishonchsizlik bilan qarash, bir-biriga bog‘liq bo‘lib qolishdan qo‘rqish bu loyihadagi hamkorlikning afzalliklaridan kuchlilik qilayotir. Vaholanki, Hindiston va Pokistonning bir-biriga ijobiy bog‘liqligi ular o‘rtasidagi mojaroni hal qilishning eng ta’sirchan omili bo‘lishi mumkin. Markaziy Osiyodan Pokiston orqali Hindistonga energiya olib keladigan quvur yo‘llarini o‘tkazish ikkala mamlakat ham bir-birining barqaror rivojlanishidan manfaatdor bo‘lishini belgilab beradi. SHu tariqa Markaziy Osiyo global ahamiyatga molik mintaqa – Hindiston subkontinentining geosiyosiy rivojlanishida burilish yasashi mumkin.