Andijon davlat pedagogika instituti


Mavzu. “YANGI KATTA O`YIN” KONSEPSIYASI VA UNING GEOSIYOSIY MOHIYATI



Yüklə 1,21 Mb.
səhifə58/121
tarix07.06.2023
ölçüsü1,21 Mb.
#126335
1   ...   54   55   56   57   58   59   60   61   ...   121
757575 МАЖМУА ГЕОСИЁСАТ 2022

16. Mavzu. “YANGI KATTA O`YIN” KONSEPSIYASI VA UNING GEOSIYOSIY MOHIYATI.
Reja:
1. “Yangi katta o`yin” konsepsiyasi mohiyati, ob`ekti.
2. Markaziy Osiyo yangi siyosiy munosabatlar tizimida.
3. O`zbekiston tashqi siyosatining asosiy yo`nalishlari.

Bu konsepsiya shunday bir qoidaga asoslanadiki, unga muvofiq Markaziy Osiyo Evrosiyoning bir nechta katta davlatlariga geografik jihatdan yaqin joylashganligi uchun strategik ahamiyat kasb etadi. SHu bois, «Katta O‘yin» nazariyasiga binoan, Markaziy Osiyo tashqi kuchlar uchun talash ob’ekti bo‘lib, ko‘p marta bo‘lingan, qo‘shib olingan, xalqaro siyosat maydonidan g‘oyib bo‘lgan va yana vujudga kelgan. «Katta O‘yin» atamasini ilk bor Artur Konnoli tomonidan Britaniya va Rossiya imperiyasining Markaziy Osiyoda gegemonlik uchun strategik raqobatiga nisbatan qo‘llagan edi. Keyinchalik u Buyuk Britaniyaning Osiyoga mustamlakachilik yurishlarini tasvirlagan ingliz adibi va sayyohi Redyard Kiplingning yozuvchilik mahorati ta’sirida keng tarqaldi.


«Katta O‘yin»ning birinchi, klassik davri qariyb 100 yil davom etdi va 1907 yilda Angliya-Rossiya Konvensiyasining imzolanishi bilan yakunlandi. Markaziy Osiyo o‘sha davrning ikki eng qudratli imperiyasi o‘rtasida joylashgan edi. Ikkala davlat bu erda qarshi tarafning paydo bo‘lishini o‘z manfaatlariga tahdid deb qarab va bunga yo‘l qo‘ymaslikka intilib, mintaqani intensiv ravishda o‘rgandi va razvedka qildi. Bu strategik o‘yinni hozirgi davr ta’biri bilan «Kabuki geosiyosiy raqsi» deb nomlash mumkin: raqobat ayovsiz tus oldi, lekin tomonlar biri biridan masofani saqlab, hech qachon bevosita qurolli to‘qnashuvga yo‘l qo‘ymadilar. Angliya Rossiyaning asta-sekin janubga siljib, Markaziy Osiyo xonliklarini birin-ketin bosib olib, oxir-oqibatda Hindiston chegaralariga chiqishidan qo‘rqar edi. Bu holda orqada bo‘ysundirilgan erlarga va Rossiya imperiyasining markazi bilan quruqlik bo‘ylab aloqaga ega rus qo‘shini ingliz ekspeditsion qo‘shinlari oldida ustunlikka ega bo‘lardi. «Britaniya tojining durdonasi» bo‘lgan Hindiston xavf ostida qolardi.
SHu sharoitda London zudlik bilan buning oldini olish choralari ko‘rdi: 1838 yilda Afg‘onistonni egallash maqsadida birinchi ingliz-afg‘on urushi boshlandi. Lekin 1842 yilda Britaniya qo‘shinlari Kobulni tashlab, chekinishga majbur bo‘ldi. 1865 yil ruslarning Toshkent va Samarqandni bosib olishi, Amudaryo qirg‘oqlariga chiqishi va Kobuldagi diplomatik faolligi britaniyaliklarni sharmandali mag‘lubiyat haqida unutib, 1878 yilda ikkinchi afg‘on kampaniyasini boshlashga majbur qildi. Ammo bu safar ham ularning 40 ming kishilik qo‘shini muvaffaqiyatsizlikka uchradi va 1881 yilda chekinishga majbur bo‘ldi. Rossiya esa janubga yurishini davom ettirdi. Bu 1884 yil mashhur Panjex voqeasi ro‘y bergunga qadar davom etdi. O‘shanda rus qo‘shinlari Marvni bosib olgach, birinchi marta afg‘on qurolli kuchlari bilan to‘qnashdi. Ikki buyuk davlat o‘rtasida bevosita to‘qnashuvning oldini olish uchun zudlik bilan Ingliz-Rus CHegara Komissiyasi ta’sis etildi. Bu Komissiya Amudaryo bo‘ylab chegara chizig‘ini qayd etdi. Keyinchalik, 1907 yilda taraflar Afg‘oniston Buyuk Britaniya nazorati ostidagi hudud ekanligi, u mavjud chegaralarni tan olishi va Rossiyaning Markaziy Osiyodagi ishlariga aralashmasligi haqidagi Konvensiyani imzoladilar. «Katta O‘yin»ning klassik davri shu tariqa yakunlandi.
Bolshevistik inqilob chor Rossiyasining barcha shartnomalarini, shu jumladan 1907 yilgi Angliya-Rossiya Konvensiyasini ham bekor qildi. Bu mintaqada geostrategik raqobatning yangi bosqichi boshlanishiga sabab bo‘ldi. Uchinchi ingliz-afg‘on urushi 1919 yilda, Omonulloxon mamlakatni Buyuk Britaniyadan to‘liq mustaqil deb e’lon qilganidan so‘ng boshlandi. Natijada Ravalpindi Bitimi tuzildi va unga ko‘ra Afg‘oniston tashqi siyosatda o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini qo‘lga kiritdi. Ko‘p o‘tmay SSRI va Afg‘oniston o‘rtasida Do‘stlik haqida shartnoma imzolandi. U taraflarni uncha qanoatlantirmasa-da, asosiy natijaga erishildi – Afg‘oniston Britaniya ta’siridan xalos bo‘ldi.
Ikkinchi jahon urushidan so‘ng geostrategik raqobatda Buyuk Britaniya o‘rnini Qo‘shma SHtatlar egalladi. Ikki qutbli qarama-qarshilik taraflari jahonning eng muhim mintaqalaridan bir-birini siqib chiqarish va bu erda o‘z ta’sirini o‘rnatishga harakat qildilar. Tabiiyki, bu ziddiyat YAqin va O‘rta SHarqning uglevodorodli xom ashyoga boy va strategik jihatdan muhim hududlarini, shuningdek ularga qo‘shni mintaqalarni ham chetlab o‘tmadi. 1979–1989 yillarda Afg‘oniston uchun kurash «Katta O‘yin» ikkinchi bosqichining cho‘qqisi bo‘ldi. Bu kurashga ikkala blok ham juda katta resurslarni tashladi.
Sovet Ittifoqining mag‘lubiyati va oradan ko‘p o‘tmay parchalanib ketishi Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi geosiyosiy vaziyatni yuzaga keltirdi. SHu zahoti yangi «Katta O‘yin» ssenariylari yozila boshladi. Markaziy Osiyo mamlakatlari mustaqilligining dastlabki bosqichida ko‘pgina siyosatshunoslar mintaqada o‘z ta’sirini o‘rnatish uchun geosiyosiy raqobat asosan Turkiya va Eron o‘rtasida bo‘lishini taxmin qilgan edilar. Jahonda Xitoy mavqei mustahkamlanishi bilan unga Markaziy Osiyodagi mavqei va ta’siri baland kuch sifatida qarala boshlandi. Global markazlar mintaqaning muhimligini qayd etgan holda, amalda bu erda ro‘y berayotgan jarayonlarga uncha aralashmadilar. 2001 yil 11 sentyabrdan so‘ng vaziyat butunlay o‘zgardi. Markaziy Osiyo xalqaro terrorizmga qarshi kurashning istehkomiga aylandi. Bu erda NATO harbiy-siyosiy kuchlari hozirligi pretsedenti vujudga keldi.
Afg‘onistondagi antiterroristik operatsiyaning dastlabki bosqichida ko‘pchilik Markaziy Osiyo o‘z tarixida birinchi marta raqobat ob’ektiga emas, ko‘p taraflama, balki uzoq muddatli hamkorlik maydoniga aylanmoqda, degan fikrni ilgari surdi. «Katta O‘yin» tugagandek va bir tomonning g‘alabasi ikkinchi tomon manfaatiga zid kelmaydigan holat, ya’ni “non-zero-sum-game” davri boshlangandek bo‘lib tuyuldi. Biroq, terrorizmga qarshi urush cho‘zilgani sari ayrim mamlakatlarning manfaatlari o‘rtasida ziddiyatlar namoyon bo‘la boshladi. Ular Markaziy Osiyoda o‘z ta’sirini o‘rnatish uchun o‘zaro kurash olib borayotgani ayon bo‘lib qoldi.
Oldingi davrlardan farqli o‘laroq, mintaqa uchun geosiyosiy kurashning hozirgi bosqichi bir qancha o‘ziga xos fundamental xususiyatlarga ega.
Bu kurashga oldingidan ancha ko‘proq davlatlar qo‘shilganki, shuning o‘ziyoq qarama-qarshilikning murakkab, ko‘p yo‘nalishli shakl-shamoyilini namoyon etadi. Bunda o‘xshash yondashuvli mamlakatlar guruhlari, masalan, AQSH va Evropa Ittifoqi bir tomondan va SHanxay Hamkorlik Tashkiloti davlatlari ikkinchi tomondan kuzatilmoqda. Bu Markaziy Osiyo tevaragida bloklar qarama-qarshiligi vujudga kelishiga zamin hozirlaydiki, bu mintaqa uchun juda xavflidir. Mintaqa o‘z tarixida birinchi marta har xil mo‘ljalli mamlakatlarning harbiy kuchlari bir-biridan xavfli yaqinlikda joylashgan zonaga aylandi.
Markaziy Osiyodagi yangi «Katta O‘yin» ishtirokchilari orasida o‘ta tajovuzkor kuchlar – diniy radikalizm, xalqaro terrorizm va narkobiznes paydo bo‘ldi. Ular havoyi fantom, virtual xavf va shunchaki yovuzlik timsoli emas. Bu kuchlar aniq kun tartibi, tarmoqlangan tashkiliy tuzilmaga va uncha-muncha davlat bellasha olmaydigan qudratli moliyaviy qudratga ega. Ular Markaziy Osiyodagi jarayonlarda ishtirok etayotgan davlatlar orasida ziddiyat mumkin qadar kuchayishidan manfaatdordirlar.
Geoiqtisodiy manfaatlar Markaziy Osiyo tevaragidagi raqobatning muhim yo‘nalishiga aylandi. Energetika, transport infratuzilmasi sohasidagi mintaqaviy loyihalarning amalga oshirilishi yoki, aksincha, muvaffaqiyatsizlikka uchrashi yirik davlatlar taqdiriga va jahon iqtisodiyotining rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Nihoyat, ilgari Markaziy Osiyo xalqlari davlatlar o‘rtasidagi geosiyosiy bellashuvning o‘ziga xos «sovrini», passiv sub’ektlari hisoblangan bo‘lsa, bugungi kunda ular strategik jarayonlarning faol ishtirokchilariga aylanmoqda.

Yüklə 1,21 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   54   55   56   57   58   59   60   61   ...   121




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2025
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin