1. Fors ko‘rfazi va Janubiy Kavkazni o‘z ichiga olgan YAqin SHarq. Sivilizatsiyalar o‘rtasidagi aloqalarning janubi-g‘arbiy yo‘nalishi juda qadimgi tarixiy ildizlarga ega. Ba’zan u, asosan, mintaqaning arablar tomonidan istilo qilinishi va bu erda Islom dini tarqalishi munosabati bilan mutlaqo noto‘g‘ri talqin qilinadi. Holbuki, bundan ko‘p asrlar oldin bu erda Eron va ellinlar sivilizatsiyalari bilan juda chuqur, bir-birini boyituvchi aloqalar mavjud bo‘lgan. Boz ustiga, muayyan davrda Markaziy Osiyo ular bilan yagona siyosiy, iqtisodiy va madaniy maydonni tashkil etgan. Akademik E.Rtveladze qayd etishicha, yunon tili Markaziy Osiyoda bir necha yuz yil davomida asosiy tillardan biri hisoblangan. Tabiiyki, bularning barchasi mintaqa taqdirida va bu erda yashagan xalqlarning tarixi va an’analarida o‘z izini qoldirgan.
Islom dini mintaqaning rivojlanishiga va umuminsoniy sivilizatsiya markazlaridan biriga aylanishiga katta turtki berdi. Muhammad payg‘ambar ta’limotini rivojlantirish va tarqatish ishiga Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi qo‘shgan ulkan hissa musulmon dunyosi tomonidan e’tirof etilgan va yuksak darajada baholanadi. Evropa taqdiriga bevosita ta’sir ko‘rsatgan YAqin va O‘rta SHarqdagi bir necha qudratli imperiyalar tarixiy vatani Markaziy Osiyo bo‘lgan xalqlar tomonidan barpo etilgan edi. Mintaqalarni asrlar sinovidan o‘tgan savdo yo‘llari bog‘laydi. Markaziy Osiyo xalqlari hozir ham ana shu tomonga qarab namoz o‘qiydilar.
Bu aloqalar shu qadar chuqurki, ayrim taniqli tadqiqotchilar, masalan, Prinston universiteti professori Bernard Lyuis «sivilizatsion nuqtai nazardan Markaziy Osiyo bugungi kunda ham, xuddi o‘tmishdagidek, YAqin SHarqning tarkibiy qismidir», deb ta’kidlaydi. Ayniqsa, amerikalik olimlar orasida keng tarqalgan yondashuvga ko‘ra Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz bir makromintaqaga birlashtiriladi.
2. Afg‘oniston va Janubiy Osiyoni o‘z ichiga olgan Hindiston subkontinenti.Janubiy yo‘nalishda geografik jihatdan mintaqaga eng yaqin, unga hech qachon tahdid solmagan, ammo Markaziy Osiyo xalqlarini har doim o‘ziga chorlagan yirik qo‘shni sivilizatsiya - Hindiston joylashgan. Orada tog‘li to‘siqlar mavjudligiga qaramay, ikkala mintaqa doim uzilmas rishtalar bilan bog‘langan va ma’lum davrlarda yagona siyosiy va iqtisodiy maydonni tashkil etgan. Madaniyatlarning o‘zaro ta’siri juda katta bo‘lgan. Bu jarayon Bobur barpo etgan zarvaraq qudratli Buyuk Mo‘g‘ullar imperiyasining paydo bo‘lishidan ancha oldin boshlangan.
Bugungi kunda, Afg‘onistondagi jarayonlar nuqtai nazaridan, janubiy yo‘nalish Markaziy Osiyo uchun ham asosiy transnatsional xavf-xatar, ham rivojlanish uchun noyob imkoniyatlar manbai sifatida gavdalanmoqda.
3. Xitoy. Bu faqatgina buyuk qo‘shni davlat emas. O‘zining g‘arbiy qismi bilan u Markaziy Osiyoga kiradi. Ularning o‘rtasidagi aloqalar qadimdan ikki omil bilan belgilanadi.
Birinchi omil – savdo-sotiq hajmi. Buyuk ipak yo‘lining ravnaq topishi va tanazzuli tarixi buning yorqin ifodasidir. Agar Buyuk ipak yo‘li ravnaq topgan davr Xitoy va mintaqa o‘rtasida eng yaqin aloqalar o‘rnatilgan davr bo‘lsa, keyinchalik savdo yo‘llarining o‘zgarishi bu aloqalarning kamayishiga olib keldi.
Ikkinchidan, ikki mintaqa o‘rtasidagi hudud, ayniqsa, o‘rta asrlar boshida, qizg‘in migratsiya jarayonlari hududi bo‘lgan. Tarixda Xitoy va Markaziy Osiyoning o‘troq sivilizatsiyalari bir necha marta o‘zlariga xavf solgan ko‘chmanchi xalqlarga qarshi harbiy-siyosiy ittifoqlar tuzganlar.
Xitoyning iqtisodiy jihatdan taraqqiy etishi, savdo yo‘llarining o‘zgarishi, energetik infratuzilma rolining ortishi, yangi xavflarning umumiyligi mintaqalar o‘rtasidagi munosabatlar yana faollashishini bashorat qilish imkonini beradi.