Pokiston Hindiston, Afg‘oniston, Eron va Xitoy bilan chegaradosh, Ummon ko‘rfazida portlarga ega bo‘lgan Pokiston Janubiy Osiyoda strategik o‘rin egallaydi. U aholi soni jihatidan (160 million) jahonda oltinchi o‘rinda turadi. Pokiston Islom Konferensiyasi Tashkilotining Indoneziyadan keyingi ikkinchi yirik a’zosidir. Demograflarning prognoziga ko‘ra, aholi o‘sishining hozirgi sur’ati saqlanib qolsa, 2050 yilga borib Pokiston aholi soni jihatidan jahonda uchinchi o‘ringa chiqishi mumkin.
Hindiston, Eron va Markaziy Osiyo bilan Pokistonni tarixiy rishtalar bog‘laydi. 1947 yil avgustda Hindiston subkontinenti Britaniya mustamlakasidan ozod bo‘lgach, bu erda ikki davlat vujudga keldi. Subkontinentning asosan musulmonlar yashaydigan qismini Pokiston deb nomlashga qaror qilindi. Bu akronimni 1933 yilda Kembrij talabasi Rahmat Ali o‘ylab topgan edi. Unda «P» harfi «Panjob», «A» - «Afg‘on», «K» - «Kashmir», «S» - «Singh» va «ton» - «Belujiston»ning bir qismini anglatadi. Bundan tashqari, «Pok» so‘zi, o‘zbek tilida bo‘lganidek, forsiyda ham «toza», «iston» esa – yurt deganidir.
YOsh davlat qisqa vaqt ichida juda ko‘p sinovlardan o‘tdi. Demokratik taraqqiyot davri harbiy boshqaruv bilan bo‘linib turdi. Kashmir muammosi vaqti-vaqti bilan tanglikka aylanib, qo‘shni davlat – Hindiston bilan harbiy to‘qnashuvlarga sabab bo‘ldi. Afg‘onistondagi urush va beqarorlik bu mamlakat bilan qondoshlik rishtalari bilan bog‘langan Pokistonga bevosita ta’sir ko‘rsatdi. Afg‘onistondagi eng yirik etnik guruh – pushtularning yarmi Pokiston hududida yashaydi va ikki davlatni ajratib turgan bahsli Durand chizig‘i bo‘ylab muttasil ko‘chib yuradi. «Sovuq urush» davrida Pokiston AQSHning mintaqadagi eng yaqin hamkori edi. Afg‘onistonda sovet bosqinchilariga qarshi urush boshlangach, Pokiston front yaqinidagi davlatga va afg‘on mujohidlarini qurol-aslaha bilan ta’minlash bazasiga aylandi. O‘sha davrda millionlab afg‘on qochoqlari Pokistonning chegara oldi hududlarida panoh topdilarki, bu hozirgacha mamlakat uchun og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lmoqda.
1998 yil Pokiston yadro qurolini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazganini e’lon qildi. SHu tariqa u yadro quroliga ega birinchi musulmon davlatiga aylandi. Bunga javoban Pokistonga sanksiyalar belgilandi. Bu mamlakatning iqtisodiy rivojlanish sur’atlariga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. SHu bilan bir vaqtda mamlakatda siyosiy tanglik yuzaga keldi. Buning natijasida Pokiston bosh vaziri SHarif lavozimidan chetlatildi va hokimiyatni general Parvez Musharraf egalladi. 2002 yil oktyabrda bo‘lib o‘tgan umumxalq parlament saylovida Musharraf va uning tarafdorlari g‘alaba qozondilar. Lekin shu vaqtga kelib Afg‘onistondagi voqealar hamda 90-yillarda Islomobod va Pokiston armiyasi tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlangan toliblar tuzumiga qarshi antiterroristik kampaniya munosabati bilan mamlakatda vaziyat keskinlashdi. Musharraf mamlakat pozitsiyasini tubdan o‘zgartirishga qaror qildi va «Tolibon» harakatiga qarshi urushda AQSHni qo‘llab-quvvatladi. Bu mamlakatdagi islom aqidaparastlarining qattiq noroziligiga sabab bo‘ldi. Musharrafga qarshi surunkasiga bir necha marta suiqasd uyushtirildi. Ayni vaqtda, Pokiston rahbariyatining bu harakati o‘z samarasini berdi. Mamlakatning juda ko‘p miqdordagi tashqi qarzi restrukturizatsiya qilindi, bir qismining esa bahridan o‘tildi. Pokiston katta moddiy yordam oldi. Bu mamlakatning iqtisodiy rivojlanish sur’atlariga o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatdi. O‘z geosiyosiy raqiblari – qo‘shni mamlakatlardan iqtisodiy taraqqiyotda orqada qolmaslik Pokiston hukumatining bosh vazifasidir.
Pokistonning Markaziy Osiyoga nisbatan tashqi siyosiy strategiyasi yuqorida zikr etilgan muammolar majmui bilan belgilanadi.
Islomobod Markaziy Osiyo davlatlarining mustaqilligini paysalga solmasdan, o‘sha zahoti tan oldi. Tabiiyki, u mazkur davlatlar siymosida o‘z geosiyosiy ittifoqchilarini topishga umid qilar edi. Asosiy raqibi – Hindistonning yaqin hamkori bo‘lgan Rossiya 90-yillar boshida Markaziy Osiyodan “strategik chiqib ketish” imkoniyati Pokistonni bunga qattiq ruhlantirdi. Islomobod hali SSRI parchalanmay turib Markaziy Osiyo mamlakatlari suverenitetini qo‘llab-quvvatlash va BMTga a’zo bo‘lishda ularga yordam qo‘lini cho‘zishga tayyorligini bilvosita bildirgan edi. Mustaqillikning dastlabki yillarida Pokiston rahbariyatining mintaqadagi siyosiy aloqalari ancha faol bo‘ldi, iqtisodiy hamkorlikka katta umid bilan qaraldi. Biroq keyin oradagi munosabatlarda uzoq tanaffus ro‘y berdi.
Avvalo, mamlakatlarni bevosita bog‘lovchi transport tarmoqlari yo‘qligi, ularning o‘rtasida joylashgan Afg‘onistondagi urush savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga imkon bermasligi ayon bo‘lib qoldi. Qolaversa, Pokiston Markaziy Osiyoning dunyoviy taraqqiyot yo‘lidan borayotgan Markaziy Osiyo mamlakatlari, avvalo O‘zbekistonga yov ko‘zi bilan qaraydigan «Tolibon» harakatini qo‘llab-quvvatlagani, ayrim ma’lumotlarga ko‘ra esa, uning tashkil topishida bevosita ishtirok etgani mintaqa davlatlarini Pokistondan uzoqlashtirdi. Nihoyat, Markaziy Osiyo mamlakatlaridan qochgan ekstremistik harakatlar va terrorchilik guruhlarining a’zolari Pokistonda panoh topgani ham o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatdi.
2001 yil 11 sentyabr voqeasidan so‘ng yuqorida zikr etilgan masalalarga Islomobod munosabatining tubdan o‘zgarishi Markaziy Osiyoda Pokiston mavqeining tiklanishiga imkoniyat tug‘dirdi. Prezident Musharraf 2005 yil martda o‘zining Toshkentga tashrifi chog‘ida mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarda «yangi davr» boshlanganini qayd etdi. U tinchlik va barqarorlikka qarshi xavflarga birgalikda kurash olib borishga, mintaqa mamlakatlari duch kelayotgan muammolarni hal qilishda yordam berishga tayyorligini tasdiqladi.
Pokiston mintaqadagi nufuzli kuch ekanligi shubhasiz. U Afg‘oniston mojarosini tartibga solish jarayonlarida muhim rol o‘ynadi. SHu bois mintaqa muammolarini hal qilishga Pokistonning faol aralashishi juda muhim ahamiyat kasb etishi mumkin. Boz ustiga, Pokistonning kelajagi va iqtisodiy ambitsiyalarining ro‘yobga chiqishi Markaziy Osiyodagi vaziyatga bevosita bog‘liqligi ayon bo‘lib bormoqda.
Bu erda avvalo Pokiston iqtisodiyoti ehtiyojlari uchun mintaqa energiya resurslaridan foydalanish istiqbollari nazarda tutilmoqda. Bugungi kunda Pokistonning o‘rta sinfi 30 mln. kishidan oshib ketdi. Ularning iqtisodiy faolligi ancha yuqori bo‘lib, energiya bilan ta’minlashni taqozo etadi. Pokiston Markaziy Osiyodan keladigan quvur yo‘llari bu erdan o‘tib Hindistonga borishi va bu mazkur mamlakat bilan til topish imkoniyatini tug‘dirishiga umid qilmoqda. Pokiston biznesi mintaqa bozorini o‘zlashtirmoqda, bu erda o‘z mahsulotlarini sotishga harakat qilmoqda. SSRI va Afg‘oniston o‘rtasidagi urush yillarida afg‘on mujohidlariga yordam ko‘rsatish bo‘yicha faol harakatlar barham topganidan so‘ng Pokiston portlaridan to‘laqonli foydalanilmay qo‘yildi. Ularning rivojlangan port infratuzilmasi yuklanmay qolayotir. Islomobod Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘z transport strategiyasini Karachi va Gvadar portlariga qaratishidan manfaatdor ekanligini yashirmayapti. Agar Markaziy Osiyodan asosiy marshrutlar shu portlar bilan tutashsa, Pokistonning obro‘li regional davlat sifatidagi ahamiyati yanada oshadi.