Eron Islom Respublikasi Eron noyob geostrategik joylashuvga ega. U muhim mintaqalar – Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz, YAqin SHarq va Hindiston subkontinentini bog‘lovchi chorrahada joylashgan. Eron 15 mamlakat bilan dengiz yoki quruqlik bo‘ylab umumiy chegaralarga ega bo‘lgan jahondagi yagona davlatdir. Aholi soniga ko‘ra Eron jahonda 17-o‘rinda turadi (70 million kishi). Eron jamiyati ko‘p millatli bo‘lib, aholining yarmidan ko‘prog‘ini mayda millatlar: ozarbayjonlar, kurdlar, arablar, turkmanlar va boshqalar tashkil etadi. Diniy nuqtai nazardan Eron aholisi nisbatan turdosh – aholining 90% ga yaqinini shia mazhabiga mansub musulmonlar tashkil etadi. Er yuzidagi eng qadimgi sivilizatsiyalardan birining vatani bo‘lgan Eron boy va nihoyatda qiziqarli madaniyatga ega. Bu mamlakat islom dunyosining muhim markazlaridan biri hamdir.
O‘tmishda, ayniqsa, o‘rta asrlarda Eron qo‘shni mintaqalarning va hatto Evropaning siyosiy, iqtisodiy va madaniy rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Biroq keyinchalik savdo marshrutlarining o‘zgarishi va permanent beqarorlik uning roli asta-sekin pasayishiga olib keldi. Buning ustiga, Eronga Britaniya va Rossiya imperiyasi o‘z ta’sirini o‘tkaza boshladi. Modernizatsiya jarayonlarini amalga oshirishga urinishlar, shu jumladan 1905-1911 yillarda ro‘y bergan Osiyodagi birinchilardan bo‘lgan Konstitutsiyaviy Inqilob ham vaziyatni tubdan o‘zgartira olmadi. Mamlakat neftga juda boy va, boz ustiga, jahonning muhim mintaqasida strategik mavqega ega bo‘lib, tashqi kuchlarning Eronga o‘z ta’sirini o‘tkazishga qaratilgan siyosatining sub’ekti bo‘lishda davom etdi. 1953 yilda AQSH va Angliya maxsus xizmatlari o‘tkazgan operatsiya natijasida bosh vazir Masodiq lavozimidan chetlatildi va hokimiyatga shoh Rizo Pahlaviy keltirildi. Uning hukmronligi davri iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, turmush tarziga g‘arb unsurlarini olib kirishga urinish, inson va fuqaro huquq va erkinliklari tamoman toptalishining mudhish qorishmasi bo‘ldi. Tabiiyki, bu jamiyatda norozilikning kuchayishiga olib keldi. 1979 yil Ayatulla Humayniy rahbarligida amalga oshirilgan islom inqilobi natijasida monarxiya tugatildi.
YAngi davlatga avvalidanoq “ichki duallik”, ya’ni bir vaqtning o‘zida ham konstitutsiyaviy, ham islom respublikasi bo‘lish xos edi. Vaholanki, klassik islomizm davlat va jamiyat qurilishining shariatdan boshqa hech qanday huquqiy normalarini tan olmaydi. Davlat boshlig‘i – Maslahatchilar Kengashi tomonidan saylanadigan Rahbar. U umumxalq saylovida to‘rt yilga saylanadigan Prezidentdan ko‘proq vakolatga ega. 290 deputatdan iborat bir palatali parlament jamiyat hayotida muhim rol o‘ynaydi.
Eron jamiyatiga ma’lumot darajasining yuqoriligi, axborot texnologiyalari nisbatan rivojlanganligi xosdir. Aholining 70% dan ko‘prog‘ini 30 yoshdan kichik fuqarolar tashkil etadi. Bu xususiyatlar aholining, ayniqsa, talabalar va ziyolilarning ijtimoiy va siyosiy faolligini belgilaydi.
CHet ellik siyosatshunoslar Eron siyosiy isteblishmentini to‘rt guruhga ajratadilar. Birinchi guruhga nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy tizimni ham jiddiy o‘zgartirishni talab qiluvchi radikal reformatorlar kiradi. Ikkinchi guruh iqtisodiy o‘sishni ta’minlash «sivilizatsiyalar aloqasi»ga nisbatan ko‘proq ochiqlikni, xalqaro aloqalarni kengaytirishni va mamlakatdagi ahvolni isloh qilishni taqozo etadi, deb hisoblaydigan mo‘‘tadil reformatorlardan iborat. Uchinchi guruh – pragmatiklar, Erondagi siyosiy-mafkuraviy tizim iqtisodiy modernizatsiyaga monelik qilmaydi, deb hisoblaydi. Nihoyat, ichki va tashqi siyosat masalalariga konservatorlar yondashuvi Ayatulla Humayniyning fundamental prinsiplari va g‘oyalariga asoslanadi. SHu siyosatshunoslarning fikricha, so‘nggi yillarda ijtimoiy hayot radikallashishi va izdan chiqishidan tashvishlanayotgan mo‘‘tadil reformatorlarning konservativ yo‘nalish tarafga og‘ishi ro‘y bermoqda. Mintaqadagi geosiyosiy vaziyatning keskin o‘zgarishiga konservativ kuchlar birlashishiga turtki beruvchi ikkinchi omil sifatida qaralmoqda. Qisqa vaqt ichida Eronning ikki tarafida – Afg‘oniston va Iroq chegaralarida uning asosiy raqibi – AQSHning harbiy kuchlari paydo bo‘ldi. Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyoda AQSHning doimiy harbiy bazalari tashkil etilishi xavfi tug‘ildi. AQSH ma’muriyati demokratiya va g‘arb qadriyatlarini ilgari surish, ya’ni mintaqaga mafkuraviy hujum qilish maqsadini ko‘zlovchi «Katta YAqin SHarq» dasturini amalga oshirish niyatida ekanligini e’lon qildi. Bularning barchasi Tehronni tashvishga solib qo‘ydi. Bundan tashqari, xalqaro hamjamiyat AQSHning tazyiqi ostida Erondan yadro dasturini to‘xtatishni qat’iy talab qila boshladi. Bu ham Eron jamiyatida g‘arbga qarshi munosabatning kuchayishiga olib keldi.
Eron ancha yirik iqtisodiyotga ega – xarid qobiliyati nisbatiga ko‘ra hisoblangan YAIMning yillik hajmi taxminan 480 milliard dollarni tashkil etadi (2003 yil). Eron iqtisodiyoti davlat mulki (avvalo, strategik tarmoqlarda) bilan savdo va xizmatlar sohasida xususiy tadbirkorlikning uyg‘unligidan iborat. Neft va gaz sanoatining salmog‘i ayniqsa katta – Eron jahonning tekshirilgan neft zaxiralarining o‘ndan biriga ega, gaz zaxiralari hajmiga ko‘ra esa Rossiyadan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. So‘nggi yillarda uglevodorodli xom ashyo narxlarining keskin ko‘tarilishi mamlakat valyuta tushumlari ko‘payishiga olib keldi. Eronning oltin-valyuta zaxirasi 22 mlrd. dollardan oshib ketdi (2003 yil). Ayni vaqtda, odatdagidek, iqtisodiyotda davlat mulki ulushining kattaligi, mamlakatda ishsizlik va inflyasiya darajasi ancha yuqori bo‘lishiga olib kelmoqda va byudjet taqchilligi kuzatilyapti. Hukumat neftdan olingan daromadlarni yangi tarmoqlarni shakllantirishga yo‘naltirish yo‘li bilan iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishga urinmoqda. Bundan tashqari, Eronning iqtisodiy strategiyasi energetika sektoriga chet el investitsiyalarini jalb qilish va xorijda yangi bozorlarni egallashni o‘z ichiga oladi. “Ozodegan” yirik neft konini birgalikda qazish yuzasidan YAponiya bilan muzokara olib borilmoqda. Erondan Pokiston va Hindistonga quvur yo‘li o‘tkazish g‘oyasi faol muhokama qilinmoqda.
Eron tashqi siyosati va tashqi iqtisodiy strategiyasida Markaziy Osiyo tarixan muhim o‘rin egallaydi. 90-yillarning boshida g‘arbiy tadqiqotchilar tomonidan Markaziy Osiyo bilan yaqin tarixiy, madaniy aloqalarga ega bo‘lgan Eron yaqinligi va o‘z iqtisodiy salohiyati tufayli mintaqada gegemoni rolini o‘ynash va bu erda islom inqilobi g‘oyalarini tarqatishga harakat qiladi, degan fikrlar ilgari surilgan edi. Biroq Eron tashqi siyosati ancha uzoqni ko‘zlab ish tutdi. Diniy omil asosan sunniylar yashaydigan va dunyoviy demokratiya qurishga intilish kuchli bo‘lgan Markaziy Osiyo jamiyatlarini Eron bilan bog‘lashdan ham ko‘ra ko‘proq undan uzoqlashtirishini yaxshi tushungan Tehron o‘zining mintaqadagi tashqi siyosatida iqtisodiy, madaniy aloqalarni, gumanitar muloqotni birinchi o‘ringa qo‘ydi, tarixiy, axloqiy masalalardagi mushtaraklikka urg‘u berdi.
Eron Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan transport va savdo-iqtisodiy aloqalar sohasida hamkorlikni rivojlantirishga ustuvor ahamiyatga ega bo‘lgan soha sifatida qarab keldi va bu erda Tehron strategiyasining pragmatik xarakteri yaqqol namoyon bo‘ldi. Markaziy Osiyoga va Markaziy Osiyodan yuklarni tranzit qilish uchun Eron hududidan foydalanishga qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha bir qancha chora-tadbirlar amalga oshirildi – haydovchilar uchun viza rejimi va yuklarni bojxonda rasmiylashtirish taomili soddalashtirildi, yo‘llar rekonstruksiya qilindi. Afg‘oniston orqali o‘tadigan transport yo‘lagi dasturini amalga oshirishga Eron katta mablag‘larni yo‘naltirmoqda. Bugungi kunda yuklarni transportda tashishning Eron yo‘nalishi Markaziy Osiyo mamlakatlari tomonidan eng faol foydalanilayotgan yo‘nalishlardan biridir. Biroq Eron o‘zini faqat tranzit mamlakati sifatida ko‘rayotgani yo‘q. U Markaziy Osiyoga keng qamrovli tovar va xizmatlar bozori deb ham qaramoqda. Zotan, Eron biznesi hududiy yaqinlik tufayli bu erda raqiblar oldida muayyan ustunlikka ega.
O‘z-o‘zidan ravshanki, Eron, jahon energetika bozorida baland mavqega ega mamlakatlardan biri sifatida, bu bozorda Markaziy Osiyo segmenti vujudga kelishiga befarq qarab turolmaydi. Bu avvalo Kaspiy muammosiga tegishlidir. Bu erda faqat Kaspiy qirg‘oqlarida joylashgan mamlakatlarning emas, balki boshqa davlatlarning ham manfaatlari to‘qnashmoqda. Dengizni o‘rtadan milliy sektorlarga bo‘lishga Eron rozi bo‘lmayapti. Bu holda Kaspiyning tuzilishiga ko‘ra Eronga akvatoriyaning eng kichkina qismi o‘tadi. SHu bois Tehron Kaspiy uchun birgalikda javob berish, dengiz ekotizimini saqlagan holda, uning zaxiralaridan foydalanish g‘oyasini ilgari surmoqda.
Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarni muttasil rivojlantirish Tehron uchun AQSH olib borayotgan Eronni yakkalab qo‘yish, ya’ni uni xalqaro nuqtai nazardan izolyasiya qilish siyosatiga qarshi xatti-harakat, mamlakatni xalqaro hamjamiyatdan ajratib qo‘yishga urinishlarning oldini olish vositalaridan biri sifatida ham qaradi. Xalqaro hayotning Markaziy Osiyo yo‘nalishiga faol qo‘shilish Eronning yirik regional davlat sifatidagi maqomi o‘z tasdig‘ini topishini ham anglatishi inobatga olinmog‘i lozim. Forsiyzabon aholi va shia mazhabiga mansub musulmonlar yashaydigan hududlarda Eron ta’siri azaldan kuchli bo‘lib, bunga Tehron geosiyosatining qudratli dastagi deb qaraladi. Eron Afg‘oniston mojarosini tartibga solish va bu mamlakat iqtisodiyotini tiklashda ham faol rol o‘ynamoqda.
Hozirgi sharoitda transchegaraviy, xalqaro miqyosdagi xavf manbalariga, avvalo giyohvandlik moddalari bilan g‘ayriqonuniy muomala qilishga qarshi kurash sohasida Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik Eron tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolayotir. Eronda giyohvandlik moddalari iste’mol qilish jiddiy muammoga aylangan va hukumat unga juda katta e’tibor bermoqda.
Eron – mintaqadagi nufuzli davlat. Markaziy Osiyoning ko‘pgina muammolari, chunonchi: transport-kommunikatsiya, yangi xavflarga qarshi kurash va hokazolarni Eron bilan yaqin hamkorliksiz hal qilib bo‘lmaydi. Har qanday holatda Eron bilan munosabatlar Markaziy Osiyo mamlakatlari rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lib qoladi.