Davlat tizimi. Yaponiya - konstitusion monarxiya davlatdir. Amaldagi konstitusiyasi 1947 yil 3 mayda kuchga kirgan. Yaponiyaning merosiy imperatari konstitusiyaga ko'ra «Davlat va xalq birligi ramzi» hisoblanadi. U parlament tavsiyasiga ko'ra, Bosh vazirni hukumat tavsiyasiga ko'ra, Oliy sud raisi va a'zolarini tayinlaydi, shuningdek, hukumat a'zolarini vazifalariga tayinlaydi, iste'folarini qabul qiladi, parlamentni chiqaradi va hokazo. Konstitusiyaga ko'ra, imperatorning davlat ishlariga aloqador bo'lgan har qanday faoliyati hukumatning maslahati va ma'qullashi bilan amalga oshuvi lozim, chunki hukumat imperatorning faoliyati uchun ma'sul hisoblanadi. Oliy hokimiyat organi 2 palatali parlament (Vakillar palatasi 4 yilga, Maslahatchilar palatasi 6 yilga saylanadi), 20 yoshga yetganlarga saylov huquqi berilgan. Konstitusiyaga ko'ra, parlament hukumat faoliyatini nazorat qilib turadi, xalqaro shartnomalarni tasdiqlaydi. Oliy ijroiya hokimiyat organi - hukumat (Aizorlar mahkamasi). Prefekturalarda mahalliy boshqaruvni saylab qo'yiladigan prefektura majlisi amalga oshiradi. Shaharlar posyolka va qishloqlarda ham saylab quyiladigan majlislar bor. Mahalliy boshqaruv organlaridagi bosh mansabdorlar (prefekturalarda gubernatorlar, shaharlarda - merlar, posyolka va qishloqlarda - oqsoqollar) aholi tomonidan 4 yilga saylanadi. Sud tizimini bosh sudya va 14 sudyadan iborat bo'lgan Oliy sud boshqaradi. Oliy sud konstitusion sud vazifasini ham bajaradi. Apelyasion sudlar, mahalliy sudlar, oila sudlari, intizom (boshlang'ich) sudlari bor. Sudyalarni Oliy sud tavsiyasi bilan Vazirlar mahkamasi tayinlaydi. Konstitusiyaning maxsus moddasida Yaponiya urushdan abadiy voz kechdi va armiya tutmaydi deb yozib qo'yilgan. Biroq, hukumat reaksion kuchlar tazyiqi ostida «O'zini mudofaa qilish kuchini» ko'paytirib, harbiy sanoatning rivojlanishini rag'batlantirmoqda.
Xo'jaligining umumiy ta'rifi. Ikkinchi jahon urushi va undan keyin Amerika okkupasiyasi Yaponiya xo'jaligiga og'ir zarar yetkazdi. Biroq, o'tgan asrning 50-yillarida mamlakat iqtisodiyoti tezlik bilan rivojlana boshladi va Yaponiya o'z sanoatining yuksalish sur'atlari jihatidan barcha kapitalistik mamlakatlardan o'zib ketdi. Mamlakatning iqtisodiy jihatdan bunday tez o'sishi ko'p omillarga bog'liq. Birinchidan, urush yillarida eskirgan va ishdan chiqqan zavod jihozlari butunlay yangilandi, ular fan-texnika inqilobining eng yangi yutuqlari asosida ishlangan jihozlar bilan almashtirildi. Yapon monopoliyalari chet el patentlarini sotib olib, sanoatga jahon ixtirolarini tadbiq etdilar, ularni muttasil takomillashtirib bordilar. Shunday qilib, hozir Yaponiya sanoati jihozlarining 2/3 qismi eng yangi texnikaga to'g'ri keladi. Keyingi yillarda mamlakat fan-texnika yo'nalishidagi tadqiqotlarni kengaytirmoqda. Yapon ishchilari o'ta savodli bo'lganliklari tufayli hozirgi zamon ishlab chiqarish texnikasini tez o'zlashtirdilar. Uchinchidan, davlat-monopolistik kapitalizmi Yaponiya sanoatini qayta qurishga har tomonlama yordam berdi: davlat korxonalarini rekonstruksiya qilish va yangi qurilishlar uchun sarflanadigan mablag'ning anchagina qismini o'z zimmasiga oldi monopoliyalarga soliq to'lash yuzasidan yengilliklar va katta qarz berdi. To'rtinchidan, yaqin vaqtlargacha mamlakatning harbiy xarajatlari ko'p bo'lmadi, bu hol xo'jalik uchun ajratiladigan davlat mablag'ini ko'paytirishga imkon berdi.
Hozirgi vaqtda Yaponiya sanoatining rivojlanish darajasi jihatidan jahon kapitalistik mamlakatlari o'rtasida ikkinchi o'rinda, ba'zi ishlab chiqarish sohalari (kemasozlik, tranzistorli radiopriyomniklar, sellyuloza tolasi, avtomobillar ishlab chiqarish) da esa birinchi o'rinni egallaydi. Iqtisodiyotining strukturasi jihatidan Yaponiya AQSH dan birmuncha farq qiladi: Yaponiyada sanoat bilan qishloq xo'jaligi o'rtasida uzilish kamroq. Bu tarmoqlar bilan bir katorda transport, savdo-sotiq va xizmat ko'rsatish sohalari ham keng rivojlangan, «Fanga talabchan tarmoqlar» tobora rivojlanmoqda.
Yaponiya sanoatida ishlab chiqarishning markazlashuvi yuqori darajaga yetdi, biroq, boshqa ko'pchilik rivojlangan mamlakatlardan farqli o'laroq, bu yerda anchagina mayda, ko'pgina yarim kustar korxonalar saqlanib qolgan. Ular monopoliyalarga qarashli yirik korxonalar bilan shartnoma asosida ishlaydilar. Masalan, avtomobillar uchun kerakli detallar va ehtiyot qismlarning ko'pini kichik korxonalar ishlab beradi, kuzov, motorlar va mashinani yig'ish ishlarini yirik zavodlar bajaradi. O'tgan asrning 50-yillari boshigacha yengil va oziq-ovqat sanoati tarmoqlari yetakchi o'rinda turar edi, endi esa og'ir industriya mahsuloti jami sanoat mahsuloti qiymatining 3/4 qismini tashkil etmoqda. Undiruvchi sanoatning hissasi tobora kamayib bormoqda. Mamlakat xom ashyo bo'yicha ham, tayyor mollarni sotish jihatidan ham jahon bozoriga tobora ko'proq bog'lig' bo'lib qolmoqda. Iqtisodiyotning yaqin o'tmishdagi tezlik bilan rivojlanishi xo'jalikning notekis joylashganlik muammosini keskinlashtirib yubordi. Sharqiy dengiz bo'yi rayonlarida aholi va sanoat tobora ko'proq to'planib bormoqda, ayni vaqtda bir qancha hududlar (Xonsyu orolining shimoliy qismi. Xokkaydoning chekka rayonlari) sust rivoji sustligicha qolmoqda.
Sanoati. Yaponiyaning yokilgi xom ashyo bazasi juda cheklangan. Ko'mir resursi mamlakat ehtiyojining yarmiga yaqinini ta'minlaydi, kokslanuvchi yaxshi ko'mir juda oz. Yaponiya bir yilda kazib oladigan neft AQSHda yarim kunda kazib chiqariladi, temir va marganes rudalari kam, boksit va ko'pgina boshqa mineral xom ashyolar butunlay yo'q. Energiyaning 4/5 qismi chetdan keltiriladigan xom ashyodan ishlab chiqarilishiga qaramay, mamlakatda yuqori darajada rivojlangan energetika xo'jaligi bor. Chetdan keltiriladigan neft asosida neftni qayta ishlovchi va neft-kimyosi sanoati o'sib chiqdi. Bu sanoat korxonalari Xonsyu va Kyusyu orollarining urbanizasiyalashgan polosasidagi shaharlarda joylashgan. Elektr energiyasi ishlab chiqarish tez o'smoqda. Yaqin vaqtlargacha elektr energiyasining asosiy qismini Xonsyu orolidagi tog' daryolariga qurilgan ko'pdan-ko'p GESlar berar edi. Keyingi vaqtlarda sharqiy sohildagi shaharlarda chetdan keltiriladigan yoqilg'i bilan ishlaydigan qudratli IESlar qurildi. Hozir ham bu stansiyalar Yaponiyada ishlab chiqariladigan elektr energiyasining deyarli 4/5 qismini bermoqda. AESlari tobora katta ahamiyat kasb etmoqda.
Keyingi vaqtlarda metallurgiyada katta o'zgarishlar yuz berdi, u to'la rekonstruksiya qilindi. Eskirgan ko'pdan-ko'p zavodlar o'rniga eng yangi texnika bilan jixozlangan juda katta kombinatlar qurildi. Yaponiyada dunyodagi eng katta domna pechlari ishlab turibdi, po'latning 3/4 qismidan ko'prog'i konverterlarda kislorod yordamida eritiladi. Qora metallurgiya yo'nalishida ishlab chiqarishning yiriklashuvi va texnikaviy jihozlanganlik darajasi jihatidan Yaponiya barcha rivojlangan mamlakatlardan o'zib ketdi. Bu tarmoqning geografiyasi ham o'zgardi. Ikkinchi jahon urushiga qadar eng katta korxonalar ko'mir qazib olinadigan rayonda, Kyusyu orolining shimolida edi. Yangi kombinatlar Markaziy Xonsyuning chetdan temir rudasi, temir-tersaqlar va kokslanuvchi ko'mir keltiriladigan port shaharlarida qurildi. Chetdan keltiriladigan boksit va boshqa xom ashyolarga muljallangan rangdor metallurgiya korxonalari ham shu yerda bunyod etildi.
Yaponiya og'ir sanoatining yetakchi tarmog'i mashinasozlik. Transport mashinasozligi, stanoksozlik, elektrotexnika buyumlari, elektron mashinalar, tibbiyot apparaturalari hamda to'qimachilik va oziq-ovqat sanoatlari uchun jihozlar ishlab chiqarish, ayniqsa, keng rivojlangan. Yaponiya kemasozligi juda xilma-xil: Iokogama, Osaka, Kobe, Nagasaki va boshqa ko'p markazlarining kemasozlik korxonalarida dunyoda eng yirik supertankerlar, kit ovlaydigan har xil kemalar, yuk tashish uchun belgilangan kichik kemalar ishlab chiqariladi. Ikkinchi jahon urishiga qadar mamlakatda avtomobilsozlik bo'lmagan, endilikda Tokio, Osaka Nagoya, Kavasaki va sohil bo'yidagi boshqa shaharlarning zavodlari tufayli Yaponiya (AQSH bilan bir qatorda) avtomobil ishlab chiqarishda birinchi o'ringa chiqib oldi. Sanoatning eng yangi tarmog'i bo'lgan elektron sanoati ham tez rivojlandi. Yaponiyaning tranzistorli radiopriyomniklari, kinokameralari, fotoapparatlari, televizorlari jahon bozorida keng tanilgan. Turli ixtisosdagi mashinasozlik korxonalari Xonsyu va Shimoliy Kyusyu orollaridagi aholi zich yashaydigan polosa shaharlarida to'plangan.
Tez rivojlanib borayotgan kimyo sanoati ham turli-tuman mahsulotlar ishlab chiqaradi. Soha sanoati qisman o'z xom ashyosi - yog'och, koks chiqindisi va boshqalarga nisbatan chetdan keltiriladigan neft va suyultirilgan gazdan ko'proq foydalanadi. Organik sintez kimyosining keng ko'lamda rivojlanganligi Yaponiyaga sanoatni xom ashyo bilan ta'minlash muammosini hal etishda yordam bermoqda. Metall detallar asta-sekin plastmassa detallar bilan almashtirilmoqda, sintetik tola hozirgi vaqtda mamlakatda ishlab chiqariladigan to'qimachilik tolasining 9/10 qismini tashkil etmoqda. Kimyo zavodlari ham mashinasozlik korxonalari kabi Xonsyu orolining sharqiy sohilidagi va Shimoliy Kyusyudagi port shaharlarda va neftni qayta ishlash hamda metallurgiya markazlari yaqinida joylashgan. Yengil sanoatning asosiy tarmoqlari bo'lgan ip-gazlama sanoati va ipak gazlama sanoati o'smayapti, mahsulot ishlab chiqarishda ular hamon urushdan avvalgi darajaga yetgani yo'q. Poyabzal sanoati jadal rivojlanmoqda. Bunga yaponlar hayot tarzining yevropalashuvi sabab bo'lmoqda. Shaharliklar oyog'ida eskidan rasm bo'lib kelayotgan geta (yog'och kovush) tobora kamayib, charm poyabzal esa ko'payib bormoqda. Shimoliy Xonsyu va Xokkaydo orollaridagi anchagina o'rmon massivlari Yaponiyaning yog'ochsozlik sanoatini xom ashyo bilan qisman ta'minlaydi, o'rmon xom ashyosining ko'p qismi chetdan keltiriladi.