Ot: 1. So‘z turkumi. 2. Bosh kelishik shakli. 3. Birlik yoki ko‘plikda ekanligi. 4. Egalik qo‘shimchasi, shaxs-soni. 5. Kelishigi.
Sifat: 1. So‘z turkumi. 2. So‘rog‘i. 3. Qaysi ot bilanbog‘langanligi.
Son: 1. So‘z turkumi. 2. So‘rog‘i. 3. Qaysi ot bilan bog‘langanligi.
Olmosh: Kishilik olmoshi: 1. So‘z turkumi.2. So‘rog‘i. 3. Shaxs-soni. 4. Kelishigi.
Fe’l: 1. So‘z turkumi. 2. So‘rog‘i. 3. Bo‘lishli yoki bo‘lishsiz ekanligi. 4. Shaxs-soni. 5. Zamoni.
O‘quvchilar tahlil tartibini bilib olishlari uchun o‘qituvchi bu tartibga rioya qilib so‘zga xarakteristika berishning qulayligini tushuntiradi. So‘z turkumiga ko‘ra tahlil og‘zaki va yozma tarzda o‘tkaziladi: uni mustaqil mashq sifatida topshirish ham mumkin. To‘liq bo‘lmagan morfologik tahlildan xilma-xil grammatik vazifalarni bajarish maqsadida yangi mavzu bilan tanishtirish bosqichida ham, uni mustahkamlash bosqichida ham foydalaniladi. Morfologik tahlilning vazifasi hozirgi o‘zbek tilida so‘z qanday ma’noli qismlardan tuzilganini aniqlashdir.
Morfologik tahlil III sinfdan boshlanadi. Bu sinfda o‘quvchilarga asosdosh so‘zlar, asos asosdosh so‘zlarning umumiy qismi ekani, so‘z yasovchi qo‘shimchalar va so‘z o‘zgartuvchi (shakl yasovchi) qo‘shimchalar haqida elementar ma’lumot beriladi.
So‘z tarkibiga ko‘ra tahlilquyidagicha o‘tkazilishi mumkin: 1.So‘zga so‘roq berish va u nimani anglatishini bilish. 2. Asosni aniqlash. Buning uchun so‘zga asosdosh so‘zlar tanlash. Asosdosh so‘zlarni taqqoslash va umumiy qismi (asos)ni aniqlash. 3. So‘z yasovchi qo‘shimchani aniqlash. Bu yangi so‘z yasash uchun xizmat qilishini aytish. 4. So‘z o‘zgartuvchi (shakl yasovchi) qo‘shimchani aniqlash. Bu so‘zni boshqa so‘z bilan bog‘lash uchun xizmat qilishini aytish.
III sinfda “So‘zning tarkibi” mavzusi to‘liq o‘rganilgach, gulzor so‘zini so‘z tarkibiga ko‘ra og‘zaki tahlil qilish tartibi quyidagicha bo‘lishi mumkin: 1.Qaysi so‘z turkumi ekanini bilaman.Gulzor so‘zi nima? so‘rog‘iga javob bo‘ladi, narsani bildiradi, bu – ot. 2. Asosni aniqlayman. Buning uchun asosdosh so‘zlar tanlayman: gulzor, gulli, gulsiz, gulla. Ularni solishtirib, umumiy qismini topaman – gul. Bu – asos. 3. So‘z yasovchi qo‘shimchani aniqlayman, gulzor so‘zi gul so‘ziga –zor so‘z yasovchi qo‘shimchasini qo‘shishbilan yasalgan. 4.Bu so‘zda so‘z o‘zgartuvchi qo‘shimcha yo‘q. So‘z tarkibiga ko‘ra tahlildan so‘ng shunday ko‘rinish hosil bo‘ladi: gulzor.
IV sinfda paxtakorga so‘zini so‘z tarkibiga ko‘ra og‘zaki tahlil qilish tartibi quyidagicha bo‘lishi mumkin: 1. Paxtakorga – ot. 2. Asosni aniqlayman. Buning uchun asosdosh so‘zlar tanlayman: paxtakor, paxtazor. Solishtiraman. Umumiy qism – paxta. Bu – asos. 3. So‘z yasovchi qo‘shimchani aniqlayman: paxtakor so‘zi paxta so‘ziga -kor so‘z yasovchi qo‘shimchasini qo‘shish bilan yasalgan. 4. So‘z o‘zgartuvchi (shakl yasovchi) qo‘shimchalarni aniqlayman: -ga – so‘z o‘zgartuvchi qo‘shimcha, kelishik qo‘shimchasi.
IV sinfda ishladim so‘zini so‘z tarkibiga ko‘ra og‘zaki tahlil tartibi: 1. Ishladim – fe’l. 2. Asosni aniqlayman. Asosdosh so‘zlar tanlayman: ishla, ishli, ishsiz, ishchan. Solishtiraman. Umumiy qism – ish.Ish – asos. 3. So‘z yasovchi qo‘shimchani aniqlayman: ishla fe’li ish so‘ziga -la qo‘shimchasini qo‘shish bilan yasalgan. -la – fe’l yasovchi qo‘shimcha. 4. So‘z o‘zgartuvchi (shakl yasovchi) qo‘shimchani aniqlayman: -di – o‘tgan zamon qo‘shimchasi, -m – shaxs-son qo‘shimchasi, I shaxs, birlik: ishladim.
So‘z tarkibiga ko‘ra tahlildan mustaqil mashq sifatida foydalanish ham mumkin. So‘zni morfologik tahlil qilish uning lug‘aviy ma’nosini tushunishda, morfemalarni to‘g‘ri yozishda o‘quvchilarga yordam beradigan muhim vositadir.
Boshlang‘ich sinflarda grammatik va morfemik tahlil bilan birga, so‘zni tovush-harf tomonidan tahlil qilishdan ham foydalaniladi. Bu tahlilning vazifasi so‘zda tovushlarning tartibini, ularning xarakterli xususiyatlarini, tovushlar va harflar o‘rtasidagi munosabatni aniqlash hisoblanadi.
Boshlang‘ich sinflarda tovush-harf tomonidan tahlil tartibi quyidagicha: 1. So‘zda nechta bo‘g‘in bor, nechanchi bo‘g‘in urg‘uli? 2. So‘zda nechta tovush va nechta harf bor? (Tovushlar soni harflar sonidan kam yoki ko‘p bo‘lsa, sababini aytish) 3. Unli tovush nechta? Undosh tovush-chi? 4.Har bir tovushni xarakterlash. Tovush so‘zda qaysi harf bilan ifodalangan? Masalan, kitob so‘zi quyidagicha tahlil qilinadi: 1.So‘zda ikki bo‘g‘in bor. Ikkinchi bo‘g‘in – urg‘uli: ki-tób. 2.So‘zda beshta tovush, beshta harf bor. 3.So‘zda ikki unli tovush, uch undosh tovush bor. 4. k– undosh, jarangsiz, k harfi bilan ifodalangan i–unli tovush, i harfi bilan ifodalangan t– undosh tovush, jarangsiz, yozuvda tharfi bilan ifodalangan o–unli tovush, oharfi bilan ifodalangan. b – undosh tovush, jarangli, b harfi bilan ifodalangan Tovush-harf tomonidan to‘liq bo‘lmagan tahlildan so‘zning yozilishini tushuntirishda ham, orfoepik to‘g‘ri talaffuzni o‘rgatish maqsadida ham foydalaniladi. Masalan, maktab so‘zi oxirida b undoshi p tarzida talaffuz qilinadi, jufti bor undosh, tekshiramiz: maktabim – maktab, b harfi yoziladi.
So‘z turkumlari ustida ishlash metodikasining lingvistik asosi so‘zlarning leksik-grammatik, morfologik va sintaktik belgilariga ko‘ra turli guruhlarga ajratilishi — so‘z turkumlari haqidagi ilm hisoblanadi.
So‘zlarni leksik-grammatik turkumlarga ajratishda uch belgiga: 1) leksik ma`nosi (nimani ifodalashi, ya`ni shaxs, narsa harakat yoki holat, belgi kabilarning umumlashtirilgan ma`nolari), 2) morfologik ( so‘zning turli formalar sistemasi) va 3) sintaktik (turli morfologik formalarning sintaktik funksiya bajarishi) belgilariga asoslaniladi. Demak, so‘z turkumlari ustida ishlash o‘quvchilarning muayyan guruhdagi so‘zlarning umumlashtirilgan ma`nolarini, kishilarning aloqa vositasi sifatidagi rolini tushunib olishlariga qaratilishi zarur.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari so‘z turkumlari (ot, sifat, son, olmosh, fe`l) bilan umumiy tanishtirilgandan so‘ng har bir leksik-grammatik guruh alohida o‘rganiladi. Bu so‘z turkumlarini o‘rganishning boshlang‘ich bosqichidayoq ularni taqqoslashga qulay sharoit yaratadi va bu bilan shakllantiriladigan grammatik tushunchaning asosiy tomonlarini aniqroq ajratishga imkon beradi. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ot, sifat, son, fe’lning quyidagi xususiyatlarini bilib oladilar: 1) so‘z nimani bildirishi (shaxs, narsa belgisi, shaxs, narsa sanog‘i va tartibi, shaxs, narsa harakati yoki holati), 2) qanday so‘roqlarga javob bo‘lishi, 3) o‘zgarish- o‘zgarmasligi, qanday doimiy kategoriyalari mavjudligi, 4) gapda, asosan, qanday bo‘lak vazifasida kelishi. O‘quvchilar mana shu o‘rgangan belgilari asosida so‘z turkumlarini taqqoslaydilar.
“Ot” mavzusini o‘rganish tizimi maqsadga yo‘naltirilgan jarayon bo‘lib, bunda shu so‘z turkumining umumlashtirilgan ma’nosi va grammatik belgilari aniq izchillikda, bir-biri bilan ilmiy asoslangan bog‘liqlikda o‘rganiladi, shuningdek, otdan nutqda to‘g‘ri foydalanish va to‘g‘ri yozish malakasini shakllantirish maqsadida bajariladigan mashqlar asta murakkablashtira boriladi.
Til hodisasi sifatida otning xususiyatlari, uni o‘rganish vazifalari, o‘quvchilarning yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda, har bir sinf uchun material hajmi, ularni o‘rganish izchilligi belgilangan.
Boshlang‘ich sinflarda otni o‘rganish vazifalari quyidagilar:
1) “ot” haqidagi grammatik tushunchani shakllantirish;
2) kim? so‘rog‘iga javob bo‘lgan (shaxs bildirgan) otlardan nima? so‘rog‘iga javob bo‘lgan (narsa, hayvon, jonivor va boshqalarni bildirgan) otlarni farqlash ko‘nikmasini hosil qilish;
3) kishilarning familiyasi, ismi, otasining ismi, hayvonlarga qo‘yilgan nomlar va geografik nomlarni bosh harf bilan yozish ko‘nikmasini shakllantirish;
4) otlarda son (otning birlik va ko‘plikda qo‘llanishi) bilan tanishtirish;
5) otlarni egalik qo‘shimchalari bilan to‘g‘ri qo‘llash ko‘nikmasini shakllantirish;
6) otlarning kelishiklar bilan turlanishi va kelishik qo‘shimchalarining yozilishi haqida malaka hosil qilish;
7) o‘quvchilar lug‘atini yangi otlar bilan boyitish va ulardan nutqda aniq, o‘rinli foydalanish malakasini o‘stirish;
8) so‘zlarni tahlil qilish, taqqoslash, umumlashtirishni bilish.
Bu vazifalarning har biri alohida emas, balki bir-biri bilan o‘zaro bog‘liq holda hal etiladi. Shu bilan birga, “Ot” mavzusini o‘rganishning muayyan bosqichida bajarish lozim bo‘lgan bir vazifani hal qilishga ko‘proq ahamiyat beriladi. Masalan, I-II sinflarda so‘z turkumi sifatida otning belgilari (nimani bildirishi, so‘roqlari) o‘rganiladi, III sinfda esa otga atama beriladi, birlik va ko‘plikda qo‘llanishini o‘zlashtirishga ahamiyat beriladi. IV sinfda otning egalik qo‘shimchalari bilan qo‘llanishi, kelishiklar bilan turlanishi va kelishik qo‘shimchalarining yozilishini o‘rganishga e’tibor qaratiladi. O‘quvchilarning nutqi va tafakkurini o‘stirish vazifasi esa mavzuni o‘rganishning barcha bosqichlarida hal qilinadi. Grammatik materialni o‘rganish va orfografik malaka hosil qilishning butun jarayoni o‘quvchilar lug‘atini boyitishga, bog‘lanishli nutq malakalari va fikrlash qobiliyatlarini o‘stirishga qaratiladi. So‘z turkumi sifatida ot muayyan leksik ma’nolari va grammatik belgilari bilan ajralib turadi. Barcha otlarning umumiy leksik ma’nosi shaxs va narsani ifodalash hisoblanadi.
Ot jonli mavjudotlar (kishi, qush, hayvon, asalari), yer va osmonga oid narsalar (quyosh, yulduz, daryo, tog‘), o‘simliklar (paxta, beda, gul), voqealar (yig‘in, majlis), tabiat hodisalari (shamol, bo‘ron, yomg‘ir, momaqaldiroq), belgi-xususiyat (ahillik, kuchlilik, samimiyat), harakat-holat (uyqu, sevinch, kurash), o‘rin va vaqt (yoz, bahor, joy) nomlarini bildiradi.
Otlarning grammatik belgilari: otlar birlik va ko‘plikda qo‘llanadi, egalik qo‘shimchalari bilan o‘zgaradi, kelishiklar bilan turlanadi, gapda ko‘proq ega, to‘ldiruvchi, aniqlovchi, shuningdek, hol va kesim vazifasida keladi. Ot nutqda sifat, son, olmosh, fe’l bilan birika oladi.
Otning ma’nolari va grammatik belgilari xiyla murakkab, shuning uchun ham ot haqidagi bilim o‘quvchilarda amaliy vazifalarni bajarish jarayonida asta shakllantira boriladi.