Psixologiya fanining asosiy kategoriyalari ichida (shaxs, motivatsiya, faoliyat, muomala va hokazo) ong alohida o‘rin egallaydi va u borliqda insonning yuksaklik darajasini egallashga muhim zamin, kafolat negizini yaratadi. Insonni hayvonot olamidan ajralib chiqishining bosh omili ham ong hisoblanadi, xuddi shu boisdan u taraqqiyot va kamolotning eng zarur mezoni, o‘lchami sifatida muhim rol o‘ynaydi. Psixologik nuqtai nazardan ong olib qaralganda, u ijtimoiy-tarixiy (filogenetik) va individual (ontogenetik) taraqqiyotning mahsuli hisoblanmish insongagina xos bo‘lib, psixik aks ettirishning va o‘zini o‘ziboshqarishning yuksak darajasi sanaladi.