Muhandislik psixologiyasi - inson va mashina o‘rtasidagi munosabatni, insonga mashinaning psixologik ta’sirini va insonning mashina bilan munosabati jarayonining psixologik qonuniyatlarini tadqiqot metodlari yordami bilan o‘rganuvchi psixologiya sohasi. Muhandislik psixologiyasi fan-texnika revolyutsiyasi ta’sirida vujudga kelgan bo‘lib, quyidagi muammolarni tekshiradi: 1) inson va EHM kabi avtomatika tizimi yuklamasida inson vazifasini tahlil qilish; 2) EHM operatorlarining hamkorlik faoliyatida muloqot jarayoni va ularning o‘zaro ta’sirini tadqiq qilish; 3) operator faoliyatining psixologik tuzilishini tahlil etish; 4) operator ishining sifatiga, tezligiga, samaradorligiga ta’sir qiluvchi omillarni tekshirish; 5) inson tomonidan axborot qabul qilishni tadqiq etish; 6) operator faoliyatini boshqarish mexanizmini o‘rganish; 7) EHMni boshqarishdagi buyruqlarni inson tomonidan qabul qilish xususiyatini aniqlash; 8) operatorlar uchun psixodiagnostika va proforientatsiya metodlarini ishlab chiqish; 9) operatorlarni o‘rganishni optimallashtirish.
Muhandislik psixologiyasining yuqoridagi muammolarini tekshirish natijasida yolg‘iz operator faoliyatidan umumiy mehnat faoliyatini o‘rganishga o‘sib o‘tiladi.